OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Jahon xaritasini o'zgartirgan olmos qiroli

U Kap koloniyasining bosh vaziri, qirollik maxfiy ittifoqining a’zosi edi. Uning ismi bilan miqyosi beshta Angliya yoki ikkita Frantsiyaning hududiga teng keluvchi o‘lka nomlanardi. U dunyodagi eng boy odamlardan biri edi. Ammo o‘lim —haq, boqiy dunyo elchisi qarshisida shohu gado ham ojiz.

Jon Sesil Rods zamon va makonni, odamlar hamda sharoitni bo‘ysundirishni o‘rgandi. Jahon xaritasini o‘zgartirishga erishdi. Endi esa uning karavoti atrofida halovatsiz muhit hukmron: betartib ko‘rpa-to‘shak, odamlar — ruhoniy, notarius, uy xizmatkorlarining quti o‘chgan yuzlarida qandaydir tushkunlik, horg‘inlik va xo‘rlik yashirin. Sesil Rods esa ma’noli nimadir deyishni o‘ylardi, biroq o‘lim to‘shagi atrofiga yig‘ilganlar nimjon va titroq ovozda aytilgan chala so‘zlarni eshitishdi, xolos: “Meni hayotga qaytaringlar...”

Shu bilan “De Birs Konsolideyted” va “Janubiy Afrika oltin yerlari” korporatsiyalarining xo‘jayini, Kipling va Konan-Doyl asarlari prototipi, mohir biznesmen va boshqaruvchi, Rodeziya mamlakatiga asos solgan millioner haqidagi epopeya o‘z nihoyasiga yetdi.
Hikoyani 1870 yildan boshlashga to‘g‘ri keladi.

Atlantika ummoni. Moviy to‘lqinlar ichra beso‘naqay, to‘mtoq tumshuqli eski bir kema quvurlaridan qalin qora tutun chiqarib, asta o‘rmalaydi. Bayroq buralib hilpiraydi. Kemaning orqa tarafida turgan ozg‘in yuz, tor yelkalari o‘rta bo‘yiga mos tushgan 17 yoshli oddiy yigitcha har yili Angliyani tark etuvchi minglab o‘smirlardan unchalik farq qilmaydi. U yo‘g‘on arqonlardan birini ushlagan ko‘yi ortida qolayotgan Vataniga qaraydi. Uzoqqa tikilgan ko‘zlar tubida aslida nimalar bor, topish qiyin. 

Sesil Angliyada Gertfordish vikariysi — otasi, onasi va o‘n nafar aka-opalarini qoldirdi. Ruhoniy ota o‘ziga yarasha obro‘ va boylikka ega bo‘lsa-da, butun boshli oilaviy “armiya” “askar”larining orzularini birma-bir ro‘yobga chiqarishga qodir emasdi. Bolakayni qimmat xususiy maktabga ham berishmadi. Oksford universitetiga kirishni istagan qalb sarobga to‘ldi. Unga qavm o‘qituvchisi ta’lim berdi. Yosh Jon o‘sha paytdayoq jannatdan joy kafolatlanmaganini anglab yetgandi.

***

Rods oilada kenja farzand edi. Mayoratdagi hayot qonunlari kichiklarni ko‘chaga uloqtirib tashlashga qarshilik qilmasdi. Baxti chopganlari armiyaga borib kelishar, qolganlariga agar ota-onalari zobitlik patentini sotib olib berisholmasa, qiyin edi. Ba’zilar dengizni tanlab, tijoratchilik, oltin izlash va kofe ayirboshlash bilan shug‘ullanishar yoki sarguzasht qidirishga tushishardi. 

Unga o‘xshab ketganlarning ko‘pchiligi Keyptaun va Kalkuttadagi buzuqxonalarda o‘lib ketishdi. Kamchiligi o‘z ahvolini o‘nglab, uylariga o‘zlarini qirol sanab qaytishdi. Koloniyalarda o‘troqlashib qolib, fermerlikni kasb qilib, Janubiy afrikalik va avstraliyalikka aylanganlar ham bo‘ldi. Barini ishbilarmonlik va taqdir, qat’iylik hal qilar, ular o‘z yutuqlariga sig‘inishardi. 

Yangi ochilgan yerlar tomon yo‘l olgan eski kemalar qalang‘i-qasang‘ilar — ochlikdan qutulish uchun najot istab, dengizga qochgan kambag‘al irlandlar, mohir qimorbozlar va fohishalar bilan liq to‘lardi. Kayutalarda krujkalar bir-biriga urilar, tishlar g‘ijirlar, juldur kiyimdagi ayollar chiyillar, xullas, Liverpul bandargohidan serquyosh qit’a sari yo‘l olgan almisoqdan qolgan kemada inson zotiga tegishli bo‘lgan jamiki buzuqlikni uchratish mumkin edi. Yaxshi oiladan chiqqan o‘smirlar o‘zlari bilan Tatsitning asarlari va «Gall urushlari haqida esdaliklar» kitobini maktabda har tun bir sahifa lotincha o‘qishga o‘rgatishgani uchun olib yurishar va shu orqali o‘smirlikning totli sharbati tomchilab tugab borayotganini his etishardi. Ularning birortasi uni azoblamas, o‘zini nima qiynayotgani haqida gapirmasdi. Sesil Rods kabi tengdoshlari ham xuddi shunday pallada, ko‘pchilik oxirgi marta, yig‘lab yuborgan bo‘lishardi. 

Bolalik poyoniga yetdi. Oldinda yetuklikka yetishish davri kutib turibdi — kelajakning noma’lum haqiqati uni o‘ziga tortardi. Xuddi shu istak ko‘zlarida yosh bo‘lib halqalanganini sezdi u. 

Jonni kemadagilardan farqlovchi bir jihat — achchiq haqiqatning unga ayonligi edi. Bir necha yil oldin shifokorlar Rodsning yuragi bedavo dardga yo‘liqqani va qolgan umri, oshib borsa, o‘n yilgacha cho‘zilishi yoki hayoti har qanday daqiqada to‘xtashi mumkinligini aytishgandi. Buning ustiga o‘sha paytda tuzatib bo‘lmas kasalliklar sirasiga kirgan sil ham uning «hamroh»i edi. Sil odamlarni o‘limga rakka qaraganda tezroq va «ishonchliroq» yetaklab borar, kimga u bilan og‘riganlik to‘g‘risida tashxis qo‘yilgan bo‘lsa, bemor o‘zini tiriklar orasidaman deb hisoblamasdi. «Qora materik»ning issiq iqlimi o‘sha bemorlar uchun oz bo‘lsa-da, yashashga imkoniyat yaratib berdi. Rods bunday qulay vaziyatdan foydalanib qoldi. Faqatgina kelajakning unga tegishli bo‘lgan qismi juda oz edi. 

Sesil umri mobaynida olti bor vasiyat qildi. Birinchisi 24 yoshiga to‘g‘ri keladi. Bu voqeadan keyin o‘tgan yillarda dunyoni o‘zgartirish rejasi — «Haqiqat timsoli» asari yaratildi. Unga ko‘ra, tuzilajak tashkilot o‘z oldiga butun dunyoni egallash, Angliyaning global hukmronligini ta’minlash, umumjahoniy tinchlik va rohat-farog‘atga yetishishni o‘z oldiga maqsad qilib oldi. Jon Rodsning asosiy quroli ham tesha tegmagan, lekin puxta g‘oyalar edi. Natijada u xaritaga o‘zgartirish kiritdi. Bu haqda haligacha gapirishadi. 
Yosh Rods okean oldiga borishidan ancha oldin Janubiy Afrikada olmos topildi. Toshlar a’lo sifatda edi. Ular Yevropani ham «zabt etdi». Qidiruvchilar esa Yaxshi Umid burni orqali o‘tib boriladigan tamal toshi qo‘yilgan joyni afsonaviy Ofir mamlakatiga olib boruvchi yo‘l deb qo‘ya qolishdi. Olmoslar bozorda istagancha borligi uchun narxi tushib ketdi. Shunga qaramasdan minglab tavakkalchilar Afrikaga intilishdi. Niyatiga yetganlar begona joyga ko‘nikib ketishdi. Ular kamzulining yon cho‘ntagida tog‘ ishlari haqidagi qo‘llanma va sakvoyajidagi beshinchi kalibrdagi revolver hamrohligida kon qidirishardi. 

Sesil esa yomon mo‘ljalga olar, tepalikka chiqishga hushi yo‘q, birovning jag‘iga musht tushirishni ham uddalay olmasdi. Ammo xolasi unga ming funt sovg‘a qildi. Bolaning katta akasi — g‘ayratli va omadli Gerbert uni Afrikada kutardi. 

U paroxodda yo‘lga tushdi. Shiori ham aniq edi. Jonning yonidagi Mark Avreliyning kitobida er kishiga qiyinchilik oldida bo‘yin egish xos emas, deb yozilgandi. 

U uzun ko‘chalarda, pastak oq uylar bilan to‘lgan, jaziramadan hammayoqni chang bosgan va qimmat mehmonxonalar joylashgan Durban shahri portida tushib qoldi va baquvvat poni bilan arava qidirishga kirishib ketdi. 

Topgan ulovi bilan Rods qimmatbaho toshlar shahri — Kimberliga yetib borish uchun tog‘larni oshib, qurib qolgan daryodan o‘tib, yirtqich hayvonlar makonini chetlab, nihoyat, zuluslardan jang qilib tortib olingan olti yuz chaqirimlik masofani bosib o‘tdi. 

Odamlar kun bo‘yi yuqoridan pastga, pastdan yuqoriga yelkalaridagi og‘ir yuk bilan chiqib tushishar, kechalari yalanglikda tunashar, boshlarida yostiq o‘rniga egar, qo‘llarida revolverni mahkam qisib, tin olishardi.

Hamma boy bo‘lishni istardi. Orzu yo‘lidagi shafqatsiz kurash kasallar va kuchsizlarni chetga surib tashlar, faqatgina eng kuchlilargina maqsad cho‘qqisi sari o‘rmalashda davom etishardi.

Aytishlaricha, negrlarni bir falaj kishi manzilga eltib qo‘yish uchun yollabdi. Yo‘lda nogiron bilan yollanganlar janjallashib qolishibdi. Jahli chiqqan zanjilar uni nogironlik aravasi bilan eng yaqin bo‘lgan qishloqdan uch yuz chaqirim uzoqlikka tashlab kelishibdi. Bu Afrikadagi odatiy voqealardan biriga aylanib ulgurgan bir paytda, Rods chuqur o‘ralarga to‘lib ketgan gilli tepalikda to‘xtadi. Mitti otning joni allaqachon uzilgandi. Uning ustiga Plutarxning «Tarjimai holi» yo‘qoldi. Lekin u manzilga yetib kelgandi. Kimberli ham yerni kovlash, charchash, uxlash, vaqti-vaqti bilan so‘kishish bilan ovora bo‘lgan, yuziga sovun va ustara tegmagan erkaklarga to‘lib ketgandi. Eng boylarining kulbalari konserva bankalarining tekislangan bo‘laklaridan qurilgandi. Oziq-ovqat va viski oltinga teng, ularni sotish esa qadrli va xavfli edi. Olmoslar qartada o‘rtaga — ganakka tikilardi. 
Uning akasi quvnoq va shinavanda bo‘lib, mahalliy qabilalarga rom va qurol-yarog‘ sotish orqali boylik, yer orttirardi. Ukasining tashrifidan Gerbertning boshi osmonga yetdi.

Bir kuni Gerbert Mozambikdan kelgan portugaliyalikning soddaligidan foydalanib, uning qurolini zulusga pullab yubordi. Keyinchalik buni sezib qolgan portugallar uni qamab qo‘yishdi. Qora tanlilar esa tovlamachini bir necha bor o‘ldirishga urinib ko‘rishdi. Sesilning tashrifiga ko‘p bo‘lmasdan Gerbertni Nyasi ko‘liga yuborishdi. U yerda kutilmaganda baxtsiz hodisa ro‘y berdi. Sham yorug‘ida kitob o‘qib o‘tirgan Gerbert mudray boshladi. Shu payt sham ag‘darilib ketib, yong‘in yuz berdi. Uchqun tushgan rom bochkasi portlab ketdi va aka Rodsni narigi dunyoga ravona qildi. U ana shu tarzda o‘lim topdi. Uning katta miqdordagi boyligi Jonga meros bo‘lib qoldi. Endi Sesil boy edi.

Buni qarangki, meros olgan yer hududidan olmos qalamchalari (trubkalari) topildi. Toshlarning ko‘pi yaxshi sifatli bo‘lib, haftasiga 200 funt foyda keltira boshladi. Ammo Rodslarning yeri yaqinida asosiy raqobatchilar — uchta bur fermasi joylashgandi. «De Birs», «Dyutoytspayn», «Bulfonteyn»ni XVII asrda Afrikaga kelib qolgan golland-kalvinchilari boshqarishardi. Sesil esa niderland hududining yonginasida eng boy olmos konlarini nazorat qila boshladi. 

Tosh qidirish qizg‘in o‘yinga o‘xshar, Rods esa markaziy o‘yinchi edi. U aniqlikni yoqtirar, qazish ishlari tashkilotchiligi bilan birgalikda rahbarlikni ham qoyilmaqom olib bora olardi: foydali ish koeffitsientini oshirishga xizmat qiluvchi va yanada chuqurroqda ishlash imkoniyatini beruvchi bug‘ mashinalari sotib olindi. Ruhoniyning o‘g‘li bir nechta fermaga egalik qila boshladi. Shu orada butunjahon iqtisodiy inqirozi ro‘y berdi. Mustaqil kon izlovchilar birin-ketin kasodga uchrashdi. Jon esa ishbilarmonligi, favqulodda aniqlik bilan oldinni rejalashtirishi va erkin pul aylanmasi yordamida qiyin vaziyatdan chiqib ketdi. 1880 yildan boshlab Janubiy Afrika olmos konlarining katta qismini o‘z qo‘l ostiga oldi va «De Birs Daymond mayning kompani»ga kotib etib tayinlanib, keyin uning prezidentiga aylandi. Yillik daromad 50 ming funtgacha ko‘tarildi. 

O‘rta bo‘y, kamtarin, nimjon, rangpar, doim oddiy kiyinib yuradigan Rodsni birinchi ko‘rishdayoq u haqdagi gaplar yolg‘onmikan, deb o‘ylab qolardi kishi. Hatto u multimillioner bo‘lganida ham egnidagi arzon ipakdan tikilgan g‘ijim yo‘l-yo‘l kostyumini va pijamasini tashlamadi. Shuning o‘ziyoq u haqdagi dastlabki afsonaviy taassurotlarni yo‘qqa chiqarishi mumkin edi. 

Shunday oddiy kiyinib yuradigan kamtar yigit avvaliga olmos qiroliga aylanishini tasavvuriga sig‘dira olmagandi ham. Kimberliga kelgach, Oksford universitetida bilim olish uchun pul yig‘ishga kirishdi. O‘qishni bitirib, advokat yoki ruhoniylikni tanlamoqchi edi. Uning temir intizomi xayolot olamidan ustun keldi. Otasining qurbi yetmagan ishni o‘zi amalga oshirish, ya’ni talabalik ridosini sotib olish imkoniyatiga ega bo‘ldi. 
1873 yili Kimberlida boshqaruvchisini qoldirib, o‘zi Angliyaga qaytib keldi. U yerda bakalavrlik darajasiga erishish uchun sakkiz yil vaqt ketardi. Yigirma yoshlik talabaning sabri bunga chidamadi. Tahsil uchun yuz ming funtlab pul sarflagan Rods baribir konchilikni tanladi. 

O‘zini ancha o‘nglab olgan Jonga javohir bozorida munosib raqib 1880 yillarning oxiriga kelibgina topildi. Uning hayotiga qirq yoshli atlet, londonlik birjachilarning yoqimtoyi Barni Barnato kirib keldi. Barnato yoshligida masxaraboz va ko‘cha akrobati bo‘lgani uchunmi, uni ko‘pchilik tanirdi. U Uayt Chepl ko‘chasi ahlini o‘zining katta yasama qizil burni, unga belangan yuzi bilan qoyil qoldirar, bahaybat masxarabozlik boshmoqlari bilan tosh ko‘chalarni kezib, o‘z san’atini namoyish etgani, kichkina skripkada mohirlik bilan o‘ynagani, qo‘lida yurganini ko‘rgan yo‘lovchilar uning eski shlyapasiga o‘n pensdan pul tashlab ketishardi. Keyin tsirkchi Janubiy Afrikaga ko‘chib ketdi. Kimberligacha borib yetdi. O‘sha yerda boy bo‘ldi. Baquvvat, tadbirkor va o‘z fikriga ega bo‘lgan, hayotning eng quyi pillapoyalaridan to shu yergacha ko‘tarila olgan Barnato sovuqqon va nimjon Rodsga bo‘y bergisi kelmadi. Biroq Sesil Rodsning qirollikdagi mansabdorlar bilan aloqasi kuchli edi. Eng yaxshi konlar uniki bo‘lgani uchun Jon Barnini kelishuvga chaqirdi. Shunday qilib, «De Birs konsolideyted» vujudga keldi. Ushbu kompaniya hozir ham dunyo olmos bozorini nazorat qiladi.

Ko‘p o‘tmay Rods yillik pul hajmi to‘rt million funt sterlingga yetganini aniqladi. Yiliga taxminan to‘rt million juftlik turmush qurishga ahd qilishi va o‘rtahol erkak kelinga narxi bir funtga teng bo‘lgan bir karatlik tosh sovg‘a qilishini u allaqachon statistika orqali bilib olgandi. To‘rt million, albatta, katta miqdor: unchalik ham muvaffaqiyatli kechmagan yillarda daromad to‘rt million funtdan pastga tushmas, samarador yillarda esa ko‘rsatkich fantastik darajada o‘sib ketardi. Bu Kimberlidagi shaxtalarning o‘zidan kelib tushardi. Ko‘p o‘tmay moliyaviy boshqaruv to‘liq Barnatoga topshirildi. Sesil endi ko‘proq narsaga ehtiyoj seza boshladi. «Ishonchlar ramzi» asarini yozib tugatgach, u asarini bevosita hayotga tatbiq qilishga urindi. Reja tezda yetildi: 1880 yillar oxirida Janubiy Afrikada oltin topildi. Kon Kimberlidagi olmos o‘choqlaridan 250 mil uzoqlikda joylashgandi. Minglab «singan» qazuvchilar yangi sarob uchun bel bog‘lashdi. Tarix takrorlandi. Suronli yillarning dahshatli voqealari bo‘lib o‘tgan joy o‘rnida konchilarning Yoxanesburg shahri paydo bo‘ldi. Yangi rayonda tekislangan tunuka idishlardan bunyod etilgan katalaklarning bir oylik ijara haqi yuz dollarga yetdi. Yirtiq-yamoq kiygan sobiq boylar asl oltinni topish uchun tuproqni «cho‘qilash»ga tushib ketishdi; kechagi bank direktori o‘z boyligidan faqat ko‘zoynagining oltin g‘ilofini saqlab qoldi. Kasod bo‘lgan dallol viski tarqata boshladi. Oltin izlovchilarning otlari ochlik va qumli bo‘ronlarga bardosh bera olishmadi. Kal jo‘rchilar ularning atrofida cho‘chqalardek izg‘irdi. Talonchilar kazinoga bostirib kirishar, o‘yinchilarni tunab ketishar, mahalliy tartibni saqlovchilardan hech kim qo‘rqmasdi. Odamlar ko‘chada bir-birini bemalol otib ketardi. Uch yildan keyin sariq metalning kuchi bilan Yoxanesburgga o‘sha paytda Yevropaning ko‘plab shahrida yo‘q bo‘lgan ot tortadigan vagon(ko‘nka) va elektr toki yetib bordi. Oltin tugay demasdi. Ijodkorlik bilan biroz band bo‘lgani uchun Rods kech qoldi. U pirogning eng totli qismiga ulgurmadi. Raqobatchilar allaqachon joylarni band etishgandi, ammo pullarning o‘zi unga yo‘l ko‘rsatdi, ortiqcha qarshilikka o‘rin yo‘q edi, to‘siqlar qisqa vaqt ichida chetga surib tashlandi.

Shunday bo‘lsa ham uning mutlaq hukmronlik qilishi amalga oshmadi. Olmos qirolining yosh kotibi Nevil Pikeringning o‘limi xo‘jayinga qattiq zarba bo‘ldi. Dafn marosimida uning ahvolini ko‘rgan diydasi yosh ko‘rmagan Barnato ham yig‘ladi. Marosimdan so‘ng Sesilning bu dunyo hoyu havaslariga bo‘lgan qiziqishi oz muddatga bo‘lsa-da, so‘ndi. 

Bir yoqda katta boylik va kitobidagi g‘oyalarni amalga oshirish tashvishlari, bir yoqda bariga etak siltash. Rods birinchi holatni tanladi. U tezda o‘zini qo‘lga oldi. O‘ziga kelishiga ko‘p vaqt ketmadi. «Endi ishga qaytishim kerak. Nima ro‘y bergan bo‘lsa, hammasi oddiy hayotning odatiy detallaridan boshqa narsa emas», deya xulosa chiqardi u. 1889 yil Rods qirollikdan Buyuk Britaniyaning Janubiy Afrikadagi tashkilotini tuzish to‘g‘risidagi buyruqni qabul qilib oldi.

Kompaniya o‘zining boshqaruv tizimi va harbiy qismiga ega bo‘lishi lozim edi. Asosiy maqsad binolar va shahar barpo etish, temir yo‘llar yotqizish, qisqasi, hokimiyat ichra hokimiyat tuzish zarur edi. Uning aktsiyalari dastlabki narxidan o‘n baravar qimmatga sotila boshladi. Shuning uchun Rods uzoq yillar davomida dividendlarni rad etib keldi. Biroq uning tashkiloti da’vogarlik qilayotgan oltinga boy yerlar qora tanlilarning bir qabilasiga qarashli edi. Afrika xalqlari ichida faqat zuluslargina katta urushda inglizlarni yengishi mumkin edi: bir necha yil oldin zulus jangchilari o‘sha paytning eng zamonaviy qurollari bilan ta’minlangan 800 kishilik butun bir polkni cho‘lda birma-bir qilichdan o‘tkazishgandi. Rods o‘yin oson kechmasligini bilar, shuning uchun saralanayotgan askarlar tibbiy ko‘rikdan poygaga ajratilayotgan otlardek o‘tishardi: ularning tishidan tortib tirnog‘igacha puxta tekshirilar, shundan so‘nggina shartnoma imzolanardi.

Tanlab olinganlarga baxmaldan kalta shim, zaharli ilonlardan himoya qilish uchun qalin paytava va mustahkam poyafzallar berildi. Ularning har biriga kuniga 7,5 shilling va keyinchalik, erishilgan muvaffaqiyatga qarab, 1,5 ming akrdan yer va’da qilindi. Yigitlar juda jasur bo‘lishmasa ham, ularda eng yangi kashfiyot, XX asrda keng yoyilgan daqiqasiga 300 ta o‘q otadigan «Maksim» rusumidagi pulemyotlar bor edi. Avvaliga Rods mahalliy qirolni u tushunmaydigan shartnomaga imzo chekishga bir amallab ko‘ndirdi. Keyin qora tanlilar armiyasini qo‘rg‘oshin «yomg‘ir»i bilan «siyladi». Zuluslarning yerlari, mollari tortib olindi. Mahalliy xalq soliqqa tortildi, oq tanlilarning fermalarida ishlashga majbur qilindi. Ko‘nmaganlar 25 darradan urildi. Rods esa temir yo‘l va shahar qurdirdi. Yangi bug‘doy navini olib keldi. Egallangan yerlarda oltin topilgani uchun Jon qayta asos solgan mamlakat yashnay boshladi. 

O‘zining Keyptaundagi gollandlarning eski qo‘rg‘oni o‘rnida tiklangan saroyida Rods Afrikaning qadimiy moddiy durdonalaridan butun boshli kollektsiyani yiqqandi. Uning parklariga dam olish uchun kelganlar unga ta’zim qilmasdan keta olishmasdi. Bu yerda u o‘ziga bek, o‘ziga xon edi. 
Janubiy Afrika kompaniyasi boshlig‘i qirolicha Viktoriya bilan bo‘lgan suhbatda maqtov ham eshitdi.
Qirolicha:
— Men sizni oldin ko‘rmaganman, janob Rods. Shu vaqtgacha nima ish bilan mashg‘ul bo‘ldingiz?
Rods:
— Sizning mulkingizga yana ikkita provintsiya qo‘shdim.
Qirolicha:
— Afsus, mening vazirlarim sizga o‘xshamaydi. Ular faqatgina zarar keltirishga qodirlar.
 

Barnatoning o‘limi ham kutilmaganda yuz berdi. U Angliya qirolichasi yubileyiga bir savat javohirni sovg‘a qilib olib ketayotganda, qazo qildi. Bir soat oldin yo‘ldoshi bilan chaqchaqlashib, hajviya aytishib borardi. Odamlar uning bortdan o‘zini suvga otganiga ishonishmadi. Uni qutqara olmadilar.

Barnato eng mohir suzuvchi, hatto suvning eng chuqur joyida yotgan toshlarni ham topib chiqardi. Shifokorlarning fikricha, asablar shohona to‘nga o‘rangan qashshoq siyratli hayotga dosh berolmagan. Mas’uliyat va javobgarlik yuki uni ezib yuborgan. Asablari ham o‘rgimchak to‘ridek nozik bo‘lib qolgan Rods masxarabozning o‘limiga bardosh berish uchun o‘zida kuch topsa-da, shifokorlar tekshiruvdan keyin yana tanish tashxisni qo‘yishdi: istalgan (istalmagan) payt hayot bilan vidolashish.Xuddi shunday og‘ir paytda yangi raqiblar maydonga chiqishdi. Bunday tushkunlikdan foydalangan burlarning mitti-mitti respublikalari oltin yordamida mustahkamlanib olishdi. Kelgindi niderland-kalvinchilarining oqimi tashkil etgan suverenitetlarini oldin Jonning sharafiga Rodeziya deya nomlashgandi. «Lolalar yurti»dan qochib kelgan yevropaliklar yaxshi mergan va chavandoz edilar. 

Burlarga tegishli bo‘lgan Transvaal respublikasida konlarning asosiy qismi joylashgani uchun oltinni qayta ishlovchi kompaniyalarning mutasaddilari katta boj to‘lashdi: begona korchalonlarni mayda davlat rahbarlari o‘limga hukm qilishdi. Avvaliga Sesilning puliga yarog‘ sotib olgan burlar Buyuk Britaniya tojdorining qo‘l ostida ishlashga bajonidil rozi bo‘lgan Rods bilan ittifoq tuzishni xohlashmadi. 

Do‘stlik dushmanlikka aylandi. Kalvinchilar tumanli albionning manfaatini himoya qilganlarni yomon ko‘rishardi. U xoh do‘st bo‘lsin, xoh dushman. Rods sobiq ittifoqchilarga qarshi urush e’lon qildi. Biroq u tuzgan tashkilot qo‘shini burlar poytaxtida qaqshatqich zarbaga uchradi. Rodsning chekingisi kelmadi. U o‘ziga ishondi. Oliy hazratlariga g‘alabaga erishaman, deya va’da berdi. Biroq bu safar u adashdi. XX asrning eng katta urushlaridan birida Buyuk Britaniyaning xalqaro obro‘siga putur yetdi. Qirollikning qizil mundirini kiyib olgan askarlar Afrikadagi soqolli sobiq qit’adoshlari tomonidan kakliklardek qirib tashlandi. Burlar urushda bu borada o‘sha paytda yangilik bo‘lgan simli to‘siqlar(oldin yaylovlarda qo‘ra sifatida ishlatishgan) va transheyalardan foydalanishdi. Bu ularni artilleriya o‘tidan himoya qildi. Inglizlar esa dushmanlarning xotinlari va farzandlarini kantslagerlarda saqlashdi. Urush odatdagidek adolatli emasdi. Sesil ko‘pga tushdi. Burlarning hujumidan yashirinish uchun u Kimberli qal’asiga yetib bordi. Qamal boshlandi. Ingliz manfaatlari qattiq qarshilikka uchrab, to‘kilib ketdi. Ushbu ma’lumot Sankt-Peterburgdan tortib, Parijgacha yetib bordi. Rods qahramon bo‘lishning uddasidan chiqa olmadi. Uloqni boshqalar ilib ketishdi.

Mag‘lubiyatga uchragandan keyingi davr — umrining oxirgi yillarini shifokor ko‘rigida o‘tkazdi. Bir paytlari qattiqqo‘lligi bilan obro‘ qozongan Sesilni oxirgi marta ko‘rganlar ichiga botib ketgan ko‘zlarni, spirt hididan bujmayib ketgan yuzni eslab qolishdi. Kutilmaganda umrining so‘nggi kunlarida uning hayotiga bir ayol kirib keldi. 

Balzakning turmush o‘rtog‘i grafiniya Ganskiyning jiyani — amaldor xotin, Radzivill xonim husnda tengsiz edi. Yozuvchi, tavakkalni yoqtiruvchi ayol avvaliga Rodsning diqqatini o‘ziga tortishga harakat qildi. Uning ishonchiga kirdi. Pullarini o‘zlashtirdi. Keyin esa — qamoq. Uni ikki yilga ozodlikdan mahrum qilishdi. Rods sudga kelmadi. 

Shunday qilib, 1902 yili bu dunyo bilan vidolashayotgan Jon Sesil Rods hatto so‘nggi nafasida aytmoqchi bo‘lgan so‘zlarini ham oxirigacha yetkaza olmadi. 

«Qancha ko‘p narsa yaratilishi kerak bo‘lsa, shuncha kam narsa amalga oshirildi», degan edi u bir safar. 
Uning Rodeziyasi qirq yil yashadi. Burlar bir amallab bo‘ysundirildi. Afrikalik oq tanlilar birinchi va ikkinchi jahon urushlarida Angliya uchun kurashdilar.

Hammasi XX asr o‘rtalarida nihoyasiga yetdi. Rodeziya Zambiya va Zimbabve respublikalariga bo‘linib ketdi. Qora tanlilar o‘zlarini «Maksim» pulemyotlari bilan «tanishtirgan» «oq»larni fermalaridan haydab chiqarishdi, o‘ldirishdi. Ammo bu fojeani ko‘rish Rodsga nasib etmadi. 

Aleks MAKDERMOTT

Saidjon MAXSUMOV tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.