OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Hamid Norqulov. Qaltis tashlangan bir qadam

Bu yigit o‘zini tanishtirgach, “Aka, men SPID kasaliga yo‘liqqanman”, deganida, bir cho‘chib tushdim. O‘zimni uzoqroq tutishga harakat qilgandim, u esa vaziyatni anglagandek: “Qo‘rqmang aka, qo‘l berib ko‘rishganda, telefondan foydalanganda, birga ovqatlanganda, hatto bir hovuzda cho‘milganda ham yuqmaydi”, dedi.

Uning bu gaplaridan biroz taskin topgan bo‘lsam ham, baribir: “Menda nima ishi bor ekan-a?” deb bezovtalandim. U o‘ylarimni o‘qigandek: “Boshimdan o‘tganini gapirib bersam, gazetaga chiqarsangiz, toki boshqalar bu yo‘ldan vaqtida qaytsalar”, deb hayotini hikoya qila boshladi:

— Maktabni bitirib, hech qaerga o‘qishga topshirmadim. Ota-onam savdoda ishlar, mening ham qanotlariga kirishimni xohlashar edi. Shunday ham bo‘ldi. Savdodan bo‘sh paytlarimda cho‘ntagimga uch-to‘rt so‘m solib, o‘rtoqlarim bilan ulfatchilikka o‘rgandim. Ulfatchiliklardan birida ular avval o‘zlari, so‘ng mening tomirimga ukol qilishdi, rosa “mazza” qildik. Xullas, yana bir marta, keyin yana... Shu tariqa butunlay ninaga o‘tirib qoldim. Do‘kondagi pullarga o‘g‘rilikka tusha boshladim. Ota-onam sezib qolib, meni savdoga yo‘latmay qo‘yishdi. Ular ishda bo‘lgan paytlari uydagi narsalarni arzon-garovga sotib, “og‘u” uchun sarfladim. Hamma narsaning chegarasi bo‘ladi, deganlaridek, pul ham tugadi, ulfatlar ham izsiz yo‘qoldi. Giyohvandlikka mukkamdan ketgan ekanman, “dori” topolmay uch kun g‘ujanak bo‘lib yotib qoldim. Shundan keyingina ota-onam nima gapligini tushunib yetishdi. Men esa endi ularni yomon ko‘rardim. Agar meni urishib, kerak bo‘lsa, urib yo‘ldan qaytarishganida, bu ahvolga tushib, umrim xazon bo‘lmasmidi? Afsuski, ota-onam nuqul boylik ketidan quvar, hech narsa bilan ishlari yo‘q edi.

Ancha davolandim, lekin tobora holsizlanib, og‘riqlar kuchayib bormoqda. Har kuni tongda turib, hol-ahvol so‘ragani kirgan jajji farzandlarimni ko‘rib, Xudoga nola qilaman: “O‘lim, biroz shoshmay tur, bolalarimning diydoriga to‘yib olay”.

Ma’lumotlarga qaraganda, bugungi kunda dunyo bo‘yicha 68 milliondan oshiq inson OITS kasalligiga chalingan ekan. Afsuski, bu raqamning kundan kunga o‘sib borayotgani tashvishlanarli hol. Shifokorlar ham menga o‘nlab taqdirlar haqida gapirib berishdi...

Avvalbek bilan Sayramxonlar ham ikki qiz, ikki o‘g‘il ko‘rishdi. Kattalari qiz bo‘lgani uchunmi, to‘y harakati ham juda erta boshlandi.

Kuyovlikka munosib ko‘rilgan yigit va Gulma’suda rasmiy nikohdan o‘tish uchun ariza berishdi. Shahar poliklinikasida tibbiy ko‘rikdan o‘tishdi, ammo natija ko‘ngilsizlik bilan tugadi. Gulma’suda OITS kasalligiga chalingan ekan.

Kuyovga ham “Bo‘lajak turmush o‘rtog‘ingiz kasal, u uzoq davolanishi kerak, siz, yaxshisi, boshqasiga uylaning”, deb aytishdi. Hamma janjal esa mana shundan keyin boshlandi.

Har ikkala tomon to‘yga ketadigan xarajatlarni qilib bo‘lgan edi. “Nega kasal qizingni bizga ravo ko‘rding”, deb kuyov tomon qizning ota-onasining ko‘zini ochirmadi. Hammasiga Gulma’sudaning yengiltakligi sabab edi. Bu qiz yoshligidanoq ko‘chani yaxshi ko‘rardi: dugonalari bilan o‘z mahallasi qolib, qo‘shni mahallalardagi to‘ylarga ham borishni kanda qilmas, u yerda yigitlar bilan raqsga tushishga, kayfichog‘lik qilishga suyagi yo‘q edi. Shunday kunlarning birida bir yigit bilan tanishib qoldi. Avvaliga ko‘cha-ko‘yda, keyin kafeda uchrashib yurishdi. Asta-sekin u bilan ichishni ham o‘rgandi. Bir kuni kayfi oshib, noma’lum joyda yigit bilan tunab qoldi...

Shundan so‘ng, yigit Qozog‘istonga ishlash uchun ketib qolgan ekan. Do‘xtirlar qizning qanday kasallikka chalinganini aytishganida, u dahshatga tushdi. Nahotki, atigi bir martagina bo‘lgan yaqin aloqadan shunday kasallikni orttirish mumkin bo‘lsa? Lekin qiz bu kasallik haqida umuman tushunchasi bo‘lmagani uchun “Bir oy davolansam, tuzalib ketarman”, deb o‘zini yupatdi. Afsuski... Qani endi, uning davosi bo‘lsa, uni davolashning imkoni bo‘lsaydi...

Xo‘sh, OITS qanday kasallik o‘zi?

OITS deb atalgan bu xastalik asosan ikki davrga bo‘linadi, ya’ni odam organizmida immunitet tanqisligini keltirib chiqaruvchi virus (OIV) va OITS (orttirilgan immunitet tanqisligi sindromi).

OITS — odam organizmida immunitet tanqisligini keltirib chiqaruvchi infektsiyaning yakuniy davridir. Bunda organizm har qanday kasallikka bardosh berish xususiyatini yo‘qotadi.

Aytishlaricha, infektsiya yuqqan dastlabki davrlarda odam o‘zini sog‘lom his etadi. Kasallikning yashirin davri 8-10 yil hisoblanadi. Lekin baribir OIV infektsiyasi davri OITS davriga albatta o‘tadi.

Virus infektsiyasi yuqqan odamning qonida, erkaklarning shahvatida, ayollarning jinsiy a’zolari chiqindilarida va ko‘krak sutida bo‘ladi. Shuning uchun ham virus quyidagi hollarda so‘zsiz yuqadi: qon orqali, jinsiy aloqa orqali va infektsiya yuqqan onadan homilaga o‘tishi mumkin.

Bu kasallikni qanday davolash mumkin, degan savol butun jahon shifokoru olimlarini o‘ylantirib turgan muam­modir. Hozirgacha birorta foydali vaktsina ishlab chiqilmagan. Dunyoda OITSga qarshi kurash choralari ko‘rilmoqda, afsuski, talafot ko‘paysa ko‘paydiki, aslo kamaygani yo‘q.

Maqolani yozar ekanman, men bilan suhbat qurgan yigitning “O‘lim, biroz shoshmay tur...” degan so‘zlari xayolimda aylanaverdi. Ko‘chaga chiqdim, quyosh charaqlab turibdi, daraxtlardan marjon-marjon tutlar to‘kilgan. O‘riklar tilla rangiga kirib qolgan. Tabiatning betakror go‘zalligini ich-ichimdan his etdim. Hammaga umr tilaging keladi bu dunyoda, hammaga baxt ulashging keladi. Qaniydi...

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2008).

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.