O‘zaro suhbatlarda, gurunglarda tez-tez tilga olinayotgan mavzulardan biri - "ommaviy madaniyat" bo‘lib qoldi. Davrning shiddat bilan o‘zgarib, fan-texnikaning jadallik bilan taraqqiy etishi, tabiiyki, ko‘plab muvaffaqiyatlarga zamin yaratdi va bu jarayon uzluksiz davom etmoqda. Ammo tanganing ikkinchi tomoni ham borki, u bashariyatni fikrlashga, chuqurroq mushohada yuritishga majbur qiladi.
Madaniyat - bu insoniyatning shakllanishida, turli tamaddunlarni yuzaga keltirishida muhim mexanizm sanalishi bilan birga odamlarning o‘zaro aloqa almashish, bir-biriga yordam qo‘lini uzatish, suyash kabi odamiylik amallarini ham tasniflaydi. Bu tushuncha arabcha "madina" so‘zidan olingan bo‘lib, codda qilib aytganda "shahar(lashish)" degan ma'noni anglatadi. Albatta, ushbu so‘z atamaga aylangan davrda shaharlar o‘zining ijtimoiy-siyosiy va moliyaviy jihatdan barqarorligi bilan yuksak darajaga ko‘tarilib ulgurgandi. Elu yurtning koriga yaraydigan, uni boshqarib, xalqaro munosabatlarga kirishadigan rahbarlar, olimu fuzalo, ahli ulamo, shoiru nosirlar yashagan shaharlar shu bois ham "madaniyat" so‘ziga zamin bo‘lgandir.
Lotin tilidan olingan "culture" ("kultura") so‘zi yerga ishlov berish, parvarishlash degan ma'nolarni anglatadi. Unda ham mohiyatan yetuklikka erishish, komillik kasb etish tarbiyadan, odob-axloqdan boshlanadi, degan uqtirish mujassam.
Ammo yillar o‘tishi bilan fan-texnikaning jadal rivojlanishi, inson tafakkuridagi noyob qirralarning ketma-ket ochilishi va yangi-yangi olamshumul kashfiyotlarning yuzaga kelishi bilan madaniyat tushunchasi ham "madaniylashib" bordi. Bir vaqtlar shaharliklar uchun umumiy bo‘lgan madaniyat yillar o‘tishi bilan yuqoridagi omillar ta'sirida maydalashib ketdi.
Endilikda madaniyat tushunchasi odob-axloq zaruratidan go‘yoki martabayu shon-shavkatni belgilovchi unsurga aylandi. Mehmon kutish, ovqatlanish, musiqa tinglash, jamoat transportida yurish va hokazo kabi xatti-harakatlarning o‘z "madaniyat"i yuzaga keltirildi. Bugun ko‘plab xorijiy va mahalliy nashrlarimiz e'tirof etayotgan jarayon - globallashuv davrida madaniyatning tarqalish tezligi shu darajada aql bovar qilmaski, uni oddiy ichimlik qopqog‘iga ham «joylashtirish» mumkin.
«Ommaviy madaniyat» ayni damda ko‘pchilik yoshlar ergashayotgan zamonaviy qadriyatlar majmuasidir.
Ommaviy madaniyat, pop-madaniyat - bir so‘z bilan aytganda, oddiy avom madaniyatidir. U musiqa, sport va ommaviy axborot vositalari ko‘magida yoyiladi. Ommaviy madaniyat o‘zining ohanrabosi, jimjimadorligi va yengil hayotni "tuhfa" qilishi bilan turli dunyoqarash va kasb-kor sohibi bo‘lmish aholining qiziqishini qozonadi. Unga har kuni, har lahzada, har bir qadamda duch kelishimiz mumkin.
Maktab, kasb-hunar kollejlarida va umuman ta'lim muassasalarida bilim olayotgan o‘quvchilarimiz va talabalarimiz foydalanadigan daftarlar jildiga e'tibor beradigan bo‘lsak, ommaviy madaniyatning eng oddiy va xavfli ko‘rinishiga duch kelamiz: estrada san'atkorlarining turli muqomdagi suratlari bilan bezatilgan daftar jildiga tikilib darsni tugallovchi o‘g‘il-qizlar allaqachon ommaviy madaniyat «asir»lariga aylanmagan, deb kim ayta oladi?!
Bola uchun "madaniylashish jarayoni" ota-onasi bozordan daftar xarid qilib, uni farzandiga foydalanishi uchun bergan fursatdan boshlanarkan. Hali shakllanib, oqu qorani ajratib ulgurmagan murg‘ak tasavvur uchun daftar jildidagi san'atkorning "ideal" bo‘lib gavdalanishi kishini o‘yga toldiradigan holdir.
XVIII va XIX asrda madaniyat ikki xil ko‘rinishga ega bo‘lgan: oliy tabaqa vakillari orasidagi madaniyat hamda oddiy xalq o‘rtasidagi madaniyat. Ular boshida bir-biridan keskin farq qilgan, zodagon oilalar o‘z zurriyodlariga kiborlar madaniyatini alohida e'tibor bilan o‘rgatishgan. Aynan shu tomonlari bilan keyinchalik ular oliynasablikka da'vo qilishgan. Ular, tabiiyki, oddiy xalq madaniyatini tan olishmagan va ularning turmush tarzi, mehnat faoliyatidagi munosabatlarga past nazar bilan qarashgan.
XIX asr oxirlari va XX asrga kelib, vaziyat biroz o‘nglana boshlandi. Bu mavzuni ilmiy-nazariy jihatdan o‘rganib, asl mazmun-mohiyatini ochishga ahd qilgan mutaxassislar oqimi vujudga kela boshladi. Faylasuf yozuvchilardan Xose Ortega-i-Gassetning"Olomon isyoni", Karl Yaspersning "Davrning ruhiy holati" singari qator yirik ko‘lamdagi kitoblari madaniyat tushunchasi aslida nima ekanini sharhlab berdi.
Ayniqsa, Osvald Shpenglerning "Yevropa quyoshining botishi" asarida "ommaviy madaniyat" niqobidagi aksilinsoniy oqimning kuchayishi asosli dalillar bilan ochib beriladi. Patrik Jozef Byukenen "G‘arb halokati" asarida mavzuni chuqurroq ta'riflaydi: "Bu kabi "madaniyat"larning paydo bo‘lishi va keng yoyilishiga bosh sabab shuki, G‘arb olamidagi azaliy qadriyat va an'analarning, tarixan boy zahiraga ega ma'naviyatning yemirilishi, inqirozga yuz tutishidir".
Sotsiolog adiblardan Jan Bodriyar qalamiga mansub "Zamonaviylik xayoloti" va Pitirim Sorokinning "Inson. Tamaddun. Jamiyat" kitobida ham ommaviy madaniyatning ilk qoidasi, sharhlari va tendentsiyalari ko‘rsatib berilgandi. Xususan, P.Sorokin: "Bunday ko‘rinishdagi ko‘ngilochar ishlar va san'at (ommaviy madaniyat) uchun atalgan savdo mahsulotlari barcha tijorat tarmoqlarini, ulardagi modaga bo‘lgan qiziqish va ta'sirni nazorat qiladi... Bozorda ulkan muvaffaqiyatga erishish uchun yuqori saviya, go‘zallik kasb etishdan tashqari, ommaviy axborot vositalari orqali uzluksiz ravishda reklamaga, "pablik rileyshnz"ga (jamoatchilik bilan aloqalar) alohida e'tibor qaratish zaruratga aylandi", - degan fikri bilan mavzuga yo‘nalish ochib beradi.
Ya'ni, Sorokin ommaviy madaniyat tushunchasi kommunizmning yemirilishi va dunyoda bozor iqtisodiyotiga asoslangan davlatlar sonining keskin ortib ketishi natijasida hosil bo‘lgan umuminsoniy munosabatlar yig‘indisi, degan fikrni ilgari surgandi. Ommaviy madaniyat kontsernlashish (kapitalistik sanoat, transport, savdo korxonalari va banklarining umumiy moliyaviy rahbarlik ostidagi monopolistik birlashuvi) vaqtida paydo bo‘lib, zamonaviy aloqa va muloqot vositalari yordamida o‘zgacha tus oldi.
XXI asr boshidagi vaziyat esa birmuncha chigallashib ketdi.
Uning zamonaviy tendentsiyalaridan biri sifatida kumulyativlik, ya'ni bir necha madaniyatlarning bir-biriga qorishib, aralashib ketishi natijasida vujudga keladigan salbiy holatni keltirib o‘tish mumkin. Turli millat va elatlarning har xil toifadagi aholisiga taalluqli bo‘lgan madaniyatlarni "umumiylashtirish"ga bo‘lgan urinishlar jamiyatni birgina noxolis axborot orqali zaxarlash darajasiga olib kelib qo‘ydi.
Ommaviy madaniyat miqyosiga ko‘ra, odatda, ikki xil - mahalliy va xalqaro ko‘rinishga ega bo‘ladi. Masalan, estrada xonandasining "etti yoshdan yetmish yoshgacha"bo‘lgan auditoriyaga mo‘ljallab chiqargan qo‘shig‘i barchaga birdek tushunarli va yoqimli uslubda yaratildi, deylik. Unda yetti yoshlik bolaga kerakli jihatlar ham, yetmishni qoralagan otaxonga taalluqli tomoni ham mavjud bo‘ladi. Mana shu kabi omillar ommaviy madaniyat asirlari sonining ortib ketishiga sabab bo‘lyapti, ayrim futurologlar buning natijasida fikrlash, mustaqil qiyoslash kabi insoniy fazilatlar unutilishini bashorat qilishmoqda.
Insoniyat informatika, kibernetika va kosmanavtika sohasidagi ulkan yutuqlarga andarmon bo‘lib, tobora yengil-elpilikka, o‘yin-kulguga oshufta bo‘lib qolishini aksariyat G‘arb mutaxassislari ommaviy madaniyat deb ta'kidlashmoqda. Endilikda mulohazakor ota-bobolarimiz kabi kichik yumushga ham alohida e'tibor va diqqat bilan emas, balki pala-partish, naridan-beri munosabatda bo‘lishga o‘rganib qolyapmiz. Chunki kundalik hayotimizda tanishib chiqishimiz shart bo‘lgan axborot miqdori haddan ziyod ko‘payib ketyapti.
Buning natijasida miyamiz qabul qilayotgan fan-texnikaning ultra nurlari bizni ma'lum ma'noda og‘ir mehnatdan bezityapti. Kerakli va keraksiz ma'lumotlar bazasiga aylanib ulgurgan miyamiz uzluksiz axborot oqimini analiz-sintezlash jarayonida toliqib qolib, tanamizning mehnatsevarlikka bo‘lgan layoqatini keskin tushirib yuboryapti.
Kitob o‘qimaslik (o‘qiganda ham yuzaki "varaqlab" chiqish), o‘zining siyosiy-ijtimoiy dunyoqarashini shakllantirish ustida ishlamaslik, biqiq fikrlash, qotib qolgan eski aqidalar komidan chiqib ketolmaslik va boshqa ayanchli holatlar tufayli ishlarimiz yengil-elpi, xo‘jako‘rsinga qilingandek taassurot uyg‘otaveradi. Aslida ham shunday. Bilimsizlik, tajribasizlik, mahorat taqchilligi bois yaxshi tushunmasdan qilingan ish, tabiiyki, kutilgan natijani bermaydi.
Ommaviy madaniyat ta'sirida odamlarda DIDSIZLIK va MAS'ULIYaTSIZLIK muammosi yuzaga keladi. "Ko‘ngilochar industriya" maqomini olgan jamiyatda chop etilayotgan hajviy, oldi-qochdi, intim voqeliklar, suratlar, turli qotilliklar, mashhur kishilarning ishqiy mojarolarini aks ettiruvchi "sariq matbuot"ning demokratiya niqobida faoliyat yuritishi ommaviy madaniyatning kengroq ildiz otishini amalda ta'minlayapti. Misol uchun, Amerika aholisi har 45 daqiqada televizor orqali 100 mingta qotillikni va har 14 daqiqada 300 mingta zo‘rlash bilan bog‘liq jinoiy ish guvohi bo‘lishi mumkin ekan.
Ommaviy madaniyat o‘tgan asrning 60-90 yillarida ma'nan tuban, axloqan buzuq oqimlar - "xippi"lar, keyinroq "pank"lar, "skinxed"lar, "dolche-gabbana"lar misolida insoniyat uchun bemisl tashvish tug‘dirgan bo‘lsa, ularning XXI asrdagi ayni shu ko‘rinishi mutaxassislar tilida "soxta-madaniyat" (kitsch-culture) deya talqin etilmoqda, ya'ni omma e'tiboriga havola etilayotgan asarlar asl iste'dod va nozik did bilan kashf etilgan ijodiy yangilik emas, balki auditoriyani shunchaki ushlab turish, yo‘naltirish, ular orasida fikrsizlikni kuchaytirish bilan bog‘liq sentimental asarlar bo‘lib qolyapti, xolos.
Sentimentalizm XVIII asr oxiri va XIX asr boshlarida Yevropa va Amerika adabiyoti hamda san'atida yuzaga kelgan oqim: unda hissiyot insonning qimmatini, yaxshi yoki yomonligini belgilovchi asosiy me'yor sifatida talqin qilinadi, ta'sirlanuvchanlik, yig‘loqilik uning asosiy quroli sanaladi. Ommaviy madaniyat qullari ommalashgan har qanday mahsulotni "eng yaxshi" deb qabul qilishi va unga erishish uchun ko‘r-ko‘rona ergashishi didsizlikning yaqqol ifodasi emasmi?
"Soxta-madaniyat" xalqning bir-biri bilan aloqasi uzilishinigina emas, balki o‘z-o‘zini chegaralab qo‘yish singari fojealarga yetaklaydi. Televizor, kompyuter yoki radio qarshisida soatlab o‘tirib, tong otishi va kun botishi kabi hodisalarni har kuni birdek kuzatuvchi odamlarning soni borgan sayin ortib ketyapti. Fanda buni mutaxassislar (ingliz adibi Daniel Defo yaratgan mashhur qahramon Robinzon Kruzo nomi bilan) "robinzonlashish" deya atashmoqda.
Odamlar g‘oyaviy boshi berk ko‘chaga kirib qolib, ortga qaytishning uddasidan chiqolmaydigan, qaytgan taqdirda ham yakkalanish, begonalashish "jazosi"ga giriftor bo‘ladigan bunday madaniyat nihoyatda nisbiylashib ketadi. Uni o‘ziga dastak qilib olganlar faqat ikki narsanigina tan olishadi: "yomon" va "yaxshi"ni. Dunyodagi barcha narsani, odamlarni, kasb-korni faqat shu jo‘n mezonda o‘lchaydi. Buni amerikalik olimlar - E.Fromm,
D.Rismen, E.Van den Xag, G.Markuze va fransiyalik mutaxassis E.Moren o‘z ilmiy tadqiqotlarida, asarlarida bir necha yillar muqaddam bayon etishgan.
Ayrim tadqiqotchilar ommaviy madaniyatni (mass culture) - burjuaziyaning deformatsiyalangan shakli sifatida tushuntirishga urinyapti. Binobarin, undagi ko‘plab xususiyatlar, ruhiy holat burjua jamiyatiga xos bo‘lgan madaniyat bilan o‘xshashlikni tasdiqlaydi. Faqat bugun burjua mexanizmi ommaviy axborot vositalari ko‘rinishini olgan, xolos. Moliyaviy-siyosiy jihatdan gegemonlikka talpinayotgan davlatlar o‘zining mafkuraviy xurujlari bilan xalqlarni "madaniy mustamlaka"siga aylantirshni ko‘zlamoqda.
Kanadalik sotsiolog, o‘zining "global qishloq" atamasi orqali butun dunyoga tanilgan Mak-Lyuen ommaviy madaniyatni idilliyaga o‘xshatdi. Idilliya - bu tabiat quchog‘idagi tinch va osoyishta hayotni tasvirlovchi kichik she'riy asar, umuman olganda, Mak-Lyuen uni g‘am-anduhsiz, o‘yin-kulgu, shodlik, maishatdan iborat hayot kechirish tarzi sifatida sharhlagandi.
Xulosa qilib aytganda, bunday utopik qarashlar, ya'ni ideal jamiyatning ilmga asoslanmagan tasviri, shuningdek, jamiyatni qayta qurishning noreal rejalaridan iborat asarlar(tuzum)ning ifodasi yoki umumiy nom olgan - ommaviy madaniyatni yoqlashga asoslarimiz yetarli emas. Uning zarakunandalik jihatlarini esa istagancha sanash mumkin. Chunonchi, Prezidentimiz Islom Karimov ta'kidlaganidek, "ommaviy madaniyat" degan "niqob ostida axloqiy buzuqlik va zo‘ravonlik, individualizm, egotsentrizm g‘oyalarini tarqatish, kerak bo‘lsa, shuning hisobidan boylik orttirish, boshqa xalqlarning necha ming yillik an'ana va qadriyatlari, turmush tarzining ma'naviy negizlariga bepisandlik, ularni qo‘porishga qaratilgan xatarli tahdidlar odamni tashvishga solmay qo‘ymaydi".
To‘g‘ri, Yer yuzida faqat bitta millat yoki elatga tegishli jihatlar bo‘lishi mumkin, ammo yagona madaniyatni topish mushkul. Turli o‘zgaruvchan, evolyutsiyaviy hamda inqilobiy jarayonlar ta'sirida madaniyatlar bir-biriga qorishib bo‘lgan. Shunday bo‘lsa-da, barcha millat yoki xalqlarni ommaviy madaniyat niqobida "bir to‘nga o‘rash" hattoki globallashuv hodisasini tug‘dirgan demokratiya ta'sirida ham hech qachon amalga oshmasligi kundek ravshan bo‘lib qolmoqda...
Zohidjon Xolov
“Ma’rifat” gazetasidan olindi.