OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Assalomu alaykum!

Salom Allohning ismlaridan biridir. O‘rtalaringizda salomni yoyingiz.
Hadisdan

 

Millat ma'naviyatiga daxldor neki bor, unga befarq qarab bo‘lmaydi. Salomlashish borasida ham xuddi shu fikrni aytish mumkin. Salom insoniylikning boshidir. Dunyo­dagi barcha xalqlar o‘zaro munosabat, muomala va muloqotni salomdan boshlashadi. Har bir xalqning salomlashish bilan bog‘liq bo‘lgan o‘z urf-odatlari bor. Salomlashish odobi turli xalqlarda turlicha bo‘lmasin, mazmunan bir-biriga yaqin: muddao bir-biriga yaxshi tilak bildirishdir.

Unutilayotgan an'ana

O‘zbekning, umuman, musulmon kishining salomlashish odobi o‘ziga xos go‘zal tilakni ifodalaydi: "Assalomu alaykum" - "Sizga tinchlik tilayman" yoki "Siz tinch-omon bo‘ling". Shu so‘zlar bilan boshlangan har bir nutq yana ham ma'nodorroq bo‘lib ketsa kerak. Shundanmi, qo‘l siqishib yoki tabassum bilan bir-birimizga tinchlik, sihat-salomatlik tilash ajoyib odatga aylangan. Ana shunday go‘zal an'anani boshqasi bilan "almashtirish" mumkinmi?

Yaqindagina yigitlarning o‘pishib so‘rashishlaridan kuyinib yurgandik. Endi salomlashish "bosh to‘qishtirish"dan "oyoq urishtirish"gacha yetib keldi. Demak, yoshlar orasida salomlashishning yangidan-yangi ko‘rinishlari "urf"ga kiryapti. Barmoqlarni qirsillatib, oyoqni likillatib, yelkani urishtirib ... Bu turishda keyinchalik... O‘zi asrasin.

Zamon shiddat bilan rivojlanib bormoqda. Globallashuv asri dunyo xalqlari ma'naviyati, urf-odatlariga ham ta'sir ko‘rsatmay qolmayapti. Lekin hamma narsani ham zamon zayli bilan o‘lchash to‘g‘rimikan? Binobarin, o‘pishib, bosh va oyoqlarni "urishtirib" salomlashishni zamonaviy madaniyat belgisi deb hisoblash kulgili tuyuladi.

Bir qaraganda hech qanday xavotirga o‘rin yo‘qday. Kim bilsin, ahvol shu zaylda davom etaversa, bora-bora chinakam o‘zbekona salomlashishni unutib qo‘ymasak bo‘ldi.

...ba'daz kalom

Teleefirda ko‘rsatuv boshlovchisi paydo bo‘ldi. Yaqin uch daqiqa mobaynida ko‘rsatuv mavzusi haqida gapirdi-da, so‘ng salomlashdi: "Assalomu alaykum!" E'tibor bergan bo‘lsangiz, ko‘pgina tele va radiodasturlarda bu odat tusiga kirgan. Buni ko‘rsatuv yoki eshittirish olib borishdagi o‘ziga xoslik deb tushunish kerakmi? E'tiborni jalb qilishning boshqa yo‘llari ham ko‘p-ku! Qiziq, o‘zi qachondan beri "Assalomu alaykum" nutq o‘rtasida aytiladigan bo‘lib qoldi. Avval salom, ba'daz kalom. Shundoq ham shoumen va estrada xonandalariga taqlid qilayotgan yoshlar uchun bu yana bir odat bo‘lib qolmasligiga esa kafolat yo‘q.

O‘lim tilayapsiz...

Salomlashishning ham o‘z odobi, qoidalari bor. Ikki kishi bir-biriga duch kelganida, xoh tanish, xoh notanish bo‘lsin, salom berishlari kerak. Salomni «Assalomu alaykum!» yoki «Assalomu alaykum va rohmatullohi va barokatuh!» deb to‘liq aytish kerak. Javob ham to‘liq bo‘lishi shart. Katta-kichikka, otliq (har qanday ulovdagi odam) piyodaga, yurgan o‘tirganga, ozchilik ko‘pchilikka salom beradi.

Afsuski, ko‘pchiligimiz buni bilmaymiz yoki bilsak ham amal qilmaymiz. Juda ko‘p hollarda salomlashish so‘zlari buzib aytiladi. "Assomu alaykum", "Somaleykum" va hokazo... Vaholanki, "Assomu alaykum" "Sizga o‘lim tilayman" degan ma'noni bildirishi haqida ko‘p gapirildi.

Aksariyat hollarda e'tibor bermaymizki, hojatxonada bir-biri bilan salomlashish, uxlab yotgan odamga, hammomdagi yuvuqsiz kishiga salom berish ham to‘g‘ri emas.

"Salomga yarasha alik" iborasi xalqimizda ko‘proq ko‘chma ma'noda ishlatiladi. Lekin to‘g‘ri ma'noda ham salomga yarasha alik bo‘lishi kerak. "Assalomu alaykum" deya qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib turgan bolaga bosh silkib o‘tib ketsak yoki "Yaxshimisan?" de­yish bilan kifoyalansak, undan qarzdor bo‘lib qolmasmikanmiz?!

Borgan sari asl madaniyatimizdan uzoqlashayotgan bugungi avlod erta-indin o‘rniga qo‘yib salom berish tugul, salomlashishda ham butunlay "g‘arblashib" ketmasa edi. Ehtimol, ta'lim muassasalarida salomlashish odobi haqida "Salomlashish daqiqalari" tashkil etish kerakdir.

Bo‘lishi mumkin

Bo‘lajak qaynona turmush o‘rtog‘idan so‘rayapti: "Qalay, kuyovbola ma'qulmi?" Ko‘pni ko‘rgan qaynota esa javob beryapti: "Yomon emas-u, salomlashishni bilmas ekan". Ehtimoldan yiroq emaski, kuyovni surishtirish davomidagi sinovlar safiga salomlashish odobi ham qo‘shilmasa...

Behzod Fazliddin
“Ma’rifat” gazetasidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.