OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sa'dulla Siyoyev (1939)

Sa’dulla Siyoyev 1939 yil 25 martda Qozog‘istonning Turkiston shahri yaqinidagi Qarnoq qishlog‘ida tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetini tamomlagan (1957—1962). Toshkent radiosida, «Mushtum» hajviy jurnalida, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Adabiyot jamg‘armasida, respublika televideniesida ishlagan.

Sa’dulla Siyoyev o‘z ijodini she’r yozishdan boshlagan. Uning dastlabki she’ri 1956 yilda «Qizil O‘zbekiston» gazetasida bosiladi. U she’rlar bilan bir qatorda «Qiz bolaning pandi» (1963), «Ming bir qiliq» (1964), «Charxpalak» (1965), «Uyimizga mehmon keldi» (1966) kabi hikoyalarini ham e’lon qilgan.

Yozuvchining birinchi hikoyalar to‘plami — «Qasam ichmagan yigit» 1970 yilda chop etildi. Bu to‘plamga uning lirik va hajviy hikoyalari kiritilgan. Shundan so‘ng S. Siyoyevning «Sadag‘ang ketay» (1972), «To‘ylar muborak» (1975), «Oy borib, omon keling» (1976), «Og‘ir vaznli janjalkash», «Erkaklar uchun ertaklar» kabi hikoyalar to‘plamlari bosilib chiqdi.

Keyingi yillarda uning qissa va hikoyalardan iborat «Yorug‘lik» (1986), «Beparvo bo‘lmoqchiman» (1990), “Yolg‘onchining rost gapi” (2010) kitoblari hamda «Avaz» (1987) romani o‘quvchilar hukmiga havola etildi.

1993 yilda uning «Yassaviyning so‘nggi safari» romanining birinchi kitobi, 1997 yilda esa «Haqiqat yo‘li» deb nomlangan ikkinchi kitobi chop qilindi. 2012 yili asar yaxlit holda “Ahmad Yassaviy” nomi bilan chop etildi.

S. Siyoyev hikoyalari rus, qozoq, qirg‘iz, tojik tillariga tarjima qilingan. Ayni chog‘da u Mixail Zoshchenko, Leonid Lench, Ark. Arkanov, G. Gorin kabi rus yozuvchilarining ko‘plab hikoyalarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.