OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Obid Sodiqov (1913-1987)

http://www.ziyouz.uz/images/ziyoli/obid_sodiqov.jpgSodiqov Obid Sodiqovich (1913.15.11 — Toshkent — 1987.22.7) — kimyogar olim, jamoat arbobi. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi (1947). O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan va texnika arbobi (1960). Obid Sodiqov SSSR Fanlar akademiyasi akademigi (1972). Mehnat Qahramoni (1973). Kimyo fanlari doktori (1946), professor (1947).

O‘rta Osiyo universitetini tugatgan (1937), shu universitetda dotsent (1942— 46), O‘simlik moddalari (keyinchalik tabiiy birikmalar) kimyosi kafedrasida mudir (1946—74), ilmiy rahbar (1974 yildan), O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Kimyo instituti direktori (1946-50), O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Prezidiumi a’zosi (1947-57), ToshDU rektori (1958-66), O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti (1966-84), O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Bioorganik kimyo bo‘limi rahbari (1973—77), Bioorganik kimyo instituti direktori (1977—87)bo‘lib ishlagan.

Asosiy ilmiy ishlari organik va bioorganik kimyoga oid. Obid SodiqovO‘rta Osiyodagi o‘simliklarni tekshirib, 100 dan ortiq dipiridil, xinolizidin, izoxinolin katori alkaloidlarini ajratib oldi, ularning tuzilishi, konformatsion holati va biogenetik o‘zgarishlarini aniqladi. Obid Sodiqov rahbarligida g‘o‘za bargi, chigiti, qobig‘i, guli va g‘o‘zapoyadan uglevodorodlar, yuqori molekulali spirtlar, kislotalar, sterinlar, triterpenlar, flavonoidlar, polifenollar, gossipol va uning yo‘ddoshlari, uglevodlar, shuningdek, A, E, P, F kabi vitaminlar ajratib olindi; ko‘pgina preparatlar (anabazingidroxlorid, gossipol, gossipol linimenti, megosin malhami, batriden tabletkasi, gozanidon tabletkasi va boshqa)ni sanoat miqyosida ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.

Obid Sodiqov tashkil qilgan maktabda g‘o‘zani vilt bilan kasallaniщlan himoya qilishning kimyoviy va biologik usullari ishlab chiqildi; muhim yo‘nalish — vilt qo‘zg‘atuvchi toksinlar kimyosi va biokimyosi sohasida tadqiqotlar o‘tkazildi. G‘o‘za bargidan limon va olma kislotalari ajratib olishning sanoat usuli ishlab chiqildi (1956), shakar ishlab chiqarish chiqindisi (patika)dan mikrobiologiya usuli bilan itakon kislota olindi, dorivor moddalar, biostimulyatorlar sintez qilindi, hayot uchun muhim bo‘lgan fiziologik faol tabiiy birikmalar va ularning sintetik analoglari tuzilishi bilan organizmdagi funktsiyasi o‘rtasidagi bog‘lanish chuqur o‘rganildi, eukariotlar to‘qimalari genomining kooperativ aktivatsion modeli taklif etildi.

Obid Sodiqov darslik («Organik ximiya», hamkorlikda, T., 1971; «Organik ximiyadan praktikum», hamkorlikda, T., 1973), o‘quv qo‘llanmalari, ilmiy va ommabop kitoblar muallifi, ilm-fan tashkilotchisi.

Obid Sodiqov SSSR Fanlar akademiyasi Prezidiumi a’zosi (1972—84). Beruniy nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati (1979).

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Bioorganik kimyo institutiga Obid Sodiqov nomi berilgan (1988). Toshkentdagi 249-maktab, Sobir Rahimov tumanidagi mahalla, Shayxontohur tumanidagi ko‘chalardan biri ham Obid Sodiqov nomi bilan ataladi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.