OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

7 mo'jiza: Misr ehromlari

Qadimiy Nil vodiysi Liviya sahrosi bilan chegaradosh hududda, yam-yashil ekinzorlaru, finikiy palmalar o‘rnini sap-sariq qum tepaliklari egallaydigan joyda g‘ayritabiiy shamoildagi tog‘lar ko‘zga tashlanadi. Bu tog‘larning qorasi juda uzoqdan Fayum vohasidan bir necha o‘n kilometr uzoqlikdagi Qohira shahridan ham ko‘rinib turadi. G‘aroyib ko‘rinish, geometrik aniqlik, tarixiy jozibadorlik, qudratli ulug‘vorlik bularning barchasi Misr ehromlarida mujassam. Tadqiqotchi olimlar hozirgacha Nilning quyi oqimidan sahro qumlari ostida ming yillar davomida berkinib yotgan katta-kichik, zina shaklidagi yoki o‘ta tekis sirtga ega yuzga yaqin ehromlarni aniqladilar. Bu ulkan inshootlar Misrning minglab yillik tarixidan hikoya qiluvchi qadimiy poytaxti Memfis shahrini o‘rab turadi. Dunyoga dong‘i ketgan uchta egizak piramidalar ham qadimiy va afsonaviy poytaxt joylashgan tekislik — Gizada qurilgan. Siz ularni bilasiz. Bular, Xeops, Xefren va Mikeren ehromlaridir. Piramidalar orasida eng yirigi Xeops (yoki misrcha nomi Xufu) ehromi bo‘lib, u IV sulola vakillari orasida eng qudratli fir’avn Xufuga tegishlidir.Bu ulkan ehrom hozirgacha inson qo‘l mehnatining ulkan namunasi sifatida saqlanib turibdi. Ehrom asosi to‘rtburchak shaklda bo‘lib, yonlarning har birining uzunligi 227,5 metrga teng. Bu o‘lcham bir-biridan hatto bir barmoq kengligi darajasida ham farq qilmaydi. Demak, Xeops piramidasini to‘liq aylanib chiqishingiz uchun bir kilometrga yaqin yo‘l bosib o‘tishingizga to‘g‘ri keladi. Bu ulkan ehromning balandligi qurilgan paytida 146,5 metrga teng kelgan. Vaqt hakami qilichi ehrom cho‘qqisining ayni paytgacha qariyb 10 metrlik bo‘yini qirqdi. Hozir u 137 metrdir. Vaholanki, muqaddas kitoblarda qarg‘ishga uchragan fir’avnlar qabri XIX asrgacha inson qo‘li bilan bunyod etilgan dunyodagi eng baland inshootligicha qolgan. Balandlik jihatidan undan me’mor Eyfelning mahorati mevasi birinchi bo‘lib o‘zib ketdi.

Gizadagi ehromlar ichida ulkanligi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turuvchisi fir’avn Xefrenga tegishli bo‘lib, u Xeops piramidasidan 40 yil keyinroq qurilgan. Bu ehrom asosi tomonlarining uzunligi 215 metrdan, balandligi esa 136 metrdir. Ehrom cho‘qqisidagi qadimiy bezak namunasi oq bazalt qoplamasi qisman saqlanib qolgan.

Uchinchi ehrom oldingi ikkitaga qaraganda ancha kichik. U fir’avn Mikeringa tegishli bo‘lib, ming yillar davomida o‘z nafisligini saqlab qola olgan. Bu kenja piramidaning tomonlarining uzunligi 108 metrdan, balandligi esa, 66,5 metrga (hozir 62 metr) teng bo‘lgan.

Ehromlarning qurilish tarixi ming yillar davomida dahshatli mehnat afsonasining saqlanib qolishiga sabab bo‘lgan. Biroq ulardan hech birida bu ulkan tog‘larning nega qurdirilganiga aniq javob bo‘luvchi dalil yo‘q. Xo‘sh, Misr ehromlari nega qurilgan?

Ehromlar devorlaridagi turli shakllardagi rasmlar bu savolga eng haqqoniy javob bera oladi. Biroq tabiatda uchrovchi turli jismlarni aks ettirgan jismlarning rasmlari ortida yashiringan sirlarni tushunuvchi mahalliy ziyolini ming yillar davomida saqlash mumkin emas, albatta. Biroq, ularning peshona terlari bu qulf uchun eng munosib kalit bo‘ladi. 1913 yilda bir guruh ingliz tadqiqotchilari Nilning quyi oqimidan noma’lum mutafakkir tomonidan yozilgan yunon-qadimiy misr tili lug‘ati o‘yib yozilgan taxtachani topib olishdi. Shu lug‘at tufayli ayni paytda qadimiy Misr aholisi so‘zlashgan tilning 20 foizini tushunish imkoni bor. Biroq biz bilishni xohlayotgan ehromlarning qurilish sababi qolgan 80 foizlik sirlar ostida yotibdi.

Quyida shu kunga qadar piramidalarning bunyod etilish tarixi bilan bog‘liq ayrim tarixchi olimlarning fikrlari qayd qilingan:

Mire Shokir xonim (Misr) — “Ehromlarda fir’avnlarning abadiy tirik turish xohishi saqlangan. Ularning mo‘miyolangan jasadlari, rasmlardagi quyosh farzandi fir’avn ekanligi to‘g‘risidagi tushunchalar — bularning barchasi yaqqol dalillardir.”

Anri Fukua (Frantsiya) — “Nil daryosi qirg‘og‘ida yashovchi mahalliy xalqning asosiy turmush tarzi shu daryo bilan bog‘liq bo‘lgan. Buni oliy darajadagi hokimlar ham tushungan, albatta. Ehromlar yer sathi va quyosh nurining stabilligini saqlagan. Poytaxt yaqinida og‘ir massali tog‘lar toshqinlar mavsumidagi sel kelishini sezilarli miqdorda kamaytiradi.” U bu mulohazasini ehrom shaklida qurilgan dunyoning turli burchaklarida joylashgan boshqa inshootlar bilan davom ettiradi. Uning fikricha, Solomon orollarida va Yukatandagi qadimiy piramidalar ham xuddi ana shu maqsadlarda bunyod etilgan.

Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tish kerakki, Solomon orollaridagi piramidadan afsonaviy shoh Sulaymonning butun boshli xazinasi topilgan (1863 yil). Biroq bu inshootni tadqiq qilishni istagan o‘ndan ortiq kashfiyotchilar toshlardan chiqadigan turli zaharli gazlar tufayli yarim yo‘ldayoq safarlariga nuqta qo‘yishga majbur bo‘lganlar. Biroq ingliz dengizchisi Godli Olgren shohning xazinasigacha yetib bora olgan edi.

Yukatandagi piramida esa astronomik kuzatuvlar uchun qurilgan, degan taxminlar bor.

Jeyson Gird (Buyuk Britaniya) — “Ehromlar strategik maqsadlarga xizmat qilgan. U orqali mahalliy aholi poytaxtdan qariyb yuz chaqirim naridagi dushmanning harakatlarini bemalol kuzatib tura olgan. Bundan tashqari ular qadimiy Misr qo‘shinining qudrati va madaniyatining buyukligini isbot qilish vositasi bo‘lgan.” Darhaqiqat, Ikkinchi jahon urushi davrida Birlashgan Qirollikning Afrikadagi havo hujumidan mudofaa tizimi ana shu ehromlar ustini imkon qadar tekislab, u yerda kuzatuv punktlari qurishgan.

Don Marklar (Buyuk Britaniya) — “Ehromlar fir’avn munajjimlari uchun observatoriya vazifasini o‘tagan. Chunki aynan munajjim rohiblargina fir’avn va xudolar orasida vositachi bo‘lishgan-da. Keyinchalik podsholar xudoga yaqinlikdan umidvor bo‘lib, mo‘miyolangan tanalarini ehrom ichida dafn etishlarini so‘ragan.”

Yana shunday fikrlar ham borki, uni eshitib beixtiyor og‘izning tanobi qochadi. Masalan, Kaliforniyalik (AQSh) misrshunos Alba Gunte ehromlar inson qo‘li bilan qurilmagan degan fikrda. Uning ta’kidlashicha, bunday ulkan inshootni qurish uchun hatto zamonaviy texnikalar ham ojizlik qiladi. Bu ehromlar o‘zga sayyoraliklar tomonidan qurib ketilgan. U o‘z fikrlarini davom ettirar ekan, ehromlarning nihoyatda pishiq reja asosida qurilgani, uning toshlari orasiga hatto igna tig‘i kirmasligi bilan fikrini isbotlamoqchi bo‘ladi.

Piramidalarning ichida maxsus xonachalar bo‘lib, bu shaxsan quyosh o‘g‘lining o‘ziga atalgan. Chunki, fir’avn vafotidan so‘ng jasadi shu xonalardagi maxsus sarkofaglarda saqlangan. Biz mulohazalarimizni M. Shokir xonimning Xeops piramidasi bilan bog‘liq qaydlari bilan davom ettiramiz.

“Ehromning ichiga beshta maxsus qurilgan yo‘lakchalar orqali kirish mumkin. Ammo ulardan faqat bittasigina sizni fir’avn qabri joylashgan xonasigacha olib borishi mumkin. Chunki bu yo‘lak bo‘ylab ancha keng yo‘lakka va undan chiqqan bir nechta yo‘laklarga duch kelasiz. Xullas, ehrom ichidagi yo‘lakchalarning “shoxchalashi” sizning fir’avn sarkofagigacha bormasligingiz uchun atay qurilgan. Sarkofag atrofidagi behisob boyliklarning talanishi mumkinligi me’morlarni o‘sha davrdayoq bezovta qilgan. Noto‘g‘ri yo‘lakchalarning oxiri yo‘q... Xuddi labirint singari ulkan ehrom ichida chiqish yo‘lini topa olmay halok bo‘lishingiz hech gapmas. (Kuzatuvlarim davomida chiqish yo‘lagini topa olmagan baxtiqaro odamlar suyaklariga ko‘p marta duch kelganman)”.

Keng yo‘lakdan chiqqan yo‘lakchalardan biri sizni fir’avn qabriga, undan chiquvchi maxsus yo‘lak esa, siz aslida qidirayotganingiz tilladan qilingan taqinchoq va turli uy anjomlariga to‘la maxsus xonaga olib boradi. Qadimgi misrliklar odam o‘lganidan keyin shohning shoh, gadoning gado bo‘lib, boshqa dunyoda yashashda davom etishiga ishonganlar. Shuning uchun, fir’avn o‘zga dunyo darvozaboniga bir dunyo tillo taqinchoqlarini isbot qilib ko‘rsatgan va oldingi amalini o‘zga dunyoda ham davom ettirgan.

Afsuski, odamzod hamisha boylikka o‘ch. Memfis shimolidagi zinasimon Joser piramidasi va sahro ichida qurilgan Shulek ehromidangina izlangan narsalar chiqqan. Gizadagi uchala ulkan piramidalarning hech biridan na mo‘miyolangan jasad va na boylik chiqdi. Aftidan, quruvchi me’morlar anchayin puxta bo‘lgan ko‘rinadi...

Shahobiddin Musayev tayyorladi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.