Biz uchun pul muammolar «manbai» hisoblanadi. Buni birgina oilada pulga bo‘lgan munosabatda ham ko‘rish mumkin. Shu o‘rinda kattalarning munosabatini qo‘yib turaylik-da, hali hayot qiyinchiliklarini to‘liq tushunib yetmagan bolalarning pulga bo‘lgan munosabatiga e'tibor qaratsak.
Pul hech kimni, tabiiyki, bolalarni ham befarq qoldirmaydi. Pul topish va uni sarflash qanchalik turlicha bo‘lishiga qaramay, oilalarda pul yuzasidan tug‘iladigan muammolar bir-biriga judayam o‘xshash. Sababi, hammaning hayoti pul bilan shunday bog‘liqki, buning natijasida yuzaga keladigan muammolar ijtimoiy hayotning sog‘liq, o‘zaro aloqalar, farzand hamda ota-ona munosabatlari kabi umumiy muammolariga ta'sir ko‘rsatadi. Demak, pul bizga doimiy hamroh muammo. Ammo...
Ota-ona + bola + pul
...muammo bo‘lganiday uning yechimi ham, albatta, topiladi. Hamma gap unga qay tarzda yondashishga bog‘liq. Ko‘pincha ota-onalar farzandlari bilan bog‘liq katta-kichik muammolarga ham pulni sababchi qilib ko‘rsatishadi. Tan olish kerak, pul oilaviy hayotning moddiy asoslaridan biri. Biroq ko‘p hollarda ota-onalar farzandlari bilan pul haqida qay tarzda gaplashishni, pulni qachon va qancha berishni bilmaydilar. O‘zaro esa farzandga beriladigan pul miqdori qancha bo‘lishi kerakligini kelisha olmaydilar. Bu holat turli tushunmovchiliklarga olib keladi va oxir-oqibat farzand tarbiyasiga o‘z ta'sirini o‘tkazmay qolmaydi. Quyida bu muammo bilan bog‘liq bir necha holatlarga to‘xtalib o‘tmoqchimiz.
Oiladagi ilk «shartnoma»
Kundalik hayotda turli xil shartnomalar haqida eshitamiz. Lekin so‘nggi paytlarda paydo bo‘lgan oiladagi «shartnoma»lar boshqacha mazmunga ega. Bu ota-ona va farzand o‘rtasida pulli shartnomadir. Buning eng oddiy ko‘rinishi - maktabda olingan har bir yuqori baho «shartnoma»ga muvofiq ota-ona tomonidan rag‘batlantiriladi. Bir necha yil avval o‘qishdan bo‘sh paytlarimda til markazida maktab o‘quvchilariga ingliz tili to‘garaklarida mashg‘ulot olib borardim. Darslarning birida ikkinchi sinf o‘quvchilaridan qiziqib, ota-onasiga uy ishlariga qanday yordam berishlari haqida so‘radim. Bittasi "Uyda changlarni artaman va xonamni yig‘ishtiraman, oyim esa buning uchun menga pul beradi", deb qoldi. Hayron bo‘ldim. Eng qizig‘i shundaki, sakkiz yashar bola o‘z xonasini yig‘ishtirib, ota-onasiga juda katta yordam ko‘rsatayotganiga ishonardi. Va bu yordamning «haqi»ni olardi. Yana bir bolakay yozma vazifalarini uyda bexato bajarsa-da, markazdagi mashg‘ulotlar davomida birorta ham so‘zni to‘g‘ri yozib bermasdi. Gaplashib ko‘rsam, uyda buvisi unga har bir to‘g‘ri yozilgan qator uchun pul to‘lab, vazifasini bajartirar ekan. Shu kabi misollarni ko‘plab keltirish mumkin: pul uchun bolalar yoqtirmagan dorini ichishga, uy vazifasini bajarishga, ovqatini vaqtida yeyishga, bog‘chaga borishga va h.k.ni qilishga tayyor.
Aslida pul bilan rag‘batlantirish chorasini ko‘p hollarda farzandini boshqa usullar bilan o‘z vazifasini bajarishiga majburlay olmagan ota-onalar qo‘llaydi, biroq, eng yomoni, ular buning salbiy oqibatlari haqida o‘ylab ham ko‘rmaydilar. O‘qituvchilarning bu masalada ota-onalarni ogohlantirishi besamar ketadi. Afsuski, ota-onalar o‘g‘li yoki qiziga maktabda olgan yaxshi baholari, o‘z vaqtida bajarilgan uy vazifasi, yig‘ishtirilgan xonasi va shu kabilar uchun rag‘bat sifatida pul to‘lashi qandaydir ma'noda urfga aylanib bormoqda.
Yana bir hayotiy misol: tanish oilada uch nafar farzand tarbiyalanadi. Yo‘lim tushib mehmonga borgandim. Suhbat orasida bolalarning maktabdagi o‘qishi haqida gap ochildi. Tanishim farzandlarining orasida kenjasi eng a'lochi ekanligi, shu sabab, unga boshqalariga nisbatan ancha ko‘p pul berishi haqida gapirib qoldi. Hayron qoldim. Bunday «shartnoma» qachon urfga aylanib ulgurdi? Bizning oilada esa muhit tamomila boshqacha edi. O‘qituvchilarning farzandi bo‘lganim uchunmi, nafaqat «yaxshi», balki «a'lo» baholarga o‘qishni burchim deb bilardim. Undan boshqa baho men uchun mavjud emas edi, eng muhimi, buning evaziga ota-onamdan biror bir narsaga umidvor bo‘lmasdim.
To‘g‘ri, baho bilim ko‘rsatkichi bo‘lishi kerak. Lekin, farzand tomonidan olinayotgan ta'limning natijasi faqat baholarda emas, balki o‘zlashtirilayotgan bilimda ko‘rinadi-ku! Shu bois, rag‘bat o‘qituvchi tomonidan berilsa, maqsadga muvofiq. Aynan shu rag‘bat bolani harakat qilishga undovchi asosiy kuch bo‘lishi kerak. Negaki, olingan bilim va ko‘nikmalar bolada o‘ziga ishonch, mas'uliyat hissini oshiradi. Aks holda, farzandda shakllanayotgan qadriyatlar tushunchasi salbiy tomonga o‘zgaradi: u faqat pul evaziga yaxshi natijaga erishishga intiladi. Xonani yig‘ishtirish, uy vazifasini bajarish kabi majburiy ishlarni ham bola o‘zi uchun emas, balki ota-onasi tomonidan beriladigan qandaydir manfaat uchun qiladi. Bunday tarbiya olgan farzandda xudbinlik, faqat o‘zini o‘ylash, har bir qilgan ishi uchun nimadandir umidvor bo‘lish hissi ortadi. Kerak bo‘lsa, yolg‘on gapiradi, vazifalarni o‘zi bajarmay ko‘chirishni boshlaydi va h.k. Qolaversa, pul evaziga yordam beradigan bola keyinchalik birovga beg‘araz ko‘maklashishi amrimahol.
Shu tarzda ko‘p hollarda ota-onalar tomonidan o‘ylab-o‘ylamay beriladigan pulli rag‘bat salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Aslida-ku, pul bolaga batamom salbiy yoki ijobiy ta'sir o‘tkazadi, deb bo‘lmaydi. Lekin unga bo‘lgan noto‘g‘ri yondashuv ko‘pgina noxush holatlarga olib kelishi ehtimoldan xoli emas.
O‘qish maktab o‘quvchisining eng asosiy majburiyatidir, boshqacha qilib aytganda, o‘qish harakati evaziga pul to‘lanadigan mehnat faoliyati emas. Shu sabab, farzandga dars qilganligi yoki yaxshi baholari uchun pul to‘lash to‘g‘rimikin? Agar u yaxshi o‘qisa, ana shu olayotgan baholari va bilim-ko‘nikmalari unga rag‘bat bo‘lishi kerak. Aks holda, u hech qachon mustaqil bo‘lishga erisholmaydi, yangidan-yangi bilimlarni egallashga intilish o‘rniga faqat baho olishga harakat qiladi, xolos.
Oila budjyeti sir tutilishi kerakmi?
Bir kuni yetti yashar qo‘shni bolaning onasi arz qilib qoldi. "O‘g‘lim hech qachon pulga qiziqmasdi, oxirgi paytlarda esa faqat shu haqda gapiradi, nima qancha turishini so‘rayveradi". Lekin onani eng ko‘p xavotirga solgan narsa o‘g‘lining pullar rasmini chiza boshlagani bo‘ldi. Bolalarda pulga qiziqishning paydo bo‘lishi tabiiy: odatda, bu holat ular ikki yoshga to‘lganida kuzatilar ekan. Masalan, bola tangalardan minora qurishi mumkin. Chunki bu yoshda u pulning kattalar hayotidagi o‘rnini ko‘rsa-da, buni tushunmaydi va uni o‘z tabiatiga xos beg‘araz maqsadlarda ishlatadi. Keyinchalik kuzatsangiz, u asliga o‘xshatib qog‘ozdan pul yasashga harakat qiladi. Aslida-ku, bu narsalarning hech ham xavotirli joyi yo‘q: bolakaylar shu tarzda kattalar dunyosiga moslashadi.
Ba'zi oilalarda nima qancha turishi, kim qancha pul ishlab topishi va kimning qancha puli bor kabi masalalarni ochiq-oydin muhokama qilish odobsizlik degan tushuncha bor. Shu sabab, ota-ona va farzand, er-xotin, opa-singil, o‘rtoqlar o‘rtasida pul masalalari muhokama qilinmasa yaxshiroq, deyiladi. Lekin ochig‘ini aytish kerak, bugungi kun bolalari pulning inson hayotidagi o‘rni va ahamiyati haqida ancha vaqtli xabardor bo‘lishmoqda. Sababi, ular ota-onasi do‘konda pul to‘lab, unga biror narsa olib berganini ko‘radi. Uyda, ko‘chada, televizorda pul haqidagi gaplarni eshitadi. Kichkinaligidanoq pul ko‘p narsaga ega bo‘lish imkonini berishini tushunib yetadi va o‘zlari mustaqil ravishda pul sarflashga intiladi. Mutaxassislarning fikricha, aynan boshlang‘ich sinflarda aksariyat bolalarning pulga munosabati shakllanar ekan va shu yoshda uni to‘g‘ri yo‘naltirish mumkin.
Hozirda eng ko‘p o‘yga toldiradigan savollardan biri bu bolaga qachon kundalik sarf uchun pul berila boshlanishi va beriladigan pulning miqdori qancha bo‘lishi kerak, degan masala. Bu holat keyinchalik bolaga salbiy ta'sir ko‘rsatib, uning erkalanib ketishiga yoki pulga yengil-elpi munosabatda bo‘lishiga olib kelmasmikan? Umuman, bolaning chiqimlarini ota-ona ko‘tarishi kerakmi?
Aslini olganda, bolada pulning borligi va o‘z ixtiyoriga qarab sarflashi ozmi-ko‘pmi uni mustaqillikka o‘rgatadi. Odatda farzand maktabga qatnashni boshlaganida mayda narsalar uchun beriladigan cho‘ntak puliga ehtiyoj tug‘iladi. Aynan maktabda dastavval bolada tushlik uchun u-bu narsa sotib olish ishtiyoqi uyg‘onadi. Haftasiga bir marta yoki har kuni berib turiladigan cho‘ntak puli mavjud narx-navodan kelib chiqqan holda bo‘lsa, nur ustiga nur. Qolaversa, ota-ona farzandning yoshiga qarab uning ehtiyojlarini bilishi va shu orqali cho‘ntak puli miqdorini belgilashi maqsadga muvofiq. Nazdimizda, aynan shu eng maqbul yo‘l.
Bolaga pul berilmasa-chi?
Yuqoridagi fikrlarda bir tomonlamalik ustun. Ya'ni, bu fikrlar chetdan kuzatayotgan kishiga ko‘proq tegishli. Xo‘sh, bolaga pul berish masalasiga o‘qituvchilar qanday qarashadi? Ochiq aytish kerakki, o‘qituvchilar bunga qarshi, aslida. Hatto ota-onalar majlislarida imkon qadar bolalarga pul bermaslikni, shu pulga bolalar qorni och-to‘qligidan qat'i nazar, nimadir sotib olish kerak, deb o‘ylashlari va maktab yonidagi do‘kondan har xil sharoitda tayyorlangan oziq-ovqatni sotib olishlari, bu ham yetmaganday, aynan shu xarid uchun tanaffusdan darsga kechikishlari ta'lim jarayoniga va bolaning bilim olishiga salbiy ta'sir ko‘rsatishini aytadilar. Buning o‘rniga bolani maktabga yaxshilab to‘ydirib yuborish, tanaffusda tamaddi uchun yegulikni berib yuborishni iltimos qiladilar.
Afsuski, hamma ota-onalar ham bunga amal qilavermaydilar. Kimdir ovqatlantirishning ilojini qila olmaganidan pul berib yuborishga majbur bo‘lsa, kimdir bolasining o‘rtoqlari oldida «tanti»ligini ko‘rsatib qo‘yish uchun pul beradi. Puli yo‘q bolalar esa o‘rtoqlariga havasi tufaylimi "bola"lik qilib qo‘yishadi. E'tibor bersangiz, ba'zan ko‘cha-ko‘yda tuppa-tuzuk kiyingan maktab o‘quvchilari ham odamlardan uyalmay pul so‘rashadi. Qiziqsangiz, ularga ota-onasi mayda xarajatlari uchun pul bermagan bo‘lib chiqadi. O‘ylanib qolasan kishi - demak, farzandni qattiqqo‘llik bilan tarbiyalash maqsadida unga pul bermaslik yoki kam berish ham noxush holatlarga olib kelishi ehtimoldan xoli emas ekan. Bolaning pulga zoriqishi uning yomon yo‘lga kirishiga olib keladi, degan qarashlar ham yo‘q emas. Agar u o‘zi ishlab pul topish imkonini qila olsa-chi? Maktab o‘quvchisining maktabdan bo‘sh paytida mehnat qilishi evaziga pul topishi ham pulga ruju qo‘yishga kiradimi? Ba'zi yoshlar oila muhitidan kelib chiqqan holda yoki o‘z ehtiyojlarini qoplash maqsadida pul ishlab topishning turli yo‘llarini qidiradi. O‘z mehnati orqali ehtiyojlarini qoplamoqchi bo‘lgan bunday yoshlarning harakati zamirida ularning mustaqillikka intilishi seziladi. Ular ta'minlangan yoki o‘rtahol oiladan ekanligi muhim ahamiyatga ega emas, bu yerda asosiysi, pulga bo‘lgan munosabat, uni ishlab topish va sarflashga bo‘lgan ongli yondashuvdir.
Xulosa o‘rnida
Amerikalik ruhshunos Alan Frommning ta'kidlashicha, pul sarflash san'ati bizning xohish-istaklarimizni boshqarish qobiliyatimizni ko‘rsatadi, shu sabab bu san'atga yoshlikdan, bolada pulga qiziqish paydo bo‘lgan davrdan o‘rganish kerak. Bundan chiqdi, agar farzandga pul berish, uni qanday sarflash va kezi kelganda ishlab topish kabi masalalar borasida to‘g‘ri yondashilsa, unda moddiy boylikka nisbatan to‘g‘ri munosabat shakllantirishda ortiqcha qiyinchilik yoki muammo tug‘dirmasligi shubhasiz. Muhimi, pulga ortiqcha muhabbat qo‘yish ham, pul bilan qo‘rqitish, pulga zoriqtirish ham insonlar o‘rtasidagi samimiy munosabatlardan uzoqlashtiradi. Shunday ekan, bolalarning ko‘zini pulning oddiy vosita ekanligiga o‘rgatish zarur.
Nargiza Ibrohimova
“Ma’rifat” gazetasidan olindi.