Aslida ushbu texnologik jamiyatda insonlarga foyda keltirish uchun yaratilgan buyumlar ayrim paytlarda muammo keltirib chiqaruvchi omilga ham aylanib qolayotganday, go‘yo. Darsda biroz zerikkan o‘quvchi uchun "sotka"dan yaxshi ovunchoq yo‘q. O‘qituvchi o‘ziga-o‘zi gapiravermaydimi? Nima qilibdi, uy ishlaridan ortib, kechasi bilan dars rejasini tuzib kelgan bo‘lsa?! Telefondagi o‘yinlar, videokliplar, qo‘shiq va rasmlar matematika, geografiya yoki fizikaning «tushunarsiz» formula va masalalariga qaraganda qiziqarliroq...
Maktab o‘quvchilarining uyali aloqa vositasidan foydalanishi o‘qituvchilar uchun kattagina muammolarni yuzaga keltiryapti. Mobil aloqa tufayli o‘qituvchilar 45 daqiqaning asosiy qismini dars o‘tishga emas, zamonaviy texnologiyalarning domiga tushib qolgan o‘quvchilarning e'tiborini jamlash va auditoriyani tinchlantirish uchun sarflashga majbur. SMS orqali muallimlarning soch turmagi haqida fikr almashish, rasmga tushish, musiqa tinglash bilan ovora bo‘lgan bugunning maktab o‘quvchisi asosiy vazifasi bilim olish ekanligini ba'zan unutib ham qo‘yadi.
Bugun o‘qituvchilar dars davomida bir necha marotaba telefon "sadolari"ning jarang sochib o‘tishidan hayratlanmay qolgan, biroq...
- Tanaffusda doimo bir xil manzara: hamma bolalar bir joyga to‘planib, "sotka" haqida gaplashadi, telefonidagi rasmlari, qo‘shiqlarini ko‘z-ko‘z qiladi. Yoki bo‘lmasa, yo‘laklarda suhbatlashayotgan qizlarni ko‘rish mumkin. O‘zaro emas, hammasi o‘z telefonida. Bu bilan cheklanmagan o‘quvchilar dars vaqtida ham telefonini qo‘lidan qo‘ymaydi. Jazo tariqasida bir necha marta ularning "sotka"sini olib qo‘ydik, keyingi darsda esa, yana shu ahvol, - deydi Mirobod tumanidagi 175-maktabning tarix fani o‘qituvchisi Zamira Otaniyozova.
O‘quvchilar mobil aloqa vositasidan u aslida nima uchun kerakligini anglab yetmagan holda foydalanadilar. Bu haqda ulardan so‘raganimizda, bolalar telefondan ota-onasi bilan xabarlashib turish, musiqa eshitish, o‘yin o‘ynash uchun foydalanishlarini ta'kidladilar. Oddiy qilib aytganda, ular aloqa vositasidan navbatdagi o‘yinchoq sifatida foydalanishadi.
Sotsiologik tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatdiki, maktab o‘quvchisining qo‘lidagi uyali aloqa vositasi uni o‘qishdan faqat va faqat chalg‘itishi mumkin.
Noto‘g‘ri yondashuv tufayli qo‘l telefoni o‘quvchilar orasidagi madaniyatsizlik va yalqovlikning targ‘ibotchisiga aylanib qoldi. Qolaversa, ota-onalarning «g‘amxo‘rligi» bilan olib berish turli model va ko‘rinishlarda ishlab chiqarilayotgan bu "matoh" o‘quvchilar orasida tabaqalanishni yuzaga keltirmoqda.
Joriy yilda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligining Ma'naviy-axloqiy tarbiya boshqarmasi ta'lim muassasalarida uyali aloqa vositalaridan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi tavsiyalarni ishlab chiqdi. Unga ko‘ra, oliy o‘quv yurtlari va maktablarga kirayotganda xususiy mobil telefonni o‘chirib qo‘yish lozim, dars vaqtida undan foydalanish mumkin emas. Tartibni buzgan o‘quvchi maktab rahbariyati yoki pedagoglar tomonidan ikki marotaba ogohlantiriladi. Uchinchi yoki ikkinchi marta qo‘pol tarzda qoidaga rioya qilmagan o‘quvchining telefoni 2 nafar o‘qituvchi va o‘quvchi guvohligida olib qo‘yiladi. Ota-ona maktabga chaqirilib, chora ko‘rilganidan so‘nggina telefon egasiga qaytariladi.
Aytib o‘tish kerakki, uyali aloqadan foydalanish borasidagi cheklovlar bolalarning amaldagi qonun hujjatlari bilan kafolatlangan huquq va erkinliklariga zid kelmaydi.
Ko‘pgina maktablarda eshigiga "TELEFONDAN FOYDALANISH MUMKIN EMAS" deb yozilgan sinfxonalarni uchratish mumkin. Xo‘sh, bizda ko‘rilayotgan choralar qanday natija bermoqda?
- Maktabga qo‘l telefoni bilan kelgan o‘quvchi mashg‘ulotlar boshlanishidan oldin uni o‘qituvchisiga topshirib qo‘yadi. Darslar tugagach, telefon qaytarib beriladi. Bu vaqt oralig‘ida, qo‘ng‘iroqlarga o‘qituvchi javob berishi mumkin. Maktabimizda joriy qilingan ushbu tartib darslarning samaradorligi va xavfsizligiga ijobiy ta'sir qilmoqda, chunki endi o‘quvchilar "Onam telefon qilib chaqirib qoldi, uyga borishim kerak", degan bahonalar bilan kompyuter klublariga "qochib" keta olmaydi, - deydi Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 207-maktab o‘qituvchisi D.Azamatova.
Ammo, gap faqat maktab rahbariyati qo‘yayotgan talabda emasga o‘xshaydi.
- Ayrim katta yoshdagi odamlar telefondan foydalanish madaniyatini bilmagandan keyin, maktab o‘quvchilari nima qilsin? Hech qaysi ota-ona farzandiga yomonlikni ravo ko‘rmaydi, "sotka"ni ham yaxshi niyatda, nuridiydasidan xabar olib turish maqsadida olib beradi. Lekin, telefon orqali behayo filmlarni tomosha qilish, dars vaqtida "smslashib" o‘tirish, gaplashish kabi holatlar o‘quvchilar orasida ko‘p uchramoqda. Xo‘sh, farzandiga "sotka" olib bergan ota-ona bu haqda biladimi? O‘g‘il-qizining telefonidagi videokliplar yoki rasmlar bilan qiziqib ko‘rganmi? - ajablanadi Yunusobod tumanidagi 235-maktabning o‘zbek tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Saodat Zoidova.
Bolaning qo‘lidagi telefon go‘yoki uning ko‘rinmas tekshiruv ostiga olinganligini anglatadi. Ota-onalar farzandining mobil aloqadan foydalanishi - doimiy ravishda uning xolidan xabardor bo‘lib turishning yaxshi usuli deb hisoblaydilar. Vaholanki, ularning bu xayrixohliklari bolaning o‘qishiga tobora salbiy ta'sir ko‘rsatib borayotgani, sog‘lig‘i va undagi ayrim muammolarning yuzaga kelayotgani evaziga bo‘layotganini payqamay ham qoladilar. Ota-onalarning bu javobi shunchaki bahona, deydi psixologlar. Ota-ona ertalabdan farzandini maktabga jo‘natdimi, kun davomida uning qaerdaligini, albatta, biladi. Telefoni bor bola esa, internet-kafeda o‘tirib ham, "men maktabdaman" deb ota-onasiga yolg‘on axborot bermasligiga hech kim kafil bo‘la olmaydi. Bu holatni nazorat ostiga olingan nazoratsizlik deb ham atash mumkin.
6-sinf o‘quvchisining onasi Shohista Inog‘omova farzandidagi o‘zgarishlar haqida so‘zlab berdi: "Qizim telefon olib berishimni so‘rab xarxasha qilaverdi, hamma sinfdoshlarida bor emish. So‘nggi paytlarda u faqat telefoni bilan ovora, hatto darsini ham naushnikda musiqa tinglab tayyorlaydi. Dars jadvalini suratga tushirib olganini aytmaysizmi, uning aytishicha, bu surat kundalik vazifasini bajarar ekan. Telefon qo‘ng‘iroqlari ko‘pligidan qizim bilan kam muloqot qiladigan bo‘lib qoldik. Bu masala meni ko‘p o‘ylantirdi. Shundan so‘ng unga jazo sifatida telefondan foydalanishni taqiqlamoqchi bo‘ldim. Lekin, nazarimda, muammoni bu tarzda hal qilib bo‘lmas ekan".
Mamlakat va millat kelajagi uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan ushbu masala dunyo o‘qituvchilari va ta'lim sohasidagi boshqa mutaxassislarni ham tashvishga solib ulgurgan edi. world. kbs. com saytining ma'lumotlariga ko‘ra, Koreyaning Seul shahar kengashi boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga maktabda telefondan foydalanishni man etish arafasida. Garchi, o‘quvchilarning o‘zi bunga qarshi bo‘lsa ham. Aholi o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalari shuni ko‘rsatdiki, ota-onalarning 53,2 foizi kengash qarorini ma'qullagan bo‘lsa, qolgan 46,8 foizi farzandlarining telefonda gaplashishiga umuman qarshi emas. 77,9 foiz o‘qituvchi bolalarga maktab vaqtida qo‘l telefoni kerak emas, degan fikrni bildirgan. "Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari o‘zini to‘liq nazorat qila olmaydi. Kattalar qo‘l telefonini o‘chirib qo‘yib, zarur vaqtdagina undan foydalanadi, bolakaylarda esa, o‘yinlarga chalg‘ib ketish oqibatida darsga befarqlik bilan qarash holatlari kuzatilgan", - deydi qo‘l telefonini taqiqlash tarafdorlari.
So‘nggi paytlarda yaponiyalik bolalarning telefonda gaplashish imkoniyati tobora kamayib bormoqda. Umummilliy so‘rovnoma xulosasiga ko‘ra, mamlakat miqyosidagi 20527ta boshlang‘ich va 9936ta o‘rta maktabda telefondan foydalanish to‘liq yoki qisman man etilgan. Boshlang‘ich maktablarning 11636tasi, o‘rta maktablarning 5105tasida faqat ayrim hollarda (masalan, favqulodda ota-onaga qo‘ng‘iroq qilish holatda kerak bo‘lganda)gina telefondan foydalanishga ruxsat etilgan.
Joriy yilning 10 martidan boshlab yaqin qo‘shnimiz - Tojikistonning barcha umumta'lim maktablarida mobil aloqa vositalarini olib yurish hamda ulardan foydalanishni taqiqlash haqida qaror qabul qilindi (www.centrasia.ru). Unga amal qilmaganlar muqarrar jazo - jarimaga tortiladi.
Gretsiya, Ukraina va boshqa bir qancha mamlakatlarda ham telefonda tinmay so‘zlashuvchi o‘quvchilarga qarshi kurash choralari ishlab chiqilgan.
Tibbiyotchilarning aytishicha, uyali aloqadan muntazam ravishda 10 yil mobaynida foydalanish inson eshitish yo‘llarining saraton xastaligiga yo‘liqish ehtimolini 50-60 foizgacha oshirar ekan. Olimlar buni katta odamlar misolida o‘rgangan. Demak, yosh bolalarning to‘la rivojlanmagan organizmlarida bu kasalliklarga chalinish xavfi saqlanib qolaveradi.
Qolaversa, uzluksiz naushnikda eshitish quloqning eshitish qobiliyatining susayishiga, kichik shakldagi o‘yinlarni o‘ynash esa ko‘z ravshanligining pasayishiga, o‘yinlarning mavzusiga ko‘ra urushli vaziyatlarga duch kelaverish asabiylikka olib keladi.
Bolangiz qo‘lidagi sotka atalmish o‘yinchoqni o‘ynab bo‘lgach, bir kun kelib eskiradi, shunda u boshqa, o‘rtog‘inikiga o‘xshagan, ya'ni yanada qimmatrog‘ini olib berishingizni xohlab xarxasha qiladi. Eskisini tutgisi kelmay qoladi, siz esa nazoratni uzmaslik uchun yangisini olib berishga majbursiz. Afsus, u aytgani otning kallasiday narxda turibdi, keyingi oylikdan olib beraman, deb va'da berib qo‘ydingiz. Ungacha esa sotkasiz maktabga qatnadi, bora-bora bunga ko‘nikib ham qoldi. Dars tugagach vaqtida uyda bo‘ladi... Va'da qilingan muddat keldi. Faraz qiling, 35 nafar boladan iborat sinf. O‘qituvchi bolalarga tenglama yechishni o‘rgatayapti. Shu payt... "ES-EMEEES!!!!!!" hammaning xayoli o‘sha tovushda. Bir necha daqiqadan keyin boshqa o‘quvchining telefoni qo‘shiqchi Shahzodaning "Assalomu alaykum..." taronasi sadolari ostida jiringlaydi. Bunday sharoitda na dars o‘tish mumkin, na biror narsani o‘rganish. Bir so‘z bilan aytganda, maktabda uyali aloqa vositalaridan foydalanish ta'lim jarayoniga va o‘quvchilarning fanlarni o‘zlashtirishiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi.
Uyali aloqa kompaniyalarining o‘quvchilarga mo‘ljallangan tariflari OAV orqali tinimsiz ravishda reklama qilinyapti. Bu farzandingizning "sotka"ga bo‘lgan qiziqishini yanada kuchaytiradi. Yaratilgan "imtiyozlar" bolalarning huda-behudaga suhbatlashish, SMS orqali kerakli-keraksiz ma'lumotlar almashinish "imkoniyatlari"ni oshirmoqda. O‘ylab ko‘ring, siz uchun nima muhim, oila a'zolari o‘rtasidagi iliq munosabatlarni saqlab qolishmi yoki uyali aloqa kompaniyalarining manfaati?
O‘tayotgan har bir lahza g‘animat ekanligi, yoshlikda olingan bilim nega toshga o‘yilgan naqshga qiyoslanishini 14-15 yoshli bola tushunmas, balki. Lekin ota-ona muammoni anglashi, farzandi oldida mas'uliyatni his qilishi lozim. Bu mas'uliyat "sotka"ning qiymati bilan emas, bolaga bo‘lgan e'tibor, mehr-muhabbat bilan o‘lchanadi.
Shuncha gapdan keyin ham tarbiya va ta'lim berishdek muqaddas burchni telefonga topshirib qo‘yaveramizmi?
Visola Qarshiboyeva,
Muxlisa Mo‘minova,
«Ma’rifat» gazetasidan olindi.