Qirq besh yoshli Konard Fondershtrass Germaniyaning Frayberg shahri klinikasiga bir necha oylardan beri uxlamayotganligidan nolib kelganida, shifokorlar uning chindan ham uyqusizlik kasaliga duchor bo‘lganligiga ishonishmadi.
Olimlar xulosasiga ko‘ra, har qanday inson bunday uzoq muddatda baribir bir-ikki soat mizg‘ib olishi kerak. Bemorning kasalligini aniqlash uchun unga 8 soatlik maxsus moslama ulab, uyqusizligini tekshirib ko‘rmoqchi bo‘lishdi. Belgilangan muddat ichida Konard atigi bir necha minutgina pinakka ketdi, qolgan vaqtlarda esa tamoman o‘zini hushyor tutdi.
Fondershtrassning qisqa muddatli uyqusida hech qanday o‘zgarish sezilmadi, ya'ni hushyorlikda kechdi. Shifokorlar to‘plagan ma'lumotlar ularning mijozi to‘rt-besh oydan beri uxlamagan degan xulosani keltirib chiqardi.
Bemorni tekshirib ko‘rgan shifokorlar «Lantset» jurnalida maqolalar e'lon qilishdi. Olimlar bir necha yillardan beri xuddi ana shu kasallik ustida ish olib borayotganliklarini ma'lum qildilar. Ular inson o‘z asablarini ishdan chiqazmay, qancha vaqt uyqusiz yura olishi mumkin va bu uning organlari faoliyatiga - immun va garmon tizimiga, qon bosimiga qanchalik ta'sir qilishi mumkin, kabi bir qator savollarga o‘z munosabatlarini bildirdilar.
Avvallari bir qator mutaxassislar va harbiy shifokorlar uyqusizlik ustida eksperimentlar o‘tkazib, inson uch kundan ortiq uyqusizlikka chiday olmaydi degan xulosaga kelishgandi.
Amerikada 17 yoshli o‘quvchi Rendi Gardner 1965 yilda 11 sutka uxlamay Ginnesning rekordlar kitobiga kirgandi. O‘sha paytdagi bu antiqa eksperiment yigitchaning aqliy faoliyatida zarracha ham nuqson bo‘lmaganligini isbotlagandi. Tajribadan so‘ng, u 15 soat uxlab olib, ertasiga hech narsa ko‘rmaganday, maktabga ketgandi.
Fondershtrassning uyqusizligi Gardner o‘rnatgan rekorddan ham ustun keldi. Uning bu ko‘rsatkichi ham Ginness kitobiga kiritildi. Qizig‘i shundaki, Konard bu rekordni o‘zi istamagan holda amalga oshirdi. Shuncha kun uyqusiz yurganiga qaramay, uning sog‘ligida hech qanday kuchsizlik sezilmadi. U yana bir necha oy uxlamaganida ham sog‘ligiga xavf tahdid qilmaydi.
Rossiya olimlil A.M.Veyn: «Inson mutlaqo uxlamasa ham bo‘ladi, «»uyqusizlik» atamasi bo‘lmagan gap», - degan fikrni olg‘a surdi.
«Shpigel» jurnalining yozishiga ko‘ra uyqusizlik haqida yuzlab hodisalar qayd qilingan. Ular «fatal o‘zgarish»lar tufayli azob chekib, nihoyat vafot etishgan, ammo ularning o‘limiga sabab uyqu bo‘lmay, genetik yetishmovchilik ko‘rsatilgan. Bularning barchasi masalaning yechimini topish yo‘lidagi bir urinishlar natijasidir.
Olimlarni asosan bemorning ruhi qiziqtiradi, qarangki, Fondershtrass ko‘p oylik uyqusizlikda ham ruhiyatini yaxshi saqlab qolgan. Uyqusizlik turli-tuman baxtsizlikdan, alkogolni haddan tashqari ko‘p iste'mol qilishdan, ruhiy kechinmalar, ko‘ngilsizlikdan kelib chiqadi. Shunday ekan, bu kasallikdan himoyalanishning eng kuchli usuli ruhan tetik va albatta, hayotdan mamnunlik hissini shakllantirishdir.
Albatta, yuqoridagi "qahramon"larimizga ergashib, uyqusizlikni sinab ko‘rish yaramaydi. Zero, uyqu insonni jismonan va aqlan baquvvat saqlab turuvchi muhim hodisadir.