Odamzodning jamiki maxluqotdan ustunligi-yu ulug‘ligini qarangki, u aqlini tanigani hamono hamma narsani o‘z izmiga bo‘ysundirishga intildi. Masalan, vaqtini tejash, uzog‘ini yaqin, og‘irini yengil, mushkulini oson qilish yo‘lida ko‘p va xo‘p izlandi. Ayni maqsadda debochasiga ot, eshak, ho‘kiz, tuya, fil, it, bug‘u singari hayvonlarni qo‘lga o‘rgatib, ulardan beminnat ishchi kuchi va jonli ulov sifatida foydalana boshladi. Bora-bora bu bilan ham qanoatlanmay, g‘ildirakni o‘ylab topdi. Ushbu ixtiro zamonlar osha takomillashib, ulkan samara berdi. Aniqrog‘i, hozir barchamiz doimo xizmatiga ehtiyoj sezadigan ming bir xil arava-yu velosipedlar, mopedu mototsikllar, avtomobilu tramvay-trolleybuslardan tortib poezd, kema, samolyotgacha, oddiy uy-ro‘zg‘or buyumlari, mehnat qurollari, vaqt, yozuv-chizuv va hisob-kitob buyumlari-yu murakkab axborot texnologiyalaridan tortib bahaybat bug‘ turbinalarigacha, qisqasi, son-sanoqsiz texnika va mexanizmlarning yaratilishiga turtki bo‘ldi.
Oddiy g‘o‘laning sharofati
Darvoqe, g‘ildirak vazifasini dastavval suriladigan yuklar ostiga qo‘yiladigan g‘altaksimon g‘o‘lalar o‘tagan. Ulardan olti ming yilcha muqaddam mesopotamiyaliklar bearmon foydalanishgan. Eramizdan avvalgi XV-XIV asrlarda esa pishiq yog‘ochdan yasalgan g‘ildiraklar paydo bo‘lib, turli dastgohlar, zambilg‘altak, tegirmon va parraklarda qo‘llanilgan. Chunonchi, Markaziy Osiyo, Misr, Xitoy va Hindistonda ekinlar charxpalaklar ko‘magida sug‘orilgan.
Keyinchalik g‘ildirakning sim chambarakli, gupchakli, qayrilma va temir gardishli turlari vujudga kelgan. Shu asno ikkitasi bir o‘qqa birlashtirilib, o‘rtasiga taxta joylashtirilgan. Qarabsizki, insoniyat og‘ir yuklarni tashish va jang qilishda asqotadigan ot aravalarga ega chiqqan. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, eramizdan avvalgi VIII asrda Xitoyda ajabtovur “otash arava”lar, O‘zbekiston hududida miloddan oldingi IV-II asrlarda tegarchakli sopol aravalar uchragan. Bundan 500-600 yilcha burun esa to‘rt g‘ildirakli ulovlar yordamida pochta va bank xizmatlari ko‘rsatilgan, soyaboni ochilib-yopiladigan, yunon mifologiyasidagi Quyosh ma’budi Geliosning o‘g‘li Faeton ismi bilan atalgan foytunlarda yo‘lovchilar tashilgan.
Albatta, vaqt o‘tgani sayin barcha sohalarning rivojlanishi, odamlararo aloqalarning kengayishi aravalarni o‘ziyurar temir dastyorlarga almashtirishni taqozo etdi. Bu muammo ustida belgiyalik rohib Ferdinand Verbeni o‘ta jiddiy bosh qotirdi. Alqissa, 1668 yili siqilgan suv bug‘i potentsial energiyasini mexanik ishga aylantiruvchi dvigatel yordamida harakatlanadigan ilk avtomobilni (bu atama yunoncha “autos” – “o‘zi”, lotincha “mobilis” – “harakatlanuvchi” so‘zlaridan olingan) kashf qildi. O‘sha mashinaning uzluksiz ishlaydigani loyihasini 1763 yili rossiyalik I.Polzunov, suv nasoslariga mo‘ljallangan universal namunasi nusxasini 21 yildan so‘ng angliyalik J.Uatt ishlab chiqdi.
Masalaga shu jihatdan yondashganda, frantsiyalik harbiy muhandis Nikolya Jozef Kyunoni ham avtomobilsozlikka ta’mal toshini qo‘yganlardan biri deyish joiz. Chunki u 1770 yili artilleriya to‘plarini tortishga mo‘ljallangan uch g‘ildirakli bug‘ mashinasiga doyalik qildi. Bu qurilma, garchi tezlikni pasaytiruvchi va harakatni to‘xtatuvchi uskunaga ega bo‘lmasa-da, uch tonna yukni bir soatda to‘rt-besh chaqirim masofaga tashish imkonini berardi. Hayal o‘tmay, angliyalik Richard Trevitnik sakkiz o‘rindiqli ulovni, ta’bir joiz bo‘lsa, birinchi avtobusni ommaga tortiq qildi. Rossiyalik K.Yankevich ham bo‘sh kelmadi — avtomobillarni yuzdan ziyod quvuri bor temir bug‘ qozoni bilan jihozlash taklifini kiritdi.
XIX asrda akkumulyatorli avtoulovlar yaratish borasida ham talay tajribalar o‘tkazildi. Qolaversa, shu asrning birinchi yarmida angliyalik J.Stefenson va rossiyalik ota-bola Cherepanovlar ilk parovozni qurishdi. Ikkinchi yarmida esa frantsuz mexanigi E.Lenuar gaz yonilg‘isi kimyoviy energiyasini mexanik ishga aylantirib beruvchi porshenli ichki yonuv dvigatelini loyihalashtirdi. Nemis kashfiyotchisi N.Otto uni takomillashtirib, to‘rt taktlisiga almashtirdi. Rossiyalik dengizchi O.Kostovich benzin bug‘lari va havo aralashmasini tsilindrga uzatadigan karbyuratorli motorni, germaniyalik R.Dizel uning siqilgan havoda yonilg‘i alangalanadigan namunasini kashf qildi. Ingliz olimi S.Braun dvigatelli, rus muhandisi Putilov to‘rt g‘ildirakli qaldirgoch avtomobil ixtirochilari sifatida tanildi.
Avtomobilsozlik rivojiga, ayniqsa, nemis tadqiqotchilari katta hissa qo‘shishdi. Shulardan biri tadbirkor va muhandis Gottlib Daymler edi. U 1883 yili porsheni har daqiqada 600 marta aylanadigan yassi, ikki yil o‘tar-o‘tmas, tik shaklli dvigatel yasadi. Benzinda ishlaydigan ixcham motorni mototsiklga o‘rnatib, yutuqlarini boyitdi. Mangeym shahridagi mo‘‘jazgina fabrika egasi Karl Bents esa soatiga 15-16 kilometr yo‘l bosadigan motorvagonlarni yaratdi. Ana shu bois Daymler ikkisining nomi to‘rt g‘ildirakli mashina asoschilari sifatida moziy sahifalariga muhrlandi. Ular hamkorlikda ochgan “Daymler-Bents” kompaniyasi 1926 yili kontsernga, 1998 yili AQShning “Kreysler” nomli gigant korporatsiyasiga qo‘shilgach, jahon avtomobil sanoatining “Mersedes” rusumli mashinalar yetkazib beruvchi yetakchi tarmog‘iga aylandi. Bunday fikrlarni “Ford”, “Sitroen”, “Reno Kadillak”, “Rolls Roys” singari mashhur kompaniyalar haqida ham bildirish mumkin.
Endi yana sal ortga qaytaylik. “Har to‘kisda — bir ayb!” deganlaridek, dastlabki avtomobillar xatardan xoli emasligi tufayli tez-tez halokatga uchragan. Boz ustiga, taraqqiyot kushandalari, odatdagidek, bu yangilikka ham qarshi chiqib, mashinalarni yoqishgan, toshbo‘ron qilishgan, ustiga kislota sepishgan. Bundan qat’i nazar, baribir, vaqt o‘z ishini qildi: o‘tgan asrning birinchi choragida transport vositalari turi yanada ko‘paydi. AQSh va Rossiyada ilk traktor, samolyot, teploxod va teplovoz foydalanishga topshirildi.
Xullas, o‘zaro muhorabada aql-zakovat dahriylik va mutaassiblikni dog‘da qoldirdi. O‘ziyurar ulovlar o‘tgan asrda hududlar va mamlakatlararo yuk tashuvchi karvonlarni asta-sekin siqib chiqardi. Pirovardida har tomonlama afzalligi uchun kundalik hayotimizning ajralmas uzviga aylandi. Shunga ko‘ra, dunyo miqyosida har yili 46-53 millionta og‘ir va yengil avtomobillar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Ayni chog‘da, ularning yangi-yangi rusumlari va qismlarini, o‘ng‘ay-badastir asbob-uskunalarini yaratish qizg‘in davom etdi. Tabiiyki, bu jabhada muvaffaqiyat qozonganlar ham, o‘z boshiga o‘zi balo orttirganlar ham bo‘ldi. Quyida shunday voqealardan ba’zilari xususida so‘z yuritishni lozim topdik.
Rezina chambarning “tug‘ilishi”
Avtoulovlar endi-endi ko‘zga tashlangan damlarda yo‘llar ularga moslashtirilmagandi. Inchunin, darrov yaroqsiz holga kelib qolar, ulardan ko‘tarilgan chang-to‘zon chor atrofni ifloslantirardi. Boz ustiga, eng raso ressorlar ham o‘ydim-chuqurliklardan o‘tish chog‘ida mashina silkinishlarini kamaytira olmasdi. Bu noqisliklar haydovchi va yo‘lovchilarni qiynab, tabiatni bulg‘ashdan tashqari, avtomobilning tez ishdan chiqishiga olib kelardi.
Binobarin, mutaxassislar oldida g‘ildirakning turtki-zarbalarni yumshatuvchi, yo‘lga ziyon yetkazmaydigan turini yaratish vazifasi turardi. Taajjubki, bu ishni ixtirochilar emas, balki Irlandiyaning Belfast shahrida yashovchi mol do‘xtiri Jon Danlop uddaladi. Bir kuni u o‘n yashar o‘g‘li minib yurgan velosipedning temir g‘ildiraklari yerga chuqur botib ketayotganini, bolasi uni haydashda qiynalayotganini ko‘rib, “Shularning girdiga enliroq va mayinroq mato qoplasam, qandoq bo‘larkin?” degan o‘yga toldi. So‘ngra yog‘ochdan o‘lchami velosipednikiga teng gardish yasadi. Uning o‘yiqli sirtiga yumshoq material yopishtirilib yo‘g‘onlashtirilgan rezina ichakni mixladi. Oxirida rezina ichak ichiga naycha orqali havo yubordi. Natijada qayishqoqligi oshgan g‘ildirak yerga botmaygan, velosiped tez yuradigan bo‘ldi.
Shu zayl Danlop o‘zi sezgan-sezmagan holda olamshumul ixtiroga qo‘l urdi. 1888 yil 23 iyulda uni patentlashtirdi. Yangi rezina chambar, ya’ni shina bilan jihozlangan velosipedlar egalari turli poyga va musobaqalarda g‘olib chiqa boshlashdi. Bu yangilik mohiyatini teran anglagan yirik sarmoyador Dyu Kross Danlopning patentini sotib olib, u bilan hamkorlikda yiliga ming dona shina tayyorlash quvvatiga ega “Danlop pnevmatik” kompaniyasini ochdi.
Shubhasiz, yangi kashfiyot boshqa mamlakatlarda ham shinani takomillashtirish ishlarini avj oldirdi. Masalan, frantsiyalik aka-uka Eduard va Andre Mishelenlar rezinani gardishga qotirishda mixlardan emas, balki uni oson kiydirish va yechib olish imkonini beruvchi murvatlardan foydalanish g‘oyasini olg‘a surishdi. Mavridi kelib, shinalar sifati keskin yaxshilanib, chidamliligi oshdi. Yaxlit rezinalilari o‘rnini pokrishka va kameralilari egallagach, ularni almashtirish uchun atigi 1 daqiqa-yu 15 soniya vaqt sarflanadigan bo‘ldi. Binobarin, Germaniya, Italiya, AQSh va Rossiyaning “Continental”, “Pirelli”, “Good Year”, “Treugolnik” firmalari ham bunday mahsulotlarni tayyorlashni puxta o‘zlashtirib olishdi. Hozir Danlop shinalari asosan “JIP”lar, “Good Year” va “Continental” sport avtomobillari, “Pirelli” va “Michelin”lar esa oddiy yengil mashinalar uchun ishlab chiqariladi.
Abdunabi Haydarov