OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Tolib Yo‘ldosh (1919-2002)

http://ziyouz.com/images/stories/tolib_yuldosh.jpgBolalar va kattalarning ardoqli shoiri Tolib Yo‘ldosh 1919 yili Toshkentning Chilonzor ota mavzesi, Gulbozor mahallasida oddiy mehnatkash oilasida dunyoga kelgan. U turmush tashvishlari bilan bo‘lib, ilm-bilim degan narsalarni qirq yoshidan so‘ng egalladi. Tayyorlov va kechki kurslarda o‘qidi. Ammo shoirning «Saylayman» degan birinchi she’ri 1937 yilda — 18 yoshida e’lon qilindi. Tolib Yo‘ldoshning birinchi she’riy to‘plami «Bo‘ri bilan chol» esa 1943 yilda chop etilgan.

«Shundan beri, — deb yozadi shoir tarjimai holida,— qirqqa yaqin to‘plam nashr ettirdim, yarmi bolalarga, yarmi kattalar uchun». Tolib Yo‘ldoshning «Baxtiyorlar qo‘shig‘i», «Porloq erta», «Polizda», «Do‘mboqlar», «Koptok nega qochadi», «O‘smirlik o‘ylari», «Oq terakmi, ko‘k terak», «Quyosh bilan suhbat» kabi yigirmaga yaqin she’riy to‘plamlarida beg‘ubor yoshlar qalbi, orzu-maqsadlari, intilishlari, quvonch va tashvishlari o‘zining yorqin ifodasini topgan. Shoirning bolalarga bag‘ishlangan ko‘pchilik she’rlari Z. Diyor, Q. Muhammadiy, Q. Hikmat kabi shoirlarning she’rlari kabi sodda, ravon va aniq, badiiy ifodaga ega ekanligi bilan e’tiborlidir.

Qizig‘i shundaki, shoir ko‘p she’rlarini topishmoq tarzida bayon etadi. Oqibatda bolaning diqqat-e’tibori she’rga tortiladi, o‘y-xayolga chorlanadi. Topqirlik, she’r ma’no va mazmunini singdirishga imkon yaratiladi.

Bolalarga bag‘ishlangan yana bir qator she’rlari esa o‘zining ma’no va mazmuniga ko‘ra jiddiy, salmoqli, o‘y-xayolga chorlab turishi bilan ajralib turadi. Jumladan, «To‘rt fasl» she’rida yilning ko‘klam, yoz, kuz va qishi haqida ajoyib bir manzara yaratadi.

Tolib Yo‘ldoshning bolalarga bag‘ishlangan she’riyati orasida ertaklar, ertak-dostonlar ham anchagina. Uning «Ovchi», «To‘qlikka sho‘xlik», «Xumcha bilan nimcha», «Qo‘rqoq quyon», «O‘rmonliklar orzusi», «Toshmat uchgan» kabi o‘nlab ertaklari xayoliy-sarguzasht janriga xos uslubda yaratilgan. Bu hol esa bolalarning romantik kayfiyatiga juda mos bo‘lib, ularning ichki dunyosini to‘laroq ochib berish imkoniyatini yaratadi.

Shoirning ko‘p asarlari, aytganimizdek, kattalarga bag‘ishlangan bo‘lib, ular janr jihatdan to‘rtliklar, sakkizliklar va hajvlardan iborat. Ayniqsa, bu jihatdan adibning «Oshiq ko‘ngil» (1974) to‘plamiga kirgan «Yetuklik», «Yillar va o‘ylar» turkumidagi she’rlar o‘zining mazmundorligi, falsafiy teranligi, badiiy puxtaligi bilan o‘quvchini o‘ziga jalb etadi. Bu turkumdagi she’rlar mavzu va ma’no jihatdan nihoyatda boy va serjilodir.

Tolib Yo‘ldosh ijodida hajv ham katta o‘rinni egallaydi. Hatto, bu mazmundagi asarlari «Mushtum» kutubxonasi turkumida alohida nashr ham etilgan. Xususan, «Ajabsanda» nomli hajviy asarlardan tarkib topgan she’riy to‘plam alohida e’tiborni tortadi. To‘plamga kirgan «Hech kim bilmasin», «Sayoq», «Moda», «Jarohat», «Bali-bali», «Xushomad» kabi o‘nlab asarlar tele va radio miniatyuralarning doimiy hajv qo‘shig‘i bo‘lib kelmoqda.

Tolib Yo‘ldosh g‘azalnavis shoir sifatida ham ma’lum. Uning bir qator g‘azallari va hajviy qo‘shiqlari el suygan san’atkorlar ovoziga yo‘g‘rilib, tinglovchiga estetik zavq bag‘ishlab keladi. O‘zbekiston xalq yozuvchisi Asqad Muxtor aytganidek, «u faqat qalb amri bilan, ichki bir ehtiyoj bilan» ijod qilib, hurmatga kirgan adib sifatida bugungi adabiy jarayonda o‘z o‘rniga egadir. Unga Mustaqilligimizning yetti yilligida «El-yurt hurmati» ordeni topshirildi (1998). U O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi (1989) dir.

Tolib Yo‘ldosh 2002 yili vafot etgan.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.