Bir paytlar buyuk hind adibi Robindranat Tagor «Minba’d bu zaminga Mopassan qadam qo‘ymasin», deb xudoga iltijo qilgan ekan. Bu yerda «Hindiston vijdoni» buyuk fransuz adibiga ehtirom saqlagan holda uning zinokorlik zavq-shavq bilan tasvirlangan asarlarini nazarda tutgani sir emas. Chunki insoniy fazilatlarni yemiruvchi bunday illatlar har qanday jamiyatni tanazzulga yetaklaydi.
Bugungi globallashayotgan dunyoda san’at vositalaridan boshqa xalqlar ongini zaharlash, o‘zining odat va mayllarini, mafkurasini singdirishga intiladiganlar tobora ko‘payib bormoqda. Ommaga tez ta’sir etadigan san’at turlaridan biri bu, shubhasiz, seriallardir. U o‘zining qamrovi, ta’sirchanligi bilan ajralib turadi.
Keyingi yillarda yurtimiz telekanallarida Meksika, Kolumbiya, Venesuela, Koreya, Turkiya, Xitoy kabi bir qator xorijiy mamlakatlarning seriallari namoyish etib kelinyapti. Ularning har biri o‘zgacha shakl-shamoyil, o‘zgacha ruhiy-ma’naviy xususiyatlarga ega. Ammo barchasini ham ibratli yoki ijobiy deyish qiyin. Masalan, bundan ancha yillar avval, taxminan 2000 yillarning nari-berisida ilk bor namoyish etilgan, hozirda «tomoshabinlar talabiga binoan» takroran efirga uzatilayotgan Venesuela kino ijodkorlarining mahsuloti bo‘lmish «Morena Klara» serialini ko‘ra turib, ko‘nglimda quyidagi mulohazalar tug‘ildi:
...Andaro va Pradolar oilasi orasidagi kelishmovchiliklar asosiga qurilgan bu film maishiy buzuq odamlar haqida, desam yanglishmagan bo‘laman. Nazarimda, bugun yon-atrofimizda uchrayotgan ba’zi noaxloqiy voqealar, ayrim nojo‘ya holatlarning ildizini ham aynan shu serialdan topish mumkindek. Film azbaroyi qiziq chiqishi uchun voqealar rivoji shu qadar chalkashtirib yuborilganki, kim kimning xotini, kim kimning eri, kim kimdan bola orttirgan ... adashib ketasan, kishi.
Bosh qahramonlardan biri — Monsarat. U avval siyosatchi Emiliano Andaroga turmushga chiqadi. Keyin Lisandro Pradoga. Ikkalasidan ham bolalari bor. Serialda qo‘y og‘zidan cho‘p olmagan inson sifatida gavdalanadigan Emiliano Andora ham farishta emas. U Monsaratgacha Rozalinda Gusman bilan «yurib», bola orttirgan. Emilianoning ikkinchi xotini Euxeniyaning ham «sir»i bor. Uning ham birovdan bolasi bor. Yana kimdan deng — Lyudoviko Pradodan. Bosh qahramon Emilianoning jiyani Valentin Lisandro Pradoning qizi bilan «yurib qo‘yib», unga uylanadi. Ammo amakisining qizi Klarani sevishda davom etaveradi. Valentinning do‘sti Kristian ham juda «sho‘x» yigitlardan. Do‘stining ortidan yugurib, og‘zi kuygan jononlarning dardman diliga «malham» bo‘lishga astoydil kirishadi. Hatto Valentin yo‘qligida uning xotini bilan kayfu safoni avjiga chiqaradi. Klara esa bolalikdagi do‘sti va qonuniy eri Andinoni axmoq qilish, aldash bilan ovora.
Lisandro Pradoning o‘g‘liga aytayotgan gapiga e’tibor qiling: «Onang boshqa erkaklarga ko‘zini suzmasin, yaxshilab tushuntirib qo‘y». Shu gapning ustiga shirakayf onaning o‘zi qiyshanglab kelib qoladi va eriga javobni o‘zi beradi: «Senga mumkin-u, menga mumkinmasmi?» Eng dahshatlisi, u buni keyinroq amalda isbotlaydi.
O‘zini siyosat olamining rejissyori deb biladigan Lisandro Prado islovatxona ochib oladi. Hatto to‘shakdagi «o‘yinqaroqligini» video kameraga tushirib, o‘rtoqlariga ko‘rsatadi. Islovatxonaning «malikasi» ham begona emas. Tunlari o‘ziga Eskarlata deb nom qo‘yib oladigan Klaraning onasi Rozalinda Gusman...
Endi xolisanillo baho bering. Bunday filmning bizga qanday tarbiyaviy ahamiyati bor va u yonimizda ekranga ko‘z tikib o‘tirgan murg‘ak qalb egalari — farzandlarimizga qanday ma’naviy ozuqa bera oladi? Ularga nimani o‘rgatadi? Nazarimda, yutuqdan mag‘lubiyatimiz ko‘proq. Bu xulosa — hukmimiz mantiqan va zohiran o‘z asosiga ega.
Serial qahramonlarining kiyim-kechaklari ham modaga aylanmoqda. Hatto oziq-ovqat mahsulotlari, spirtli ichimliklar ham seriallar orqali yashirin reklama qilinmoqda. Imij, soch turmaklari, kiyinish madaniyati, tatiurovkalar — bularni tevarak-atrofga boqib, o‘zingiz muqoyasa qilib ko‘rishingiz mumkin. «Sochlaringni sariqqa bo‘yab nima qilasan?» degan qo‘shiqni ko‘p bor eshitgansiz. Balki, bu fikrlarim maydakashlikday tuyular. Xotin-qizlarning sochini sariqqa bo‘yab yurishiga allaqachon ko‘nikdik. Nima, o‘zligimiz, qora qosh, qora ko‘zligimizdan uyalamizmi? Deyarli har serialning har bir qismida ko‘zga tashlanadigan o‘pishish, quchoqlashish, jangarilik sahnalarining yoshlar tarbiyasidagi tuzatib bo‘lmas ziyonini gapirib o‘tirmasa ham bo‘ladi.
Darvoqe, yaqinda chet el ommaviy axborot vositalarida 2012 yilning 1 mayidan boshlab Azerbayjan Respublikasi telekanallarida yosh avlodni milliy ruhda tarbiyalash maqsadida xorijiy teleseriallarni namoyish etish butunlay to‘xtatilishi haqidagi ma’lumotga ko‘zim tushdi. Mamlakatimizda ham bu masalaga jiddiy e’tibor qaratish vaqti yetdi, nazarimda. Negaki, bugun telekanallarimizda namoyish qilinayotgan aksariyat seriallarning saviyasi va ularda ilgari surilgan g‘oyalar «Morena Klara»dan battar bo‘lsa borki, pesh emas. Masalan, «Muhabbat qahvasi» seriali orqali bir jins vakillarining, ya’ni ikki erkakning «risoladagidek» oila qurishlari va yashashlari ko‘rsatib berildi...
— Serial ko‘rsam, negadir asabim buzilaveradi, — deydi uy bekasi Muhabbat Erkayeva. — Ko‘rmayman deymanu, voqealar rivoji keyin qanday ko‘rinish olganini bilishga bo‘lgan qiziqishim ustun keladi. Tabiiyki, bu paytda bolalarim ham yonimda bo‘ladi.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi. Xo‘sh, yurtimizda bu borada qanday ishlar amalga oshirilmoqda? To‘g‘ri, Istiqlol yillarida «Charxpalak», «Zanjir», «Ko‘ngil ko‘chalari», «Domla», «Opa-singillar», «O‘zi uylanmagan sovchi», «Yaxshi odamlar», «Shaytanat», «Serjantlar», «Sardor» kabi ko‘plab seriallar yaratildi. Katta hajmdagi ishlar davom ettirilmoqda. Xususan, yangi kinotexnologiya bilan jihozlangan “Mediamarkaz”ning ishga tushirilishi imkoniyatlar ko‘lamini yanada orttirdi. Lekin hanuzgacha qamrovi keng seriallarga qo‘l urilmayotganini hech bir bahona bilan oqlab bo‘lmaydi. Shuningdek, aksariyat seriallarning oxiriga yetmasdan tugab qolayotgani, zo‘rma-zo‘rakilik, efir vaqtini cho‘zish kabi holatlarga barham berilsa, xorij seriallari hamda unda ilgari surilgan g‘oyalar chuqur tahlil etilganidan keyin namoyish etilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Zotan, ma’naviyatga, milliy tafakkurga daxldor masalalar hech qachon turli vaj-karsonlar tarozisida o‘lchanmaydi.
“Hurriyat” gazetasidan olindi (2012).