Yaqinda sartaroshxonaga kirib besh-olti nafar yoshlarga ko‘zim tushdi. Ular uyali telefonda gaplashardi. Beo‘xshov, nodonlarcha hazil qilishib kulishlari g‘ashimga tegdi. Noiloj ularga so‘z aytishga botindim:
- Ukalarim, o‘quvchi yo talaba bo‘lsalaring kerak. Bir narsa so‘rasam maylimi?
- So‘rayvering, - deyishdi ular birvarakayiga.
- Oxirgi yillarda qanday badiiy kitob o‘qidingizlar? - dedim.
Ular xoxolab kulib yuborishdi. Bir-birlariga qarashdi, so‘ng:
- Badiiy asar o‘qiganimiz yo‘q! Ko‘proq televizor va internetda kino ko‘ramiz, - deb javob berishdi.
Bashar farzandi kim bo‘lishidan, qaerda yashashidan qat'i nazar, dunyoga tiyran ko‘z bilan qarashi, o‘zligini anglashi, ajdodlari qanday yashagan, kim bo‘lganini bilishi kerak. Badiiy kitob o‘qigan odam taqlid qiladi, o‘zini ham asar qahramonlariga qiyos qiladi, o‘zini sinab, toblab olmoqchi bo‘ladi.
Kitobdagi salbiy obrazlarga nafrati ortadi, ijobiy siymolarga o‘xshashga harakat qiladi. Kitob to‘g‘ri yo‘lga, odob-axloqqa boshlaydi. Kitob tufayli ko‘rmagan joylarni ko‘rasan, tanimagan odamlar bilan so‘zlashasan.
Ajoyib taqdirli odamlar hayoti, urf-odat va an'analar, tarixiy qadriyatlar bilan tanishasiz.
O‘qish, yozishni bilganlarning hammasini ham savodxon deb bo‘lmaydi. Savodxon kishi kitobxon ham bo‘lishi kerak. Kitobxon bo‘lgan kishini haqiqiy savodxon desa bo‘ladi. Bolaligimizda Xolmamat bobo ismli ustozimiz uyga vazifalarni so‘rashda «O‘qib keldingizmi? Uqibmi?» derdilar.
Nazarimda bugungi yoshlar orasida o‘qiganlar ko‘pu uqqanlar ozroq. Masalan, ilgari kitobxon, jurnalxon va gazetxonlar ko‘p bo‘lardi. Ularni xiyobonlarda, bekat va transportlarda uchratardingiz. Hozir esa faqat boshqotirma bilan band bo‘lganlarga duch kelasiz. Qolaversa, sahifa-sahifa bu katakchalarda na zavq, na go‘zallik bor. Aslida boshqotirmalar puxta, mantiqli va bosh qotiradigan bo‘lishi kerak.
Kitob uni qadrlagan kishiga do‘st, maslahatgo‘y hamrohdir. Shu nuqtai nazardan qaraganda uyida kitobi ko‘p odam eng boy odamdir. Chunki aql va bilimning bahosi, boshqa har qanday boylikdan ustun turadi. Shu bois Payg‘ambarimiz (s.a.v) «Beshikdan to qabrgacha ilm olmoq kerak», deganlar. Muqaddas «Qur'oni karim»ning ham 765 ta oyatida ilm olishlikka da'vat qilingan.
Alloh taolo o‘n sakkiz ming olamni yaratib, barcha maxluqotlardan Odam farzandlarini azizu mukarram qildi. Unga boshqa maxluqotlarga berilmagan uch ne'matni berdi. Bular so‘zlashish, aql-tafakkur va fahm-farosatdir. O‘ylab ko‘rilsa, ana shularni charxlash va takomillashtirish kitob bilan bog‘liqdir.
Yaxshi kitob - jon ozig‘i. Bunday kitob qo‘lga tushdimi, ko‘z yugurtirdingizmi, uni o‘qib bo‘lmaguningizcha, ko‘nglingiz joyiga tushmaydi. Kitobga mehr ana shundaylarni o‘qiganida uyg‘onadi. Nazarimizda «Bedilxonlik», «Hofizxonlik», «Navoiyxonlik», «Yassaviyxonlik» kabi o‘qishlarni yanada ommalashtirish kerakka o‘xshaydi.
Bo‘yindan bog‘langan tozi ovga yaramaydi, degan naql bor. Zo‘rlab o‘qigan kitob ham bir martalik bo‘lib qoladi. Lekin, besamar ketgan vaqt mosuvo bo‘ladi. Shu bois, bolalarni o‘qitish emas, o‘qishga o‘rgatish kerak.
Kitob o‘qish vaqtiga kelsak, albatta, vaqtni oltin bilan tenglaymiz. Lekin tonggacha internet kafelaridan kelmaydigan yoshlar, bu vaqtning hech bo‘lmaganda uchdan birini kitob o‘qishga sarflasalar, olam-olam nur bo‘lardi.
Kitobni azal-azaldan sehrli sandiqqa qiyoslashgan. U har qanday bilimning xazinasi, har qanday fanning ibtidosidir. Shunday ekan, kitob o‘qish, kitobxon bo‘lish uchun nima qilish kerak? Farzandlarimizning kitobga mehrini oshirish zarur. Bu ikki holatda ro‘yobga chiqadi. Birinchidan, oilaviy muhit, ayniqsa, ota-onalarning o‘zi kitobxon bo‘lmog‘i lozim. Qush ham uyasida ko‘rganini qiladi. Ikkinchidan, o‘quv maskanlarida, dars jarayonida ustoz-murabbiylar mahorati zarur.
Shu bilan birga kitobni tanlay bilish ham kerak ekan. Negaki, milliy va diniy qadriyatlarimizga zid, behayo, axloqsiz kitoblar ko‘payib ketayotir.
Millat va yurt kelajagida ma'rifatli, ziyoli kishilarning o‘rni beqiyosdir. Ulug‘ bobolarimiz kitobxon bo‘lishgan. Bugun jahon ilm-fan darg‘alari buni e'tirof etib turibdi. Kelajakda ham shunday bo‘lib qolishi uchun bolalarimizda kitobga mehr uyg‘otishimiz va bunga, avvalo, o‘zimiz ibrat bo‘lishimiz kerak. Men bilan suhbatda bo‘lgan o‘nlab kishilar o‘z bolalariga xarid qilgan tuhfalari orasida kitob yo‘q ekanligini angladim. Ellik, yuz ming so‘mlik uyali telefonlar, boshqa qimmatbaho sovg‘alarni olganimizda hech bo‘lmaganda besh, o‘n ming so‘mlik badiiy, ilmiy-ma'rifiy kitoblar ham xarid qilsak, farzandlarimizga ko‘proq yaxshilik qilgan bo‘lamiz.
Abdulhamid hoji Habibullayev
“Hurriyat” gazetasidan olindi.