«Ommaviy madaniyat» G‘arb dunyosida o‘tgan asrning ikkinchi yarmida shakllandi. Uni G‘arbda «populyar» yoki qisqartirilgan holda, «pop-kultura» (ya'ni «ommaviy madaniyat») deb atashadi. Garchi «madaniyat» deb atalsa-da, aslida, tub mazmun-ma'nosiga, maqsad-niyatiga ko‘ra «ommaviy madaniyat» chinakam madaniyatning kushandasidir.
Mutaxassislar (faylasuf va sotsiolog olimlar)ning fikricha, hali ilm-fanda «antikultura» («g‘ayrimadaniyat») degan ilmiy tushuncha shakllanmaganligi uchun «Pop (ommaviy) madaniyat» tushunchasi, nochorlikdan qo‘llanilmoqda. Chunki, «ommaviy madaniyat», aslida madaniyatsizlik, ya'ni ma'naviyatsizlik va axloqsizlik sinonimidir. «Ommaviy madaniyat» shu boisdan, eng avvalo, yuksak iste'dod va o‘lmas ma'naviy-axloqiy g‘oyalar bayroqdori bo‘lgan mumtoz madaniyatga, san'atga, uning boyliklariga qarshi tish-tirnog‘i bilan kurashib, uni inkor etib kelyapti. G‘arb dunyosining o‘zidagi faylasuflar, sotsiolog olimlar, «Bizga «To‘qqizinchi simfoniya» (Betxoven) kerak emas!» yoki «Mona Liza»ni loyga qorishtiramiz!» kabi jaholatparastlikka asoslangan xitoblar «ommaviy madaniyat» tarafdorlari va muxlislarining dasturiy qarashlari negizini tashkil etadi, deb yozadilar.
Taassufli jihati shundaki, gohida g‘oyatda iste'dodli insonlar ham «ommaviy madaniyat» targ‘ibotchilarining qutqusiga uchrab, uning tegirmoniga suv quymoqda. Masalan, rassom Salvador Dali Leonardo da Vinchining «Mona Liza» («Jakonda») asarini kulgi qilib, Mona Liza lablari ustiga mo‘ylov chizgan va «Mo‘ylovli Jakonda» asarini yaratgan. Tadqiqotchilarning fikricha, mana shunday «achchiq istehzoli, qora mazmunli kulgi» - «ommaviy madaniyat» faoliyatining eng yetakchi belgilaridan biridir. «Ommaviy madaniyat» namoyandalari qora, zaharxanda, behayo kulguni «isyon ifodasi» deb bilishadi. «Nimaga qarshi isyon» degan savol tug‘iladi. Agar «pop-madaniyat» dunyoga «ehson» etayotgan «pop-art» («tasviriy san'at» desa ham bo‘ladi), «pop-muzika», «pop-adabiyot» natijalariga qarab hukm yuritadigan bo‘lsak, ular insoniyat yaratgan barcha qadriyatlarni isyonkorlik bilan inkor etadi: yuksak madaniyatni, ma'naviyatni, axloqni, yuksak orzu-maqsadlarni mensimaydi... Ular uchun ezgulikning o‘zi yo‘q. Jumladan, san'at - alohida iste'dodlar tomonidan yaratiladigan ma'naviy boylik, mo‘'jiza ekanligi kabi ijodning oliy mezonlari «pop-madaniyat» tarafdorlarining o‘ta darajada g‘ashini keltiradi. Ularcha, hamma san'atkor bo‘lishi mumkin. Hamma narsa san'at atalishi mumkin. «Pop-art» - ommaviy san'at shu xulosa manbaida vujudga kelgan.
Chunonchi, «ommaviy madaniyat» namoyandalaridan biri Karl Manning fikricha, atrof-borliqda, maishiy hayotda mavjud barcha narsalar (masalan, konserva bankalari, siniq tish cho‘tkalari, mashina, vodoprovod kabilarning zanglagan bo‘laklari, turli suratlar, jurnal-gazeta qiyqimlari ham) hayot bag‘ridan alohida ajratilib, ularga muayyan tartib berilib, odamlar nazariga tutilsa, bu oddiy chiqindilar baayni arxeologik qazilmalar chog‘ida topilgan qadimgi yunonlar davriga xos osori atiqalarday o‘zgacha ahamiyat kasb etib, «san'at, madaniyat namunalari» qatoridan o‘rin olar emish.
«Pop-art»chilarning dasturiy qarashi shundayki, ular insonni emas, aksincha, narsalar va buyumlarni e'zozlashadi; ma'naviy dunyoni emas, maishiy-iste'molchilik his-tuyg‘ularini qadrlaydilar va ularni keng ommalashtirishga intiladilar. Ularning ma'naviy pozitsiyasi - ma'naviyatni o‘ldirish va «narsalarga qullik»ni rag‘batlantirishdir. Amerikaning taniqli adibi R. Bredberi aytganidek, «ommaviy madaniyat» maktabidan o‘tgan avlod uchun hayotning ma'nosi - avtomobil, televizor, muzlatkichga ega bo‘lish. Agar televizor ikkita bo‘lsa, ularga shuncha yaxshi.
* * *
«Ommaviy madaniyat»da «Pop (ommaviy)-muzika» alohida o‘rin tutadi. «Pop-muzika»ni «Yangi rok» belgilaydi. «Yangi rok», ta'bir joiz bo‘lsa, kuchaytirilgan ritmik tuzilmali musiqadir. Ya'ni jazavali ritm, zarb, shovqin ushbu musiqaning qiyofasidir. Bu musiqa tinglashga, qalbdan huzurlanishga emas, balki vujud harakatiga, talvasali raqsga yo‘naltirilgan. «Ommaviy madaniyat»dagi texnik-ijro vositalari musiqa imkoniyatlarini nihoyatda toraytirmoqda, polifonizm - musiqiy sadolar boyligi va rang-barangligini yo‘qqa chiqarmoqda.
Umuman aytganda, «pop-muzika» ijrochiligi ko‘ngilochar musiqa niqobi ostida ommaviy vasvasali, shaytoniy talvasali, badaxloq raqslar, ko‘pincha oxiri janjal, ur-yiqit, vahshiyliklarga borib yetadigan agressiv diskoteka shoularini uyushtirish bilan ajralib turadi. 1970 yilda Kaliforniyaning Altamonte shahrida bo‘lgan musiqa festivalida o‘zini «pop-muzika» qiroli hisoblaydigan «Rolling Stounz» («Aylanayotgan tosh») guruhi kontserti ana shunday ur-yiqitlar bilan tugab, politsiya bu mojaro oqibatlari bilan uzoq muddat shug‘ullanishiga to‘g‘ri kelgan edi. «Pop-muzika» namoyandalari o‘z «ommaviy»liklarini ta'kidlash uchun sahnadagi xatti-harakatlari va kiyim-liboslari namoyishida ham - odob-axloq, jamiyatga ehtirom tuyg‘ularini rad etib - asosan ko‘cha, olomonchilik qonun-qoidalariga amal qiladilar. Va o‘zlarining kulguli darajada ajralib turadigan shunday raftorlaridan faxrlanadilar. Afsuslanarli tomoni shundaki, bunday holatlarni «pop-muzika»chilar san'atdagi demokratizmning, xalqchillikning tantanasi, deb bilishadi.
Aslida, ularning sahnada o‘zlarini bezorilarday tutishi san'atni va san'atkorlikni yerga uradi. Bu esa hayron qolarli emas: chunki asl san'atni yerga urish - «Ommaviy madaniyat»ning dasturiy, ya'ni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan vazifalaridan biridir.
«Pop-muzika» namoyandalari ijro etadigan qo‘shiq matnlari esa, avvalo, she'riyatning oddiy talablariga javob bermaydi yoki ular ko‘proq ko‘chada mavjud behayo, jargon iboralarga - qadriyatlarni, insoniy ezguliklarni kinoya, mazax qiladigan so‘zlarga asoslangan. Xullas, erkinlik, demokratiya «namunalari» deb tavsiya etilayotgan «pop-muzika» matnlari bilan haqiqiy she'riyat hamda asl xalqchil did, sog‘lom ruhiyat, ma'naviyat o‘rtasida yer bilan osmoncha farq bor.
* * *
1964 yilda AQShda T.Sazern va M.Xoffenberg degan ikki muallif hamkorlikda yozishgan «Kendi» («Asal qiz») nomli romanini nashrdan chiqarishdi. Keyinchalik bu kitob qayta va qayta, katta miqdorlarda amerikalik kitobxonlarga taqdim etildi. Ushbu roman asosida yaratilgan kinofilm kinotomosha bozorida keng tarqaldi. «Kendi» qahramoni, «Asal qiz» deb ta'riflangan juvon duch kelgan odam bilan to‘shakda aysh-ishrat qilishdan charchamaydi. Uning ishqibozlari - turli diniy va siyosiy qarashli shaxslardir. «Kendi» romani Amerika adabiyotida shakllangan va keng tarqalgan romantik tabiatli, shirin va go‘zal o‘y-xayollarga beriluvchan qizlar timsolini keskin hajv qiladi, ularning ustidan kuladi. Badiiy mahorat talablaridan ancha pastda turadigan, ammo «ko‘ngilochar»lik mavzui muxlislarini oshufta etgan bu kitobga AQSh adabiyotshunoslari: «Madaniy tanazzulda oldinga qarab qo‘yilgan ulkan qadam», deya kinoya bilan baho berishdi.
Xuddi shu kitob bilan ayni bir vaqtda AQShda Jon Rechi ismli yozuvchining «Tungi shahar» nomli romani chop etildi. Kitob sahifalarida shahardagi tun - jinoyatlar bazmiga aylanadi, inson shaxsi va uning qadri esa mis chaqaga arzimaydi. Bu roman «tubanlik va qabohat - inson tabiatini belgilovchi haqiqatdir», degan g‘oyani tasdiqlash uchun bitilgan.
Biz nega bu ikki romanni esladik? Aynan, ana shu kitoblar va ular asosida yaratilgan filmlar - g‘arbdagi «ommaviy madaniyat»ning adabiyotdagi, televidenie va kinodagi yo‘lini belgilab berdi. Intim munosabatlar, shahvatparastlik, zo‘ravonlik, xudbinlik, «Kim kuchli bo‘lsa - o‘sha haq» degan changalzorlar qonunini poetiklashtirish AQSh va Yevropa «ommaviy madaniyat»ida mana shunday asarlar ta'sirida keng ommalashdi. Agar ayrim G‘arb davlatlarida erkak bilan erkak, ayol bilan ayol o‘rtasidagi nikoh - hayratlanarli hodisa bo‘lmay qolayotganligi nazar tutilsa, «ommaviy madaniyat» targ‘ib etayotgan ma'naviy tubanliklar, behayoliklar, qabohatlar naqadar chuqurlashib ketganligini tasavvur etish qiyin emas.
Shu o‘rinda zarur bir izoh: «pop (ommaviy) madaniyat»ning namoyandalari va targ‘ibotchilari «pop-adabiyot»ni unchalik tan olishmaydi. Ularning fikricha «adabiyot - bu so‘z san'ati» degani. «Pop (ommaviy) madaniyat» esa san'atga, jumladan, «so‘z san'ati»ga qarshi. Aniqrog‘i, «san'atsiz so‘z», ya'ni yovvoyi, dag‘al, tarbiya, axloqni xush ko‘rmaydigan «ko‘cha so‘zlari»ga moyil. Biroq, ular xohlaydimi-yo‘qmi, aynan G‘arb olamida bemaza qovunning urug‘iday ko‘payib, tomir otayotgan «ommaviy madaniyat» ta'sirida «Pop (ommaviy) adabiyot» ham tug‘ilyapti. Va bu «adabiyot» «ommaviy madaniyat»ning tuban g‘oyalari targ‘ibotiga xizmat qilmoqda.
* * *
«Ommaviy madaniyat» ko‘pdan-ko‘p shakllarda o‘zini namoyon etadi. Kitch (zarracha badiiy-estetik qimmatga ega bo‘lmagan narsa va buyumlarga yuksak andoza tusini berish), komiks (tagiga qisqa matn yoki luqmalar bitilgan behayo matbaa - rasm mahsulotlari), starizm (sub'ektiv ehtiroslarga berilgan holda, estrada artistlari, aktyorlar, sportchilar, telediktorlarni ilohiylashtirish), xeppining (avvaldan rejalashtirilmagan, nogahonda uyushtiriladigan «keskin» tomoshalar, masalan, royal, pianino yoki avtomobillarni urib abjag‘ini chiqarish yoxud o‘t qo‘yish orqali vahshiyona, ommaviy «ko‘ngil ochish»lar uyushtirish) «ommaviy madaniyat»ning ayrim ko‘rinishlaridir.
* * *
Yuqorida biz G‘arbda «ommaviy madaniyat»ning tarixi, tug‘ilish manbalari to‘g‘risida so‘zladik. Hozir-chi? Hozirga kelib esa bu tamoyillar yanada g‘ovlab, tomir otyapti. Masalan, «pop-muzika»ga xos o‘sha ritmik «bit» (zarb), qo‘shiq niqobidagi alahsirash, valdirashga yaqin didsiz «repp»lar ta'siri dunyo miqyosida tarqalib, milliy mumtoz va xalq musiqa san'atidan odamzotni uzoqlashtirmoqda. G‘arb davlatlarining ayrimlarida «ommaviy madaniyat» tarqatayotgan «pornografiya» (sharmsizlik, hayosizlik) hamda sadizm (zo‘ravonlik) targ‘iboti yo‘lidagi g‘ovlar, qarangki, sud qarorlari asosida, birin-ketin olib tashlanayapti. Hatto AQSh maktablarida «Yangi rok» musiqalari o‘quv dasturlariga kiritilgan...
«Ommaviy madaniyat» maktabining «natijalari» esa yaqqol ko‘rinib turibdi. Masalan, AQShning ayrim maktablarida sodir etilayotgan portlashlar, bolalarning savdoyi, vas-vos kimsalar qo‘lida qurbon bo‘layotgani, yoshlar fe'lida kuchayib borayotgan agressivlik jahon ommaviy-axborot vositalari orqali hammaga ma'lum. «Ekkaningni o‘rasan» deb shunga aytsalar kerak-da.
Afsuski, yer yuzidagi axborot almashinuvi mislsiz tezlashgan hozirgi globalizm sharoitida, G‘arbdagi «markazlar» bundan foydalanib, boshqa davlatlar va xalqlar o‘rtasida G‘arb hayoti «jozibalari»ni, jumladan, «ommaviy madaniyat» ta'sirini «erkinlik shabadalari» tarzida imkon qadar keng yoyishga yeng shimarib harakat qilmoqdalar.
AQShning taniqli siyosatshunosi Zbignev Bjezinskiy shunday yozadi: «...Madaniyat sohasida Amerika jahon yoshlari orasida alohida jozibadorligi bilan ajralib turadi. Bu esa AQShga jahonning hech bir davlatiga nasib qilmagan siyosiy ta'sirni ta'minlaydi. Ayniqsa, Amerikaning televizion dasturlari va filmlari jahon bozorining to‘rtdan uch qismini egallaydi. Uning ommabop musiqasi, amerikaliklarning qiziqishlari, ovqatlanishlaridagi odatlari va hatto, kiyinishlariga butun dunyoda taqlid qiladilar». AQSh siyosati va mafkurasi namoyandalari o‘z mamlakatlari manfaati, siyosati va turmush tarzini faqat kitoblar, publitsistik chiqishlar orqali targ‘ib etish bilan cheklanib qolayotganlari yo‘q. Dunyo xalqlarini «g‘arblashtirish»-ga urinishlar quroli sifatida, masalan, «ommaviy madaniyat» vositalaridan, turli-tuman axborot tarqatish (reklama, matbuot, kino, televidenie kabi) yo‘llaridan zo‘r berib foydalanilmoqda.
* * *
Albatta, xalqimiz, jumladan, yosh avlod g‘arb fan-texnikasi, madaniyati, adabiyotu san'atining ilg‘or jihatlarini inkor etmaydi. Biroq g‘arbdagi taraqqiyparvar ziyolilarning o‘zi «g‘arbning muammosi» sifatida baholayotgan «ommaviy madaniyat»ning ma'naviy-axloqiy tubanliklarini yoshlarimiz qancha tez anglasa, shuncha yaxshi.
To‘g‘ri, biz demokratiya davrida yashayapmiz. Jamiyatimizda qiziqish va mayllarga hurmat bilan qaraladi. Ammo xatarli qiziqish va mayllardan davlat va jamiyat o‘zini himoya qilishi lozim. Buning uchun esa, eng avvalo, reklama va ommaviy axborot vositalari to‘g‘risidagi davlatimiz qonunlarining talablari qat'iy bajarilishi kerak. Ya'ni «reklama»chilar va jurnalistlar davlatimiz, jamiyatimiz xavfsizligiga (jumladan, xalqni, yoshlarni ma'naviy aynitishga olib keladigan holatlarga) yo‘l qo‘ymasliklari kerak. Afsuski, bunday holatlar yuz berayapti.
Qolaversa, dunyoqarash tarbiyasi imkoniyatlarini rivojlantirishimiz lozim. Masalan, «Ogohlik» iborasining ma'nolarini bugungi zamon sharoitidan kelib chiqib, ancha keng miqyosda tushunishimizga to‘g‘ri keladi. Ya'ni bugungi ogohlik xalqimiz, ayniqsa, yoshlar dilini, ruhiyatini, aql-idroki va umuman ma'naviyatini diniy-aqidaparastlik, jaholatparastliklar xataridan tashqari, ayni paytda, jahonda yuz berayotgan siyosiy, mafkuraviy, ijtimoiy, iqtisodiy, ma'naviy va estetik manfaatlar yo‘nalishidagi oshkora va xufya kurashlarning keng miqyosdagi xatarli jihatlaridan, jumladan, «ommaviy madaniyat»ning yemiruvchi ta'siridan muhofaza qilishni ham o‘z ichiga oladi. Iloji bo‘lsa, mamlakatimiz ta'lim tizimining - maktablardan tortib to oliy ta'lim muassasalarigacha bo‘lgan barcha bosqichlari o‘quv dasturlariga ana shunday keng, yuksak malakali, ilg‘or zamonaviy, ma'no-mazmunli, maxsus «Ogohlik» darslarini kiritish maqsadga muvofiqdir. Bu o‘ylab ko‘riladigan muhim va jiddiy masaladir.
Mixli Safarov
“Ma'rifat” gazetasidan olindi.