Shoir, tarjimon Usmon Qo‘chqor 1953 yilning 15 iyulida Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida tug‘ilgan. Toshkent Davlat universiteti (hozirgi O‘ZMU)ning filologiya fakultetini tugatgan.
G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida (1975—1977), Shofirkonda ona tili va adabiyoti o‘qituvchisi (1977—1979), «O‘zbekiston» nashriyotida muharrir (1979—1986), «Cho‘lpon» nashriyotida (1986—1988), «Yoshlik» jurnalida, «Ma’naviyat» nashriyotida bosh muharrir lavozimida (1988—1996) ishlagan.
Usmon Qo‘chqorning birinchi she’riy to‘plami 1982 yilda «Hayajonga ko‘milgan dunyo» nomi bilan chop etilgan. «Akssiz sadolar» (1986), «Uyqudagi minora» (1987), «Og‘ir karvon» (1991), “Chamangul”, “Shiroq” kabi she’riy kitoblari chop etilgan.
Usmon Qo‘chqorning «Og‘ir karvon» nomli she’riy to‘plamiga kirgan ko‘pchilik she’rlari inson ruhiyati, ruhiy olami, ma’naviyati haqida bitilgan goh qasida, goh pamflet bo‘lib yangraydi. Shoir «Quvg‘in» dostonida qatag‘onlik davri aziyatlari, iztirob va alamlari haqida hikoya qiladi.
U ozarbayjon adiblaridan Sayyid Imoddiddin Nasimiyning “Men bu jahonga sig‘masman” she’rlar to‘plamini, Husayn Jovidning “Amir Temur” dramasini, Jalil Mammadqulizodaning qissa va hikoyalarini, Yusuf Samad o‘g‘lining “Qatl kuni”, Anorning “Besh qavatli uyning oltinchi qavati” va boshqa asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
Uning «Chamangul» (1996) nomli bolalar uchun yozilgan she’riy guldastasi Respublika Davlat matbuot qo‘mitasi mukofotiga sazovor bo‘lgan.