Shoir, tarjimon, jurnalist Mirzo Kenjabek (Kenjaboyev Mirza To‘ychiyevich) 1956 yilda Surxondaryo viloyati, Sariosiyo (hozirgi Uzun) tumanida tug‘ilgan. Toshkent Davlat universiteti (hozirgi Milliy universitet)ning jurnalistika fakultetida (1974-1979) hamda Imom Buxoriy nomidagi Islom institutida (1999-2001) ta’lim olgan. 1982 yildan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.
«Maktublarim» (1982), «Quyoshga qaragan uy» (1983) «Munojot» (1986), «Sharq tili» (1988), «Bahorim yellari» (1999) she’riy kitoblari,
«Termiz tazkirasi» (2001), «Dunyoning murshidi» (2004), «E’tikof» (2005), «Qabriston ziyorati odobi» (2005) ma’rifiy kitobalri chop etilgan.
Mirzo Kenjabek A.S.Pushkinning «Yevgeniy Onegin» she’riy romanini (1988), Farididdin Attorning «Tazkirat ul-avliyo» kitobini (1997), Maxtumquli Saylanmasini (2004), Jeyms Oldrijning «G‘aroyib mo‘g‘ul oti» qissasini (hamkorlikda, 2012), Sirojiddin Usmon O‘shiyning «Omoliy» manzumasini (1999), shuningdek, Hofiz Sheroziy, Sa’diy Sheroziy, Yunus Emro, I.V.Gyote, Nikolas Gilen, Gevorg Emin, O‘ljas Sulaymon, Zayniddin Vosifiy she’rlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
Mahmud As’ad Jo‘shonning «Haqiqiy sevgi» (1999), «Tasavvuf va go‘zallik» (2004) kitoblari, Abu Iyso Muhammad at-Termiziyning «Sunani Termiziy» («Al-jomi’ as-sahih», 1999, 2009, 2012), Muhammad Zohid Qo‘tquning «Ahli sunnat val-jamoat aqoidi» (1998, 2001, 2004), Kumushxonaviyning «Jomi’ ul-mutun» (2000), Qutbiddin Iznikiyning «Murshidi mutaahhiliyn» (2002); Hoji Ahmadjon Maxdum Hanafiyning «Risolai sujudi sahv» (2004) kitoblari ham Mirzo Kenjabek tarjimasida nashr etilgan.
Mirzo Kenjabekning «Dildoshlik», «Til erki – el erki», «Har kuning bo‘lsin navro‘z», «Inson qalbi bilan hazillashmang…» (Abdulla Oripov bilan suhbat), «Shoir va she’r dunyosi» (Erkin Vohidov bilan suhbat), «Yuragimda oyoq izi bor» «Xalq nomidan yolg‘on so‘zlamang», «Xilma-xillik tengsizlik emas», “Tijorat tarixi”, «Fitna san’ati» (qonli Farg‘ona voqealari va u sobiq sho‘ro davlati tomonidan maxsus uyushtirilgani haqida. Bu asar turk tilida «Fitna san’ati yoki parda orqasi» nomi bilan Turkiya, «TOS yayinlari» nashriyotida chop etilgan) «Shukrona tuyg‘usi omonmi?» va boshqa maqolalari mashhur.