Hozir internet-kafelar qo‘ziqorindek ko‘payib ketgan. Kechki payt. Qo‘yliq bozori yaqinidagi “geymer”lar to‘planadigan ana shunday kompyuter o‘yingohlarining oldi gavjumroq. Kutilmaganda baqir-chaqir avjiga mindi. Keyin ma’lum bo‘lishicha, janjal kompyuter o‘yinlari bois chiqqan ekan. Ikki guruh bo‘lib o‘ynagan yigitlarning yutqazib qo‘ygan tomoni alamiga chiday olmay, to‘polon ko‘targan.
Xullas, og‘zidan bodi kirib shodi chiqayotgan bolalar orasida qizlarni ham ko‘rib yurak-bag‘ring achishib ketadi. Ommaviy madaniyat niqobi ostida bunday o‘yinlarni keng yoyayotganlarning asl muddaolari ham yoshlarni sovuqqon, hech narsadan tap tortmaydigan shafqatsiz insonga aylantirib qo‘yishdan iborat ekanligi endilikda sir bo‘lmay qoldi.
XXI asrni “kompyuter texnologiyalari asri”, “tezlik asri”, “texnika asri”, “internet asri” deyishadi. Ammo, afsuski, bu asr ma’naviy xurujlar asri ham bo‘layapti. Bu xurujlar insonga ruhan ta’sir etuvchi vositalar orqali olib borilayotgani sir emas.
— Kompyuter o‘yinlari bugunga kelib, bolalarning ajralmas mashg‘ulotiga aylandi, — deydi ruhshunos Sardor Farmonov. – Ayrim yoshlarning darsdan keyin yoki mashg‘ulotlardan qochib bo‘lsa ham boradigan joylari – kompyuter o‘yinxonalari bo‘lib qolgan. E’tibor berganmisiz, farzandlaringiz o‘ynayotgan o‘yinlarning qahramonlari doimo otishma yoki bir-birini quvish bilan band bo‘ladi. Bu esa o‘z-o‘zidan bola ongiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Virtual o‘yinning qahramoni uning yaqin kishisiga aylanadi. Turli xil janglardan va qiyinchiliklardan, “yaqin kishi”sini tirik olib o‘tish uchun bola qanchadan-qancha “qon to‘kadi”, qanchadan-qancha shafqatsizliklar qiladi. To‘g‘ri, bularning bari virtual olamda sodir bo‘lyapti, lekin keyinchalik mana shu bolaning hech narsadan tap tortmaydigan, sovuqqon, beshafqat insonga aylanib qolishi hech gap emas. Kompyuter o‘yinlari, ayniqsa, 10-18 yoshli bolalar va o‘smirlar ongiga noxush ta’sir ko‘rsatishini mutaxassislar allaqachon aniqlashgan.
Dunyoga mashhur “Gollivud” kinosanoati haqida eshitgansiz. Ana shu gollivudlik kinoustalar tomonidan suratga olingan birgina “Burilish u yerda emas” kartinasining umumiy byudjeti 48 million AQSh dollariga teng. Juda qisqa muddatda, ya’ni olti oy orasida ushbu film yig‘ib olgan jami mablag‘ esa 901 million AQSh dollariga teng ekan. Bu bittagina filmning daromadi. Gollivudda bir yilda kamida yuzdan ziyod film suratga olinadi. Endi ularning baridan keladigan daromadni bir tasavvur qiling-a! 2011 yil hisob-kitoblariga ko‘ra, kompyuter o‘yinlari ortidan kelgan daromad Gollivud kinosanoatini ham ortda qoldirgan. Xo‘sh, nimaning hisobiga? Bolalarimizning qiziqishlari, yanayam aniqrog‘i, ularning qimmatli vaqti o‘g‘irlanganiyu ma’naviyatining aynishi hisobiga.
Sizdan ancha uzoqda joylashgan to‘yxonada biror yaqiningiz to‘y qilsa, albatta, borasiz. Erinmasdan, bazm uchun alohida tayyorgarlik ko‘rasiz. Lekin bolangiz har kuni borishni kanda qilmayotgan internet-kafega bir marta bo‘lsa-da bosh suqmaysiz. U yerda bolalar nima qilishadi, qanday mavzularda suhbatlashishadi, bexabarsiz.
— Internet-kafe yoki kompyuter klublaridagi shovqin-suronlar, so‘kinishlar, u yerdagi havoning iflosligi va texnikalar tarqatayotgan ko‘rinmas to‘lqinlar bolaning asab tizimiga juda katta shikast yetkazadi, — deydi shifokor Saidakbar Eshonturdiyev. – Kompyuterxonalarga tanda qo‘yishni odat qilgan bola ulg‘aygani sayin odamovi, asabiy, qo‘pol, qahri qattiq bo‘la boradi. Bunday bolalarning qo‘li titraydi, boshi tez-tez og‘riydi, ovqat hazm qilish tizimi buziladi. Biroq shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi o‘yinlarning bolaga yetkazadigan ma’naviy zarari bundan bir necha barobar ko‘proq.
Xo‘sh, bolalar o‘ynaydigan o‘yinlar qanday nomlanadi? Agar siz ham ushbu o‘yinlarning nomini bilib va hatto yodlab olsangiz, tabiiyki, ularga kompyuter oldida soatlab o‘tirishga ruxsat bermaysiz.
ACTION Game’s tasnifiga kiruvchi o‘yinlar. Bu turdagi o‘yinlar otishmalarga, portlash va turli ur-yiqitlarga boy. Undagi qahramonlar boshqalariga qaraganda kuchli, har tomonlama “etuk”, og‘zi shaloq, ichkilikka moyil, bezori personajlardir. “Counter-Strike”, “Bad Boys”, “The Godfather”, “Hitman” kabi o‘yinlar ham ana shu turga kiradi. Bularning ichida, ayniqsa, bir necha yillardan buyon katta qiziqish bilan o‘ynab kelinayotgan va turli xil ko‘rinishlarga ega bo‘lgan “GTA” deb nomlangan o‘yinni “bezorilik kitobi” desa bo‘ladi. Qamoqdan chiqqan kallakesarning qabohatga to‘la hayoti ko‘rsatib berilgan bu o‘yinni, hatto 7-8 yashar bola ham qiynalmasdan bemalol o‘ynaydi va behayo, bezori “qahramon”ning jinoiy ishlariga ko‘maklashadi. Bu o‘yin yosh bolalarning ongini zaharlash uchun yaratuvchilar tomonidan ataylab dasturlangan.
Speed Game’stoifasiga kiruvchi o‘yinlar avtotransportlar poygasidan iborat. Bu o‘yinlar bir qarashda oddiy poygadan iboratdek tuyulsa-da, aslida ana shu poygalarda bo‘layotgan avariyalar, ularda tezlikka intilish, qonun posbonlariga bo‘ysunmaslik va qoidabuzarliklarni “qahramonlik” tarzida ko‘rsatilishi bu turdagi o‘yinlarni o‘ynayotgan bolani real hayotda ham shunday ishlarni takrorlab ko‘rishga undashi mumkin.
Patriot Game’s.Bu toifaga kiruvchi o‘yinlar bir qarashda vatanparvarlik ruhi singdirilgan o‘yinlarga o‘xshaydi. Lekin, afsuski, siz u yerda boshqa yurt fuqarosi sifatida jangga kirasiz va turli mamlakatlarda urush harakatlarini olib borasiz. Bu boladagi vatan tuyg‘usi so‘ndirilishiga, va unda “kosmopolitizm”ning shakllanishiga olib keladi. Bu o‘yinlar o‘ta xavfli. Ulardan eng ta’siri kuchlilari “CALL of DUTE”, ”MEDAL of HONOR”, ”The LINE” kabilardir.
Savol tug‘iladi. Farzandlarimizni bunday o‘yinlar changalidan xalos etmoq uchun nima qilmoq kerak?
Bu kabi salbiy illatlarning oldini olish maqsadida yoshlarni nosog‘lom axborotlardan himoya qilish mexanizmi ishlab chiqilgan. “Yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to‘g‘risida”gi Qonunda yoshlar orasida shafqatsizlik, hayosizlik va zo‘ravonlikni tashviq qilishga qaratilgan har qanday xatti-harakatlar ma’n etilishi, “Bola xuquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunda esa zo‘ravonlikni, shafqatsizlikni va pornografiya mahsulotlarini namoyish etuvchi, inson qadr-qimmatini yerga uruvchi, bolalarga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi va qonunni buzish kabi xunuk ishlarga olib keluvchi vositalardan foydalanish, shu kabi manbalarni tarqatish qat’iyan taqiqlanishi belgilab qo‘yilgan.
Aniq misollarga e’tibor beradigan bo‘lsak, o‘tgan yil bojxona va ichki ishlar xodimlari tomonidan ikki yuzdan oshiq noqununiy holatlar aniqlanib, to‘qqiz mingdan ziyod chetdan keltirilayotgan litsenziyasiz disklar qo‘lga olingan. Bojxona xodimlari sa’y-harakati bilan shunday disklarning olib kirilishi qattiq nazorat qilinayotganiga qaramay, bunday o‘yinlar ko‘chirib yozilgan disklar turli yo‘llar bilan hududimizda tarqalmoqda. Kontrabanda yo‘li bilan kiradigan mahsulotlardan farqli o‘laroq, bu kabi tovarlarni urchitish osonroq. Gapimizni misollar orqali davom ettirsak, bugun bozorlarda, odamlar gavjum joylarda sotilayotgan disklar orasidan ana shunday o‘yinlarning yuzlab turini uchratish mumkin. Disklarning bahosi esa ikki yarim-uch ming so‘m. Ya’ni, ana shunday o‘yingoh ochayotgan “tadbirkor” uchun bunga o‘xshash disklardan o‘n-o‘n beshtasini olib, kompyuterlarga o‘rnatishning hech qanday mushkul joyi yo‘q. Kompyuter o‘yinxonalarining egalari mo‘may pul evaziga bolalarga disklarni to‘ldirib, ana shunday o‘yinlarni yozib ham berishadi. O‘z navbatida, bolalar ham ularning nusxalarini ko‘paytirib pullashadi. Xullas, bu shunday zanjirki, ahamiyat berib qaralmasa, tabiiy bir holdek tuyuladi. Uni uzib tashlash uchun, zanjirning har bir xalqasini sinchkovlik bilan o‘rganmoq zarur. Ya’ni bolalarga salbiy ta’sir o‘tkazuvchi xatti-harakatlarning oldini olish uchun hudud profilaktika inspektorlari hamda mahallalar qoshida tashkil qilingan yoshlar bilan ishlash komissiyasining a’zolari ana shunday kompyuter o‘yingohlarini tez-tez nazorat qilib turishi, maxsus reydlar uyushtirishi lozim. Shundagina qonunbuzarlarni aniqlash, tegishli choralarni qo‘llash mumkin bo‘ladi.
— Ilgarilari internet-kafelarning faoliyati ertalabgacha davom etardi, — deydi Chilonzor tumani Katta xirmontepa mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Baxtiyor Husanov. — Aniqlanishicha, ushbu maskanlarda eshiklar ichkaridan yopilib, yashirincha faoliyat olib borilar ekan. O‘tkazilgan reydlar natijasida ana shunday o‘yingohlar faoliyatiga chek qo‘yilib, ish vaqti tungi yigirma uchgacha qilib belgilandi. Soat tungi yigirma birdan keyin esa voyaga yetmagan bolalarning bunday joylarga kirishi ta’qiqlanadi.
— Biz har oy mahalla faollari bilan hamkorlikda internet- kafelarda taftish o‘tkazib boramiz, — deydi Chilonzor tumani IIB profilaktika inspektori, leytenant Dilmurod Ergashev. — Bundan tashqari voyaga yetmagan yoshlarning, asosan maktab o‘quvchilarining dars paytida ana shunday joyga bormasliklarini qattiq nazoratga olganmiz. Agar bolalar taqiqlangan o‘yinlarni o‘ynayotgani yoki filmlarni ko‘rayotganini aniqlasak, avvalo, ushbu internet-kafe egalarini javobgarlikka tortamiz. Qolaversa, ayni paytda ota-onalar, maktab o‘qituvchilarini yig‘ib targ‘ibot-tashviqot ishlari ham olib borayapmiz.
XXI asrning shiddati tez, sho‘xlik qoni mavj urib turgan bolakaylar esa yangilikka va g‘aroyibotlarga o‘ch. Tabiiyki, bu holat ularni kompyuter o‘yinlari tomon yetaklaydi. Demak, o‘z-o‘zidan milliy ruhda tayyorlangan, xalq og‘zaki ijodi obrazlari yoki ertak qahramonlari qatnashgan o‘yinlarni ko‘proq yaratishga ehtiyoj seziladi. Vatanimiz tarixidan so‘zlovchi o‘yinlar esa bolalar bilimini oshirish bilan bir qatorda, ularda Vatanga muhabbat tuyg‘usini ham tarbiyalaydi. Turli xil topishmoq va aqliy o‘yinlar ham ular uchun koni foyda. Faqatgina ushbu o‘tgan o‘yinlarni mukammal, qiziqarli qilib ishlash lozim. Buning uchun esa mutaxassislar va texnologiyalar yetarli.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 21-sonidan olindi.