Yozuvchi Oqiljon Husanov 1932 yilning aprelida Jizzax tumanining Ravotlik qishlog‘ida dehqon oilasida tug‘ilgan. O‘rta maktabni bitirgach (1940— 1949), Samarqand universitetida ta’lim oladi (1949—1954).
Samarqand viloyati gazetasi «Lenin yo‘li»da musahhih, mas’ul kotib, «Mushtum» jurnalida adabiy xodim, bo‘lim mudiri, mas’ul kotib (1960-1967), «Sharq yulduzi» jurnali bo‘lim mudiri, mas’ul kotib (1969-1979), «Guliston» jurnalida xodim, bosh muharrir o‘rinbosari (1980-1992) vazifasida ishlagan.
Oqiljon Husanovning «Qo‘shiqchining taqdiri» (1963), «Samarqand bulbuli», «Mehri daryolar» (1971), «Bo‘lmaganga bo‘lishma» (1973), «Qashqar go‘zali» (1976), «Tog‘da o‘sgan bola» (1975), «Tog‘da o‘sgan bola yoxud jiyanning yangi sarguzashtlari» (1980), «Sirli odam» (1980), «Bulbulning go‘shti» (1977), «Taqilmagan uzuk» (1983), «Baxt qaerda» (1987), «Qishloqqa sayohat» (1988), «Ucholsa ham ucholmagan turna» (1990), «Ustaning muhabbati» (1991), «So‘z navbati» (1998) kabi kitoblari hamda «Go‘ro‘g‘li qissasi» kabi asarlari mavjud.
Yozuvchi mazkur asarlarida pokiza va beg‘ubor yoshlik xotiralaridan, yoshlarning yechilgan yoxud yechilmay qolgan orzu-armonlaridan, muhabbat sarguzashtlaridan hikoya qiladi.
Yozuvchi 1982 yilda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi unvoniga sazovor bo‘lgan. 2001 yilda vafot etgan.