Feruz, Muhammad Rahimxon II (1845, Xiva, 1910) Xiva xoni (1864—1910); shoir va bastakor. Ko‘ng‘irotlar sulolasidan. Xiva shahridagi Arab Muhammadxon madrasasiaa tahsil ko‘rgan, davlat, huquq ilmini zamonasining mashhur mudarrisi, shoir va olim Doiy, Yusufxo‘ja oxun va boshqadan o‘rgangan. Ogahiy Feruzga ustozlik qilgan, unga she’riyat sirlarini urgatgan, tarix, tarjima ilmidan saboq bergan.
Otasi Sayid Muhammadxon vafotidan so‘ng (1864) Xiva taxtiga o‘tirgan. Bu voqea munosabati bilan Ogahiy Feruzga bag‘ishlab qasidalar bitgan. 1873 yil Xiva xonligiga K.P. fon Kaufman boshchiligidagi Rossiya armiyasi hujum qilib, xonlikning asosiy shaharlari va poytaxtni bosib olgan. Gandimiyon shartnomasi (1873 yil 12 avgust)ga ko‘ra, Xiva xonligi podsho Rossiyasiga qaram bo‘lib qolgan. Feruz ana shunday murakkab sharoitda yarim asrga yaqin muddat davomida Xiva xonligini boshqargan. Feruz saroyga adabiyot va san’at arboblarini to‘plagan. Ogahiy, Komil, Tabibiy va boshqa ta’sirida o‘zi ham Feruz (baxtli, g‘olib) taxallusi bilan she’rlar yozgan.
Feruz kitobat ishlariga katta ahamiyat bergan: devon tuzish, tarix yozish, tarjima ishlarini rivojlantirgan. Xorazmda tarjima maktabi yaratgan. Fors va arab adabiyotining eng nodir tarixiy, adabiy, ilmiy asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qildirgan. Uning hukmronligi davrida Ogahiy va Bayo'niylar tomonidan Xorazm tarixiga oid asarlar yozilgan. Komil Xorazmiy mumtoz maqomlar uchun nota yozuvini ixtiro qilgan. Xivada bosmaxona (toshbosma) tashkil ettirgan. Unda Xorazm shoirlari haqidagi «Majmuat ush-shuaro» tazkirasi, Alisher Navoiy asarlari, Xorazm shoirlari devonlari nashr qilingan.
Feruz Hindiston, Arabiston, Eron, Turkiya savdogarlari orqali Xorazmga chet ellardan noyob kitoblar keltirtirgan va ularni ko‘p nusxalarda ko‘chirtirgan, tarix va adabiyotga oid kitoblardan iborat boy kutubxona yaratgan. Feruz me’morlik, naqqoshlik, xattotlik kabi san’at turlarini ham rivojlantirgan. Bu davrda fotografiya va kino san’ati vujudga kelgan, obodonchilik ishlari amalga oshirilgan.
Feruz 1871 yil Ko‘hna Ark karshisida o‘z nomi bilan ataluvchi 2 qavatli madrasa qurdirgan. Feruzning bevosita rahbarligi va tashabbusi bilan 30 dan ortiq madrasa, masjid, minora, xonaqolar qad rostlagan. Feruz yerlarni suv bilan ta’minlash, bog‘-rog‘lar barpo etish ishiga ham alohida ahamiyat bergan. Uning buyrug‘iga muvofiq, Qo‘ng‘irot tumani sarhadida katta ariq bunyod etilgan. Hozirda ushbu ariq «Xon arigi» deb ataladi.
Feruz mumtoz she’riyatning an’anaviy janrlarida lirik she’rlar yaratgan. She’rlari, asosan, ishq-muhabbat mavzuida. Inson va hayot, sevgi va sadoqat Feruz ijodining g‘oyaviy asosini tashkil qiladi. Ular ohangdorligi, tasviriy-ifodaviy bo‘yoqlarga boyligi va shaklan rang-barangligi bilan ajralib turadi. Uning ko‘pchilik g‘azallari o‘z zamonasida sozandalar va go‘yandalar tomonidan kuyga solib kuylanib kelingan.
She’rlariga «Devoni Feruz» nomi bilan tartib bergan (1879). Bu devon Muhammad Sharif tomonidan qayta kuchirilgan (1900). Feruzning o‘zi Pahlavon Mahmudning 350 ruboiysini qo‘lda ko‘chirib, kitob holiga keltirgan. Feruz Shashmaqom kuylarini o‘rgangan, saroyda maqom ansamblini tuzgan. «Navo», «Dugoh», «Segoh» maqomlariga bog‘lab kuylar yaratgan. Feruz Sayd Mahruyjon majmuasidagi Sayid Mohi Ruyi Jahon maqbarasida dafn qilingan.
She’rlar devoni nusxalari O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti (inv. № 3442, 1119)da saqlanadi.
Habib Abdunazar, Ibrohim Karimov.