OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ko'hinur afsonasi

 yoxud olamning ikki yarim kunlik sarfiga teng olmos haqida

Oriyatdan yaralgan millat

O'tmishda yashab o‘tgan buyuk shaxslar nimaga erishgan bo‘lsalar hammasiga qalblaridagi oliy tuyg‘u- milliy oriyatning kuchi tufayli erishgan. O'rta asrlardagi dunyoning 700 ta buyuk shaxsidan 500 tasi bobolarimiz bo‘lgani bizga katta sharaf va mas'uliyat yuklaydi. Chunki, ular yaratgan boy ma'naviy merosga voris bo‘lish bilan birga ularni ham yuksaltirgan milliy qadriyatlarga ham egamiz.

Xalq eposida oriyat masalasi

 Ma'lumki, "Alpomish" dostoni o‘zida millatimizning qadimiy qadriyatlarini, milliy g‘ururini yuqori pardalarda kuylagan mukammal xalq eposi hisoblanadi. Ba'zi ma'lumotlarga ko‘ra, "Alpomish" dostoniga asos bo‘lgan eng ko‘hna xalq ertaklari va afsonalari bundan 2,5-3 ming yillar avvalgi zamonga borib taqalar ekan. Dostonni o‘qir ekansiz, milliy g‘ururdan qalbingiz nurga, bilagingiz kuchga to‘ladi. Yoki baxshiyona qilib aytadigan bo‘lsak, Vatan ori uchun suv kelsa simirib, tog‘ kelsa kemirib kurashishga chorlaydi. Dostonning syujeti xalq­ning boylaridan bo‘lmish aka-uka Boybo‘ri va Boysarining to‘yga borishi, u yerda esa aka-ukaga farzandlari bo‘lmagani uchun hech kim izzat-ikrom ko‘rsatmagani bilan bog‘liq voqeadan boshlanadi. Shunda aka-uka boylarning ori kelib:

Befarzandning yiqqan moli zoyadi,
Yaratganim bir tirnoqdan ayadi,
Shul sababdan xumor ko‘zim yoshlandi...

deya el-ulusni tark etdilar... Bu yerda xalq yetakchisining o‘z xalqi oldidagi mas'uliyati, xalqning el boshining o‘tib ketganidan keyingi taqdiri oriyat nuqtai nazaridan tasvirlanmoqda.

Aslida xalq yetakchilari bilan xalq orasidagi munosabatdagi oriyat milliy g‘ururni ifodalaydigan asosiy vositadir. Butun syujet mana shu voqeaga asoslanadi. Bundan kelib chiqadiki, "Alpomish" dos­toni oriyat asosiga qurilgan asar. Qolaversa, asardagi bir necha o‘nlab holatlarda, jumladan, Boysarining Chambilbelga ketib qolishi, Alpomish Barchinning orqasidan borishi, Barchin Alpomishni hamma qatori musobaqada ishtirok etishini talab qilishi, Alpomish zindonda yotganida Qorajonni qutqarishga rozi bo‘lmasligi, hatto Yodgor onasining to‘yiga qarshi chiqishida ham oriyat bosh mavzuga aylanadi.

Tarixiy shaxslar va milliy oriyat

 Millatning mana shunday boy ma'naviy qadriyatlarida oriyatning bosh mavzu bo‘lib kuylanishi xalqimiz orasida alpomishsifat tarixiy shaxs­larning dunyoga kelishiga, kamol topishiga sabab bo‘lgan. Eng qizig‘i, ularning taqdiri ham xuddi Alpomishning taqdiriga o‘xshashdir. Bunga afsonaviy Shiroq va Spitamenni, Sohibqiron bobomiz Amir Temur va uning zurriyodlarini, jasur Jaloliddin Manguberdini, jasoratli Temur Malikni keltirish mumkin.

Humoyun xotiralari

 Bugungi kunda Zahiriddin Muhammad Bobur nomi nafaqat yurtimizda, balki butun dunyoda hurmat bilan tilga olinadi. Ammo biz uning to‘ng‘ich o‘g‘li shahzoda Humoyun Mirzoning oriyatiga berilgan yuksak baho haqida so‘z yuritmoqchimiz.

Ma'lumki, Bobur hind tuprog‘iga ilk qadam qo‘ygan paytida Hindistonda hokimiyat parokandalikka yuz tutgan edi. Xususan, Gvalior viloyatida roja Bikramaditya hokimlik qilayotgan edi (u Shamsobodda Ibrohim Lodi bilan bo‘lgan jangda vafot etadi). Panipatdagi g‘alabadan so‘ng Humoyun boshliq qo‘shin Dehlidan o‘tib ketma-ket qasrlarni ishg‘ol qilib boradi. O'sha qasrlarning birida roja Bikramadityaning xotini, bo‘y yetgan ikki qizi va bir o‘g‘li yashardi.

Rojaning 20 yoshlardagi o‘g‘li Humoyunni iliq qarshi oladi. Otasining qotilini o‘ldirgani uchun minnatdorchilik bildiradi. Humoyun ham unga va uning oilasiga iliq muomalada bo‘ladi. O'sha kecha Vays ismli bir bekni elliktacha yigiti bilan rojaning qasrida qoldirib, o‘zi qasrning hovlisidagi boqqa chodir tiktirib, o‘sha yerda tunaydi. Kechasi qasrda qo‘qqisdan to‘polon ko‘tariladi. Humoyun tezda qo‘riqchilari bilan qasrga kirsa, Vaysning yigitlaridan biri ichki eshik oldida qonga belanib o‘lib yotibdi. Ikkinchi qavatning zinapoyasida turgan o‘n sakkiz yoshli go‘zal qiz chuvalib yotgan ipak sarisini titroq qo‘llari bilan olib, yalang yelkasiga yopishga urinayapti.

Ma'lum bo‘lishicha, Vays rojaning shu qizini yoqtirib qolib, navkarlari yordamida uni o‘z xonasiga olib kelmoqchi bo‘lgan. Qizning akasi qarshilik ko‘rsatib, bir navkarni o‘ldirgan. Endi buning qasdiga navkarlar yosh rojaning o‘zini o‘ldirmoqchi bo‘lib turganida, Humoyun kirib keladi. Rojani ozod qilib, Vaysni hibsga oldiradi. Qolganlarga ham munosib jazo belgilaydi. Shunda zinapoyadan yosh rojaning onasi qo‘lida kichgina sadaf quticha bilan tushib keladi. U oliy tabaqaning o‘qimishli ayollaridan edi. U Humoyunga yuzlanib:

- Shahzoda, mening bisotimdagi eng katta boyligim mana shu qutichaning ichida. Men uchun farzandlarim dunyo­ning hamma boyliklaridan azizroq. Siz o‘g‘limning jonini qaytarib berdingiz. Mana bu qutichadagi ulug‘ olmosni sizga atayman, deya qutichani Humoyunga beradi. Bu uning oriyati uchun berilgan yuksak baho edi.

Afsona

Ko‘hinur olmosi haqida ko‘plab afsonalar yuradi. Qadimshunos Sanskrit bundan 5000 yil oldin Ko‘hinur (Syamantaka) topilgani haqida yozib qoldirgan. Bir nechta hind miflarida ham, Ma'bud Krishna Ko‘hinurni Jamabavantadan olgani aytiladi. Rivoyatga ko‘ra, Krishna olmosni Satrajitning ukasi Satrajizni o‘ldirib olganlikda ayblanadi (aslida u ov paytida sher hamlasidan o‘ladi). Vaholanki, olmosni Jamabavanta olgan bo‘ladi. O'zini oqlash maqsadida Krishna Jamabavanta bilan jang qiladi. Krishna Jamabavantaning qo‘shinini tor-mor qilib, olmosni Satrajitga qaytaradi. Satrajit uyalganidan Krishnaga qizi bilan birga Ko‘hinurni ham taklif qiladi. Ammo Krishna uning qizi Satyabhamani qabul qilib, olmosni esa rad etadi.

Tarixiy manba

Tarixiy manbalarning guvohlik berishicha, Ko‘hinur Kakatiya qirolligining (Hindiston) Guntur viloyatida dun­yodagi eng qadimiy olmos konlaridan birida topilgan. Bu kon 1730 yili braziliyaliklar tomonidan qayta kashf etilmaguncha faqat mana shu olmos uchun ham eslanar edi. Ilmiy manbalarda "Golsonda" nomi bilan tilga olinadigan ushbu kon olmoslari o‘zining sofligi, shaffofligi va tiniqligi bilan bosh­qalaridan ajralib turadi. Ular juda noyob va kamyobdir.

Mazkur olmos dastlab Kakatiya qirolligining mulki hisoblangan. Kilji dinas­tiyasiga mansub bo‘lgan bu olmosni G'iyosiddin Tug‘liq Shoh keyinchalik o‘z hoqoni Ulug‘ xonga yuboradi. Shu tariqa barcha oltin, marvarid, fil suyaklari bilan birga Ko‘hinur ham imperiya mulkiga aylanadi. Keyinchalik bu olmos 1526 yildan boshlab to Britaniya bosqinigacha imperiya sohibi Bobur va uning avlodlari ixtiyoriga o‘tadi.

Ko‘hinur birinchi marta 1526 yili "Boburnoma"da eslanadi. Unda yozilishicha, olmos 1294 yili noma'lum Malva rojasiga tegishli bo‘lgan. Bobur mazkur olmosning qiymati "Tamomi olamning ikki yarim kunlik sarfiga barobar" ekanini aytadi.

Boburiylar olmosi

Bobur va uning farzandi Humoyun o‘z xotiralarida Ko‘hinurni "Boburiylar olmosi" deb eslashadi. O'sha payt­da olmos Gvalior viloyatini boshqarayotgan rojalarga tegishli bo‘ladi. Bobur qo‘shiniga qarshi shafqatsiz jang olib borgan Dehli sultoni Iskandar Lodi tor-mor etilgach, uning barcha mulklari Boburga o‘tadi. Shundan so‘ng Humoyun qo‘shini bilan Dehlidan o‘tib, ketma-ket qasr­larni ishg‘ol qilib borib, olmosni roja Bikramadityaning xotinidan yuksak e'tirof ila qabul qilib oladi. Olmos Humoyunning vafotidan so‘ng oz vaqt uning bosh vaziri Jalolxon tasarrufida bo‘ladi. Humoyunning o‘g‘li buyuk sarkarda Akbar umri davomida olmosga biron marta ham qo‘li tekkizmaydi. Ke­yinchalik afsonaviy tosh Shohjahon ixtiyoriga o‘tadi.

Ma'lumki, Shohjahon mash­hur Toj Mahalni qurdiradi. Keyinchalik, uning o‘g‘li Avrangzeb uni Lohurdagi Badshoshi masjidiga joylashtiradi. Olmos u yerda Nodirshoh davrigacha (1739 yili) saqlanadi.

O'z davrida Nodirshoh Ko‘hinurni "Agar bir odam beshta tosh olib birini sharqqa, birini g‘arbga, birini shimolga, birini janubga va beshinchisini osmonga otib, toshlar yetgan manzil oralig‘ini oltin, marvaridlar bilan to‘ldirsa, Ko‘hinur qiymatiga teng boylik bo‘ladi" degan edi.

1747 yilda Nodirshohga uyushtirilgan suiqasddan so‘ng olmos Afg‘onistonga, Ahmad shoh Abdaliy ixtiyoriga o‘tadi. 1830 yili Shoh Xo‘ja Afg‘onistonni bosib olganidan so‘ng tosh yana Lohurga, keyinchalik esa Panjobga Maxaraja Ranjit ixtiyoriga o‘tadi.

Olmosning yangi davri

Panjobda o‘z hukmronligini o‘rnatgan Ranjit Sing 1839 yili olamdan o‘tadi. 1849 yilning 29 martida Lohurda Britaniya bayrog‘i ko‘tariladi. Bu Panjob ham o‘z-o‘zidan Britaniya qaramligiga o‘tdi, degani edi.

Maharajaning boshqa boyliklari qatorida Ko‘hinur ham Britaniya ixtiyoriga o‘tadi. Bu ishga bosh-qosh bo‘lgan Lord Dalxaus Ko‘hinurni qirolichaga katta mamnuniyat bilan sovg‘a qiladi.

Lord Dalxaus o‘z esdaliklarida shunday yozgan edi: "Men olmosni qirolichadan xabar kelgunicha plashimning cho‘ntagida saqladim. Nihoyat, qirolichadan olmosni Britaniyaga olib borish to‘g‘risida maktub kelganidan so‘ng cho‘ntagimni qarasam, olmos yo‘q edi. Shunda bir muddat qotib qoldim va munkillab qolgan xizmatkor cholni chaqirib, undan cho‘ntagimdagi narsalarni so‘radim. U "Ha men olgandim. Xonangizdagi qutining ichida" - dedi bamaylixotir.

- Tezda olib kel-chi,-dedim hayajon bilan. U kichkina qutichani keltirdi-da ichidan olmosni olib menga uzatdi va "Shunga shunchalikmi, bu oddiy shisha-yu, xo‘ja­yin" - dedi.

Olmosning Londonga sayohati

Lord Dalxaus 1850 yilda Maharajaning 13 yoshli o‘g‘li Dulip Sing Ko‘hinurni o‘z qo‘li bilan qirolicha Viktoriyaga topshirishi uchun Britaniyaga safar uyushtiradi. Unga G'arbiy Belgiyada hizmat qilgan Doktor Jon Spense Login hamrohlik qiladi. O'sha paytda Login olmosni 1 000 000 funtga baholaydi.Nihoyat 1850 yil 3 iyul kuni Ko‘hinur tantanali ravishda qirolicha Viktoriyaga topshiriladi. Bu xizmatlari uchun Login 1854 yili qirollik ritsari unvoniga loyiq topiladi.

Ma'lumki, qadimiy bitiklarda Ko‘hinur xususida "Kimki bu olmosga egalik qilsa, dunyoga hukmron bo‘ladi. Ammo u faqat xudo yoki ayolga tegishli bo‘lishi mumkin" deyi­ladi. Olmos Britaniyaga keltirilganidan beri qirollikni faqat ayol jinsiga mansub (qirolicha)lar boshqarib kelmoqda.

Yangicha jilo va joziba

1852 yili Amsterdamda shahzoda Albertning texnik xizmatchisi Jeymis Tennant tomonidan olmosga ishlov beriladi. Ishlov berish jarayonida 186 karat bo‘lgan olmos 105 karatgacha kichrayadi. Bir paytlar dunyodagi eng katta hisoblangan Ko‘hinur shundan so‘ng kattalikda o‘z qiymatini yo‘qotadi.

Qirolicha Viktoriyadan so‘ng qirolicha Aleksandra olmosni yangi tojga o‘rnatdi. Shundan boshlab, olmos qirolicha tojini bezab kelmoqda. 2002 yili Ona qirolicha vafotidan so‘ng olmos toj bilan birga "Tover of London qasriga o‘tkazildi.

Ko‘hinurga taalluqli da'volar

Ko‘hinurga oid da'volar hamon to‘xtagani yo‘q.1976 yili Pokiston Bosh vaziri Zulfiqor Ali Bxutto Britaniya Bosh vaziri Jim Sallagandan olmosni Pokistonga qaytarishni so‘ragan edi. 1997 yili esa qirolicha Elizabeta II Pokiston va Hindiston mustaqilligining 50 yilligi munosabati bilan tashrif buyuradi. Shunda bir nechta mahalliy zodagonlar Ko‘hinurni Hindis­tonga qaytarishni talab qilib chiqishdi. 2000 yili noyabrda esa Afg‘onistonda o‘z rejimini o‘rnatishga harakat qilayotgan Tolibon guruhi ham Britaniya hukumati Ko‘hinurni Afg‘onistonga qaytarishi kerak, degan qat'iy talabni qo‘ydi. Eron matbuoti esa olmosning haqiqiy egasi Eron hukumati degan da'vo bilan chiqishlar qilib turadi.

Aslida uning haqiqiy egasi kim? Bu o‘rinda Olaf Karoining "Tayms" gazetasidagi fikrlarini eslatamiz: "U 203 yil Dehlida, 66 yil Kandahor va Kobulda, 127 yil Britaniyada bo‘ldi (Bu maqola yozilgan payt. Hozir esa 160 yil bo‘ldi). Ko‘hinurning haqiqiy egalari turkiy qavmga mansub Hindis­ton hukmdorlari edi, - deya yozadi Olaf Karoi o‘z maqolasida. Albatta, hozirgi zamonda olmosga ochiqcha da'vo bilan chiqish bema'nilik bo‘lar, ammo turli sohalarda tahsil olayotgan bugungi yoshlarimiz o‘z ilmi, odobi va milliy oriyati bilan Ko‘hinurga da'vo qila oladi deb o‘ylaymiz. Kelajakda dunyo jamoatchiligi o‘zbek o‘g‘lonlari ilmi, odobi va insoniy oriyatiga xolisona baho berib, Ko‘hinurni aynan bizga munosib ko‘rsa, ajabmas!

Bunyod Abdullayev

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.