OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Alifmi yoki kaltak?

QIYSHIQ IMORAT

Qaysi bir radiokanalda intellektual dastur (!) olib borilayotgan edi. Boshlovchi savol berdi:
–    «Majolis un-nafois» asari kimning qalamiga mansub?
Bir necha daqiqa ichida uch-to‘rt tinglovchi bog‘lanib, ushbu savolga javob berishga urindi. Birinchi bo‘lib qo‘ng‘iroq qilgan tinglovchining javobini eshitib, avvaliga kulgidan o‘zimni tiya olmadim, keyin esa bir xunobi oshgan boshlovchiga, bir o‘sha savodsiz o‘quvchi qizga achinib ketdim. 
– O‘zingizni tanishtiring, – dedi boshlovchi unga. Qiz ismini va maktabda o‘qishini aytdi. – Xo‘-o‘-sh, savolni takrorlayman: «Majolis un-nafois» asarini kim yozgan?
– Hmm... «podskazka» bervoring.
– Xo‘p, bu shoir ismining bosh harfi «A».
– Abror Hidoyatov! – hayqirdi qiz hech ikkilanmay, quvonch bilan.
Radioboshlovchining asabiylashib ketgani ovozidan yaqqol bilinib turardi, chunki qiz esiga kelgan taniqli kishilardan yana birining ismini keltirgan edi. Shunda sezib qoldim: qiz o‘yinda ishtirok etish uchun emas, shunchaki efirga chiqish maqsadida qo‘ng‘iroq qilgan. Undan keyingi qatnashchilar ham qoyillatib javob bera olishmadi. Nihoyat bir talaba yigit boshlovchini siqilishdan qutqardi:
– Bu asarni hazrat Alisher Navoiy yozgan.
Nafaqat radioboshlovchi, balki mening ham yelkamdan tog‘ ag‘darildi. Maktablarimizda, ana shunday, «alifni kaltak» deydigan o‘quvchilar borligiga qattiq achindim. «Xo‘p, bir-ikkita o‘quvchi Navoiyni tanimasa, osmon uzilib yerga tusharmidi», deguvchilar topilar. Bu fikrga raddiya tayyor: ajdodlarini tanimaydigan, xalqining o‘tmishiga bepisand qaraydigan odam o‘zligini anglashi mumkinmi? 
Unutmaylik, bag‘rimizda o‘sayotgan har bir yosh biz orzu qilayotgan kelajakning bitta ustuni hisoblanadi. Endi tasavvur qiling: qurayotgan imoratingizda bir-ikki ustuni kam bo‘lsa, qiyshayib qoladi-ku...

«O‘CHIR OVOZINGNI, MAHMADONA!..»

Keling, gapni chuvalatmay, asosiy maqsadga o‘taqolay. O‘zingiz ham fahmlab turibsiz, gap farzandlarimizning ta’lim-tarbiyasi haqida. 
Xo‘sh, ayrim o‘quvchilar yuqorida tilga olingan qiz kabi «daholik»ka erishayotgan ekan, buning asosiy sabablari nimada?
Masalani siyosatga taqashning hojati yo‘q. Yurtimizda maktab ta’limini isloh qilish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlarga barchamiz guvoh bo‘lib turibmiz. O‘qiyman, degan odamga har qanday shart-sharoit muhayyo. Shunday ekan, aqalli bir bor xolis bo‘laylik-da, aybni har doimgiday boshqalarga ag‘darmay, o‘zimizdan qidirib ko‘raylik.
Allaqaysi zamonda yosh ota-ona mashhur allomaning huzuriga kelishibdi. «Yaqinda farzandli bo‘ldik, uning tarbiyasini qachondan boshlashimiz darkor?» deb so‘rashibdi ular. Alloma ham savol beribdi: «Farzandingiz necha oylik bo‘ldi?» «Uch oylik», javob qaytaribdi ular. «Uning tarbiyasini roppa-rosa uch oyga kechiktiribsizlar», degan ekan alloma. Ushbu rivoyatdan xulosa chiqarish o‘zingizga havola. O‘zbeklarda esa farzandlar tarbiyasi haqida o‘ziga xos oddiy falsafa bor: «Ha-a, bir-biri bilan urishib-tepishib katta bo‘ladi-da...» To‘g‘risini tan olish kerak, tarbiya borasida ancha no‘noqmiz. Nobel mukofotini olishi mumkin bo‘lgan bolamizga nonni «nanna», ovqatni «ashsha» qilib o‘rgatgunimizcha, rus qo‘shnimizning farzandi hamma narsani o‘z oti bilan atab, burro-burro gapirayotgan bo‘ladi. Dilbandimiz endigina dunyoni anglay boshlab, «U kim? Bu nima?» qabilida savollar bera boshlasa, «Uf-f, boshimni qotirib yubording, birpas jim o‘tir», «O‘chir ovozingni, mahmadona!» tariqasida javoblar eshitadi. Bora-bora, u savol so‘ramay qo‘yadi, endigina kurtak otgan iste’dodi va qobiliyati bo‘g‘iladi-qoladi. 

ZO‘RAVONLAR

Akademik litseyda ishlab yurgan paytida hamkasblarim aytib qolishdi: «Hozirgi o‘quvchilar juda taltayib ketdi, agar biror erkak o‘qituvchi yoqmay qolsa bormi, panaroqqa olib chiqib, kaltaklashdan ham toyishmaydi...» Bu haqida oldin ham eshitgandim, baribir ishonmadim. «Bor gap, bunaqa voqealar bo‘lib turadi, o‘qituvchi bechora esa hech kimga og‘iz ocholmaydi», deyishdi ular. Nahotki, o‘quvchi ta’lim bergan ustoziga qo‘l ko‘tarsa?! «Ustoz otangday ulug‘» degan gap qaerda qoldi unda? «Senga bir harfni o‘rgatgan ustozning haqqini mingta boylik bilan ham ado etolmaysan», degan gap-chi? 
Bunday ko‘nglisiz holatning asl sababchilari albatta ota-onalardir. Yilda arang bir marta qorasini ko‘rsatgan ota-onaga farzandidan shikoyat qilsangiz, «Ertadan-kechgacha ishdamiz, tirikchilik bilan ovora bo‘lib, bolalarga vaqt ajratolmayapmiz», deya uzrxohlik qilishadi. O‘g‘liga yo qiziga qattiqroq gapirib ko‘ring-chi, ayuhannos solib, yelday uchib kelishadi. «Nimaga mening bolamni xafa qilding? Hatto chertishga ham haqqing yo‘q», deb do‘q-po‘pisa qilishadi. Bunaqada o‘qituvchining obro‘si qolarkanmi?
Afsuski, biz o‘z farzandimizga maktabda yaxshi bilim olish kerakligini uqtirmaymiz. Aksincha, o‘qishiga mutlaqo beparvo qarab, institut yoki universitetga PUL bilan kiritib qo‘yishga va’da qilamiz (qarabsizki, yana bir tanbal tayyor-da). Keyin esa pul bilan ishga joylaymiz, uni boshqalardan pul olishga o‘rgatamiz. E’tiqodi pulga aylangan odamning esa manqurtdan farqi yo‘qligini biz g‘ofillar qayoqdan ham bilaylik?..

Abror Adhamzoda,
"7 iqlim" gazetasidan.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.