O‘zbekiston xalq shoiri, Hamza mukofoti sovrindori, taniqli dramaturg Sobir Abdulla 1905 yil 5 (18) sentyabrda Qo‘qon shahrida xizmatchi oilasida dunyoga keldi. Eski va yangi maktablarda bilim olgan Sobir Abdulla 1924—1926 yillarda ishchilar tayyorlov kursini tamomladi. 1925—1948 yillarda «Yangi Farg‘ona», «Yosh leninchi» gazetalari, «Mushtum» jurnalida adabiy xodim, Andijon teatrida esa adabiy emakdosh bo‘lib ishladi.
Sobir Abdulla ijodi 1925 yildan boshlangan. Shoirning «Erk ilhomlari» nomli birinchi to‘plami 1931 yilda bosilib chiqqan. Uning «Ko‘klam nash’asi» (1932), «Taajjub», «Gulshan» (1939) she’rlar to‘plami, «Navbahor» (1930), «Do‘stlik» (1937) hikoyalar to‘plamlarida xalq hayoti, shoirning ma’naviy dunyosi o‘z ifodasini topgan. Sobir Abdulla sermahsul dramaturg edi. Uning «Bog‘bon qizi» (1930), «Oyxon» (1935), «Tohir va Zuhra» (1939), «Alpomish», «Muqimiy» kabi sahna asarlari teatrlarimizning ko‘rki bo‘lgan.
Urush yillarida adib jangchilar hayoti va front orqasidagi kishilarning fidokorona mehnatini aks ettiruvchi «Agar Vatan buyursa», «Chegarachi», «Olg‘a qadam tashlanglar» she’rlarini yozish bilan birga, «Qurbon Umarov» (1941), «Davron ota» (1942) kabi pesalarning yaratilishida ham faol ishtirok etgan.
Urushdan keyingi yillarda Sobir Abdulla yaratgan «Vatan sevgisi», «Baxtim qilur namoyish», «Paxtakor tongi», «Ravshan zamon» qo‘shiqlari xalqimizdagi vatan-parvarlik va mehnatsevarlik fazilatlarini ulug‘lashga xizmat qilgan.
G‘azalnavis shoir umrining so‘nggi yillarida ma’rifatparvar shoir Muqimiy hayotini aks ettiruvchi «Mavlono Muqimiy» romanini yaratgan. U Hamza nomidagi Respublika Davlat mukofoti laureati. O‘zbekiston xalq shoiri (1965), O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi (1944) Sobir Abdulla 1972 yil 24 oktyabrda Toshkent shahrida vafot etgan.