O‘tkir Rahmat 1948 yil 15 martda Samarqand viloyati Toyloq tumanining Uzun qishlog‘ida tug‘ilgan. Samarqand Davlat universiteti va Toshkent Davlat yuridik institutini tamomlagan. U o‘z mehnat faoliyatini matbuotda nashrlarida boshlab, so‘ng ko‘p yillar nufuzli idoralarda xizmat qildi. 1998 yilda “Shuhrat” medaliga va 2005 yilda “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist” unvoniga sazavor bo‘lgan. Xalqaro Cho‘lpon mukofotining sohibi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.
O‘tkir Rahmatning birinchi she’ri 1966 yillarda chop etiladi. Shoirning “Irmoq” (1988), “Sog‘inch” (1991), “Rayhon hidi” (1993), “Shukrona” (1995), “Oy yog‘dusi” (1996), “Ko‘zim qorachug‘i” (1998), “Xayol ifori” (2008), “Yurakdagi qush” (2009), “Xoksor maysa” (2010), “Dilchiroq” (saylanma kitobining birinchi jildi) kabi o‘ndan ziyod she’riy to‘plamlari nashr etilgan.
O‘tkir Rahmat she’rlari samimiyligiga, go‘zal tashbehlar va istioralar aks etgan misralari bilan o‘quvchini maftun etadi.
Ayniqsa, tabiatning tabiiy bo‘yoqlari so‘zlarga ko‘chib o‘tish jarayonida nafis rang-baranglik hosil qilishi – shoir ijodining o‘ziga xos jihati sifatida e’tiborni tortadi.