Azimov Sarvar Olimjonovich (1923.20.5, Jizzax - 1994.3.11, Toshkent) — yozuvchi, jamoat arbobi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi (1973). O‘zbekiston xalq yozuvchisi (1983). Filologiya fanlari doktori (1968).
O‘rta Osiyo davlat universitetini tugatgan (1946). O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutida ilmiy xodim, sektor mudiri, direktor o‘rinbosari (1948—55), O‘zKP MK fan va madaniyat bo‘limi mudiri (1955—56). O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi boshqaruvi birinchi kotibi (1957-58, 1980-85), O‘zbekiston SSR madaniyat vaziri (1958—59), O‘zbekiston SSR Ministrlar Soveti raisi o‘rinbosari va O‘zbekiston SSR Tashqi ishlar vaziri (1959-69, 1988-91). Sobiq SSSRning Livandagi (1969—74), Pokistondagi (1974—80) favqulodda va muxtor elchisi bo‘lib ishlagan.
Mashhur shoir Hamid Olimjonning ukasi Sarvar Azimov o‘zining sahna asarlari bilan 60-yillar dramaturgiyasi va teatri taraqqiyotiga muhim hissa qo‘shdi. «Qonli sarob» (1961), «Oppoq tong qo‘shig‘i» (1962), «Yulduzlar jamoli» (1964) asarlari va adabiyotshunoslikka doir ilmiy-nazariy kitoblari o‘zbek adabiyotining munosib yutuqlaridandir. «Zamon» dramasi (1968) o‘zining g‘oyaviy-badiiy puxtaligi bilan dramaturg ijodida alohida o‘rin tutadi. Bu asarda mustamlakachilik kishanlarini parchalab, o‘z mustaqilligiga ega bo‘layotgan chet el xalqlarining hayoti, milliy ozodlik kurashining Sharqqa keng yoyilib, borayotganligi tasvirlangan.
Sarvar Azimov barcha dramatik asarlarida o‘zi guvoh bo‘lgan tarixiy davrning muhim muammolarini ko‘tardi. Xorijiy xalqlar hayotidan olingan asarlari bilan o‘zbek dramaturgiyasini yangi mavzu, yangi shakl, yangi obrazlar bilan boyitdi.
Sarvar Azimov bir qancha radioqissalar stsenariysi muallifidir.
U xalqaro «Nilufar» mukofoti bilan taqdirlangan.