OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Kimga to'y, kimga...

Nikoh to‘yi ikki yosh hayotidagi eng ulug‘ marosim. Biroq keyingi paytlarda nikoh to‘ylarining dabdabali tus olib, bachkanalashib borayotgani va hatto gohida fojeaga aylanayotgani tashvishli vaziyatni yuzaga keltirmoqda. To‘ylardagi ichkilikbozlik, tartibbuzarliklar haqida ko‘p yozish mumkin. Hisobot bilan hech narsa o‘zgarmaydi. Garchi ichkilik barcha illatlar, barcha kulfatlar sababchisi bo‘lsa-da, men umuman nikoh to‘yining boshqa muammolari haqida to‘xtalmoqchiman. Avvalo nikoh marosimi bo‘ladigan kundagi sayohat haqida.
Avtomashinalar karteji shahar ko‘chalaridan uzundan uzun bo‘lib o‘tar ekan, yo‘l harakati xavfsizligini izdan chiqaradi. Avtomobillar va yo‘lovchilar qatnoviga halaqit beradi. Bu ham yetmaganidek avtosignallar bilan bong urishib butun shahar tinchini buzishadi. «Tiko» avtomashinasining orqasini ochib o‘tirib olgan videokamerachi esa bu «olomon»ni tasvirga tushiradi. 2005 yil Sirdaryo viloyatining Guliston tumanida shunday marosimning birida xizmat qilayotgan videokamerachi yigit katta tezlikda ketayotgan «Tiko» avtomashinasining oldingi eshigiga o‘tirib olib tasvirga tushirayotgan payti avtohalokat ro‘y berib halok bo‘lgan edi. Bunaqa voqealar kammi? Kuyovjo‘ralarning qizning uyiga kirib borayotgan paytidagi baqir-chaqirlari-chi? Osmonu falakni larzaga keltirishlari-chi? Bir to‘yda kuyovga poyondoz solib, uning o‘tishini kutib turgan homilador ayolni kuyovjo‘ralar surib bosib ketishgan, kelinchakning sakkiz oylik homilasi nobud bo‘lgan. Bekobodning bir qishlog‘ida esa kuyovjo‘ralar poyondozga talashayotgan paytda ulardan biri bexosdan ov­qat qaynayotgan doshqozonga tushib ketgan va og‘ir jarohat olib majruh bo‘lib qolgan. Manzaraning eng dahshatlisi, uy ichida, kuyovlar ziyo­fat qilinadigan xonada ro‘y beradi. Ayniqsa, yomg‘irli, qorli-qirovli kunlarda to‘yning egasiga qiyin. Yigitlar oyoq kiyimlarini yechishmay ohorli ko‘rpachalar ustiga chiqib ketishadi. Bu oyoqlar, bu tuflilar avval qaerlarni bosmagan deysiz? Shunday oyoq kiyim bilan atlasu baxmal ko‘rpachalarni yanchib o‘tgan odamni nima deyish mumkin? Ular ketganidan keyin uy bekasi ichkariga kirsa, bu yerda odam emas, allaqanday mahluqlarmi, yovvoyilar o‘tirganga o‘xshaydi. Gilamlar, ko‘rpachalar tuproq, dasturxonga yog‘li ovqat to‘kilgan, aroq shishalari ag‘anagan, likopchalar to‘ntarilgan, darpardaga qo‘lining moyini artib, pichoq bilan ko‘rpachalarni tilib, choynaklarga suyak tiqib ketishgan. Bu voqealar barchasi bor gap. To‘qima emas.
Bilasiz, yigit va qizning taqdirlari birga qo‘shilayotganini islom diniga muvofiq oshkor qilish va sha’riy nikohni mustahkamlash uchun mulla chaqiriladi. Uning huzuriga kuyov ham, kelin ham ikki nafardan vakillari bilan kiritiladi. Yigitlarda-ku unchalik bilinmaydi. Ammo qizlarning vakilalarini ko‘rib faqat mulla emas, bosh­qa kishilarning ham ensasi qotadi. Kiyimlari shunaqa antiqaki, yoqasiz tikilgan kiyimdan siynasining bir qismi ko‘rinib turadi. Bu ki­yimda umuman yeng va yoqa  yo‘q. Bundan bechora mulla hijolat chekadi. Meni ma’zur tutasiz-u, aziz mushtariy, ana shunday nikoh marosimlarida  kelin-kuyovning faqat yevropachasiga «gorka» qilishiga oz qolyapti. To‘y boshlangandan keyingi mashmasha esa katta bo‘ladi.
Ovoz kuchaytirgich baland qilib qo‘yilgan, gapni gapga qo‘shmaydi. Kuyovjo‘ralar ichib olgan, hammasining labida sigaret...
Atrof bursuqib tutab ketgan. O‘rtakash va’z o‘kiydi. Mikrafonni kuyovjo‘raga beradi. Yigitning guli tabrikni Odam ato bilan Momo havoning qanday paydo bo‘lganidan boshlaydi. Keyin berilib she’r o‘qiydi, nima emish:
 
Qo‘limda ko‘k daftar,    
Osmonda oq kaptar
Sevsang agar yoringni 
Yuz grammdan ko‘p qaytar. 


Yoki
 
Gul, gul, gul dedim,
Kuyov sho‘rlikni qul dedim.
Eplolmasang yoringni,
Shu yoringni qo‘y dedim.


Kuyovjo‘ra eson-omon tabrikni tugatganidan keyin, stolda o‘tirgan do‘stlari baqirib, unga tasannolar o‘qishadi. Kelin-ko‘yovning boshidan pul sochishadi. Tasavvur qiling, erkaklar bir-biri bilan o‘pisha ketadilar. Bu ham mayli. Keyin hammaning oldida aroqni ichib, ko‘ngillari erib ketadimi-ey, gazakiga bir-birining labidan o‘pib qo‘yish ham odatga aylandi. Qisqa tutashuv qilib olgan yigitlar qilgan ishlaridan mag‘rurlanib ketib, ilondek chinqirib ham qo‘yishadi. Atrofda o‘tirgan mehmonlarga bu manzara qanday tuyular ekan, buni o‘zingiz yaxshi his qilasiz. Eng achinarlisi, to‘yda bo‘layotgan maymunavoz qiliqlarni maktab o‘quvchilari, jajji qizaloqlar, murg‘ak bolalar ham ko‘rishadi. Endi, ularni to‘yga kelishi o‘zi to‘g‘rimi? Yana so‘z olib kelin kuyovni ish­qiy she’rlar bilan tabriklab ham qo‘yishadi.   

Mikrafonni ushladim,
Qizil olma tishladim.
So‘z topolmay pochchamga
Lablarimni tishladim.
Chimildiqqa kirsangiz,
Kelinoyimni poylamang.
Shaxmat o‘ynab tonggacha
Yangalarni qiynamang.
 

To‘yning oxiriga kelganda, davraga mahalla oqsoqoli chiqadi, to‘yni yopadi. U ketganidan keyin kuyovjo‘ralar zo‘r berib to‘yni cho‘zishga harakat qilishadi. Xonandayu sozandalar narsalarini yig‘ishtirishga tushishadi. Mast-alast kuyovjo‘ralar san’atkorlarni koptok qilishadi. Shu yerda janjal boshlanadi. Kelinni o‘ynatishadi. Kuyovni osmonga otib, ilib olishadi. Bir to‘yda  ana shunday olib otishda  kuyov yerga tushib umurtqasi sinib ketganini bilaman. To‘g‘ri, urf-odatlarimizni hammamiz hurmat qilishimiz kerak. Lekin uni mazax qilishga, atrofdagilarga ozor berishga ma’naviy xaqqimiz yo‘q. To‘ylarni, marosimlarni ixchamlashtirish, tartibga solish xususida hukumatimizning o‘z vaqtida qabul qilgan qaror va farmonlari mavjud bo‘lishiga qaramay, ayrim joylardagi o‘zini  o‘zi boshqarish organi xodimlari ma’suliyatdan chetda turishibdi. To‘ylardagi pichoqbozliklar, mushtlashish kabi mayda-chuyda bezoriliklar va ayni paytda nikoh marosimida ro‘y berib turadigan tashvishli voqealar haqida ko‘pchilik yaxshi biladi. Bu yangilik emas. To‘g‘risini aytish kerak, keyingi payt­larda odamlar to‘ylardan bezib qolishdi. Dasturxonga  aroq qo‘ymasa, to‘yning egasi  malomatga qoladi. Qo‘ysa, boshi baloga qolib ertasi kuni militsiyaga hisobot beradi. Bir qishloqda hajga borib kelgan otaxon nevara to‘yiga nahorda osh berdi. Dasturxonga aroq qo‘ymadi. Kechki nikoh bazmida ham shunday bo‘ldi. To‘y musulmoncha bo‘lib o‘tdi. Nevarasining kuyovjo‘ralari achchiq qilib, kuyovni tashlab ketib qolishdi. Bu  mantiqqa sig‘maydigan odat.
Nikoh to‘ylari haqida gap ketar ekan, to‘ylarda o‘ynayverib raqqosga aylanib ketgan erkaklar haqida ham bir narsa deyin. Bu toifa yigitlar tutun chiqqan joydan qolmaydilar. Hammadan oldin borib, yog‘li stolni egallab olishadi-da, to‘y qizg‘in pallaga kirganda shox tashlab raqsga tushishadi. Bu raqqoslar deyarli barcha to‘ylarga borib, avval qorinlarini to‘yg‘izadilar, keyin o‘ynab mazza qilishadi. To‘yning egasi azob-uqubat bilan topgan-tutganini bir soatda ship-shiydam qilib, rahmatning o‘rniga  «boplab» ketishadi. Mahtumqulining bir so‘zi bor: «Minnatli osh achchiq bo‘lar zahardan». Mezbonning saxovatini, dasturxonga qo‘ygan nozu ne’matini xush bilib, baholi qudrat baham ko‘rib, yoshlarga shirin kalomlar aytib, izzat-hurmat bor payti turib ketilsa, to‘ylarda ma’no, qut-baraka bo‘ladi. Ijaraga olingan stol-stullarni, idish-tovoqlarni  sindirib ketish, bu insofdan emas. Dasturxondagi nonni aroq, sigaret qoldiqlariyu olma po‘choqlariga qorishtirib, qo‘lining moyini dasturxonga artib, sochiq bilan oyoq kiyimni tozalash bilan to‘y egasiga rahmat aytib bo‘lmaydi. Bu illatlarning barchasi millat sha’niga asorat va anduh keltiruvchi nokas odatlardir. Har bir musulmon bandasining orzu-havasi bor. Birovning orzu-havasini muhokama qilishga yoki hamyonini hisoblashga haqqimiz yo‘q. Pul uniki. Lekin orzu-havasni  «musobaqa»,  limuzin,  turnaqator mashinalar,  yuzlab aroq shishasi bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Men buni bir misol bilan ifoda qilmoqchiman. Janubiy Koreyaga borib kelgan bir do‘stim ukasini uylantirganda bir ajoyib narsaning shohidi bo‘ldim. To‘yda yuz kishiga mo‘ljallangan joy qilingan. Dasturxon bir xil. Tabaqaga ajratilmagan. Har xil toifa, turli amal, turfa vazifadagi mehmonlar kelib, ko‘pi bilan yarim soat o‘tirib, madaniyat bilan turib ketishyapti. Shunisi qiziqki, keyin bilsam, to‘yga 300 kishi taklif qilingan ekan. Lekin ular har xil vaqtda kelishdi. Shu yo‘sinda to‘y kechgacha davom etdi. Dasturxonga spirtli ichimlik juda kam qo‘yildi. Isrofgarchilik umuman sezilmadi. To‘rt nafar kuyovjo‘ra, to‘rt nafar kelin dugona o‘tiribdi. Baqir-chaqir, tartibsizlik bo‘lmadi. Aksincha, kuyovjo‘ralar to‘y sohibiga chiroyli xizmatlar qilib, yordam berib  turishdi. Bu misol to‘ylarimizning barchasi ham yuqorida aytilgan qiyofada bo‘lib o‘tadi demoqchi emasligimning bir isboti edi. Yaxshi to‘ylar, maroqli marosimlarimiz juda ko‘p. Eng quvonarlisi, to‘y to‘qlik va faravonlik belgisi, tinchlik-totuvlik elchisidir. Yurtimizda to‘ylar bo‘lyaptimi, demak, turmushimiz yomon emas. Qissadan hissa shulki, to‘ylarimiz ham shunga yarasha bo‘lsin.

Tursun Bek To'razoda
www.hurriyat.uz

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.