OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nargis Qosimova. Bodilar «san’ati» yoxud bodi-art haqida mulohaza

Metroda yonimda ketayotgan yigitcha ro‘paramizda o‘tirgan qizni nigohi bilan ko‘rsatib, sherigiga shivirladi:

— Anavini qara, chayoni bor ekan.

Sherigi uni tushunmadi, shekilli, bir dugonasiga gap sotayotgan qizga, bir o‘rtog‘iga qaradi.

— “Ketvorgan” ekan demoqchimisan?

— Yo‘g‘-ey, bilagiga qara, bilagiga!

Men ham qiziqib, yigitcha imlagan tomonga nigoh tashladim. Ro‘paramizda o‘tirgan qizning bilagiga dumini gajak qilib turgan chayon rasmi solingandi. Shu payt poezd to‘xtab, dugonalar o‘rnidan turishdi. E’tiborimizni tortgan qizning hamrohi vagonning tepa tutqichidan ushlash uchun qo‘lini ko‘targan edi, belini salgina yopib turgan koftasi ko‘tarilib, badanida «to‘riga yopishgan o‘rgimchak» ko‘rindi. Buni ko‘rgan yigitchalar ochiqchasiga kulishdi.

— Qara, chayonning zo‘ri bu yoqda ekan!

— Chiqib kelayotgan joyini qara...

Qizlar gap o‘zlari haqida ketayotganini bilib, lablarini burishdi-da, vagondan tushib ketishdi.

Bu voqeani kuzatib turgan yoshi kattaroq ayol boshini chayqab qo‘ygan bo‘lsa, boshqasi «Eh» deganicha yana qo‘lidagi gazetaga tikildi.

Afsuski, bugun ayrim yoshlar orasida urf bo‘layotgan bodi-art (ingliz tilidan body art — “tana san’ati”, o‘z tilimizda esa og‘ziga kelganini gapiradigan olifta kimsalarni “bodi”, “bodicha” deyishadi. Nima bo‘lganida ham bodilar)­ning tarafdorlari sezilarli darajada ko‘payib bormoqda. Qizlarimiz, kelinchaklarimizning “qosh-ko‘zini popukdek, labini g‘unchadek” qilib qo‘yishga ixtisoslashgan tatuaj salonlari ham yomg‘irdan so‘ng potirlab chiqqan qo‘ziqorindek ko‘zga tashlanib borayapti. Ularda nafaqat qosh va lab, balki tananing istalgan joyi­ga naqsh ham solinadi. Bu xizmatni cho‘ntak ko‘tarsa bo‘lgani. Ko‘p holatlarda surat tananing ochiq joylariga igna orqali tanaga rang kirgizib chiziladi (tatuirovka).

Bodi-artning ilk ko‘rinishlari XX asr boshlarida paydo bo‘lgan. 1960 yillarga kelib, u Yevropada keng tarqaladi. Aynan shu yillari bodi-art vakillari o‘z tanalarini ijod materiali sifatida namoyon qilib, aksariyat holatlarda og‘riqli amallarni bajarishadi. Masalan, fransiyalik J.Pan sochini yoqish orqali boshiga rasm soladi, avstriyalik R.Shvartskogler o‘z tanasidan kichik-kichik bo‘laklar kesib olib, “yarali surat” yaratish jarayonida ko‘p qon yo‘qotib o‘sha yerning o‘zida vafot etadi.

1960-1970 yillarda L.Ontani, R.Xorst, X.Vilke, P.Kotton, U.Luti, Yu.Klauke, L.Kastelli, V.Trasov, P.Oleshkolar yalan­g‘och tanani turli ranglarga bo‘yab, “modalar festivalini” tashkil etishadi va bodi-artning bodipeyting, ya’ni tanaga surat chizish yo‘nalishiga asos soladi. Bugungi kunda bodi-art­ning feys-art (yuzga rasm solish), neyl-art (tirnoqlarni bo‘yash), mendi-art (tanaga xina yordamida rasm solish), pirsing (tananing ma’lum bir qismini teshib, taqinchoq taqish), skays (tishni bo‘yash), ko‘z implantlari (ko‘zning oqiga rasm solish), skarifikatsiya yoki breding (chuqur yaralar orqali tanaga biror bir naqshni chizish, tamg‘a bosish) kabi turlari mavjud.

Albatta, bodi-art tarafdorlari, avvalo, omma ichidan ajralib turish, o‘z tanalarini ko‘z-ko‘z qilish, o‘zgalar e’tiborini tortishni o‘z oldilariga maqsad qilib qo‘yadilar va bu yo‘lda hech narsadan qayt­maydilar. Afsuski, yengil tabiatli o‘smirlar, yoshlar ularga ko‘r-ko‘rona ergashadilar va tanalariga chizdirayotgan rasm­larning tub mohiyatida ma’lum bir ma’no-mazmun borligi haqida o‘ylab ham ko‘rishmaydi. Jahon xalqlari tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, hindlar, hindular, Afrika, Avstraliyada istiqomat qiladigan ba’zi bir qabilalar dunyo­qarashlari, diniy e’tiqodlariga ko‘ra tanalariga rasm chizib, bo‘yashgan, turli xil taqinchoqlar taqishgan. Keyinchalik o‘g‘ri, firibgar, qallob, qotil, fohishalarga qilgan jinoyatiga qarab tanasiga turli xil qizigan temir bilan tam­g‘alar bosilgan. Natijada XIX asrning oxiriga kelib hibsga olingan jinoyatchilar o‘rtasida tanaga turli xil naqshlar (nakolkalar) solish urf bo‘ladi va ular qamoqxonada ma’lum bir mavqeni egallashgan. Jinoyatchilar o‘rtasida mazkur odat hozir ham saqlanib qolgan. Jinoyatchining bilagi, qo‘li, bo‘yni, tanasiga chizilgan turli xil tatuirovkalarga qarab, ularning nima jinoyat qilganligini osongina aniqlash mumkin.

Endi yuqorida keltirilgan voqeaga nazar tashlaydigan bo‘lsak, ayrim qizlarning tanasiga chizilgan chayon va o‘rgimchak suratlari jinoyatchilik olamida o‘z ma’nosiga ega. Chayon zo‘ravonlik, qasos olish ma’nosini bildirsa, o‘rgimchak giyohvandlarning o‘ziga xos belgisi. Shuningdek, o‘rgimchak suratini o‘g‘rilar o‘z tanalariga chizdirishadi, u tananing qaysi joyidaligiga qarab ma’noni anglatadi. Qizlar bundan bexabar bo‘lishsa kerak, aks holda, o‘zlariga bir umr bunday tamg‘ani bosmagan bo‘lar edi.

Xalqimiz qadimdan ayolni, ayniqsa, qiz bolani hayosi, odobi, ibosi uchun hurmat qiladi, qadrlaydi. Bugungi kunda uning bu xislatlariga qizlarimizning bilimi, keng dunyoqarashi, o‘z yurtiga, ota-onasiga, tug‘ilib o‘sgan ona tuprog‘iga bo‘lgan mehr-muhabbatini qo‘shish mumkin. Oxirgi gaplar, albatta, yigitlarga ham tegishli. Yoshlik qilib, o‘z tanalariga turli hasharotlarning rasmini tatuaj orqali chizdirgan yigit-qizlar, balki o‘zlarini madaniyatli, zamonaviy insonlar deb sanashlari mumkin. Biroq... Qosh ustiga, lab ostiga zirak taqish, dumg‘aza ustiga rasm solish, har bir gapga ingliz yoki boshqa tildagi so‘zlarni qo‘shib, o‘zini “o‘ta zamonaviy” va “madaniy” deb bilish, aslida, g‘irt madaniyatsizlikning o‘zidir. Muqaddas hadislarimizda inson o‘ziga, tanasiga ozor yetkazish gunoh ekanligi qayd etiladi, bolani badxulq etib tarbiyalash jamiyatga yetkaziladigan eng katta zararlardan biri sifatida ko‘rsatib o‘tiladi.

Bu borada biz bilan o‘z fikr-mulohazalarini o‘rtoqlashgan pedagogika fanlari nomzodi Zebo Axrorova shunday deydi:

— Afsuski, so‘nggi paytlarda umuminsoniy tamoyillar va qadriyatlarning emas, balki ommaviy madaniyatning ortidan ergashish hollari uchrab turibdi. Kompyuter texnologiyalarining rivojlanishi insoniyatning olg‘a qadam tashlashiga sabab bo‘lishi bilan birga, egosentrizmning kuchayishiga olib kelmoqda. Ayniqsa, voyaga yetmagan o‘smirlar va yoshlarning o‘z qobig‘iga o‘ralib, yaqinlari, jamiyat manfaatlaridan ko‘ra o‘z manfaatlarini ustun qo‘yish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik uchun, avvalo, ota-onalar, qolaversa, keng jamoatchilik hushyor bo‘lishi zarur. Albatta, bodi-artga berilib, tanasiga turli taqinchoqlar taqib, naqshlar soldirib “o‘ziga xos” bo‘lish oson, ammo ba’zi holatlarda bir umr badanda tamg‘a bo‘lib qoladigan bunday suratlarni yo‘qotish juda ham qiyin. Tatuirovkani o‘chirish natijasida badanda qoladigan yara izi, o‘sha qiz yoki yigitning qalbida ham dog‘ qoldirishi aniq.

Yuqorida ta’kidlaganimizdek, bundaylarning o‘ylamay bosgan har bir qadami qanday salbiy holatlarga olib kelishi mumkinligi haqida, albatta, birinchi navbatda, ota-onalari o‘smirlik davrini o‘z boshidan kechirayotgan farzandlarining har bir qadamini kuzatishlari, do‘stlari davrasidan xabardor bo‘lishlari, eng asosiysi, farzandlari bilan ochiq gaplashib, o‘g‘il yoki qizlarining hissiy kechinmalaridan boxabar bo‘lgan holda, ularning ishonchini qozonishlari lozim. Yoshlarimizning ommaviy madaniyat girdobiga tushib qolmasligi biz — pedagoglardan ham hushyorlik talab etadi. Buning uchun ta’lim muassasalarida shifokorlar, ruhshunoslar, huquqshunoslar, mahalla oqsoqollari ishtirokida davra suhbatlari, ochiq muloqotlar o‘tkazib, o‘quvchi-yoshlarda tanqidiy fikrlashni, voqeani, kelayotgan axborotni tahlil etish ko‘nikmalarini shakllantirish, sinfdan tashqari darslarda, tarbiyaviy soatlarda ommaviy madaniyat turlari va ko‘rinishlarini muhokama qilish, zarur bo‘lsa, mazkur mavzuga bag‘ishlangan fakultativ darslar tashkil etish lozim. Zero, buyuk pedagog Abdulla Avloniy e’tirofiga ko‘ra, tarbiya hayot va mamot masalasi bo‘lib qolmog‘i lozim.

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2011).

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.