OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Erkinlikmi yengillik

— Qo‘limda nima bor? Topolmadingiz. Keling, endi boshqa savol berib ko‘raman: Mening kompyuterim qaysi tomonimda joylashgan? Bunisiniyam topolmadingiz. Hech bo‘lmasa, telefonni qaysi qo‘limda ushlab turganimni aytarsiz?
Meni aqldan ozipti, deb o‘yladingiz, shekilli? Agar yuqoridagi savollarni o‘qib, xayolingizga ana shunday yoki shunga yaqin fikr kelgan bo‘lsa, xafa bo‘lmayman. Ajablanishga, “jurnalist degan mas’uliyatli nomni orqalab olib, buning ustiga, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ommaviy axbarot vositasidan turib bong urishga bundan ortiq savol topolmaptimi?” deya e’tiroz bildirishga haqqingiz bor. Lekin bu e’tirozlar menga tegishli emas, chunki savollar meniki emas.

Tunov kuni mumtoz qo‘shiqlardan tinglab, bir hordiq chiqargim kelib qoldi. “Mash’al”ni izlab topgunimcha ko‘pgina FM to‘lqinlariga quloq tutishga to‘g‘ri keldi. “Sezam”, “Navro`z”, “Grant”, “Poytaxt”, “Vodiy sadosi”, “O’zbegim taronasi” va shu kabi bir qator to‘lqinlarning ko‘payib qolgani odamni quvontiradi. Chunki tinglovchilarda tanlash imkoniyati ko‘paygan, bir to‘lqin yoqmasa, bemalol ikkinchisini eshitish mumkin. Ammo shunday to‘lqinlardan birida yangragan yuqoridagi savollar qulog‘imga chalinarkan, avvaliga, bular bolalarga biror bir o‘yin o‘rgatishayapti, shekilli, deb o‘yladim. Yanglishgan ekanman. Bu boshlovchi bilan tinglovchining suhbati bo‘lib chiqdi. Ular xalqqa “ma’naviy hordiq” berish uchun xizmat qilayotgan ekanlar.
O‘zining va suhbatdoshining qimmatli vaqtini sovurib, telefonda soatlab bekorchi gaplarni aljirab o‘tirishning o‘zi saviyasizlikning, ma’naviy sayozlikning bir belgisi. Endi bu ma’nisizlikning to‘g‘ridan-to‘g‘ri ommaviy axborot vositalarida namoyish etilishiga, buning ustiga, boshlovchining o‘zi shunaqangi keraksiz gap-so‘zlar bilan minglab tinglovchilarning vaqtini o‘g‘irlab o‘tirishiga nima deyish mumkin? Tinglovchiga nima beradi bunaqangi suhbatlar? Bir tomondan, hafsalam pir bo‘lib, ikkinchi tomondan, ichimdan zil ketib, boshqa to‘lqinlarni burashda davom etdim. Endi, bunisiga chidab bo‘lmaydi. Ishonasizmi, ular qaysi kuni nima ish qilsangiz, o‘g‘il farzand paydo bo‘lishi, qaysi kuni qiz bo‘lishi to‘g‘risida o‘rgatishyapti. Qolgan kunlarda esa himoyalanuvchi vositalardan foydalanish kerak emish.
Ana shunuqa! Ular bu borada Xudodan ham o‘zishga harakat qilayotgan ekanlar. Bunisi ham mayliku-ya, qolgan kunlarda ishlatish kerak bo‘lgan narsaning nomini men aytganchalik nomlaganda ham boshqa gap edi. Ularning oshkora ta’rifini ishlatishga mening tilim bormaydi.
— Jurnalist degan sal erkinroq bo‘lishi kerak, aks holda, muxlislaringdan ayrilib qolasan, — deydi ulardan biri mening e’tirozimga javoban. — Maqsad ne edi, jahona kelding, Kayfiyatingni bayon etib ket. 
Uning og‘zidan shoira Nodiraning go‘zal misralarini eshitish menga yoqadi. Undan oldinroq aytgan fikri ham xato emas. Erkinlik, ayniqsa, so‘z erkinligi ta’minlangan yurtda tafakkur rivojlanadi. Xalqning ko‘nglidagi haqiqatlar yuzaga chiqadi, fikrdan fikr tug‘iladi. Tafakkur charxlanadi. Shularni o‘ylar ekanman, ularning fikrlari anoyi emasligidan mamnun bo‘lib qo‘yaman. Ammo shu lahzaning o‘zida mamnunlik o‘rnini ayanchli og‘riq egallaydi. Chunki bu gaplarni gapirgan kimsa maktab o‘quvchisi emas, xalqning dardiyu quvonchiga sherik bo‘lish barobarida, uning ma’naviyatini tarbiyalovchi jurnalist edi. Odamlar uning gap-so‘zlaridan, xatti-harakatlaridan ibrat oladi, unga ergashadi, hali dunyoqarashi shakllanib ulgurmagan yoshlar ongidagi bo‘shliqni bir qadar uning qarashlari bilan to‘ldiradi. U esa... uning o‘zi allaqanday bachkanaliklarni, behayoliklarni erkinlikka yo‘yayapti. Erkinlikning vazifasini mana shulardan iborat, deb bilayapti. 
Chet el jurnalistlarining o‘zini tutishi, gapirishidagi erkinligidan ibrat olish kerakligini aytib, o‘zlarini oqlagandek bo‘ladi ular. Keling, shu o‘rinda Jeferson shaharchasidagi bir senator ayolning o‘zbek jurnalisti savoliga bergan javobini eslaylik: “Oydan yerga tushgan jonzot Amerika siyosiy tizimini ko‘rib, hayron qolgan bo‘lardi — biz, senatorlar, Amerika xalqidan ham ko‘proq Amerika jurnalistlaridan qo‘rqamiz. Xalqqa yoqishdan ko‘ra ularga yoqishga ko‘proq harakat qilamiz”. 
Mana buni erkinlik, deyish mumkin. Mana bundan o‘rnak olsa bo‘ladi. Chet el jurnalistlari erkinlikdan foydalanib, haqiqatni qaror toptiradilar, xalqning g‘amini yeydilar. Xalqning g‘amini yeyish orqali o‘zlarini mashhur qiladilar, gazetasini, TV va radio to‘lqinlarini tanitadilar, shu yo‘l bilan muxlislar orttiradilar. Boshqa millatlarning o‘zini tutishiyu, ular mentalitetiga xos bo‘lgan imo-ishoralarni o‘zlashtirib olib, o‘zini ko‘rsatib qo‘yish orqali emas. 
“O‘zini ko‘rsatib qo‘yish”, deya bekorga ishlatmadim. Ko‘pgina boshlovchilar o‘z mahalliy shevasida oliftalik bilan shunaqa bijirlaydilarki... O‘zbek adabiy tilidagi so‘zlarning bu qadar buzib aytilayotganini eshitib, o‘ylab qolaman: bolaligimda biror bir so‘zning yozilishi yoki talaffuzi xususida o‘rtoqlarim bilan bahslashib qolsam, o‘z fikrimning to‘g‘riligini isbotlash uchun ularning qo‘liga gazeta tutqazardim, televizor ko‘rib, radio eshitishlarini tavsiya qilardim. Xayolimda, jurnalist hech qachon xato qilmaydigandek, ularning gapi — gap edi. Demak, hozir ham bolalar ularga ishonadilar, ularga qarab to‘g‘ri yozadilar, to‘g‘ri gapiradilar, ularga qarab xato qiladilar. Ikki-uch boshlovchining shunchaki oliftaligi ona tilimiz uchun qimmatga tushishi mumkinligini nega ularning o‘zlari tushunmaydilar?
Bundan tashqari, ularning bekorchilikdan zerikibmi, radioga, boshlovchilarga hurmati balandligidan, radioda gapirishga havasmand bo‘libmi, qo‘ng‘iroq qilgan tinglovchini bemalol ermak qilib, hiringlab o‘tirishlarini qanday baholash mumkin?
Darvoqe, boyadan beri ularni jurnalist, boshlovchi deb atayapmiz. Ular o‘zi shu nomga loyiqmikanlar? Jurnalist deganlari so‘z topolmay qolganda og‘izga kelganini aljirash o‘rniga, gapirmay qo‘ya qolmaydimi? Qiziq, nega endi FM kanallari efirlarini mana shunaqangi odamlar egallab o‘tirishibdi? So‘zamolligi uchunmi? 
Albatta, har bir ish zamirida shaxsiy manfaat yotadi. Ammo boshlangan xayrli ish shaxsiy manfaatni qondirish bilan birga boshqalarga ham asqotishi shart!
Xalqimizda, xoin dushmandan yomon, degan gap bor. Chunki dushman dushmanligini ko‘rsatib yomonlik qiladi, xoin esa o‘zini do‘st ko‘rsatib. Xususiy radio to‘lqinlarida uzatilayotgan saviyasiz qo‘shiqlar, yengiltak aljirashlar tufayli o‘sha radiolar ijodkorlari o‘zlari bilmagan holda xoinga aylanib qolmayaptilarmi? Axir o‘shalarni tinglab ulg‘aygan yoshlardan Vatan uchun yaroqli odam chiqishi gumon-ku. Nega ular, hech bo‘lmasa, o‘z farzandlari to‘g‘risida qayg‘urmaydilar?
“Mevali daraxtga tosh otiladi-da”, deya tumshug‘ini ko‘taradi o‘sha radiojurnalistlardan biri. To‘g‘ri, FM to‘lqinlarida uzatilayotgan barcha eshittirishlarni va ularda faoliyat yuritayotgan hamma boshlovchilarni birdek qoralab bo‘lmas. Ular ozmi-ko‘pmi izlanayotgandir, yangiliklar yaratayotgandir, muxlislar orttirayotgandir. Faqat shuning barobarida, bizning e’tirozlarimizga ham quloq tutsalar, foydadan xoli bo‘lmasdi.

Oydin Yo‘ldosheva
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2004 yil 24-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.