Safar Barnoyev 1938 yil 6 mayda Buxoro yaqinidagi Dilkusho qishlog‘ida tug‘ilgan. Toshkent davlat dorilfununining jurnalistika bo‘limini tugatgan (1966).
«Yosh gvardiya» (hozirgi «Kamalak») nashriyotida, Respublika Yozuvchilari uyushmasida, Xalq ta’limi vazirligida, «Gulxan» jurnalining bosh muharriri bo‘lib ishlagan.
Uning birinchi she’riy to‘plami 1970 yilda «Tog‘damen» nomi bilan chop etildi. Shundan so‘ng uning «Birinchi tabassum» (1972), «Dadamning qo‘llari» (1974), «Sog‘inch» (1975), «Yulduzxon va Bahorjon» (1977), «Soldat qaytgan kun» (1979), «Oq laylaklar» (1982), «Egizaklar» (1985), «Mukofot» (1983), «Tinchlikni ulug‘laymiz» (1986), «Dadam haqida qo‘shiq» (1989), «Karimjon — karmon» (1988), «Belыe aistы» (1990) kabi o‘nlab she’riy, nasriy asarlari chop etildi. Bularning ko‘plari rus, ukrain, belorus, latish, moldovan, polyak, chex, arman, ozor, tojik, qozoq, qirg‘iz, turkman va qoraqalpoq tillariga ham tarjima qilingan.
Safar Barnoyev o‘zining «Tinchlikni ulug‘laymiz» kitobi uchun G‘afur G‘ulom mukofotiga sazovor bo‘lgan.