Missionerlik haqida hamma har xil mulohaza yuritayotgan bir paytda, biz eng oddiy va asosiysi, haqqoniy yo‘lni tanladik. Ya'ni missionerlarning o‘zlariga xitob aylagan holda, mashhur bir voqe'likni eslatib o‘tmoqchimiz. Zero, yurtdoshlarimiz yaqin o‘tmishda ro‘y bergan bu hodisadan xabar topishsa, boshlarini og‘ritayotgan missionerlarning nayrangiga munosib javob berishlari mumkin. Hazrati Iyso alayhissalom o‘limidan so‘ng bir necha «Injil» yozila boshlandi. Muqaddas kitob shaxsiy fikrlar bilan to‘lg‘izildi, istalgan joyi olib tashlandi. Ha, ilohiy kitobga bo‘lgan munosabat achinarli ahvolda edi. Pirovardida, Iznikda to‘plangan bir hay'at uzoq davom etgan tadqiqot natijasida o‘sha paytgacha yozilgan Injillardan 396 tasining o‘qilishini ta'qiqlab qo‘ydi.
«Men faqatgina Isroil o‘g‘illariga yuborilgan qutqaruvchi payg‘ambarman. Lekin mendan keyin Alloh tomonidan butun olamga Muhammad ismli Rasul yuboriladi»
Barnaba Injili
|
Ajablanarli tomoni shundaki, bu Injillardan bittasi haqida alohida to‘xtalindi va bu kitobni o‘qiganlar g‘oyat qattiq jazo olishi e'lon qilindi...
Miloddan keyingi 492 yilda Papa bo‘lgan Jalasyus I tomonidan ham o‘qilishi ta'qiqlangan bu Injil havoriylarning eng eski talabalaridan biri bo‘lmish Barnabaga oiddir va u boshqa Injillarda topilmaydigan bir xususiyatga ega bo‘lgani uchun ham «ta'qiqlangan kitoblar ro‘yxati»ning eng boshidan o‘rin olgan edi.
Shunday qilib ta'qiqlangan Injillar tezlik bilan to‘planadi. Bir qismini esa, og‘ir jazolardan qo‘rqqan xalqning o‘zi yo‘q qiladi. Faqatgina dindor bir ruhoniy Barnaba Injillaridan bittasini olib qochishga muvaffaq bo‘ladi. Ancha vaqt o‘tgach bu Injil Venadagi Imperatorlik kutubxonasiga yetkazilib, ingliz tiliga tarjima qilinadi.
Lekin cherkov Barnaba Injilining izini yana topib olgan edi. Bir hafta davomida bu Injilning butun nusxalari topilib, yo‘q qilishga qattiq kirishiladi. Biroq cherkovning bu xatti-harakati samarasiz edi. Chunki bu orada ikkita Barnaba Injili olib qochilgan, bularning biri Britaniya muzeyiga, ikkinchisi esa Amerika Kongressi Kutubxonasiga yuborilgan edi.
Injillar u joylarda ham nimagadir harbiy sir kabi qattiq qo‘riqlandi va xalqdan yashirildi. Bu sirning ochilishiga esa bir musulmon generali sababchi bo‘ldi.
Amerika Qo‘shma Shtatlarida harbiy komissar vazifasida ishlagan pokistonlik general Abdurahim bu Injilning mikrofilmlarini yashirincha suratga olib, Pokistonga olib kelishga erishdi. Ancha vaqtdan keyin mikrofilmlar Pokistondagi «Begim Oysha Bavani Vaqfi» tomonidan kitob holiga keltirildi va bu voqea Islom dunyosida quvonchli hodisa sifatida qabul qilindi.
Mikrofilm lentalari yuvilib, tasvirlar paydo bo‘lgach, Barnaba Injili boshdan kechirgan mojarolarning qismati ham oydinlashdi. Chunki bu Injil hazrati Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi va sallamning yer yuziga kelishlarini juda uzoq yillar oldindan xabar bergan edi.
G'arb dunyosining Saodat asri munofiqlariga xos zo‘rma-zo‘rakilik va katta g‘ayrat bilan bu Injilni yo‘qotishga urinishi haqiqatan ham ibratlidir. Ha, Barnaba Injili anchagina o‘zgarishlarga uchraganiga qaramay, bir qancha haqiqatlarni ham saqlab qolgan. Endi kitobning ta'qiqlanish siri oydinlashayotgan bo‘lsa kerak...
Quyida Barnaba Injilidan bir necha parcha keltiramiz. Asarning 44-sahifasida Hazrat Iyso alayhissalom o‘zlaridan keyin keladigan payg‘ambar haqida havoriylarga shunday deganlar:
«Sizga aytyapman, Allohning Rasuli butun maxluqotga rahmatdir. U farosatli, zukko va tasalli beruvchi, hikmatli va qudratli; qalbi Allohga bo‘lgan ishq va qo‘rquv bilan to‘la, daqiq va yumshoq ruhlidir. U rahmat va yordamsevarlik ruhi, adolat va achinish hissi bilan, nazokat va sabr ruhi bilan harakat qiladi. Janobi Haq butun maxluqotiga berganining uch barobarini unga bergan. U bu dunyoga kelgan davr Saodat davridir. Bunga ishoning. Men uni Allohning payg‘ambarlariga bergan nubuvvat ko‘zi bilan ko‘rdim. Va uni ko‘rishim bilan ruhim taskin topdi.
Ey (Allohning Rasuli) Muhammad, Alloh sen bilan birga bo‘lsin va meni sening oyoq kiyimingning bog‘i bo‘lish sharafiga muyassar qilsin. Agar men bu murodimga erishsam, Allohning eng muborak bir quli va buyuk bir Payg‘ambari bo‘laman». Va Hazrat Iyso alayhissalom shu so‘zlarni aytib bo‘lib, Allohga shukr etdi.
Xuddi shu kitobda Hazrat Iyso alayhissalom bir ayolning «Kutilgan masih sen emasmisan?» degan savoliga shunday javob berganlar: «Men faqatgina Isroil o‘g‘illariga yuborilgan qutqaruvchi payg‘ambarman. Lekin mendan keyin Alloh tomonidan butun olamga Muhammad ismli Rasul yuboriladi». E'tibor beradigan joyi shundaki, Barnaba Injilida Hazrat Iyso alayhissalomning na ilohligiga, na uning chormixga tikilganligi haqida gapirilmoqda!
Barnaba Injilida Hazrat Iyso alayhissalom ana shunday marhamat qiladilar: «Butun yer yuzidagilar kutgan qutqaruvchi men emasman». 163-fasl 7-jumlada Hazrat Iyso Sarvari olam Payg‘ambarimizning muborak ismlarini tilga keltirib: «Hazrat Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) arab dashtida zuhur etadi. Butlarni va butparastlarning ta'zirini beradi», deydilar.
«Ey muallim, dunyoga kelishidan bahs etganing u odam kim?» deb so‘ralganlarida, Hazrat Iyso alayhissalom bunday javob bergan edilar:
«U Muhammad Rasulullohdir! Shu bilan birga men sizga ana bir haqiqatni aytaman: mening ketishim sizlar uchun xayrlidir. Chunki men ketmasam, sizga tasalli beruvchi Rasul kelmaydi».
Buzilgan, ya'ni qasddan o‘zgartirilgan Injillardan olingan yuqoridagi ifodalar bu muqaddas kitobning buzilmasdan oldin sevimli Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamga oid dalillarga to‘la ekanligini isbotlamoqda. Ha, Payg‘ambarimiz alayhissalomning haq payg‘ambar ekanliklariga ba'zan oy, ba'zida quyosh guvohlik bergan, gohida esa, toshlar va daraxtlar dalil bo‘lgan. Va, albatta, Qur'ondan boshqa muqaddas kitoblar ham u muborak zotdan so‘z yuritadi.
Xulosa qilib aytsak, haqiqatning yuzaga chiqishini istamaydigan munofiqlar qanchalik urinishmasin, bu kabi muhtasham haqiqatlarni batamom yashira olmaydi.