Shoyim Bo‘tayev 1959 yil 20 iyunda Tojikistonning O‘ratepa tumaniga qarashli Maydoncha kishlog‘ida tug‘ilgan. Xo‘jand Davlat pedagogika institutining tarix-filologiya fakultetini tugatgan (1982).
«Guliston» jurnalida adabiy xodim, «Tong yulduzi» (sobiq «Lenin uchquni») gazetasida bo‘lim mudiri, «Cho‘lpon» nashriyotida muharrir, respublika radiosida «Adabiyot va radioteatr» bosh muharririyatining bosh muharriri vazifasida ishlagan.
Ilk qissasi — «Sirli yulduzlar» (1984). Shundan so‘ng yozuvchining «Dunyoning sarhisobi bor» (1988), «Endi bari boshqacha» (1990), «Shamol o‘yini» (1995), «Kunbotardagi bog‘» (1997), «Hayot» (2000), «Ko‘chada qolgan ovoz» (2005) kabi qissa va hikoyalardan iborat to‘plamlari nashr etilgan. «Qo‘rg‘onlangan oy» (1996), «Shox» (2007) kabi romanlar muallifi.
Shoyim Bo‘tayevning bir qator asarlari rus, tojik, nemis va ingliz tillariga tarjima qilingan. U 1988 yildan buyon O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi. «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlangan (2001).