OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Vadud Mahmud (1898-1976)

http://ziyouz.com/images/stories/vadud_mahmud.jpgVadud Mahmud 1898 yilda Samarqand okrugining Yuqori Darg‘am tumaniga qarashli Tayloq qishlog‘ida tavallud topgan. Otasi Mahmud Pirmuhammad imom bo‘lgan (1905 yili vafot etgan). Onasi Anbara (1934 yili vafot etgan) esa uyda bolalari tarbiyasi bilan shug‘ullangan. V. Mahmud dastlab Samarqandda Abduqodir Shakuriy maktabida, so‘ngra Ufadagi Oliya madrasasida (1917-1918), Samarqand pedkursida (1918), Moskvadagi V. Bryusov nomli Oliy Adabiyot institutida (1925-1926) tahsil olgan. Toshkentdagi SAGUning iqtisod fakultetiga (1923 y.) erkin tinglovchi sifatida qatnagan. Ayni chog‘da, V. Mahmud 1919—1925 yillar orasida o‘qituvchilik ham qilgan, Samarqand va Jizzax shaharlarida maorif boshqaruvi sohasida faoliyat ko‘rsatgan.

1926-1927 yillari «Maorif va o‘qitg‘uvchi» jurnalida muharrir yordamchisi, 1926-1929 yillarda TajGIZda tarjimon va darsliklar tuzuvchi bo‘lib ishlagan.

U 1930 yili sho‘ro tuzumiga qarshi targ‘ibotchilikda ayblanib qamoqqa olinadi, uchlik qo‘mitasining qarori bilan uch yilga qamaladi. Qatag‘on davri tuhmatlariga duch kelgan V. Mahmud Arxangelsk viloyati Kargopollaga qamoqxonasida 1937 yil 18 avgustidan 1954 yil 26 yanvarigacha hibsda saqlanadi. 1960 yilda to‘la oqlanadi.

V. Mahmud faoliyatining ma’lum bir qismi Tojikiston Respublikasi Fanlar akadeiyasi Rudakiy nomidagi Til va adabiyot instituti bilan bog‘liq. Shu dargohda ilmiy xodim bo‘lib ishlagan V. Mahmud «Farhangi zaboni tojiki»ni tuzishda qatnashadi, mumtoz sharq she’riyati tadqiqi bilan shug‘ullanadi, xotiralar yozadi. 1976 yilda vafot etgan.

Adabiyot maydoniga Samarqand adabiy muhiti orqali 20-yillar arafasida kirib kelgan Vadud Mahmud bu jarayonga juda faol aralashadi. Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abduqodir Shakuriy, Vasliy, Siddiqiy Ajziy, Sadriddin Ayniy, Hoji Muin, Abdurauf Fitrat va Tamhid Samarqandiy singari muharrir, shoir va muallimlar muhitida tarbiya topadi, ta’lim oladi, shakllanadi. Uning adabiy-tanqidiy, publitsistik maqolalari «Kambag‘allar tovushi», «Zarafshon», «Turkiston», «Inqilob», «Maorif va o‘qitg‘uvchi», «Yer yuzi» kabi gazeta va jurnallarda «Vov», «V.M.», «Vadud Mahmudiy», «Vadud Mahmud o‘g‘li» kabi imzolar bilan muntazam nashr qilinib turgan. V. Mahmud mumtoz sharq adabiyoti namoyandalari, mavjud adabiy jarayon xususida «Cho‘lponning «Buloqlar»i» (1923), «Hind ixtilolchilari» (1923), «Turk shoiri Ajziy» (1924), «Adabiy tanqidga bir nazar» (1924), «Alisher Navoiy» (1925), «Fuzuliy Bag‘dodiy» (1925) kabi qator qimmatli maqolalar yozgan.

V.Mahmudning faoliyatini zimdan kuzatib yurgan siyosiy boshqarma xodimlari 1930 yil 17 avgust kuni uning uyida tintuv o‘tkazib, qamoqqa oladilar. Unga «millatchilik, aksilinqilobiy tashkilot faoliyati haqida davlat tashkilotlariga xabar bermaganlik, bahoizm bilan shug‘ullanganlikda» ayb qo‘yadilar. OGPU hay’ati qoshidagi maxsus kengash 1931 yil 3 oktyabrda uch yil mehnat tuzatish lagerlarida va qo‘shimcha ravishda yana uch yil mobaynida Qozog‘istonda ishlashga majbur qiladi. U uch yil Toshkentda hibsda bo‘lgach, Olmaotaga surgun qilinadi. 1936 yil oxiri — 1937 yil boshlarida surgundan qaytib keladi. Lekin oradan yil o‘tmay, 1937 yil 18 avgustda «Milliy ittihod»ning faol a’zosi, o‘tmishda aksilinqilobiy, millatchilik tashviqoti olib borganlik, mashhur millatchi Ismoil Sadriy bilan aloqadorlikda» ayblanadi va 10 yilga Arxangelsk viloyatidagi Kargopol tutqungohiga surgun qilinadi. 1944 yili mazkur tutqungohda u mahbuslar orasida bahoizmni targ‘ib qildi, degan ayb bilan yana 10 yilga hukm qilinadi va muddatni 1959 yili tugatib, Samarqandga qaytib keladi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.