OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Islom shoir (1874-1953)

Islom shoir Nazar o‘g‘li (1874 narpay tumani — 1953.17.7) — o‘zbek baxshisi. O‘zbekiston xalq shoiri (1940). Narpay dostonchilik maktabi vakili. Ernazar shoirning shogirdi.

Bobosi Rajab shoirdan do‘mbira chertishni, terma va doston kuylashni o‘rgangan. 22 yoshida dostonchi sifatida tanilgan, 30 ga yaqin xalq dostonlarini, ko‘pgina xalq qo‘shiq va ertaklarini yod bilgan.

O‘zbekiston shahar va qishloqlarini kezib, «Alpomish», «Kuntug‘mish», «Go‘ro‘g‘li», «Orzigul», «Ravshanxon», «Gulixiromon», «Yakka Ahmad» dostonlarini, Maxtumkuli, Berdaq, Mashrab va boshqalarning she’rlarini kuylagan. Islom shoir repertuaridagi ayrim dostonlarda o‘zbek xalq eposining ijtimoiy adolatsizlik va unga qarshi kurash g‘oyasi («Orzigul», «Zulfizar bilan Avazxon» va b.), xalqchillik mavzui («Kuntug‘mish va «Sohibqiron») o‘z ifodasini topgan.

«Bo‘l omon», «Mehribonlar, hormangiz» va boshqa termalarida mehnat kishisining turmushi tarannum qilingan. 2-jahon urushi yillarida chop etilgan «Jangnoma» (1941), «Qahramonnoma» (1942) to‘plamlarida o‘zbek jangchilarining mardlik va jasoratligi ulug‘langan.

Islom shoirning urushdan keyingi yillar ijodida ijodiy mehnat («Obodlik uchun», «Tinchlik bo‘lur barqaror»), tinchlik uchun kurash («Tinchlik jarchisi», Nozim Hikmatga bag‘ishlangan) mavzulari muhim o‘rin egallaydi. Islom shoir asarlari badiiy mukammalligi, zamonaviyligi, tilining xalq iboralari, maqollar, hikmatli so‘zlarga boyligi bilan ajralib turadi. Undan «Orzigul», «Gulixiromon», «Sohibqiron», «Erali va Sherali», «Kuntug‘mish», «Tohir va Zuhra» kabi dostonlar va bir qancha termalar yozib olib, nashr etilgan. Ayrimlari qardosh xalqlar tillariga tarjima qilingan.

Narpay tumanida kucha va maktabga Islom shoir nomi berilgan. 1975 yilda shoir tavalludining 100 yilligi nishonlandi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.