Inson organizmda magniy yetishmasa ishtaha yo‘qolib, tana harorati pasayadi, ruhiy siqilish, asabiylik hamda tomirlar tortishishi ro‘y beradi. Bu mikroelementning kamligi, ayni chog‘da, uyqusizlik, bosh og‘rig‘i, qorin damlashi, erta qartayish, kamqonlik va asab bilan bog‘liq muammolarga ham sabab bo‘ladi.
Magniyning yetishmasligi yurak-qon tomir tizimi ishiga ta’sir ko‘rsatadi. Aynan magniy yurak ritmining buzilish xavfini kamaytiradi, lipidlar almashinuvini yaxshilaydi, tomirlarda qon ivishining oldini oladi. Bundan tashqari, yurak va qon tomirlar ishini me’yorga solib turadi.
Organizmda magniyga ehtiyoj ortishi ko‘p hollarda noto‘g‘ri va samarasiz ovqatlanish tufayli kelib chiqadi. Magniy o‘simliklarga yashil tus beruvchi xlorofillning tarkibiy qismlaridan biri bo‘lib, qo‘shimcha ravishda ishlov berilmagan har qanday o‘simlikdan tayyorlangan taomda u mavjud. Masalan, yong‘oqlar, dukkaklilar, ishlov berilmagan boshoqli o‘simliklar, shuningdek, ko‘katlar, ismaloq, soya, no‘xat, dengiz mahsulotlari, mol go‘shti mazkur mikroelementning asosiy manbaidir. Qattiq suvda ham yumshoq suvga qaraganda magniy ko‘p.
Biz hozirgi paytda a’zoi badanimiz uchun zarur bo‘lgan magniy miqdorining hammasini suv va taomlar orqali ololmaymiz. Demak, bunda darmondorilar yordam beradi. Agar magniy yetishmasligi bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelsa, shifokor tomonidan maxsus dori preparatlari tavsiya qilinadi. Katta yoshdagi erkak va ayollar bir kunda o‘z vaznining har bir kilogrammiga taxminan 4,5 mg. miqdorida magniy qabul qilishi lozim. Homiladorlik va bola emizish davrida bu miqdor oshadi. 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarning suyaklari yaxshi rivojlanishi uchun ular kattalarga nisbatan ko‘proq — har bir kilogramm vazniga 6 mg. miqdorida magniy qabul qilishi darkor.
Shuni unutmaslik kerakki, organizmga kaltsiy qanchalik zarur bo‘lsa, magniy ham shu qadar zarur. Ya’ni magniy kamaysa kaltsiy ham kamayadi yoki kaltsiy kamaysa magniy ham kamayadi. Shu sababli ularning nisbati o‘zaro teng muvozanatda bo‘lishi lozim. Kaltsiy tish va suyaklar, to‘qimalar, asab tizimi, qon harakati va immun tizimi me’yorida ishlashi uchun zarur.
Magniy yetishmasligi ko‘p xastaliklarga, shu jumladan, biriktiruvchi hujayralarning kuchsizlanishi kabi og‘ir kasalliklarga ham olib kelishi mumkin. Organizmda magniyning yetarli darajada bo‘lishini ta’minlash uzoq umr ko‘rish va hamisha bardam, tetik bo‘lish kafolatidir. Mushaklarga ko‘p kuch tushganda ham kaltsiy va magniyning to‘g‘ri muvozanatdagi miqdori zarur bo‘ladi. Magniy organizmga tez singadi va suyaklarda kaltsiyni yaxshi saqlab turadi, uning badandan chiqib ketishiga imkon bermaydi. Qo‘shimcha ravishda qabul qilingan magniy organizmda kaltsiyni samarali tarzda saqlaydi. Venaning varikoz kasalligi, uzoqni yaxshi ko‘rolmaslik, grija (churra tushish), umurtqaning qiyshayishi, biriktiruvchi hujayralarning kuchsizligi magniy yetishmovchiligi bilan bog‘liqdir.
Magniy ismaloqda, shuningdek, sarsabil deb ataluvchi ko‘p yillik sabzavotda, bug‘doy kepagi, yong‘oq, kungaboqar pistasida, loviya, ko‘k olma va salatlarda, achchiq bo‘lmagan ko‘k qalampirda ko‘p.
Tarkibida magniy bor mahsulotlar (100 gramida mg. miqdorida):
Bug‘doy kepagida — 611
Oshqovoq urug‘ida — 534
Kunjut urug‘ida — 351
Bodomda — 304
Kedr yong‘og‘ida — 234
Yer yong‘oqda — 185
Yong‘oqda — 169
Ismaloqda — 87
Loviyada — 63
Quritilgan xurmoda — 59
Kungaboqar pistasida — 58
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 25-sonidan olindi.