Taniqli adib Rahmat Fayziy 1918 yil 10 sentyabr kuni Toshkentda Beshyog‘och dahasining ikkinchi tikonli mozor mahallasida mayda kosib oilasida dunyoga keldi. U o‘rta maktabni tugatib, elektr-mexanika texnikumida o‘qidi. So‘ng «Lenin uchquni», «Yosh leninchi» gazetalari muharririyatlarida ishladi. Uning dastlabki she’riy mashqlari, lavha va ocherklari mazkur gazetalar sahifalarida (1937) e’lon qilindi. Rahmat Fayziy «Qizil O‘zbekiston», «O‘zbekiston madaniyati» (1957—1959) gazetalari, «Sharq yulduzi» (1951 — 1954) jurnalida ishlagan paytlarida uning qalami yanada charxlandi.
Ikkinchi jahon urushidan keyingi tinch qurilish yillarida yozuvchi «To‘y to‘yonasi» (1951), Mirzacho‘lni o‘zlashtirayotgan yoshlarga bag‘ishlangan «Cho‘lga bahor keldi» (1951), «Povest va hikoyalar» (1954), «Shohi darparda» (1958) kabi qissa, ocherk va hikoya to‘plamlarini yaratib, elga tanildi.
Ijodkorning «Tekin muzqaymoq», «Mening bobom», «Cho‘ntak», «Nafisa» kabi hikoyalari bolalarni milliy ruhda tarbiyalashga xizmat qildi.
Rahmat Fayziy 1962—1965 yillarda «O‘zbekfilm» kinostudiyasida ishladi. Uning «Sen yetim emassan» (1962), «Yor-yor» kinostsenariyalari asosida ishlangan filmlar o‘zbek milliy kinosi rivojiga salmoqli hissa bo‘lib qo‘shildi. Ayniqsa, yozuvchining «Sen yetim emassan» kinostsenariysi bo‘yicha suratga olingan film qator xorijiy mamlakatlar ekranlarida namoyish etilib, tomoshabinlarga manzur bo‘ldi.
Rahmat Fayziy 1969 yili shu stsenariy asosida yaratgan «Hazrati inson» romanida temirchi Mahkam ota va Mehriniso opa faoliyati orqali oddiy kishilar qahramonligini ko‘rsatdi.
Rahmat Fayziy O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi (1968), O‘zbekiston xalq yozuvchisi (1968), Polsha Xalq Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat arbobi faxriy unvonlari bilan takdirlangan. Yozuvchining qator asarlari rus va boshqa qardosh tillarga o‘girilgan. U 1988 yilning kuz kunlarida vafot etgan.