OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Tanlov uchun yozadigan jurnalist

u kim - shuhratparastmi yoki buyurtmani bajaruvchi?

Turli bayramlarni bilamiz: Navro‘z, Xotira va qadrlash kuni, Ustoz va murabbiylar kuni... Yilda 2 marta jurnalistlarga bevosita aloqador bo‘lgan bayram ham nishonlanadi. Birinchisi - 3 may - Xalqaro so‘z erkinligi kuni, ikkinchisi - 27 iyun - Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni. Qarang-a, bir necha kasb bayramlarida dam olish kuni berilar ekanu, bu ikki bayram taqvimda qizil bilan ajratilmagan: bu kunlari doimgidek ishlayveramiz, o‘qiyveramiz. Juda to‘g‘ri qilingan-da shu ish! Agar dam berilganda ham foydasi bo‘lmasdi: jurnalist baribir ishlardi, uyda o‘tirsa ham maqola yozardi. Jurnalist e'tibortalab bo‘lguncha o‘zi biroz e'tiborliroq bo‘lgani maqqul.

Shunga qaramay, bizning jurnalistlarimiz "Bayramimda dam olmayman" deb hafa bo‘lmasalar ham bo‘ladi. Ayni shu payt tanlovlar, taqdirlashlar, tabriklashlar avjiga minadi. Muxbirlar "eng yaxshi jurnalist" (yoki shu kabi quvonarli ta'riflar egasi) deb topilgach, bir yillik charchoqlari chiqib ketadi, unga taqvimning qizil belgisi kerak bo‘lmay qoladi, aksincha, mukofot olgandan keyin yakshanba kuni ham  ishga borishga tayyor!

Bu tanlovning kuchi! Demak, tanlov, ayniqsa jurnalistlar uchun uyushtiriladigan tanlovlar kerak! Ammo...

Hozir aytadigan gaplarim sizga biroz, balki anchagina, erish tuyulishi mumkin. Hayron bo‘lsangiz, hayron bo‘lmayman. Bu taklif ohangidagi fikrlarim bilan tanlovlarga qarshi chiqmoqchimasman, ular kerak, juda kerak. Shu bilan birga, ularni tashkillashtirishdagi bir qancha o‘zgartirishlar ham kerak.

Birinchi o‘rinda, tanlovga jurnalistlar tomonidan materiallar topshirilmasin! Biz o‘ylab yurgan tanlovning yozishga undashi faqat bir jihat xolos. Bu bilan ish bitmaydi. Gap yozishga undashda emas, qanday yozishga undashda. Tanlov va unda beriladigan mukofotlar ko‘paygani sari jurnalistlarimiz tanlov uchun yozadigan bo‘lib qolmoqdalar. Albatta, barcha tanlov qatnashchilari va g‘oliblarining maqsadini bunday bashorat qilomoqchimasman, tanlovga topshiradiganlar shartli ravishda 2 ga bo‘linadi: birinchisi o‘z kasbiy faoliyati nuqtai nazaridan ishlaydi, yozadi. Bir kuni tanlov haqida e'lonni eshitgach, "Kel, maqolalarimni shunga topshirib ko‘raychi, ortiqcha mehnat talab qilinmas ekan - hammasi tayyor-ku, bir o‘zimni sinab ko‘ray, nima bo‘lsa bo‘ldi" deydi. Buning yomon joyi yo‘q. Ikkinchi guruhdagilar esa ishini birinchi guruhdagilar g‘olib bo‘lgandan keyin boshlaydi: "Demak, shu kabi maqolalar yozib g‘olib bo‘lish mumkin, yaxshi, sovg‘alik bo‘lib qolar ekanman. Yana, nom qozonaman! Darvoqe, hakamlar hay'ati a'zolari kim ekan? Bo‘ldi, bu odamga qanday maqolalar yoqishini bilaman. Yozish kerak, yozish!".

Shu tariqa jurnalistimiz mashhur bo‘lish kalavasining uchini topib oldilar. Biror bir nominatsiyani ko‘zlab unga mos maqolalarni yozadilar, sonini ko‘paytiradilar. Biz esa gazeta sotib olib, u yozgan maqolalarni o‘qiymiz. Homtama bo‘lmang, u siz uchun yozilmagan, tanlov uchun yozilgan. Sizga yoqish, sizga yoqadiganini yozish bilan  muhbirning ishi yo‘q, hakamlarga yoqsa bo‘ldi. Dunyoni suv bosmaydimi, bu yerda tanlov ketyapti. Vaqt oz, yaqinda muddat tugab qoladi, ungacha bir nimalar yozib ulgurish kerak, buning ustiga o‘ziga o‘xshagan raqobatchilari ko‘p, ular birinchi o‘rinni olib qo‘yishmasin. Mana, natijalar e'lon qilindi. Tabriklang, muhbirimiz g‘olib bo‘ldi, mukofot oldi. Sovg‘aga nima ekan? Xazilakam narsalar emas, diktofon, fotoapparat, mobil telefon, televizor... (u yog‘ini sanab havasingizni keltirmay qo‘yaqolay). Endi ularni gazethonlarga bo‘lib bersin, hech bo‘lmasa shuncha mushtariyga bir kundan ishlatish uchun bepul ijaraga bersin. Nega, deysizmi? Ahir insonlar bir nima toparman, deb uning maqolasi bor gazetani sotib olishdi-ku, u tanlovda yutsin deb bir yillik targ‘ibot maqolasiga chidashdi-ku!

Yana shunday jurnalistlar bor, o‘zi mukofotga loyiq bo‘lsa ham tanlovga materiallarini topshirmaydi. Kamtarlik qilib, buyuk nomlarni o‘ziga lozim topmaydi. Boshqa shovvoz esa g‘oliblikni olib ketadi. Shunda kuzatuvchilarda shubha uyg‘onadi: bundan ko‘ra u loyiqroq emasmidi? Nega bunga berishadi? Bilishmaydiki, hakamlar ham nisbatan baholab, taqdirlashga majbur bo‘lishgan - qatnashchilar ichida pichoqqa ilinadigani shu odam bo‘lgan.

Nima, kamtar buyugimiz qolib ketaveradimi? To‘g‘ri-da, "Yilning eng yaxshi jurnalisti", "Oltin qalam" kabi tanlovlarda ishtirok etish (hali g‘olib bo‘lish haqida gapirmayapmiz) "Men eng yaxshi jurnalistman, mening qalamim oltindan!" deyish bo‘ladi-da. Bu kim uchundir o‘ziga ishonch, kim uchundir nokamtarlik... Yana taqdirlash marosimlarida eshitib qolamiz: "Men tanlovda g‘olib bo‘laman deb hecham o‘ylamagandim. Chinakam e'tibor bu, aslida hali bunga tayyorman deb ham aytolmayman, endi loyiq bo‘lishga harakat qilaman, ishonchingizni oqlayman. Umuman kutilmagan natija bo‘ldi". Bekorlarni aytibdi! Tanlovga material topshirganining o‘zi "Men tayyorman, men loyiqman, men bo‘lg‘usi g‘olibman" degani bilan teng. Bo‘lmasa nega topshiradi, nega hayajon bilan natijalarni kutadi? Yo hakamlarni tekshirmoqchimidi? (boshqa mavzuga o‘tib ketyapmiz)

Hayron nigohlar bilan savol berishingiz mumkin. Tanlovga material topshirmasa, g‘olib qanday qilib aniqlanadi? Bu uchun ommaviy axborot vositalari monitoringini olib borish kerak, deb o‘ylayman. Bu hozir ham mavjud, faqat tanlov uchun foydalanilmaydi. Hakamlarning hamma gazeta-jurnallardagi maqolalarni birma-bir o‘qib chiqish imkoniyati kam, bu tabiiy. Ammo hech bo‘lmasa, gazeta orqali mushtariylarning mualliflar haqida fikrini bilish, eng ko‘p tilga olingan muhbirlarnigina monitoring qilish mumkindir? Iloji bo‘lsa, hakamlar a'zosi - gazetxonlar bo‘lishi kerak, shunda jurnalist ularga yoqadiganinni yozishga harakat qila boshlaydi.

Tanlov umuman e'lon qilinmasin! Monitoring olib borilaversin, saralangan jurnalistlar (ularning ichida tanlovda qatnashishga ishtiyoqi baland va umuman qatnashishni xohlamaydiganlar ham bo‘lishi mumkin) g‘olib deb topilgach e'lon qilinadi. Shunda so‘zga chiqib, "Kutilmagan natija" deyishsa ishonamiz. Xozir qanday? Sal kam bir yil oldin tanlov e'lon qilinadi, jurnalist shunga qarab harakat qila boshlaydi. Nega jurnalistni tanlovlar yozdirishi kerak? Uning ishi ham, vazifasi ham, burchi ham yozish-ku, axir! Tanlovga topshirish uchun harakat qilgandan ko‘ra harakat qilganlarini tanlovga topshirsin.

Yana bir masala, nominatsiyalarni puxtalash. "Islohotlarni yoritgani uchun", "Milliy g‘oya targ‘iboti uchun" kabilar qatorida muammoli va tanqidiy maqola mualliflariga ham keng o‘rin berish kerak. Balki shunda "tanlov uchun yozish" strategiyasi yaxshi tomonga ish berib qolar.

Bir necha kun davom etadigan seminar-treninglarda ko‘p kuzatganman: Tadbirning ochilish marosimida tanlov e'lon qilinadi. Sharti - shu 5-6 kunlik seminarni yoritish. Kechirasiz, bundan buyurtmali maqolaning isi kelmayaptimi, xolislikdan bong uruvchi jurnalistlar? G'oliblik istagida yonayotgan reporter faqat yaxshi tomonlarni ko‘rishga va yozishga harakat qilmaydimi?  Hakamlar hay'ati - tadbir tashkilotchilariga yoqish uchun targ‘ibot va maqtovlarga zo‘r bermaydimi?

Qo‘shilishingiz qiyin bo‘ladigan yana bir fikr. "Hechdan ko‘ra kech", "Aslida shu odam loyiq edi", "Hayot bo‘lganida yana ko‘p ishlarni qilardi", "Ruhi shod bo‘lsin" deb vafot etganlarni taqdirlashadi. To‘g‘ri, bizdan oldin ko‘p narsalarni bunyod etib ketganlarni doim eslash burchimiz, lekin uning tirik raqiblari nima derkin? Hazil qilib aytganda, boshqa eslamaydigan bo‘lib qolmasmikin. Yaxshisi, har kimni tirigida qadrlaylik, ko‘nglimizda borini vaqt g‘animatligida izhor qilaylik. Mayli, bu dunyoni tark etgan buyuk odamga hozirgi zamondoshlar tenglasha olmasin, ammo u qachon taqdirlanadi? Keyinchalik, kelajak insonlari loyiq topilmaganda, afsuski, vafot etganidami?

Tanlovlar kerak, hozirgidan-da ko‘p kerak. Ammo uning mazmun mohiyatini anglash, samarali yo‘lga qo‘yish birmuncha murakkab masala. Har holda, tanlov natijalari birgina jurnalistni quvontiradigan, uning foydasiga hal bo‘ladigan tadbirga aylanib qolmasa bo‘lgani.

Tanlanish uchun yozmang, vijdonan yozing, o‘shanda sizni ovora qilmay o‘zlari tanlab olishadi.

Durdona Alimova

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.