OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Esperanto – butunjahon sun’iy tili

 Kishilik jamiyati tarixida o‘zaro ijtimoiy aloqalar rivojlangan sari olimlar, yozuvchilar, ishqibozlar, ixtirochilar orasida yer yuzidagi barcha kishilar uchun tushunarli yagona tilni o‘ylab topishga intilish kuchaygan. Kashfiyotlar zamoni — XIX asr tilshunoslik sohasida ham o‘ziga xos o‘rin tutadi. Chunki ayni shu davrda ko‘plab butunjahon sun’iy til loyihalari dunyo yuzini ko‘rdi. Bu boradagi shov-shuvli loyihalardan biri frantsuz tadqiqotchisi Syudr taklif qilgan solresol tilidir. Ushbu tilda barcha so‘zlar musiqa notalari nomi (do, re, mi, fa, sol)dan yasaladi. Shuning uchun bu loyihani musiqiy til deb ham yuritishadi. Quyidagi so‘z yasash usullariga e’tibor bering: men — «dore», mening (meniki) — «redo», kim — «doremi»; “Men yaxshi ko‘raman” — «dore milyasi» va hokazo. 

Solresolning o‘ziga xosligi shundaki, undagi so‘zlarni 7 gacha bo‘lgan arab raqamlari hamda musiqa notasi bilan ifodalash, kuylash, cholg‘u asbobida ijro qilish, bayroqchalar bilan ko‘rsatish, kamalakning yetti xil rangi yordamida tasvirlash mumkin.

O‘tgan davr mobaynida, shuningdek, «universal glot», «oktsidental», «oduvanto», «noval», «interligva» deb nomlangan loyihalar ham paydo bo‘ldi. Ushbu tillar juda ko‘p ijobiy jihatlarga ega bo‘lish barobarida jiddiy kamchiliklardan ham xoli emas. Avvalo, til loyihalarining barchasi bir yoki bir necha G‘arb tillariga asoslangan va faqat g‘arbliklar uchun qulay hisoblanadi. Shu bois ham bu tillarni butun insoniyatga singdirish g‘oyasi xomxayolligicha qolib ketdi.

Bir-biridan g‘alati, ba’zan kulgili loyihalarni sharhlar ekan, tilshunoslardan biri: «Eng sodda millatlararo til bu — sukutdir», degan ekan. Albatta, uch mingdan ortiq tilda so‘zlashuvchi dunyo ahli uchun hech bo‘lmasa yagona yordamchi til bo‘lishi kerak, deyish aytishgagina oson.

Turli zamonlarda tarixiy sharoit taqozosi bilan taraqqiyotda ustun kelib turgan davlat o‘zining tilini butun dunyoga tarqatmoqchi bo‘lgan. Biroq insonga ato etilgan til barcha zamonlarda ham tabiiyligini saqlagan. Shunday bo‘lsa ham, dunyo tillari tarafdorlari o‘zaro axborot almashuvini qulaylashtirish, xalqaro rasmiy hujjatlar tuzishni osonlashtirish maqsadida sun’iy til orzusidan kechmayaptilar.

Ma’lumotlarga qaraganda, hozirda bu kabi sun’iy til loyihalari miqdori uch yuzdan oshgan. Rus tilshunosi, esperanto targ‘ibotchisi Ye.Bokarev bunday loyihalardan ikki yuzga yaqinini to‘p-
lagan.

Yevropa mutaxassislarining butunjahon sun’iy tilini yaratish borasidagi tadqiqotlarini alohida qayd etib o‘tish joiz. Masalan, 1880 yilda olmon tilshunosi Yoxann Shleyer tomonidan asos solingan volyapyuk tili ana shu yo‘ldagi ijodiy izlanishlardan biri edi. Mazkur tilning grammatikasi mantiqiy asosga qurilgan bo‘lsa-da, leksikasi (so‘z qurilishi) o‘ta sun’iylashtirib yuborilgan. Xristian cherkovi yordami, bir qator taniqli olimlar qo‘llab-quvvatlashi bilan bu til o‘ttiz yilcha «yashadi». Biroq tilni o‘rganuvchilar ko‘paygani sari uning kamchiliklari ham ko‘proq namoyon bo‘la boshladi. Shu tariqa volyapyuk tili tarafdorlari ittifoqi darz ketdi. 1912 yili Shleyer vafot etgach, ushbu til ham muomaladan chiqib ketdi. 

Volyapyuk tilining juda tez unutilib ketishi sabablaridan biri esperantoning paydo bo‘lishi edi.

Esperanto tili loyihasi 1887 yili varshavalik ko‘z doktori Lyudvig Zamengof tomonidan taklif etilgan. Zamengof «Baynalmilal til» deb nomlangan risolasini «Doktor Esperanto» taxallusi bilan e’lon qilgan edi. «Umidvor» degan lug‘aviy ma’noga ega bo‘lgan ushbu taxallus tez orada tilning umumiy nomiga aylandi.

Esperanto alifbosida 28 harf bor. Bu 28 harf qanday yozilsa, shunday talaffuz qilinadi.

Quyida nutqda faol ishlatiladigan ba’zi yuklama, olmosh, bog‘lovchi va old ko‘rsatkich (predlog)lar izohlanadi.

- Tasdiq va inkorni bildiruvchi «ha», «yo‘q» so‘zlari: jes,  ne;
- Jo‘nalish, o‘rin-payt ma’nolarini ifodalashda rus tilidagi (v, na, dlya, ot, do) kabi old ko‘rsatkichlardan foydalaniladi. Masalan: shahar (-ga, -da )- en urbo.

Esperanto tilida 8 ta shakl va 33 ta so‘z yasovchi qo‘shimcha mavjud.

Masalan: so‘z oldidan keladigan -mal qo‘shimchasi antonim hosil qiladi: Bona — yaxshi, malbona – yomon; forta — kuchli, malforta — kuchsiz.

Esperantoda jins tushunchasi -in qo‘shimchasi orqali farqlanadi: rarto — ota, rartino — ona; koko — xo‘roz, kokino — tovuq.

-ist qo‘shimchasi shaxs oti hosil qiladi. Kanto (o - qo‘shiq (kuylash), kantisto qo‘shiqchi.
-et kichraytirish qo‘shimchasi: domo — uy, dometo — uycha; elefanto — fil,                                                elefanito — filcha.

Esperantoda urg‘u doimo oxiridan avvalgi unli tovushga tushadi. Masalan: timsoh — krokodilo,  septembro — sentyabr. 

Esperantoda qo‘sh undoshlar ishlatilmaydi: kollektiv — kolektivo,  komissiya  — komisiono.

Har qanday ot turkumidagi so‘z o: (o‘) bilan tugaydi: qoshiq — kulero, shanba — sabato,  dengiz — maro.

Sifat turkumidagi so‘zlar a bilan tugaydi: oq — blanka,  qora — nidra,   havo rang — lazura,  yangi — nova.

Ravish turkumidagi so‘zlar har doim   “e” bilan tugaydi: baland  —  alta (sifat), alte (ravish); kuchli — forta (sifat), forte(ravish).

Esperantoda 2 xil kelishik mavjud: umumiy va qaratqich. Umumiy kelishikning ko‘rsatkichi yo‘q.

Qaratqich kelishigi umumiy kelishikdagi so‘zga –p qo‘shish bilan hosil qilinadi.

Kishilik olmoshlari: 
Men — mi    biz — ni
Sen —  vi    siz — vi
U — le        ular — ili
U (j. rod) — si    

Fe’l zamonlari:
O‘tgan zamon    — is
Hozirgi zamon    —  as
Kelasi zamon    —  os 
Men ishladim    —  mi labjris
Men ishlayapman     —  mi laboras
Men ishlamoqchiman —  mi laboras
Buyruq mayli     — u laboru

Fe’lning noaniq shakli ko‘rsatkichi:  
Yashamoq  — vivi,    o‘ylamoq  — pensi,    ishlamoq — labori.

Biror shart bilan bajariladigan harakatni bildiruvchi fe’l mayli - us   bilan tugaydi: Men ishlardim — ya rabotal b?  —  mi laborus. 

Dastlabki mashg‘ulot uchun qisqacha «O‘zbekcha-esperantocha-ruscha lug‘at»  

Otlar
O‘zbekcha    Esperantocha    Ruscha              
Ingliz        anglo        anglichanin      
Arman        armeno        armyanin              
Bulg‘or        bulgaro        bolgarin              
Dushanba    lundo               ponedelnik      
Seshanba    mardo        vtornik
Chorshanba    merkredo        sreda
Payshanba    jaudo        chetverg
Juma        vendredo        pyatnitsa
Shanba        sabato        subbota
Yakshanba    dimanco           voskresene     

Sifatlar
O‘zbekcha    Esperantocha     Ruscha    
Jo‘shqin        sforta        burniy
Baland        alta        visokiy

Fe’llar
Noaniq shakl ko‘rsatkichii
O‘zbekcha    Esperantocha     Ruscha    
Bo‘lmoq        esti                    bit        
Gapirmoq        paroli        govorit
O‘ylamoq        pensi        dumat    
Yashamoq    vivi        jit            

Tilshunos mutaxassislar esperanto tili ko‘p jihatdan o‘zidan oldingi loyihalarda uchragan kamchiliklardan xoli ekanini ta’kidlashadi. Shu bois ham, ushbu butunjahon sun’iy tili yuz yildan ortiq davr mobaynida rivojlanib kelayapti va butun sayyoramizda keng tarqalmoqda.

Nilufar Abdug‘aniyeva,
Marg‘ilon shahridagi “Istiqbol” iqtidorli bolalar maktabining 11-sinf o‘quvchisi
“Ma’rifat” gazetasidan olindi

 

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.