OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ubaydullaxo‘ja Asadullaxo‘jayev (1878-1937)

http://ziyouz.com/images/stories/ubaydullaxuja.jpgJadidchilik harakatining yirik namoyandalaridan biri, davlat va siyosat arbobi, o‘zbek matbuotining ilk tashkilotchilaridan biri Ubaydullaxo‘ja Asadullaxo‘ja o‘g‘li (Ubaydulla Xo‘jaev) 1878 yili Toshkent shahrida tug‘ilgan. Rus-tuzem maktabini tamomlagach, davlat muassasalarida tarjimonlik bilan shug‘ullangan. Keyinchalik Saratov universitetining huquqshunoslik fakultetini muvaffaqiyat bilan tamomlagan. Ubaydulla Xo‘jaev dastlabki o‘zbek advokatlaridan biri edi. O‘qishni tugatgach, u Toshkent okrug sudida advokat bo‘lib xizmat qiladi. O‘z atrofiga yoshlarni to‘plab, "Umid" yashirin jamiyatini tuzdi. Keyinchalik bu tashkilot "Taraqqiyparvar" deb nomlanib, jadidlarning asosiy tashkilotlaridan biriga aylandi.

Talabalik yillaridayoq davr muammolarini yechishni o‘yladi, rus yozuvchisi L. N. Tolstoy bilan yozishmalar qildi (1909). O‘qishni tugatgach, dastlab Saratov, 1913 yilda Toshkent okrug sudida xususiy advokat bo‘lib ishladi. Chor hukumati ma’murlarining poraxo‘rligi va zolimligini fosh etib, ayrimlarini davlat ishidan chetlatishga erishdi. Jadidchilik harakatiga qo‘shilib, tez orada uning yirik vakillaridan biriga aylandi.

«Umid» deb ataluvchi ilg‘or musulmon guruhiga yetakchilik qildi (1913). «Turon» jamiyatining asoschilaridan biri (1913). U mustaqil firqa tashkil qilish niyatida Toshkentda «Sadoi Turkiston» gazetasini tashkil etib (1914.4.4), unga muharrirlik qildi. Gazeta ishiga o‘sha davr ma’rifat darg‘alari — Abdulla Avloniy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdurauf Muzaffarov singarilarni jalb etdi. U gazetada turli mavzularda dolzarb maqolalar bilan chiqib, chorizmning mustamlakachilik siyosatini fosh qildi. Turkistonga tarqalib, umummilliy matbuot nashriga aylanayotgan «Sadoi Turkiston» 1915 yil aprelda yopib qo‘yilgan bo‘lsada, u o‘lka ziyolilarining «Taraqqiyparvarlar» firqasiga zamin tayyorladi. U. Xo‘jaev Toshkentda tuzilib, mardikorlikka olish ishi bilan shug‘ullangan «Turkiston mardikorlikka olish qo‘mitasi»ning raisi (1916). Qo‘mita chor amaldorlarining o‘zboshimchaliklarini ochib tashladi. Mardikorlikka jo‘natish haqidagi oq podsho farmoni (1916 y. 25 iyun)ni bekor qildirish uchun U. Xo‘jaev mahalliy millatparvar boy Mirkomil Mirmo‘minboev bilan birga Peterburgga bordi.

Davlat dumasining 1916 yil dekabrdagi majlisida farmon Rossiya imperiyasining qonunchiligida ko‘rsatilgan hollarga zid ravishda qabul qilingani isbotlab berildi.

1917 yil fevral inqilobidan keyin u Turkistondagi mustaqillik va taraqqiyot uchun milliy harakatning faol rahnomalaridan biriga aylanadi. Toshkent "Sho‘royi islomiya" tashkilotiga rais, Butunrossiya musulmon sho‘rosiga esa a’zo etib saylanadi. U 1917 yilda bo‘lib o‘tgan barcha Turkiston va Butunrossiya musulmonlari sezdlarida ishtirok etadi. Qo‘qonda bo‘lib o‘tgan IV favqulodda o‘lka musulmonlarining sezdi uni Turkiston Muxtoriyatining Harbiy noziri etib saylaydi. Turkiston Muxtoriyati tormor etilgach, Ubaydulla Xo‘jaev Orenburgga boradi va Boshqirdiston Muxtoriyati hukumatini tuzishda faol ishtirok etadi.

1920—1937 yillarda sovet hokimiyatiga zid bo‘lgan siyosiy qarashlari uchun uni bir necha bor tazyiq ostiga oladilar. 1937 yilda barcha taraqqiyparvar o‘zbek ziyolilari qatori Istiqlolchilik harakatiga xayrixohlik bilan qaragani, mustamlakachilikka qarshi kurashgani uchun «millatchilik»da ayblanib qatag‘onga uchraydi va otib tashlanadi.

U. Xo‘jaev qabrining qaerdaligi noma’lum.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.