OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Zamonaviy dunyoda ma’naviyat yoxud globallashuv insonni tanazzulga boshlaydimi?

Ma'naviyat va uning mezoni

Nima uchun odamlar tanasidagi darddan qutilish uchun tabib bergan achchiq dorilarni ichadi-yu, lekin kimdir,  senda jaholat kasali bor ekan, bundan qutilish uchun quyidagilarni bajar, desa, bu ko‘rsatmalarga amal qilmaydi? Sababi oddiy, badandagi dard jonga azob beradi, shuning uchun odamlar undan qutilish uchun achchiq dorilarni qabul qiladi, kerak bo‘lsa, jismining tig‘ bilan yorilishiga ham rozi bo‘ladi. Jaholatning esa og‘riqlari sezilmaydi.

Uning ta'siri zimdan bo‘ladi. Odamni ichdan - tanasini emas, ruhiyatini yemiradi, natijada inson hayvoniy istaklar ketidan quvuvchi quruq jussaga aylanadi. Rostdan ham, agar biz faqat yeyish-ichish, shahvoniy nafsimizni qondirish va boshqa  shu kabi tanga rohat beruvchi ishlar uchungina yashasak, hayvondan nima farqimiz qoladi?

Endi o‘zingizga bir chetdan nazar soling. Nima uchun yashayapsiz? Bizni boshqa mavjudotlardan farqlaydigan yagona narsa biz har bir xatti-harakatimiz uchun mas'ulmiz, hayotga shunchaki yashash uchun kelmaganmiz, har birimizning o‘z vazifamiz, majburiyatlarimiz bor. To‘g‘ri, moddiy farovonlikni istash va unga ega bo‘lishning yomon joyi yo‘q. Har birimiz farovon va to‘q yashasak, qanday yaxshi. Lekin biz faqatgina yeyish uchun yashamaymiz. Ya'ni, boyligimiz, moddiy imkoniyatlarimiz ezgu orzu-maqsadlarimizni amalga oshirish vositasi bo‘lsin. Mana shu inson bo‘lib yashash maqsadi insonning ma'naviyatini belgilaydi. Demak, inson borki, unda ma'naviyat bo‘lmog‘i kerak.

Ma'naviyat - nisbiy tushuncha. U turli xalqlarda din, mahalliy urf-odat, til, madaniyat ta'siri bilan turlicha ko‘rinishda bo‘ladi. Chunki madaniyat ma'naviyatning ajralmas qismi, u esa rang-barangdir. Lekin butun xalqlar va elatlar uchun umumiy bo‘lgan ma'naviyat mezonlari bor. Ezgulik, insoniylik barcha dinlar va madaniyatlarda birday qadrlanadi. Yangi dunyo insoni qadami yetmagan olis Amazon o‘rmonlarida yashaydigan qabilalarda ham yaxshilik, ezgulik tushunchalari borki, ular ham bizdagi mezonlarning aynisidir.

Ma'naviyat xususiy holda inson va keng ma'noda davlat va jamiyat hayotida beqiyos ahamiyatga ega. Chunki ma'naviyatli inson hayoti ezgulikka boy bo‘ladi va bunday insondan davlat ham faqat naf ko‘radi. O‘zbekiston Milliy Entsiklopediyasida ma'naviyatli inson qiyofasi "Ma'naviyat" so‘zi izohida quyidagicha ta'riflangan: "Ma'naviyatli odam yashashdan maqsad nimaligini aniq biladi, umrini mazmunli o‘tkazish yo‘lini izlab topadi, muomala qilish madaniyatini egallaydi, har bir masalaga insof va adolat nuqtai nazaridan yondoshadi. Vijdon nima, yolg‘on va rost nima, or-nomus nima, halol va harom nima - bularning hammasini bir-biridan ajrata oladi, hayotda yomonlikka boshlovchi xatti-harakatlardan voz kechadi, yaxshilikka boshlovchi amallarni bajaradi" .

Demak, halol-pok bo‘lish, yomonlikdan qochib ezgu amallar qilishga shoshilish inson ma'naviyatini belgilovchi asosiy mezon ekan. Xuddi mana shu mezon tarozisiga o‘zimizni tortib ko‘rsak kimligimiz ma'lum bo‘ladi.

Globallashuv va ma'naviyat

Xalqimiz o‘tmishida ma'naviyati yuksak insonlar ko‘p bo‘lgani va bunday insonlar tomonidan ulkan ma'naviy boyliklar meros ekani sizga yaxshi ma'lum. Diniy-dunyoviy va ilmiy mavzularda yetuk asarlar bitgan bu zotlar ayni paytda shaxsiy hayotlarida ham yuqoridagi mezonga mos edilar.

Bugun-chi? Bugun ilmning ilgari egallash amrimahol bo‘lgan cho‘qqilarni zabt etayotgani da'vo qilinmoqda. Bu gapda haqiqat bor: taraqqiyot hozir inson hayotiga ko‘p farovonlik, yengillik keltirdi. Globallashuv* sabab keng jahon kichik bir qishloqqa aylandi. Iqtisodiy maqsad-manfaatlar dunyoning siyosiy chegara va to‘siqlaridan oshib o‘tib, jahonni bir xil qonunlar asosida ishlaydigan yagona bozorga birlashtirdi. Lekin taraqqiyot, ilm-fan qanchalik rivojlanayotgan bo‘lsa, shu bilan bab-barobar qarama-qarshi tomonga ma'naviy qadriyatlar tanazzulga yuz tutib boryapti. Chunki globallashuv keltirgan moddiy farovonlik, asosan, faqat tanga rohat berishga xizmat qilmoqda. Bugungi taraqqiyot bizga in'om etgan ne'matlar haqida bir o‘ylab ko‘ring. Kompyuter texnologiyalari, mass-mediya, sun'iy yo‘ldosh berayotgan imkoniyatlar, internet va hokazo. Bular mutaxassislar qo‘lida taraqqiyotni yanada jadallashtirishga xizmat qilayotgan bo‘lsa-da, ayni paytda oddiy avom xalq - ular foydalanuvchilarning aksariyatini tashkil qiladi -  bu vositalardan faqat ko‘ngilxushlik uchun foydalanyapti.

Globallashuv jarayonining yana bir o‘ziga xos jihati, u hozirgi sharoitda mafkuraviy ta'sir o‘tkazishning nihoyatda o‘tkir quroliga aylanib, har xil siyosiy kuchlar va markazlarning manfaatlariga xizmat qilmoqda.

Avvalo, iqtisodiy va siyosiy darajada globallashuv ayrim yirik trans va multinatsional korporatsiyalar manfaatigagina xizmat qiluvchi tizimdir. Unda qashshoq davlatlarga beg‘araz yordam berish, biror davlat yoki xalq farovonligi uchun xizmat qilish kabi maqsadlar bo‘lmaydi. Ularga iste'mol qilish quvvatiga ega mijozlar bo‘lsa bas. Agar birov globallashuv yo‘liga to‘g‘anoq bo‘lsa, undaylar shafqatsizlarcha jazolanadi. Tizim shu darajada yaxshi ishlayaptiki, globallashuv qobig‘ida o‘z manfaatlari uchun ishlovchi davlat va iqtisodiy guruhlar yer yuzasidagi har bir tirik jonni o‘z maslaklariga ishontira oladi. Bugun dunyodagi gegemon davlatlarning xalqaro maydonda «xalqlar ozodligi» uchun olib borayotgan urushlari aslida bir necha bankir, moliya guruhlari va transnatsional korporatsiyalar buyurtmasi bilan olib borilayotgan ishlardir.

Ma'naviy va xususiy darajada globallashuv  insonni quruq iste'molchiga aylantiradi: baxt moddiy farovonlik bilan belgilanadi.  Yashashdan maqsad maksimal darajada hayotdan lazzatlanishdangina iborat bo‘ladi. Bu yerda ruhiy-ma'naviy qadriyatlarga, ezgulik, savob, birovga beg‘araz yaxshilik qilish kabi oliy tushunchalarga o‘rin yo‘q. «Birovga zararing yetmasa bas, istaganingni qilishing mumkin». Bu aqida qolipsiz demokratiya qobig‘ida yanada chiroyli va adolatli ko‘rinadi. Shu o‘rinda oddiy bir mantiq yuzaga chiqadi. Mana shunday aqida bilan kun kechirayotgan insonlar «tepa»lariga ham o‘zlari kabi odam o‘tirishini istaydi. Bejizga ayrim G‘arb o‘lkalarida saylovda ishtirok etayotgan nomzodlar besoqolbozlikni qonuniylashtirishdek har qanday din va  ma'naviyat la'natlagan odatlarni o‘z saylov dasturlarida ko‘tarib chiqayotganlari yo‘q.

Italiyalik bir siyosatchidan, nega siz saylov dasturingizda xorijdan kelib noqonuniy ishlaydigan fohishalar ishini taqiqlash haqida gapirmaysiz, deb so‘rashganda, men millionlab erkak saylovchilarimni boy berishni istamayman, deb javob bergan ekan. Jamiyatning chirigan jasadi ana shunday tarzda tepaga chiqib qoladi. Davlatdagi ma'nan buzuq insonlarning ovozini to‘plash, ularning ko‘nglini xushlash uchun xalq boshida turishdek mas'uliyatli lavozimga da'vogar kishilar buzuq, jirkanch odatlarni qonuniylashtirishgacha yetib borishyapti. Ayni shu misollarda globallashuv va uning bugungi ma'naviyatga ta'siri, umuman, zamonaviy dunyoda inson qanchalar tanazzulga yuz tutib borayotgani yaqqol namoyon bo‘ladi.

Nima qilish kerak?

Odamning isitmasi chiqsa, avvalo, uning sababi aniqlanadi. Faqat haroratni tushiradigan dorini ichish bilan vaqtincha isitmadan qutilish mumkin, ammo asl sabab bo‘lgan dard davolanmas ekan, ko‘p o‘tmay harorat yana ko‘tarilaveradi. Ya'ni, isitmadan batamom qutilish uchun simptomni emas, balki kasallikning o‘zini davolash kerak. Xuddi shuningdek, bugun ko‘p gapirilayotgan, insonning axloqsiz bo‘lib, moddiylashib borayotgani johillik, ma'naviyatsizlik dardining simptomlaridir. Odamning odobli bo‘lib, ruhiy dunyosining boyishini, dunyoda inson bo‘lib yashashini ta'minlashga atrof-muhitni  buzg‘unchi vositalardan xoli qilish bilangina erishib bo‘lmaydi. Balki inson ma'naviyatini ko‘tarish, qalbiga ilm, ezgulik ziyosini kiritish bilangina johillik, ma'naviy buzuqlik dardiga davo topish mumkin.       

Johillik bugun epidemiya tarzida keng yoyilgan. Ilm uning davosi, emidir. Ilm agar insonning hayotida aks etmay, faqat xayolda, qog‘oz-qalamdagina qolsa, bu ilmdan uning egasiga naf yo‘q. Xorijlik bir tanishimning shunday degani esimda: «Universitetda ko‘plab professorlarni ko‘rdim, bag‘oyat ilmli, o‘z sohalarida tengi yo‘q mutaxassislar. Ammo shaxsiy hayotlaridagi o‘zlarini tutishlari, arzimas narsa uchun pastkashlikka borishlari, axloqsizliklari meni ajablantirardi».

Darhaqiqat, ilmning o‘zi ham inson ma'naviyatini ifodalamaydi. Aslida, ilm nima, uning mezoni qanday bo‘lishi kerak, bular ham bahsli savollar. Odam qo‘lida oliy ilm unvoni bo‘laturib o‘zi ma'naviyatsiz bo‘lishi hech gap emas. Umr bo‘yi tog‘da qo‘y boqqan cho‘pon yoki dalada ketmon chopgan dehqon esa ma'naviy barkamol, axloq-odobda komil inson bo‘lishi mumkinligi ham haqiqat.

Bugungi tezkor globallashuv jarayonida ma'naviyatni saqlab qolishning yagona chorasi insonning qoniga, joniga ma'naviyatni singdirishdir. Xo‘sh, bu qanday amalga oshiriladi?

Bu muhim vazifaning umumiy yo‘nalishini Yurtboshimiz shunday belgilab bergan: «Ma'lumki, har qanday kasallikning oldini olish uchun, avvalo, kishi organizmida unga qarshi immunitet hosil qilinadi. Biz ham farzandlarimizni ona Vatanga muhabbat, boy tariximizga, ota-bobolarimizning muqaddas diniga sadoqat ruhida tarbiyalash uchun, ta'bir joiz bo‘lsa, avvalo, ularning qalbi va ongida mafkuraviy immunitetni kuchaytirishimiz zarur. Toki yoshlarimiz milliy o‘zligini, shu bilan birga, dunyoni chuqur anglaydigan, zamon bilan barobar qadam tashlaydigan insonlar bo‘lib yetishsin. Ana shunda johil aqidaparastlarning «da'vati» ham, axloq-odob tushunchalarini rad etadigan, biz uchun mutlaqo begona g‘oyalar ham ularga o‘z ta'sirini o‘tkaza olmaydi».

Tarbiyaning eng samarali usullaridan biri o‘rnak bo‘lish orqali ta'lim berishdir. Ya'ni, yoshlarimizga tarbiya beradigan mutaxassislar, ustoz-tarbiyachilar, avvalo, o‘zlari tarbiyalangan bo‘lmoqlari va yoshlarga oliy namuna maktabi vazifasini o‘tamoqlari lozim. Ma'naviyat tarbiyachining yurish-turishida ufurib tursa, u milliy urf-odatlarga sodiqlik, qadriyatlarga hurmat ko‘rsatsa va bunga o‘z hayotida amal qilsa, ko‘zlangan maqsadlarga erishish samaraliroq bo‘ladi.

Bu borada vatanparvarlik, ezgulik, xayr-saxovatni tarannum etuvchi badiiy asarlar, filmlarning ham o‘rni beqiyos. Agar film yoki badiiy asar yuqori sifatli bo‘lsa, uning ijobiy ta'siri boshqa har qanday vositadan kuchli bo‘lishi shubhasiz. Yoshlarni sport ishlariga muntazam jalb etish ham yuqori samara berishi ma'lum. Do‘stlik, vatanparvarlik g‘oyalarini singdirishda sportdan o‘tadigani yo‘q. Ma'rifiy ishlar bilan birga sport musobaqalarini barobar olib borish yoshlarimizning ham jismonan, ham ma'nan sog‘lom bo‘lishlarini ta'minlaydi. Bu tadbirlarni erta, imkon bo‘lsa, bog‘cha yoshidan boshlash kerak. Chunki bu davrda murg‘ak qalblarga yo‘l topish oson bo‘ladi. Ayni shu davrda ularda ma'naviyat immunitetini shakllantirish mumkin.

Bizning ma'naviyatimiz shunday bir hayot yo‘liki, shaxsni, davlatni va hatto jamiyatni usiz tasavvur etib bo‘lmaydi. U har jabhada hayotimizga singib ketgan. Demak, ma'naviyatni saqlab qolish uchun davlatning aralashuvi jamiyatdagi plyuralizmga zid harakat emas, balki xalqning istayotganini o‘ziga qaytarishdir. Zero, demokratiya, plyuralizm degani bu - birovga zararing tegmasa, istalgan buzuqlikni qilishing mumkin, degani emas.

*Ilmda jahon hamjamiyati integratsiyalashuvini o‘zida ifodalovchi globalizm va globalizatsiya atamalari mavjud. Bu ikki so‘z ma'nolari bir-biriga yaqin bo‘lsa-da, lekin ular ikki xil fenomenni bildiruvchi alohida atamalardir. Globalizm xalqaro hamjamiyat do‘stligini, bir-biriga bog‘liqligini hamda butunjahon tinchligi yo‘lida yagona ezgu maqsadlar atrofiga birlashishni ifodalasa, globalizatsiya deganda, asosan, moddiy foyda ko‘rish maqsadida yirik transnatsional korporatsiyalarning butun dunyoni iqtisodiy egallashi, yagona tizim va qonunlar asosida yagona bozorni yaratishi va bu bilan ma'naviy-ijtimoiy hayotga jiddiy ta'sir ko‘rsatishi tushuniladi. Biz  bu yerda globallashuv deganda aynan shu globalizatsiyani nazarda tutganmiz.

Behzod Mamadiyev,
"Ma'rifat" gazetasidan

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.