OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

“Znakomstva”ning “xolis” xizmati

Men poytaxtimizda joylashgan katta bir oliy o‘quv yurtida o‘qiyman. Tahsil oladigan fakultetim alohida binoda joylashgan. Unda bo‘lajak jurnalistlar, qalamkashlar, do‘stlarimning ta'biricha, "yozuvchilar" ta'lim oladi.

Jurnalist ahli tabiatan har narsaga qiziquvchan, har yoqdan xabardor bo‘lishni xush ko‘radi. Agar u bunday "iste'dod"dan benasib bo‘lsa, fakultetimizga o‘qishga kirganidan keyin u birinchi sessiyadanoq ana shunday fe'l-atvorni o‘ziga «yuqtirib» oladi. Zero, talaba muallim aytgan ma'lumotni qaerdan bo‘lsa ham topishi kerak, buning uchun u kitob titkilashga majbur. Kitobni qaerdan olsin, axir kutubxonachidan kitob olish oson emas-ku. Qolaversa, izlanayotgan kitob kamyob bo‘lishi mumkin.

Shu sabab talabalarimizning deyarli hammasi internetdan xabardor, uning qulayliklaridan bahramand.

Fakultetimiz binosida ko‘pchilikka mashhur "Piramida" internet-kafesi joylashgan. Kunning istalgan mahali bu yerdan biznikilarni, to‘g‘rirog‘i, bizning fakultetda o‘qiydigan talabalarni topishingiz mumkin. O‘ylab qolasan kishi, shuncha talaba internetdan har kuni nima oladi, nima ish qiladi? Har holda, hech kim, ayniqsa, talaba pulini bemaqsad sarflamasa kerak. O‘zi-ku, talabadan pul chiqishi qiyin. Demak, internet talabaga qiziq, foydali ekanki, qanchadan-qancha pulini ayamay, shunga sarflab yuboradi. Xo‘sh, bir fikr yuritaylik-chi, talaba o‘zi internetda nima bilan mashg‘ul bo‘ladi?

Ana shu savolga javob topaman deb, juda ko‘p talabalarni kuzatdim, so‘radim, surishtirdim. Kursdoshlarimdan biri internetda faqat elektron pochta orqali do‘stlariga, ota-onasiga xat yozishini aytgan bo‘lsa, ikkinchisi ba'zi fanlardan kerakli ma'lumotlarni chiqarib olishini, yana biri esa qiziqchilikka u-bu narsalarni titkilab, shunchaki vaqt o‘tkazib o‘tirishini aytdi. Sizlarni bilmadimu shu oxirgi fakultetdoshimning internetda qiladigan ishi meni o‘ylantirib qo‘ydi. Qiziq, bu shunchaki, ko‘cha-ko‘yda aylanib yurishmidiki, huda-behudaga vaqt o‘tkazilsa?! Nahotki, shu bola nima qilishini bilmay, kompyuterning ekraniga tikilib, u-bu tugmachasini bos-i-i-b o‘tirsa?! Axir, internetda o‘tirishda ham biron-bir yo‘l-yo‘riq bordir? Bir qiziq sayt bor ekan, unda yetti yot begona odamlar bir necha daqiqa ichida bir-biri bilan yaqin do‘st, sirdosh, hattoki, sevikli inson ham bo‘lib ketishi mumkin. Bu saytni men oldindan bilardim. Hatto, qiziqib o‘zim ham bir paytlar a'zo bo‘lgandim.

Saytning nomi - "Znakomstva"!

Uning maqsadi dunyoning istalgan chekkasidan turib, yangi do‘st orttirmoqchi bo‘lgan kishilarga yordam berish, bir-birlari haqida ma'lumot tar­qatish, xullas, shunga o‘xshash xizmatlar... Bu turdagi saytlar internetda juda ko‘p. Deyarli har bir davlatda ana shunday sayt bor. Jurnalist-talaba sinchkov bo‘lishi kerak, degandim. Biz bu masalaga chuqurroq kirgimiz, to‘g‘rirog‘i, ana shu sayt haqida fikr yuritgimiz 
keldi.

 Inson tabiatan yangilikka juda o‘ch bo‘ladi. Bu "mehribon" sayt ko‘rsatayotgan xizmatlar odamzodning yangilikka, yangi bir suhbatdoshga bo‘lgan ehtiyojini qondiradi. U sizga yangi do‘st, hammaslak, sirdosh, sevikli yor, balki, ko‘nglingizga yoqadigan rafiqa, umuman, qanaqa tanish orttirmoqchi bo‘lsangiz, o‘shanaqasidan topib bera oladi. Lekin u yog‘i nima bo‘ladi, taqdiringiz... Umuman olganda, bugungi yuksak texnologiya erishgan bu yutuq kishini bag‘oyat quvontiradi. Qarang-a, siz O‘zbekistonda, yangi tanishingiz dunyoning boshqa bir chekkasida... va siz bemalol istalgan mavzuda u bilan xat orqali gaplashishingiz mumkin! Bu, axir, mo‘'jizaning o‘zi-ku?!

Keyingi paytlarda shahar joylarida ana shunday tanishuv keng rivojlanib ketganki, bu ham ayrim yoshlarning o‘ziga xos "xobbi"siga aylangan. Xorij filmlarida ko‘rsatilishicha, u yoqlarda bunday yo‘l bilan tanishib, oila qurib ketayotganlar juda ko‘p. Shunga yarasha, turli tovlamachiliklar ham ana shu "beaybgina" saytning xizmatlari ortidan sodir bo‘lar ekan. Shukrki, bizda bunday noxush hollar hali qulog‘imizga chalingani yo‘q. Umuman, sayt bir qarashda kishining ma'naviy hordiq olishi uchun beminnat xizmat qiladi. Lekin har narsaning yaxshi tomoni bo‘lgani kabi, bu beminnat xizmatning  yomon tomoni ham bor ekan. "Znakomstva" sayti chegara, hudud bilmaydi. Bas, shunday ekan, u xalqlarning tiynati (mentaliteti), milliy dunyoqarashi bilan hisoblashmay, hammaga birday xizmat ko‘rsataveradi.

Keling, shu fikrimizga kengroq izoh beraylik. Siz saytdan unga a'zo bo‘lgan biror-bir kishining shaxsiy varaqasi, ya'ni anketasini ko‘rmoqchi bo‘lsangiz, avvalo,  saytning ro‘yxatidan o‘tishingiz kerak. Buning uchun shaxsiyatingiz, tashqi ko‘rinishingiz, sohangizni aniqlab beruvchi bir qator savollarga javob berishingiz va xohishingizga qarab (shunda sizga boshqalar bilan tanishish yo‘li osonlashadi) suratlaringizni joylashtirishingiz lozim. Keyin ana shu javoblaringiz, suratlaringiz sizning shaxsiy varaqangizda namoyon bo‘ladi. Qisqasi, u sizning yuzingizni ko‘rsatadi. Unda sizdan biz uchun o‘ta shaxsiy va o‘ta maxfiy hisoblangan ma'lumotlar so‘raladi. Masalan, teringiz qora yoki oqligi, badaningizda tatuirovka yoki persing mavjudligi haqida va boshqa bir qator aytib ham, javob berib ham bo‘lmaydigan savollar mavjud. Xudoga shukrki, bugun bunday mavzular haqida yuzma-yuz suhbatlashish aksariyat o‘zbeklarni yerga qarashga, sal bo‘lsa-da, qizarishga majbur etadi. Anketani to‘ldirasizu o‘sha zahoti sayt­ning yangi a'zosi sifatida saytning birinchi sahifasida savlat to‘kib turasiz. Qonun jihatidan bularni biron-bir nojo‘ya harakat, deb ayta olmaymiz. 18 ga to‘lgan har qanday shaxs ana shu saytga a'zo bo‘lishi, unga o‘zi haqidagi xohlagan ma'lumotni joylashtirishi, qolaversa, istagan odami bilan tanishishi mumkin. Lekin muammo shundaki, avvalo, bu sayt­ga a'zo bo‘lganlarning hammasi ham 18 ga to‘lib ulgurmagan bo‘lishi, o‘zini soxta ravishda yoshi kattaroq qilib ko‘rsatishi mumkin. Shunday qilishyapti ham. Ikkinchidan, bu saytga har kim turli maqsadda a'zo bo‘lyapti. Ba'zilar to‘g‘ri ma'noda tanishishni niyat qilgan bo‘lsa, yana ba'zilar ana shu sayt orqali pul topish maqsadini ko‘zlagan.

Qanday qilib?

Kamina bu savolga ham javob topishga urindim. Tanishmoqchi bo‘lgan qizlar ro‘yxatiga qaraydigan bo‘lsangiz, unda deyarli 60 - 70 foiz qizning ismi yoki taxallusi alohida qizil rang bilan yozilgan. Bu "yaxshi qizlar anketasi" degani. Qizig‘i shundaki, ular orasida o‘zbek qizlarining soni ham anchagina. Kishini jalb qiluvchi joyi shundaki, ism­larning yonida ba'zan yarim-yalang‘och, ba'zida qip-yalang‘och qizlarning suratini ko‘rishingiz mumkin. Bundan ham qizig‘i, ayrimlari chet ellik fotomodellarning surati bo‘lsa, ba'zilari - o‘zlariniki! Bunday suratlarni ko‘rgan har qanday erkak shu qizning anketasini ko‘rmasdan qo‘ymaydi, anketada aksariyat hollarda rus tilida shunday yozilgan bo‘ladi: "Menga MTS yoki Unitelning ekspress-kartochka raqamlarini yozib yuborsang, senga qo‘ng‘iroq qilaman va yaxshilab hammasini kelishib olamiz", "men pul uchun hamma narsaga tayyorman", "yaxshi dam olishni istasang, menga qo‘ng‘iroq qil".

Bular ochiq-oydin zinoga chaqiriqlardan boshqa narsa emas. Qizlarimizning maqsadi nima ekanini tushunish oson. Demak, bu qizlar shunday yo‘l bilan pul topishga o‘tib olishgan.

Nahotki, internet, xususan, "Znakomstva" aynan ana shu maqsadda ixtiro qilingan bo‘lsa? Ana shu va shunga o‘xshash savollar bilan internet bo‘yicha yetuk mutaxassis, universitetimiz o‘qituvchisi Berdaq Bayimbetovga murojaat qildik:

- Internet, xususan, biz aytayotgan "Znakomstva" sayti odamlarning ma'naviy dam olishi, hayotga ishtiyoqini kuchaytirishi, ularda qiziquvchanlik hissini uyg‘otishi bilan birga, ba'zi hollarda kishilarning taqdirini hal etishga ham xizmat qiladi. Xorijlik bir nechta do‘stim ana shunday tanishuv saytlari orqali o‘zaro topishib, turmush qurishgan, ba'zilari shunchaki, birga umrguzaronlik qilish uchun o‘ziga yaqin bir odam topgan, ishqilib, bunaqangi saytlar G‘arb hayotida juda faol. Umuman, bu saytning kishiga xush yoquvchi jihatlari ko‘p. U asosan, ruhan sust, yolg‘iz, hayotning qaqshatqich zarbalariga dosh bera olmay, tushkunlikka tushib qolgan insonlarga ko‘proq ko‘mak beradi, ularning ruhini ko‘taradi. Masalan, ba'zilar o‘z tashqi ko‘rinishidan uyalib, hech kim bilan gaplashmay, aloqa qilmay, hattoki, uylaridan chiqmay ham qo‘yishadi. Shu paytda, u o‘tirgan joyidan istagan insoni bilan tanishaveradi va uning tashqi ko‘rinishini hech kim ko‘rmasligi, kimligini bilmasligi, uning ayblaridan bexabar bo‘lishi mumkin. Ba'zilar tabiatan juda uyatchan, o‘z fikrini bayon eta olmaydigan, hissiyotlarini oshkor qilolmaydigan bo‘ladi. Lekin ko‘nglidagi fikrlarini birovga oshkor qilmasa, insonning erkinligi, faolligi susaya boraveradi. Demak, inson qalbidagini birovga oshkor qilmasa bo‘lmaydi. Shu payt unga internetda orttirgan tanishi yaqin sirdosh bo‘lib qoladi. Xullas, "Znakomstva"ning inson ruhiyatiga ijobiy ta'siri juda katta. Saytning bu xislati xorijlik ba'zi firibgarlarga juda qo‘l keladi. Ular kishining ruhiyati orqali boy janob va xonimlarni tuzoqqa ilintirib, qonunan turmush qurib, mol-mulkiga sherik bo‘lib olishadi. Xullas, saytning ikir-chikirlari juda ko‘p...

Ustozimizning fikrlari "Znakomstva"ni oqlab ham, qoralab ham yubormadi.

Keling, yaxshisi, bu saytning milliy ma'naviyatimizga ta'siri haqida mulohazamizni davom ettiraylik. Bizda qizlarning begona bir yigit bilan gaplashib turishi ham uyat hisoblanadi. Shubhasiz, bu bir necha asrlar bag‘rida yuksak ma'naviyat, komil axloq mezoni sifatida shakl­langan qarash. To‘g‘ri-da, singlingiz, opangiz, boringki, qo‘shni qizning notanish bir yigit bilan gaplashishi g‘ururingizga tegadi, oshkor rashkingizni keltiradi. Iloji boricha, uni tergashga, nazorat qilishga intilasiz. Lekin, afsuski, siz hech qachon unga yaxshi aka, yaxshi uka bo‘lib ko‘rinmaysiz. U sekin-asta ana shunday qiliqlarini sizdan berkita boshlaydi. Eng yaxshi yo‘lini topadi - "Znakomstva"da tanishib, bemalol sirlashadi. Hech kim bilmaydi, eshitmaydi, ko‘rmaydi... Bu holat G‘arbda shakllangan "Ko‘nglingga kelganini qil" shiorining amaliga aylanib ketadi. Demak, singlingiz yo opangiz sizga, oilasiga, qolaversa, butun milliy tiynatimizga zid ish bilan shug‘ullana boshlaydi. Bu esa bir umr yaxshilikka chaqiradigan ota-onaning necha yillik tarbiyasi parchalanayotganidan darak emasmi? Bir qarashda, bizning xavotiromuz mulohazalarimiz kimgadir pashshadan fil yasayotgan kishining fikr­lariga o‘xshab ko‘rinayotgandir. Lekin barcha katta muammolar ana shunday kichik, mayda masalalardan paydo bo‘ladi. Qizlarimizning ota-onasidan yashirincha kimlar bilandir tanishishi, dardlashishining, balki, bugun unchalik xavf­li tomoni yo‘qdekdir. Afsuski, o‘sha bizga zamonaviy hayotni targ‘ib qilayotgan internetda paydo bo‘lgan notanish muhit, yot g‘oya, biz uchun batamom yangicha dunyoqarash keyingi ijtimoiy hayotimizga ta'sir ko‘rsatmay qolmaydi. Qolaversa, bu holat buyuk millatimizning asr-asrlik ma'naviyati darz ketayotganidan darak bermayaptimikan?! Albatta, qanday yashash hammamizning o‘z xohishimiz, huquqimiz. Biroq biz uchun har kuni duoga qo‘l ochib turgan ota-onamiz, kamolimizni tilab duo qilayotgan bobo-momolarimiz buni xush ko‘rarmikan? Buyuk-buyuk ajdodlarimizning ruhi poklari-chi?!

O‘ylab ko‘ring, aziz tengdoshlar!

Shohruxbek Olim

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.