Jangchi-yozuvchi Vali G‘afurov 1922 yilda Toshkentda tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetida tahsil olgan. Samarqand viloyat maktablarida o‘qituvchilik qilgan. Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi. Stalingrad ostonalarida ikki ko‘zi, bir oyog‘idan ajralib, nogiron bo‘lib qolgan.
U jangdan qaytgach, o‘qituvchilik qildi, ko‘zi ojizlarga rahbarlik qildi. 60-yillar boshlariga kelib, uning igna bilan yozilgan «Vafodor» romanining birinchi kitobi nashr etildi.
1973 yilda «Vafodor» romanining ikkinchi kitobi ham paydo bo‘ldi. Asar adabiy jamoatchilik tomonidan iliq kutib olindi, rus va qardosh tillarga tarjima bo‘ldi. Romanda yozuvchining shaxsiy hayoti tasviri orqali xalqimizga xos metin-mustahkam iroda, qahramonlik, birodarlik tuyg‘ulari ulug‘landi.
Vali G‘afurov «Vafodor» romanidan so‘ng «So‘nggi pushaymon», «Botirga o‘lim yo‘q» kabi qissalar, «Shoxlardagi mezonlar» kabi memuar xarakteridagi polotnolar va ko‘plab hikoyalar yaratdi. Ular orasida «So‘nggi pushaymon» qissasi alohida ajralib turadi. Unda yoshlarning ma’naviy-axloqiy barkamollashuviga to‘siq bo‘layotgan ayrim eskicha urf-odatlar, nuqsonlarni bartaraf etish yo‘llari izlandi.
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Vali G‘afurov 1995 yilning 5 avgustida vafot etgan.