O‘Z-O‘ZINI BILISH VA SHIFO TOPISH UCHUN
Mazkur asar – xalqaro bestseller «Suvnoma» kitobining davomidir. Doktor Emotoning yangi tadqiqotlari Suv qudratli shifobaxsh xususiyatlarga ega ekanligini inkor etib bo‘lmas dalillar bilan isbotlaydi. Yer sayyorasida eng ko‘p tarqalgan bu unsurda insonning sog‘lom yashash sirlari mujassamlashgan. Suv – insonning jismoniy tanasi bilan uning fikrlari, niyatlari, his-tuyg‘ulari, ruhiyatini bog‘lovchi ko‘prik sanaladi. Suv insonlarning ruhiy quvvatini yig‘ib oladi; xotirasida saqlab, boshqa odamlarga uzatadi. Suvda yig‘ilgan sog‘lom, toza quvvat ham jismoniy, ham ruhiy xastaliklarni davolash kuchiga ega. Kitobda g‘aroyib rasmlar bor. Bu rasmlarda insoniy yaxshi va yomon fikrlarning suvga ta’siri natijasida hosil bo‘lgan kristallar aks etgan. Suvga to‘g‘ri munosabatda bo‘lishning sog‘lig‘imizga, dunyoqarashimizga ijobiy ta’siri haqida amaliy ko‘rsatmalar berilgan.
MUQADDIMA
Garchand ma’lumotim dastlab ilmiy faoliyatga yo‘nalmagan bo‘lsa-da, anchadan buyon Suvni tadqiq etaman. Iokogama universiteti ijtimoiy fakultetida o‘qib, Amerika-Xitoy munosabatlari bo‘yicha ixtisoslashganman. 1987 yilda, 43 yoshimda ilk bora Suvning g‘aroyib xususiyatlariga duch keldim. O‘shanda men savdo sohasida ishlardim. Hamkorlarimdan biri oyog‘imdagi og‘riqni maxsus tayyorlangan Suv yordamida davolashni maslahat berdi. Hayratlanarlisi shundaki, men olgan dori-darmonlarning barchasidan ko‘ra, shu suv dardimni arishiga ko‘proq yordam berdi.
Bu voqea Suvni tadqiq qilishga kirishishim uchun turtki bo‘ldi. Vaqt o‘tgan sayin bu unsur o‘zida axborot yig‘ish xususiyatiga ega, degan qat’iy qarorga keldim. Ammo bu ma’lumotlar biz teledasturlar, radio eshittirishlar, gazeta, jurnallardan oladigan axborotlardan farq qiladi. Bu o‘rinda vujud – tana va aqlga ta’sir etuvchi tashqi omillar nazarda tutilmoqda. Aytaylik, chiroyli manzaraga boqarkansiz, ajib sokinlik ko‘ngilga inadi; yoqimli musiqa tinglaganingizda esa qalb poklanadi. Axborot deganda so‘z zamirida vujudimiz hamda ongimizga ta’sir ko‘rsatuvchi jamiki omillarni nazarda tutyapman.
O‘zida mujassam etgan axborotga muvofiq Suv o‘z xususiyatlarini o‘zgartiradi, bu – uzoq yillik tadqiqotlar natijasida chiqargan xulosam. Afsuski, an’anaviy fan qonuniyatlariga mos kelmaydigan bu radikal g‘oya qo‘llab-quvvatlanmadi, chunki aniq isbot-dalillar talab etilardi.
Bir kuni Devid Savoldning «Uy bekasini ta’qib etuvchi chaqmoq hamda fanning boshqa g‘aroyib tilsimlari to‘g‘risida» nomli kitobini o‘qirkanman, «Bir xil qor zarralari bo‘ladimi?», degan sarlavhaga mixlandim. Maqolada yozilishicha, millionlab yillardan buyon yerga yoqqan qor zarralarining birortasi boshqasiga o‘xshamas ekan. Bu haqiqat menga o‘quvchiligimdan ayon esa-da, sog‘lom mantiq mazkur faktga o‘z tadqiqotlarim nuqtai nazaridan qarashga undadi. Suvni muzlatib, muz kristallarini ko‘zdan kechirsam-chi, degan yangi fikr paydo bo‘ldi. Hamkasbim bo‘lmish yosh mutaxassis bilan birga tadqiqot o‘tkazishga kirishdik. Bu to‘g‘rida keyinroq batafsil to‘xtalamiz. 1994 yilda qat’iyat bilan o‘tkazilgan ikki oylik tadqiqot samarasini berdi, hamkasbim chiroyli olti burchakli muz kristalli fotosuratini olishga muvaffaq bo‘ldi.
Suv bilan bog‘liq tadqiqotlarim natijalari jamuljam bo‘lgan «To‘lqin tebranishlari haqiqati» deb nomlangan kitobim 1994 yilda bosilib chiqdi. Bu yo‘nalishdagi ishlarim g‘oyat kuchli aks-sado beradi, deb o‘ylamagan ham edim. O‘shandan keyin Suv fikru yodimni band etdi. 1994 yildagi muvaffaqiyatdan ruhlanib, kelgusi besh yil mobaynida muz zarralari – kristallarini rasmga tushirishda davom etdik. Shu fursat ichida xado (barcha narsaga xos energiya yoki tebranishlar) hamda Suvga oid tajribalar to‘g‘risida bir nechta kitob chiqardim. O‘z tajribalarim to‘g‘risida ilmiy konferentsiyalarda ma’ruzalar bilan ishtirok etdim. Taassufki, aynan shu yo‘nalishda tadqiqot olib borayotgan biror kishini uchratmadim.
1998 yil oxirlari edi. Tenri (Yaponiya) universitetining Inson tanasini o‘rganish Jamiyati majlisida so‘zga chiqdim. Mashhur genetik olim, Hukubi universiteti professori doktor Kadzuo Murakami ham majlisda ishtirok etardi. Doktor K.Murakami tadqiqotlarimni qo‘llab-quvvatlagan dastlabki nufuzli olimlardan biri bo‘ldi.
1999 yilda esa «Suvnoma» kitobimni rafiqam Kadzuko nashrdan chiqardi. Kitob yapon tilida edi. Men «har ehtimolga qarshi» kristallar rasmlariga ingliz tilida izoh berishga qaror qildim. Va mazkur qaror alal-oqibat butun hayotimni o‘zgartirib yubordi! Kitob xorijiy o‘quvchilarni ham o‘ziga tortdi, ayni paytda jahondagi 20 dan ziyod tillarga tarjima qilindi. Vaqt shitob bilan o‘tyapti. Hozirda dunyoning barcha burchaklaridan Suv va xado to‘g‘risida ma’ruzalar o‘qishimni so‘rab, takliflar tushmoqda. Suv haqidagi maqolalarimni o‘qiganlar, eshitganlar hayratdan dong qotishyapti. Uch yil avval «Simens» kompaniyasining piar-menejeri bilan suhbatlashdim. Ana shundan so‘ng «Simens» ofisining kafeteriysida «Xado-Suv» (ijobiy quvvat bilan zaryadlangan Suv) ishlata boshlashdi. Har yili men Augsburgda minglab tinglovchilar huzurida xado to‘g‘risida so‘zlab beraman. 2002 yildan buyon bu tadbirni Xado-simpozium deb ataydilar. Germaniyada XADO so‘zi hayotdan mustahkam o‘rin oldi degan ma’noni anglatadi.
Niderlandiyada qirolicha Beatriksning singlisi malika Iren bilan uchrashish sharafiga muyassar bo‘ldim. Tabiiy fanlar bilan qiziquvchi malika bir necha mavzularga oid bahs-munozara o‘tkazish uchun qator olimlarni, jumladan, mashhur ingliz biologi Rupert Sheldreykni huzuriga chorlagan edi. Men Suv tadqiqotchisi sifatida ishtirok etdim. AQShda ko‘p marta, ikki bora esa Garvard universitetida ma’ruzalar o‘qidim. Tabiatga, atrof-muhitga e’tibor g‘oyat kuchli bo‘lgan Kanadadan ko‘plab takliflar tushdi. 2003 yilning may oyida Kanadaning Viktoriya, Vankuver, Kalgari, Edmonton, Monreal, Toronto shaharlarida Suv va g‘ayrioddiy pnevmoniyaga oid ma’ruzalarim tinglovchilarni hayajonga soldi.
Xorijiy davlatlarga qanchalar ko‘p borsam, shunchalar ko‘p odam Suvning g‘aroyib xususiyatlaridan boxabar bo‘lardi. Ammo ming-ming tinglovchidan birortasi ham Suvga oid tajriba o‘tkazishni xayoliga keltirmas, Suv xususiyatlari haqida hech narsa bilmasdi! Tabiiy fanlarni ham, diniy ilmni ham yuzaki bilgan oddiy bir kishi – men Suv tadqiqotchisiga aylanib, dunyoga Suv xususiyatlarini ovoza qilar, birin-ketin qo‘lma-qo‘l o‘qiluvchi bestseller-kitoblarimni chop ettirardim. Suvga men singari qiziquvchi insonning o‘zi yo‘q edi! Ha, biz hozirga qadar bu ajoyib unsur to‘g‘risida g‘oyat oz bilamiz.
Ulg‘aygan kishi tanasining yetmish sakkiz foizi suvdan iborat bo‘lsa-da, suvning ko‘plab xususiyatlari tadqiq etilmagan. Ehtimol, shuning uchun ham na o‘zgalarni, na o‘z «Men»ligimizni tushunmasmiz...
Odatda Suvni e’tibor bermasdan ichamiz. Uning hayotdagi ahamiyati, zaruriyati barchaga ma’lum. Suvga shunchalar o‘rganib qolganmizki, kamdan-kam hollarda, ongli tarzda obihayotning izzatini joyiga qo‘yamiz.
Quyida mazkur kitobda muhokama etilajak masalalar, holatlar e’tiboringizga havola qilinmoqda.
Suvning o‘ziga xos tabiatiga jiddiy qaraysizmi?
Ichayotgan Suvingiz sog‘lig‘ingizni, hayotingizni yaxshilay olishga qodirligini bilasizmi?
Suv xossalarini ongli ravishda o‘zgartira olishingiz mumkinligini bilasizmi?
Suvga tashakkur aytsangiz, uning sifati yaxshilanadi. Suvni haqorat qilsangiz yoki e’tiborsiz bo‘lsangiz, sifati yomonlashadi.
XXI asr Qovg‘a erasiga kiradi. Katta ko‘zada Suv ko‘targan odam – Qovg‘aning astrologik belgisi timsoli hisoblanadi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti 2005 yilni Suv O‘n yilligi (2005-2014) davrining boshlanishi deb e’lon qildi, bu quruq gapvozlik emas.
Keling, Suv haqida yanada ko‘proq bilaylik, Unga astoydil e’tibor beraylik.
Suvni qanchalar ko‘p bilsangiz, o‘z-o‘zingizni yanada ravshanroq anglay boshlaysiz. Alaloqibat insoniyat jamiyatini, mamlakatlarni, dunyoni, Borliq olamni va nihoyat, Ilohiyotni idrok etib bilib borasiz. Grek faylasufi Fales «Suv – tiriklik olamining ibtidosidir» deganda naqadar haq edi!
Kitobimni o‘qigach, Suvni seva boshlasangiz, sog‘-omon, baxtli hayot kechirish mohiyati haqida o‘ylab qolsangiz, muallif sifatida boshim osmonga yetardi. Mazkur asarni tayyorlashga, nashr etishga yordamlashgan birodarlarimga Suv nomidan chuqur minnatdorchilik izhor etaman, barcha o‘quvchilarimga mehr, ehtirom yo‘llayman. Azizim Suv hazratlari guvohligida, albatta.
KASHFIYOT JARAYONI
Tadqiqotlar qanday boshlandi?
Yuqorida ta’kidlaganimdek, «Bir xil qor zarralari bormi?» sarlavhali maqolani tasodifan o‘qigach, muz kristallarini rasmga olish g‘oyasi menga tinchlik bermay qo‘ydi.
Baxtimga savdo kompaniyamizning yosh tadqiqotchi-olimi Kadzuya Isibasi mikroskopni ishlata olardi. Katta mikroskopni ijaraga olib, janob Isibasiga muz kristallarini rasmga tushirish vazifasini topshirganimda, u g‘oyat ajablandi.
– Muz kristallarini albatta, rasmga tushiramiz, bunga mening ishonchim komil, –dedim yosh olimning shubhalarini quvib. Ammo janob Isibasini yuragimni yondirayotgan, jismi-jonimni egallab olgan g‘oyamga ishontirishim uchun naq ikki oy zarur bo‘ldi. U mening ko‘nglim uchun ikki oy suvni muzlatib, muz kristallarini mikroskopda tekshirib o‘tirdi. Harakatlari zoe ketib, kristall hosil bo‘lmayotganidan umidsizlangancha kunni kech qilganda, uni birga ovqatlanishga taklif etardim. Yosh do‘stim o‘zi xush ko‘rgan sakeni maydalab icharkan, men uning qalbida umid uchqunlarini yoqardim:
– Mana, ko‘rasiz, urinishlarimiz behuda ketmaydi, muz kristallarini, albatta, rasmga tushiramiz. Tushkunlikka tushmasangiz, bas. Agar mikroskopni ishlata olganimda, ertayu kech shug‘ullangan bo‘lardim. Sizdan iltimos, menga madadkor bo‘ling....
Va nihoyat, tinimsiz harakatlarimiz o‘z samarasini berdi.
...O‘sha kuni qo‘lida rasmlarni ko‘targancha laboratoriyadan yugurib chiqqan Isibasi chehrasidagi hayrat, hayajonni aslo unutmayman. Hozir o‘shandagi hol-ahvolimizni, zimmamizga nechog‘li katta vazifa olganimizni tahlil qilarkanman, insondagi ishonch qudratiga bosh egmay iloj yo‘q. Mendagi, suvni muzlatib, kristallarini albatta rasmga olamiz, degan qat’iy ishonch janob Isibasi shubhalarini aritdi. Eng muhimi esa bizning niyatimiz pok, xolis edi, pul ishlab qolish, boyish degan vasvasalar ko‘nglimizning ko‘chasiga kelmagan. Balki xuddi shuning uchun ham urinishlarimiz o‘z mevasini berdi; Suv pok, go‘zal chehrasini bizga namoyon etdi.
Kristallar qanday rasmga olinardi? Ayni paytdagi ish usulimizni tasvirlab berayin. Shisha idishdagi Suvga –axborot tashuvchi (yozma so‘z, surat, musiqa)lardan biri ta’sir ko‘rsatadi. So‘ngra ta’sirlangan bu Suv diametri 5 sm bo‘lgan ellikta dastali piyolaga taqsimlanib, –25 darajadan ham pastroq haroratli muzlatkichga qo‘yiladi. Uch soatdan so‘ng piyolalar olinganda, shar shaklidagi muz bo‘laklari hosil bo‘lganini ko‘rish mumkin. Muz bo‘laklarining har biri mikroskopda yoritilib tekshiriladi. Ish jarayoni risoladagiday ketayotgan bo‘lsa, harorat ko‘tarilishi asnosida muz erib, kristallar vujudga kela boshlaydi. Ikki-uch daqiqadan so‘ng sharsimon muz g‘unchasi yaproq yozayotgan gul yanglig‘ ochiladi. 50 dona bir xil sig‘imli piyolada, bir xil sovuq haroratda muzlatilgan Suv, qarangki, har xil kristallar hosil qiladi. Biz kristallarni guruhlarga ajratamiz – g‘oyat chiroyli qirrali kristallar, shakli notugal kristallar, kristall hosil qilmagan muz bo‘laklari. Statistik tahlildan ayon bo‘lmoqdaki, muz kristallari o‘rganilayotgan Suv sifati qandayligini ko‘rsatmoqda.
TABIIY, QUVUR VA MINERAL SUVIMIZ AHVOLI QANDAY?
Tadqiqotlarni davom ettirarkanman, isbot talab qilinmas haqiqatga duch keldim. Vodoprovod Suvi muzlatilganda kristallar hosil qilmadi. Lekin tabiiy Suv muzidan shakllangan oltiburchakli kristallar chiroyiga maftun bo‘lasiz-qolasiz. Zero, tabiiy Suvga kimyoviy ishlov berilmagan, tozalanmagan edi-da! Vodoprovod Suvi muzlatilganda kristallar o‘rniga paydo bo‘lgan egri-bugri noxush shakllarga qaytib qaramasdingiz. Men, beixtiyor, rivojlangan mamlakatlar aholisi xlor bilan dezinfektsiyalangan vodoprovod Suvlari sifatidan nolishlarini esladim. Ishlov berilgan Suv ta’msiz, sog‘liqqa foydasi yo‘q, hisobi. Shu bois ushbu mamlakatlarda, garchi qimmat esa-da,mineral Suv ichishni afzal ko‘radilar.Tabiiy, vodoprovod, mineral suvlar sifatini tadqiq etishga kirishdim.
«Tabiiy Suv» deganda qanday Suvni nazarda tutishimni so‘rashadi. Buni, inson ta’sir ko‘rsatmagan Suv desak, Yer yuzida bunday Suvning o‘zi yo‘q. Zero, insoniyat havoni ifloslantirib bo‘ldi. Yerning yuza qismidagi namlik bug‘lanib, atmosferada bulutga aylangach, yomg‘ir bo‘lib yana zaminga yog‘adi. Yomg‘ir Suvi ham biz ifloslantirib ulgurgan tuproqqa singiydi.Xuddi shu bois ham inson ta’sir ko‘rsatmagan Suvning o‘zi yo‘q, deb hisoblayman. Demak, tabiiy Suv tushunchasi ham shartli qo‘llanilmoqda. Bug‘lanib, bulutga aylanib, yog‘in (yomg‘ir,qor) shaklida tuproqqa singib, yana yuzaga oqib chiquvchi obihayotni, menimcha, tabiiy suv deyish mumkin.
Tabiiy va vodoprovod suvi tadqiqotlari qiziqarli natijalar berdi. Tokiodagi ishxonamning vodoprovod suvi muzlatilganda kristall hosil qilmadi. Tokioning boshqa tumanlaridan olingan vodoprovod suvlarida ham kristallar kuzatilmadi. Tokiodagi mavjud vodoprovod suvlari ichishga sifatsiz bo‘lib chiqdi.
Xokaydo, Kyusyu, Okinava orollari Suvlarini tadqiq etdik. Sapporo, Senday, Nagoya, Kanandzava, Osaka, Xirosima, Fukuoka, Naxa shaxarlaridagi vodoprovod Suvlari ham kristall hosil qilmadi. Katano shahridagi vodoprovod Suvi tarkibining 60 foizini sizot suvlari tashkil qilganligi bois chiroyli kristallar vujudga keldi.
Osiyoda toza Suv topsam kerak, deb o‘ylagandim, ammo Gonkong, Makao va Bangkokdagi tadqiqotlarim ham besamar ketdi.
Yevropaning Suvi qay ahvolda? Har safar London, Parij, Rim singari yirik shaharlarga borganimda, vodoprovod Suvidan olib kelardim, ammo Yevropa Suvi muz kristallari paydo qilmadi. Suv ustidagi Venetsiya shahri bundan mustasno, bu shaharning Suvi nisbatan sifatli bo‘lsa-da, kristallga aylanmadi. Buenos-Ayres (Argentina), Manaus (Braziliya), Kanadaning Vankuver shaharlaridagi vodoprovod Suvining tozaligiga tan berdik. Zero, bu shaharlar tabiiy Suv manbalari yaqinida joylashgan bo‘lib, tadqiq etilgan Suv muzlatilganda chiroyli kristallar hosil qildi. Oradan ko‘p vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, mazkur shaharlar ahli hamon sifatli Suv ichishmoqda, deya umid qilgim keladi.
Hududining 80 foizi tog‘li joylardan iborat Yaponiyaning barcha buloq suvlari namunalari yuzasidan o‘tkazgan tadqiqotlar natijasi quvontirarli bo‘ldi. Yaponiya–Osiyoning musson iqlimli (yozda dengizdan quruqlik tomon, qishda dengiz tomon esuvchi shamol) mintaqasida joylashganligi sabab, bizda yog‘ingarchilik serob. Yog‘inlar tog‘larga, o‘rmonlarga yog‘ib, yerga singiydi va yana yuzaga chiqadi. Tabiiy Suv manbalari ko‘pligi jihatidan rivojlangan mamlakatlar ichida oldingi o‘rinda turishi boisi ana shundan.
Tabiiy filtrlanish-tozalanish tizimidan o‘tgan Suv g‘oyat xush ta’mli bo‘lib, sog‘liq uchun foydasi ko‘p. Ayni paytda yaponiyaliklar o‘rtasida tabiiy suvga nisbatan ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan tashnalik, obihayotga intilish g‘oyat kuchaygan. Tabiiy suv qiymati jihatdan neftga yaqinlashib boryapti. Garchi neftni qazib olish, tashish, tozalash katta sarf-xarajatlarni talab etsa-da, bu bor haqiqatdir. Ayrim mineral suvlar hatto neftdan ham qimmatroq turadi. Zero, toza, shirin tabiiy suvni ichishni istovchi inson narx qimmatligiga qaramaydi. Ammo, taassufki, ayni paytda qimmatbaho tabiiy Suv tarkibi ham ifloslanib qolyapti. Iokogama Gigiena instituti ma’lumotlariga qaraganda, bir necha mineral Suv markalari tarkibidan kimyoviy elementlar topilgan. «Mayniti» gazetasining 2003 yil, 20 aprel sonida tahlil natijalari bosib chiqarilgan maqolada shunday deyiladi:
«Yaponiyaning bir qator savdo markalari bilan sotilayotgan mineral suvlar tarkibi Iokogama Gigiena instituti tomonidan tekshirilganda, ularda formaldegid va atsetaldegid moddalari topilgan. Ayrim hollarda mazkur moddalar vodoprovod suvi bilan taqqoslaganda mineral suvlar tarkibida 80 baravar ko‘p bo‘lib chiqsa-da, buning inson sog‘ligiga zarari yo‘q. Ovqatlanish gigienasi Akti normativlariga binoan mineral suvning sifati vodoprovod suvi bilan qiyosan nazorat qilib turiladi.
O‘tgan yil bahorida Sog‘liq, mehnat va ijtimoiy himoya vazirligimiz mineral suvlar uchun yangi standartlar ishlab chiqishni ta’minlashga kirishdi. Biroq alodegidlar bilan bog‘liq muammo hal etilgani yo‘q.
Iokogamada sotuvdagi shishali mineral suvlar tekshiruvdan o‘tkazildi. Tekshirishga olingan 30 shisha mineral suvning 14 donasi Amerika, Fransiya, Angliyadan importga keltirilgan. O‘n olti donasi esa mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsuloti bo‘lib, institutda ishlab chiqilgan uslub yordamida bu suvlarda formaldegidid va atsetaldegid bor-yo‘qligi tekshirildi. Natijada 19 ta shishadagi Suvda ( 5 ta import, 14 ta mahalliy) alodegid borligi aniqlandi. Ulardan o‘n yettitasida esa formaldegid ham, atsetaldegid ham borligi ma’lum bo‘ldi.
Yaponiyada mineral Suv alkogolsiz ichimlik hisoblanadi va u aldegid borligi istisno qilingan holda ovqatlanish gigienasi Akti normalariga javob berishi zarur. Boshqa tomondan olganda esa, vodoporvod Suvi sifati standartlariga muvofiq formaldegid kontsentratsiyasi nazoratchi, indikator belgi hisoblanadi. Uning mavjud miqdoriga ko‘ra, vodoprovod Suvi monitoringi olib boriladi va bir litrda 80 milligrammdan ortiq bo‘lmasligi zarur. Yuqorida aniqlangan ifloslanish o‘chog‘i qaerda ekan? Suv olingan manbalardami? Ishlab chiqarish jarayonidami? Suv qadoqlangan idishlar tozaligi kafolatlangan. Nima bo‘lganda ham institut xulosasi shunday: «Bu Suvni toza deb bo‘lmaydi».
Tibbiyotda formaldegidid va atsetaldegid kontserogen saraton kasalligini keltirib chiqaruvchi moddalar hisoblanadi. Bundan tashqari, formaldegid «kasal uy sindromi»ni chaqiradi, kimyoviy moddalarga nisbatan allergiya hosil qiladi.
Nimadan qo‘rqqan bo‘lsam, shu ro‘y berdi: mineral Suv inson tomonidan zararlangan. Balki buni Yaponiyada kam odam bilar, biroq G‘arbda bu vaziyat allaqachon muhokamaga qo‘yilgan.
Biz endi muzlatilgan mineral Suv kristallarini suratga ola boshladik. Tanlaganimiz Yaponiyada ishlab chiqarilgan Suvdan ikkitasi chiroyli kristallar hosil qildi. Bu tasodif emas, Suv darhaqiqat shirin taomli edi.
Mineral Suv savdosi bilan shug‘ullanuvchi ko‘plab kompaniyalar kelajakda og‘ir ahvolda qoladilar, chunki G‘arb aholisi hozirdanoq ularning mahsulotlarini olishdan cho‘chishyapti.
Kanadaga ma’ruzalar o‘qish uchun safar qilganimda antiqa Suv sotib oldim. Bu juda mashhur firma tomonidan sotuvga qo‘yilgan reminerallashtirilgan Suv edi. «Reminerallashtirilgan» iborasi Suvni inson uchun zarur moddalar bilan to‘yintirishni anglatadi.
Suv tuproqda filtrlanar ekan, unga ko‘plab minerallar aralashadi. Shu vaqtga qadar biz bunday Suvni foydali deb ichardik. Endi buni qarangki, tarkibidan minerallar olib tashlanganligi reklama qilinayotgan Suv bozorda paydo bo‘ldi. Bu Suvni «tabiiy» emas, «distillangan» deyish to‘g‘riroq bo‘lur edi. Yil avval bunday Suv Kanadada yo‘q edi, endi esa chor tomonda shu Suv, hatto «Air Canada» kompaniyasi samolyotlari yo‘lovchilarga ham shunday Suv taklif qilmoqdalar.
«Tabiiy Suv» atalmishning hozirgi ahvoli ana shunday bo‘lgach, xlorlanayotgan, turli kimyoviy vositalar bilan ishlov berilayotgan quvur Suvining «qiyofasi»ni tasavvur etavering.
INSON ONGI SUVNI O‘ZGARTIRADI
Suvni tadqiq etish jarayonida kristallar vujudga kelishi obi-hayotning tabiiy yoki quvurdan ekanligigagina bog‘liq emas, degan qat’iy xulosaga keldim. Suv muzlatilganda hosil bo‘luvchi kristallar Suvga singgan axborotga ham bog‘liq.
G‘oyalarim haqligini aniqlash uchun ikkita shisha idishga Suv quydim. Shishalardan biriga «Rahmat», ikkinchisiga «Sen ahmoqsan» yozuvli qog‘ozlarni yopishtirdim. Suv yozuvlarni «o‘qiydi», degan umidda shishalarni muzlatkichga qo‘ydim.
Natija gipoteza to‘g‘riligini isbotladi. «Rahmat» yozuvli Suvni chiroyli kristallar hosil qilgani holda, «Sen ahmoqsan» yozuvini «uqqan» Suv ahmoqona basharani aks ettirgan edi.
Suv o‘ziga axborotni qabul qilsa, u muzlaganda hosil bo‘luvchi kristallar axborot mohiyatiga ko‘ra shakllanar ekan. Demak, kristall axborot mazmuniga ko‘ra chiroyli yo xunuk ko‘rinishga keladi. Boshqacha aytganda, inson ongli ravishda Suv sifatiga ta’sir ko‘rsata oladi. Endi men sifati yaxshi Suv yordamida odamlarni qay yo‘sin baxtli qilish mumkinligi haqida o‘ylab qoldim.
SUV SO‘ZNI TUSHUNADI
Gipotezamiz haqligiga ishonch bizni dadil qadamlar qo‘yishga undadi. Suvga turli axborotlar bilan ta’sir ko‘rsatib, muzlatar, kristallarni suratga tushirardik. Ijobiy mazmundagi so‘zlarga Suv hamisha chiroyli kristallar hosil qilish bilan javob qaytarar, go‘yo o‘z shodon tuyg‘ularini yaproqlarini ochayotgan gulg‘uncha shaklli chiroyli kristallarda namoyon etardi. Aksincha, salbiy mazmunli so‘zlarni tinglaganda Suv umuman kristall hosil qilolmasdi.
Suvga «baxt» so‘zini aytganimizda, qirralari tekis chiroyli brilliantga o‘xshash kristall paydo bo‘ldi. «Baxtsizlik» so‘zi esa, qancha «urinmasin» shakllana olmadi, so‘zning mudhish mazmuni Suv quvvatini so‘rib qo‘ydi. Shu tariqa bir chashmadan olingan Suvga qarama-qarshi mazmunli «yaxshi-yomon», «yoqadi-yoqmaydi», «kuch-zaiflik», «farishta-shayton», «tinchlik-urush» singari so‘zlar bilan ta’sir ko‘rsatildi.
Muzlagan Suv ezgu so‘zlargagina kristallga aylanib, javob qaytardi.
Qizig‘i shundaki, Suv ijobiy so‘zlar ingliz, xitoy, fransuz, nemis, italyan, koreys tillarida aytilganda shaklan bir xil bo‘lmasa-da, chiroyli kristallar hosil qildi. Ha, Suv, qaysi tilda aytilishidan qat’i nazar, so‘z mazmunini anglardi. Suv so‘z tuzilishiga emas, uning mohiyatiga ko‘ra ijobiy-salbiy ahamiyatini «tushunib» kristallar hosil qilardi. Ajab emas, Suv so‘z yozayotgan inson qalbini ham ko‘rish qobiliyatiga ega bo‘lsa!
Tadqiqotlarimiz jarayonida bitta surat meni g‘oyatda hayajonga soldi. Kristall go‘zalligidan tilim lol edi. Kristall barq urib ochilgan gulga o‘xshardi. Suv o‘z shodligini anglatish uchun qulochini keng yozgan, uni «muhabbat» va «ehtirom» so‘zi quvontirgan edi.
Shuncha yillar mobaynida Suvga ezgu so‘zlar aytib, chiroyli rasmlar ko‘rsatib, davolovchi musiqalar eshittirib, hosil qilgan kristallaridan zavqlanganmiz. Ammo obihayot «muhabbat» va «ehtirom» so‘zlaridan ta’sirlanib hosil qilgani yanglig‘ go‘zal kristallarga hech biri teng kelolmasdi. Suv mazkur so‘zlar axborotini eng ezgu mohiyatga ega, deb qabul qilgan ko‘rinadi.
O‘ZIMIZ – SUVMIZ
Tadqiqotlardan ayon bo‘ldiki, Suv o‘zi qabul qilayotgan axborot tabiatiga ko‘ra, yaxshilanadi yoki yomonlashadi. Modomiki, ulg‘aygan inson vujudining 70 foizini Suv tashkil etarkan, unga ham o‘zi qabul qilayotgan axborot yaxshi yoki yomon ta’sir ko‘rsatmasmikin? Ayol tuxum hujayralari urug‘langandan so‘ng 96 foizi Suvdan iborat bo‘ladi.
Endi tug‘ilgan chaqaloqning esa 80 foizi Suv. Shaxs ulg‘aygan sayin vujudidagi Suv miqdori kamayib, keksaygach, 70 foiz qoladi. Qisqasi, biz – insonlar, Suv sifatida yashaymiz, jismimizni tashkil etuvchi moddalarning eng ko‘pi Suvdan iborat. Hayotimiz ham Suvdan boshlanib, Suv bilan xotima topadi. Ona rahmida rivojlanayotgan homila, ibtidosi Dunyo ummonida boshlanib, hozirgi ko‘rinishga kelgan inson hayotining evolyutsiya yo‘lini bosib o‘tadi. Rahmdagi amniotik suyuqlik hamda ummon suvi tarkiban bir-biriga muvofiq tushadi. Onaning rahmi ummonida tug‘ilishni kutayotgan homila o‘zi uchun zaruriy ozuqani kindik va platsent orqali oladi. Jon berarimizda ham Suv bizga madadga keladi. Yaponiyada o‘lim to‘shagida yotgan inson labi Suv shimgan paxta yoki sikumi daraxtining bargi bilan namlanadi, quvvat qaytishini tilab xos duolar o‘qiladi. Muzlatilgan Suvning kristallanish jarayonini kuzatish asnosi shunday xulosaga keldim: vujudi asosan Suvdan iborat insonga risoladagiday yaxshi hayot kechirishi uchun ezgu axborot zarur ekan. Bu ezgu axborot tanani bardam, aqlni o‘tkir qiladi. Aksincha, yomon axborot insonni kasallantiradi. Mohiyatan, inson Suvdir. Xushtam Suv ichganimizda, vujudimiz tetiklashadi. Lekin ayni vaqtda toza Suv ichish ham cho‘ntakka bog‘liq bo‘lib qoldi.
O‘tgan yuz yillikda insoniyat olov – neft uchun urushlar girdobiga tushgan edi. Olimlarning bashorati esa XXI asr Suv uchun kurash yuz yilligi bo‘lishidan darak bermoqda. XX asr mobaynida g‘oyat katta miqdorda energiya ishlab chiqarish uchun olovdan foydalanildi. Zero, 1900 yilda sayyoramiz aholisi bir yarim milliard nafar bo‘lsa, 2000 yilga kelib bu raqam olti milliardga o‘sdi.
Tabiiyki, ko‘payib borayotgan aholi ehtiyojlarini qondirish uchun ulkan miqdorda energiya talab etilardi. Xuddi shuning uchun ham doimiy ravishda ko‘mir va neft yoqilmoqda. Buning oqibatida, ya’ni yonishdan hosil bo‘lgan zaharli moddalar atmosferani bulg‘amoqda. Ifloslangan yog‘inlar esa o‘z navbatida yer tubiga singyapti. Suv sayyora bo‘ylab to‘liq aylanib chiqishi uchun 30-50 yil muddat zarur. Demak, bundan 30-50 yil muqaddam yer yuzasidan bug‘langan namlik – bulut hozirda ichayotganimiz zamin Suviga aylangan. Ikkinchi jahon urushidan so‘ng sanoat misli ko‘rilmagan darajada rivojlanib, havo sifatiga jiddiy zarar yetdi. Oradan 60 yil o‘tdi, endilikda asosan ifloslangan Suv iste’mol qilishdan o‘zga ilojimiz yo‘q. Tez orada toza Suv tanqis bo‘lib qolishi va toza Suv manbalari uchun ixtiloflar kelib chiqishi ehtimoldan holi emas. Suvga ehtiyoj jahon miqyosidagi urush olovini yoqmaydi, deya umid qilamiz. Toza Suv uchun urush bo‘ldi ham deylik. Bu Suv o‘zi uchun bo‘lgan urush axborotini xotirasiga singdirib olar ekan, endi uning tozaligi qoladimi? Tadqiqotlarimizda toza Suvga «urush» so‘zini o‘qitganimizda, muzlatilgandan so‘ng kristallar hosil qilmagan. Xayolan chizganim kelajak manzaralari qo‘rqinchli, ammo inson hamisha yaxshilikni niyat qilishi, ezgu umidlar bilan yashashi kerak. Kelajak esa ezgu fikr, yaxshi niyat, ezgu a’mollardan boshlanadi. Yaponiyada atmosfera yog‘inlari tarkibi tadqiqotidan ma’lum bo‘ldiki, atrof-muhit o‘z-o‘zini tozalash xususiyatiga ega ekan. Bundan atrof-muhitni istagancha bulg‘ash mumkin, degan xulosaga bormaslik kerak. Tabiatda shundayin qudratli qonunlar hukm suradiki, inson ham tiriklik olamining bir xalqasi sifatida shu qonunlarga bo‘ysunishga mahkum. Qonunni buzdingmi, bundan eng avvalo o‘zing zarar ko‘rasan. Insoniyat boshiga yog‘ilgan noaniq kasalliklar, turli xil ofatlar zamirida uning Dono Tabiat qonunlariga o‘zboshimchalik bilan aralashuvi, o‘zini yer hukmdori deb bilib, olishning berishi borligini unutgani... singari xatolarini ko‘rish mumkin. Bani-bashar, shukrki, kech bo‘lsa-da, xatolarini tuzatishga kirishdi. Tadqiqotlarim shunday xulosa chiqarish uchun asos beryapti.
Yaqin o‘tmishga qiyosan hozir yomg‘ir suvi sifati shak-shubhasiz yaxshilandi. Lekin bu yaxshilanish yer osti suvlari sifatining yomonlashuvi evaziga bo‘lmoqda.
Bir necha yil muqaddam Yaponiyaning turli shaharlarida (Xokkaydo orolining sokin hududida joylashgan Buey shahri, Saytama prefekturasining Senday, Tokorodzava, Tokioning Asakusa tumanida, Osaka, Fukuoka shaharlarida)gi yomg‘ir suvlaridan namuna olib, muzlatgach, kristallarini suratga tushirdik. Oradan ma’lum vaqt o‘tgach, ayni shu hududdan yana yomg‘ir suvi namunalarini olib, tadqiqot o‘tkazdik. Osakadan olingan namuna arang kristalsifat shaklga kirganini demasa, birinchi tajribamizda birorta ham kristall hosil bo‘lmadi. Buey shahri maftunkor qishloq hududida joylashgan esa-da, hatto shu sokin makonning yomg‘ir suvi sifati ham yaxshi emas. Buni tushunish mumkin. Hudud ko‘rkamligiga qaramay, Xokkaydo oroli ustidagi atmosferaning ozon qatlami yupqalashgan, bu hudud kislotali yomg‘irlardan kuchli aziyat chekadi.
Qarangki, bu ikkinchi tadqiqotimizda, (Tokiodagi Asakusa tumanini istisno etganda) muzlatilgan yomg‘ir suvlaridan kristallar vujudga keldi. Meni ayniqsa, Tokorodzavaning muzlatilgan yomg‘ir suvi hayratga soldi. Birinchi tajribada olingan suvda kristall (bosma harfga o‘xshash bo‘rtiq) shakllanmagandi, ikkinchisida esa olti qirrali kristallar hosil qildi. Tokioning yomg‘ir suvi esa kristall yaratishga intildi. Suvdagi charchoqlik holati (menga shunday tuyuldi) kristallanish jarayoni tugallanishiga imkon bermasa-da, suv qattiq tirishdi.
Boshqacha ifodalasam, keyingi yillarda Yaponiyaning barcha hududidagi yomg‘ir suvlari sifati ancha yaxshilandi. Bunga ajablanmasa ham bo‘ladi, chunki, odamlar atrof-muhit muammolari keskinlashganini e’tirof etib, uni yaxshilash uchun misli ko‘rilmagan dasturlarni ro‘yob toptirishga kirishdilar. Natijada qisqa fursat ichida havo ancha tozalandi. Ilgari atmosferadagi chiqindilar yomg‘ir tomchilari shaklida yerga tushgan bo‘lsa, endi havo tozalanib, bu muammo barham topdi.
Suv tabiatda 30-50 yilda bir marta aylanib chiqishni inobatga olsak, bu toza yomg‘ir suvidan chuchuk suv o‘rnida foydalanishimiz uchun yana ancha vaqt zarur. Yana bir necha o‘n yillar zamindagi suv sifati yomonligiga chidab, vaziyat yaxshilanishini kutishimiz kerak bo‘ladi. O‘zimiz ekkan «urug‘» mevasi qanchalar achchiq bo‘lmasin, «eyishimiz», jillaqursa, avlodlarimizni o‘ylab, atrof-muhit muammolari yechimi yo‘lida hozirgidan ham faolroq harakat qilishimiz zarur. «Muhabbat» va «Ehtirom» so‘zlarini tinglagan suv naqadar go‘zal kristallar hosil qilganini yana bir bor eslaylik. Bu esa Suv hazratlarining inson aqliga ishoratidir. Borliq olamga, tiriklik muhitiga, tabiatga muhabbat bering. Bu esa sog‘lom vujud, sog‘lom ruhiyat va baxtli hayot kechirish, demakdir. Biz ana shu go‘zal Muhabbat va Ehtirom so‘zlari kristallari madadiga tayanib, suvning haqiqiy qudratini kashf etish yo‘lidagi izlanishlarimizda bardavom bo‘lamiz.
SUV VA XADO
Suv Xado deb atalmish latif energiyaga nisbatan o‘ta sezgir, ta’sirchan. Aynan shu latif energiya suv sifatiga hamda hosil bo‘layotgan kristallarning shakliga ta’sir ko‘rsatadi. «Suv nomalari» kitobimning inglizcha nashrida Xado so‘zi «to‘lqinli tebranishlar» deb to‘g‘ri tarjima qilingan. Ammo mazkur kitobimda Xado zamirida borliq koinotdagi jamiki mavjud latif energiyalar nazarda tutilgan.
Har bir mavjudot o‘ziga xos tebranish – xadoga ega. Latif energiya musbat-ijobiy yoki manfiy-salbiy bo‘lib, bir ob’ektdan ikkinchisiga osongina o‘tadi. O‘z xadosiga ega bo‘lgan «sen – axmoqsan» fikri suvga uzatilarkan, suv muzlatilganda shakllangan kristallarning qing‘ir-qiyshiqligida bu xado aks etadi. Suvga ijobiy fikr bilan ta’sir ko‘rsatilganda, shakllangan chiroyli kristallar esa fikrdagi musbat xadoning in’ikosidir. Suvning u yoki bu axborotga qanday ta’sir ko‘rsatishi aynan xadoga bog‘liq bo‘ladi.
Xadoni ko‘z o‘ngimizga keltirish uchun kamertonni misol qilib olish mumkin. Aytaylik, uchta kamertonimiz bor. Birinchi va ikkinchi kamertonlar 440 Gts chastotali, uchinchisi esa 442 Gts. Boshqacha qilib aytganda, dastlabki ikki kamerton sekundiga 440 ta chastota bilan, uchinchisi esa sekundiga 442 ta chastota bilan tovush chiqaradi (ya’ni tebranadi). Birinchi kamertonga bolg‘acha bilan ursangiz, bir xil chastotali ikkinchi kamerton ham ovoz chiqaradi, uchinchisi esa «miq» etmaydi. Ikkinchi kamerton birinchisining tebranishlariga aks-sado beradi, uchinchisi esa aksincha. Bundan shunday xulosa chiqarish mumkin. Xado energiya demakdir. Tebranish chastotasi bir xil bo‘lgan ikki modda bir-biri bilan yaxlit tovush tebranishlariga ega bo‘ladi. Ishxonada goho shunday vaziyat bilan to‘qnashishga to‘g‘ri keladi. Xodim:
– Boshlig‘im yaxshi odam bo‘lsa-da, dunyoqarashimiz har xil. U bilan murosa qilishim shuning uchun qiyin kechyapti,– deydi afsuslanib.
Boshliq bu xodimi unga manzur bo‘ladigan ish qilishga intilsa ham baribir yoqtirmaydi, ishidan kamchilik topaveradi.
Bu o‘rinda boshliq va xodim bir-biri bilan turli munosabatda bo‘lishmoqda, ya’ni ko‘ngil ko‘ngildan suv ichmayapti. Ular hamkorlik, til topishish uchun qanchalar harakat qilishmasin, bari behuda. Buning yagona chorasi bor. Ular vaqtincha bo‘lsa ham bir-birlarining dunyoqarashlarini qabul qilib, xadolarini muvofiqlashtirib olsalargina, murosada ishlashlari mumkin. Xadoning o‘ziga xosligi insoniy munosabatlardagi bir ko‘rishda sevgi holatida ham namoyon bo‘ladi. Qalb holati – xadosi uyg‘un yigit-qiz uchrashganda, o‘zlari anglamagan holda bir-birini sevib qolishadi. Xadolar uyg‘unligi tashqi salbiy ta’sirlarga duch kelmasa, muhabbat uzoq saqlanadi. Yigitningmi, qizningmi xadosida o‘zgarishlar ro‘y bersa (xulq-atvorida, dunyoqarashida), munosabat darz ketishi ham mumkin.
Xado – hujayra to‘qimalari atomlaridan boshlab, barcha daraja-largacha ta’sir ko‘rsatadi.
XADO – TIBBIYOT
Yaqinda inson tanasining hujayralari tebranishlarigacha o‘lchovchi radio-elektron asbob bilan tanishib qoldim. (Bu asbob AQShda yaratilgan bo‘lib, uni ishlatish maxsus tayyorgarlik talab etadi). Asbob menga ma’qul tushib, undan xado o‘lchashda foydalana boshladim va natijada xado – tibbiyotga yo‘l ochildi. Xado – tibbiyot davolash amaliyotining muqobili hisoblanib, G‘arb an’anaviy tibbiyoti cheklanishlariga duch kelgan tadqiqotchilarni g‘oyat qiziqtirib qo‘ydi. Radio-elektron asbob xado – tibbiyotni o‘rganishimda juda qo‘l keldi. Asbob xadoni qoyilmaqom o‘lchagani singari, odamlar ham xadoni qoyilmaqom uzatish va qabul qilish xususiyatiga ega, degan xulosaga keldim. Azayimxon-duoxon tabiblar ham bemordagi tebranishlar anomaliyasidan ijobiy tebranishlarni yig‘ib, kasallikni davolaydilar.
Xado – tibbiyot – tebranish hamda rezonansga asoslanadi. Qandaydir sabablarga ko‘ra, tanamizning turli joylaridagi hujayra tebranishlariga putur yetdi, deylik. Bunday holatda hujayra bilan rezonans bo‘lgan tashqi tebranishlar vositasida ta’sir ko‘rsatiladi. Xado-tibbiyot mohiyati ana shundan iborat. Tebranishlar qanday to‘g‘rilanadi?
Xado-to‘lqinli tebranish yohud, soddaroq aytganda, to‘lqin bo‘lib, uning eng yuqori ko‘tarilish va pastlashish nuqtasi bor.To‘lqin qarama-qarshi to‘lqin yordamida neytrallashtiriladi, bu holatda ikkinchi to‘lqinning pastlashuvi bilan birinchisining ko‘tarilish nuqtalari muvofiq kelishi shart.
Buni tushunish uchun o‘z ko‘tarilish va pastlashish nuqtalariga ega bo‘lgan tovush to‘lqinlarini misol keltirish o‘rinlidir. Bir vaqtning o‘zida qarama-qarshi to‘lqinli tovushlar taralsa, hech sas chiqmaydi, eshitilmaydi. «Bunday bo‘lishi mumkin emas», deysizmi, lekin olimlar bu g‘oyani ro‘yobga chiqarish ustida ish olib borishmoqda. Ular shovqin-suronli joylarda tovushlar yordamida sokinlik o‘rnatishmoqda!
Oqshomgi «Yomiuri» gazetasining 1991 yil, 10 aprel sonida g‘oyat qiziqarli sarlavha ostida maqola bosilgan. «Shovqinga qarshi tovush yordamida kurashish: qarama-qarshi shaklli to‘lqinlar sokinlikni ta’minlaydi» maqolasida xado tamoyillarining amaliyotda qo‘llanilishiga oid tadqiqotlar xususida so‘z yuritiladi. Mana, maqolaning mazmuni:
«Vokeda shahri universiteti olimi doktor Yosio Yamasaki ilmiy-texnik laboratoriyasida musiqa shovqini ostida sokinlik paydo qilishga muvaffaq bo‘ldi. Sokinlik yaratishning bu turi tovush shovqinini o‘chirishning yangi usuliga asoslangan. Shovqin-suronli idoralarda, xizmat joylarida bu uslub qo‘l keladi, degan ishonch bor.
Musiqa ham, inson ovozi ham tabiatan to‘lqinli hisoblanadi. Yangi usul esa shovqin to‘lqinlarining balandlash hamda pastlash tamoyiliga asoslanadi, shovqinga qarama-qarshi shaklli to‘lqinli tovush taralsa, shovqin eshitilmay qoladi va sokinlik inadi.
O‘n ikki metr maydonli xonada tajriba o‘tkazildi. Birinchi dinamikdan taralayotgan musiqa to‘lqinlariga ikkinchi va uchinchi dinamiklarning birinchiga qarama-qarshi to‘lqinli tovushi bilan ta’sir ko‘rsatildi va alaloqibat shovqinni so‘ndirish samarasi – sokinlikka erishildi. Belgilangan joyda sokinlik va undan bir necha millimetr narida past tovushda musiqaning asosiy ohanglari hamda inson ovozi eshitilardi va ularning chastotasi bir necha yuz baravar past edi. Neytrallashtiruvchi dinamiklarni ko‘paytirish natijasida tovushsiz kenglik chegaralarini kengaytirish mumkin.
1991 yil, 9 aprelda Tokioda bo‘lib o‘tgan shovqin va tebranishlarni faol nazorat qilish bo‘yicha Xalqaro simpoziumda tajriba namuna-lari to‘g‘risida ma’ruza qilindi. Doktor Yamasaki o‘z ma’ruzasida, jumladan shunday dedi: «Bu tovushni tovush bilan o‘chirish usuli deyiladi. Bu usul ma’lum bir chegaralangan joyda shovqindan xalos bo‘lishga yordam beradi. Menimcha, bu usulni har xil vaziyatlarda qo‘llab ko‘rish kerak». Ko‘rinib turibdiki, ishlayotgan avtomobil dvigatellari ovozi, oshiqayotgan poezd vagonlari taqa-tuqi, fabrika va zavodlardagi dastgohlar shovqin-suronini shu usul bilan bartaraf etish mumkin.
Ta’kidlash joizki, to‘lqinni to‘lqin bilan o‘chirish usuli faqat tovushgagina taalluqli emas. Bu usulni barcha xadolar latif energiyalarga nisbatan ham qo‘llash mumkin. Xado-tibbiyotda mazkur usul yordamida bemorni unga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan xadoni to‘g‘rilovchi xado yuborish yo‘li bilan davolash mumkin. Ko‘rib turganingizday, bu o‘rinda yana suv yordamiga suyaniladi.
Ma’ruzalarim, maqolalarim va kitoblarimda xado kontseptsiyasini faol targ‘ib qilaman. Targ‘ibot ish faoliyatimning asosini tashkil etgani bois, boshqa odamlar xadosini o‘rganish va sog‘liqlarini tiklashga yordamlashish uchun vaqtim yetmaydi. (Yaponiyada 20 nafar shogirdim odamlarga ana shunday xizmat ko‘rsatishyapti).
Davolash jarayonida maxsus asbob yordamida bemorning xadosi o‘lchanadi. Minglab kishilar xadosini o‘lchashda ana shu asbobdan foydalanganman. Kuzatilayotgan tebranishlar maromidan chiqqani aniqlangach, buni tuzatuvchi axborot yuborilgan suv tayyorlanadi. Maxsus suvda tayyorlangan xado inson tanasini tashkil etuvchi eng kichik zarralar, atomlar, malekulalargacha ta’sir etib, maromi buzilgan tebranishlarni tuzatadi. Bunday suvni ichgan inson asta-sekin tuzaladi.
NOTINCHLIK KO‘PINChA KASALLIKKA SABAB BO‘LADI
Tadqiqot jarayonida aksariyat bemorlarga xos umumiy belgilar borligini, his-tuyg‘ular bilan jismning kasal aozolari o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni aniqladim. 1995 yilda 100 nafar inson xadosini o‘rganish yuzasidan tajriba o‘tkazdim. Ulardagi eng ko‘p tarqalgan his-hayajon holatlari (zo‘riqish, notinchlik, bosimni sezish, jizzakilik, qo‘rquv, tavakkalni bilmaslik... singari 38 ta hissiy ta’siri tadqiq etildi) xadosini o‘lchab chiqdim. Hissiyotlarning qay biriga jismning qaysi a’zosi ko‘proq rezonans berishi aniqlandi. Olingan natijalar jadvalga solindi. Aytaylik, qattiq stress-zo‘riqish ichaklar faoliyatini izdan chiqargan. Notinchlik bo‘yin nervlarini qaqshatsa, jizzakilik vegetativ nerv tizimining parasimpatik bo‘limini, qo‘rquv-buyrakni, xavotir esa, oshqozonni kasallantiradi.
O‘z hissiy va jismoniy holatingizga diqqat qiling. Yuqoridagi xulosalar to‘g‘ri chiqyaptimi? Notinchlik ko‘pincha xastalikka sabab bo‘ladi. Qalban sokinlik esa sog‘liqni tiklaydi. Tibbiyotda «platsebo effekt» to‘g‘risida tez-tez gapirishadi. Farmatsevtika kompaniyalari yangi dori samarasini sinab ko‘rish maqsadida shifokorlar bilan hamkorlikda klinik tadqiqotlar o‘tkazishadi. Birinchi guruh bemorlarga yangi dori, ikkinchi guruhga esa platsebo (oddiy vitamin yoki dori bo‘lmagan nimadir) berib, bu yangi dori, deyishadi. Tabiiyki, chinakam yangi dori ichgan bemorlar dori ta’sirida tuzala boshlaydi. Qizig‘i shundaki, ikkinchi guruhdagi aksariyat bemorlar ham garchi yangi dori qabul qilmagan bo‘lsalar-da, sog‘ayishadi. To‘g‘ri, platsebo-soxta dori ichgan bemorlarning tuzalish darajasi past, lekin shunday bo‘lsa ham ular sog‘ayishyapti. Nima uchun, degan savolga zamonaviy tibbiyot jo‘yali javob berolmaydi. Bu o‘rinda ijobiy fikrlash tarzi salomatlikni tiklagan, deyishga asos bor. O‘z salbiy holatingiz-kayfiyatingiz antonimi (qarama-qarshisi)ni fikran yo xayolan chorlang. Zo‘riqqanda bo‘sh qo‘yishni, jizzakilikda xotirjamlikni o‘ylang. Ha, xadoni tuzatishning eng oson yo‘li so‘zning qarama-qarshisi ma’nosidan foydalanishdan iborat. Bu o‘rinda ham suv madadga keladi. Suv unga taklif etilgan axborotni o‘zida saqlaydi. Boshqacha aytganda, ijobiy holat xadosi suvga inadi. Bunday suvni ichayotgan inson xado-tibbiyot amaliyotini o‘taydi.
Mazkur kitobni yozishga tayyorlanayotganimda tajriba o‘tkazdim. Yuqorida sanalgan qarama-qarshi hissiyotlar yozilgan qog‘ozlarni suvli shishalarga yopishtirib, muzlatdim. Avval, salbiy hissiyotlardan suv qanday ta’sirlanganligini suratga tushirdim. Keyin esa, ijobiy hissiyotlarni suv nechog‘li yaxshi ko‘rishini chiroyli kristallarda, namoyon ayladi.
JISM JAROHATLARI HAMDA XADO VAZIFALARI
Ichki kasalliklar bilan birga tashqi jismning lat yeyishi, yaralanishi, sinishi singari kasalliklar ham bor. Xado nuqtai nazaridan ichki, tashqi xastaliklar o‘rtasida katta farq yo‘q. Unisida ham, bunisida ham tebranishlar maromiga putur yetadi. Nazarimda, isitma tebranishlar chastotasining ko‘rsatkichi hisoblanadi. Ma’lumki, bir me’yorda ishlayotgan jism harorati 36,5 darajani tashkil etadi. Tashqi ta’sir tufayli jismning zararlangan a’zosi tebranishlariga putur yetadi va isitma ko‘tariladi. Aynan shuning uchun ham jism lat yeganda ko‘pincha isitma baland bo‘ladi.
Tebranish va hayot bir-biri bilan g‘oyat bog‘liq. Yuragi urishdan to‘xtagan inson o‘lgan sanaladi. Boshqacha ifodalaganda, tebranish hayotning o‘zidir. «Hayot» ma’nosini anglatuvchi yapon ieroglifi «urib turmoq» degan ikkinchi mazmunga ham egaligi tasodif emas.
O‘Z-O‘ZINI BILISH VA SHIFO TOPISH UCHUN
Maxsus o‘lchovchi asbob yordamida o‘zini yomon sezayotgan odam xadosini o‘lchab, tebranishlardagi marom buzilishiga uni bartaraf etuvchi xado orqali ta’sir ko‘rsatish kerak. Tebranishlar maromiga tushganda, sog‘liq tiklanadi. Mazkur tamoyilni amaliyotda qo‘llash maqsadida o‘lchovchi asbob vositasida odamlarning xadosi haqida axborot yig‘a boshladim. Tanishlarimdan biri meni sinab ko‘rgisi keldi shekilli, bir siqim sochni qo‘limga tutqazib, dedi:
– Do‘stim iltimos qildi, qizining sochi, shuni tekshirib, tashxis qo‘yolasizmi?
Tanishim bu qizning sog‘ligi to‘g‘irisida churq etmadi. Bir soat ichida sochni asbobim yordamida tekshirgach, unga quyidagi ma’lumotlarni aytdim:
1. Bosh miya uchun g‘oyat past rezonans.
2. Butun jism uchun rezonans pastlashuvi.
3. Qo‘rg‘oshin bilan zaharlanish bunga sabab bo‘lishi mumkin.
Tanishim bu ma’lumotlarni do‘stiga yetkazibdi. Qiz o‘n yildirki, universitet klinikasining psixiatrik bo‘limi hisobida turarkan. Uni ko‘p marta kasalxonaga yotqizib, tekshirib ko‘rishgan, ammo kasallik sababini topisholmagan. Sababini aniqlamay turib, sog‘liqni tiklash mumkin emas. G‘amzada ota noan’anaviy tibbiyotdan umidvor bo‘lib, do‘sti orqali (o‘zi u qadar ishonmabdi) menga murojaat qilgan. Keyingi kun tanishim qo‘ng‘iroq qilib, do‘sti tashxisimdan karaxt bo‘lib qolganini, uylaridagi vodoprovod quvurlari darhaqiqat qo‘rg‘oshindan ekanligini aytdi. Ko‘p o‘tmay, ota-ona ishxonamga kirib kelishdi. Ota har ehtimolga qarshi uylaridagi vodoprovod suvidan ham keltiribdi. Pokiza, kelishgan qiz ruhiy kasalga o‘xshamasdi. O‘zini yaxshi his etar, faqat vaqti-vaqti bilan ko‘ziga sharpalar, ro‘yolar ko‘rinib turarkan.
Xado o‘lchovchi asbobim bilan qizni, ota-onasini ko‘rikdan o‘tkazdim. Darhaqiqat, qiz qo‘rg‘oshin bilan kuchli zaharlangan edi. Ota-onada ham zaharlanish bor, ammo u qadar kuchli emas. Tahlil vodoprovod suvining qo‘rg‘oshin bilan juda kuchli zararlanganligini isbotladi. Qizlari aslo ruhiy kasal emasligi, barchasiga sabab qo‘rg‘oshinning bosh miyada to‘planib qolganligida ekanini aytganimda, ota-ona sevinchdan yig‘lashdi, men ular siymosini hech qachon unutmayman.
Eng avvalo qo‘rg‘oshin quvurlarni almashtirishga qaror qilishdi. Jismdagi qo‘rg‘oshinni chiqarishga yordamlashishni iltimos qilishganda, amaliy tibbiyot bilan shug‘ullanishga haqqim yo‘qligini, qo‘rg‘oshindan zaharlanish xadosini neytrallashtirishgagina yordamlashishimni aytdim. Xado gallyutsinatsiyalar paydo bo‘lishi oldini oladi. Muolaja uchun zaruriy chastota bilan tebranuvchi suv kerak edi, xolos.
Ular taklifimni qabul qilgach, zaharlanish oqibatlarini neytrallovchi xado-suv tayyorladim. Bemor qiz xado-suvni ikki oy mobaynida bajonidil ichib yurdi, natijada qo‘rg‘oshin bilan zaharlanish ko‘rsatkichi avvalgisidan keskin pasaydi. Qizgina uch-to‘rt kun tunlari uxlolmadi, bu – zaharlanishning keskin yo‘qolishi tufayli bo‘lsa, ajabmas. Sog‘ligi esa ancha yaxshilanganligini universitet klinikasidagi davolovchi shifokori ham tasdiqladi. Madad berolganimdan xursand edim, ammo bu voqea suvning mehri ham, qahri ham borligini isbotlab meni hushyor torttirdi.
Oila boshlig‘i bilan bamaslahat, ularning uyidagi qo‘rg‘oshin quvurli vodoprovod suvini analiz qilib berilishini so‘rab, jamoat tashkilotlaridan biriga murojaat etdik. O‘n kundan so‘ng men avvaldan taxmin qilganim natijalarni oldik. Tarkibida qo‘rg‘oshin borligiga qaramay suv ichishga yaroqli, sifatli, deya natija berilgan. Molekulyar darajada suvda qo‘rg‘oshin qo‘rinmagan, lekin atom zarralari tarzida borligiga ishonchim komil edi. Bu hodisa suvni analiz qilishning hozirgi usuli eskirganligini yaqqol ko‘rsatib turardi.
Tadqiq etilgan suvda qo‘rg‘oshin bo‘lmasa-da, suv uning uchun zaharli ekanligi to‘g‘risidagi axborotni saqlab qolgan. Qiz bunday suvni ichgach, tana tebranishlarida buzilishlar sodir bo‘lib, ruhiy xastaliklarni keltirib chiqargan. Yuqorida ko‘p bora ta’kidlaganimday, suv ijobiy yoki salbiy bo‘lgan axborotni o‘zida saqlaydi. Modomiki, inson asosan suv ekan, u o‘zi ichayotgan suvdagi axborotlardan ta’sirlanadi. Ijobiy axborot sog‘liqni mustahkamlaydi, salbiysi esa kasallikka chalintiradi.
ODAMZODNING ISMI, SURATIDA UNING KASALLIKLARI TO‘G‘RISIDAGI AXBOROT MAVJUD
Biz suvga ma’lum bir ma’noli so‘z bilan ta’sir ko‘rsatib, suv muzlatilgach, so‘z mohiyatiga ko‘ra kristallar yo hosil qiladi yoki qilmaydi. Buni fotosuratlar ham isbotlaydi. Gipotezamning tasdig‘i sifatida muz kristallarini suratga tushirishda davom etdim.
Aql-idrok bu hodisaga ishonishni istamaydi, suv o‘ziga taqdim etilayotgan axborotni qabul qilib, nahot shunga muvofiq o‘zgarsa?! Xado o‘lchagich asbobim vositasida o‘tkazilgan tadqiqotlar buning haqiqatligini isbotlasa, ne tong! Misol keltiraman.
Xado-tibbiyot yordamida bemorlar sog‘ligini tiklashga ko‘maklasha boshladim. Huzurimga notanish kishi kelib, do‘stining 22 yoshli qizi saratonga chalinganligini aytdi. Limfa tugunlari o‘smasi. Ikki yil muqaddam otasi, bobosi ham shu xastalikdan vafot etishgan, ikkisi ham shifokor ekan.
– Bechora qizga yordam bering, doktor,– yalindi tanishim.
Qiz universitetning tibbiyot fakultetida o‘qiydi. Uni shu ilm dargohidagi klinikada operatsiya qilishgan, ayni paytda kimyoviy terapiya olyapti. Bu esa vaziyatni mushkullashtirardi. Insondagi buzilgan tebranishlar xadosini o‘lchab, muvofiqlashtiruvchi xado-suv tayyorlamog‘im uchun shaxsan ko‘rishish zarur. Bemor qiz yotgan klinikaga o‘lchagich asboblarimni ko‘tarib borolmayman. Zamonaviy universitet klinikasi shifokorlari muqobil tibbiyotni tan olisharmidi? Meni haydab chiqarishadi, tamom-vassalom! Buni tanishimga aytdim. Keyingi safar u qizning onasi bilan ishxonamga kirib kelishdi. Ona sho‘rlik shunchalar yig‘lab, tavallo qildiki, yo‘q, demak, mumkin emasdi. Kutilmaganda xayolimga bir g‘oya keldi. Qizning suratidan xadosini o‘lchasam-chi?
Ha, suratdan xadoni o‘lchashga muvaffaq bo‘lganim ondagi hayratim ta’rifga sig‘maydi. Qizni kuchli xavotir qurshaganini o‘lchov natijalari ko‘rsatib turardi. Yuqorida, xavotir holati ko‘pincha oshqozon kasalliklarini keltirib chiqarishini ta’kidlaganman. Ayol, keyingi paytda qizining ko‘ngli aynib, ovqat yeyolmay qolganligini aytgach, mendagi ishonch kuchaydi: qiz huzurimga kelmasa ham uning kasalligi to‘g‘risida axborot to‘play olaman!
Uning xadosini maromiga soluvchi suv tayyorlay boshladim. Ona har safar qizining yangi-yangi suratlarini keltirar, men esa bemor uchun xado-suv tayyorlash bilan band edim.
Kimyoviy terapiya qizda o‘z zararli oqibatlarini qoldirgan bo‘lib, tana tebranishlarida ko‘plab, turli xil nomuvofiqliklar ko‘zga tashlanardi. U xado-suv iste’mol qila boshlagach, zararli oqibat neytrallashdi. Davo kursi muvaffaqiyatli tugab, bemorimga klinikadan uyga javob berishdi. Qiz o‘qishga qaytdi, ma’lum bo‘lishicha, hozir o‘zi bemorlarni davolayapti. Bunday hodisalar suvning suratlardagi axborotni o‘qib, shunga muvofiq o‘z xususiyatlarini o‘zgartira olishiga ishonchimni komil qildi. Xayolimga, balki suv ismlarga xos axborotni ham o‘zida in’ikos etsa, ajab emas, degan fikr urildi. Bu gipotezani sinash uchun tajriba o‘tkazdim. Biri ezguligi va biri yovuzligi bilan mashhur insonlar – Momo Tereza va Adolf Gitler nomlari yozilgan qog‘ozchalarni suv quyilgan shisha idishlarga yopishtirib, ularni muzlatdim. Suvlar muzlagach, hosil bo‘lgan kristallarni suratga oldim. Natija kutganimday edi. Suratlarda shu insonlar bilan bog‘liq tuyg‘ular in’ikos etgandi. So‘z bilan ifodalasak, ism-familiyalarning ham o‘z xadosi bor. Ana shunday suratlar ilgari bosilib chiqqan kitoblarimga kiritilgan. Ammo jinoyatchilar bilan adash ism-nasabli insonlar noto‘g‘ri xulosa chiqarmasliklari uchun tarixiy shaxslar suratlari xadosini chop etmaslikka qaror qildim.
OQQON KASALIGA CHALINGAN QIZALOQ XADOSI
1996 yil, 24 fevral kuni yaqinda oqqon kasali borligi aniqlangan 14 yashar qizaloqqa tushuntirish berishimni so‘rashdi. Garchi uning tuzalish jarayoni tafsiloti sizni toliqtirsa-da, xadoning chinakam qudratini anglashingizni istardim.
Qizaloqni dastlab janob Noboro Sudzuki muqobil tibbiyotning manual terapiya yo‘li bilan davolagan. Afsuski, janob Sudzuki olamdan o‘tgan, u o‘z sohasining bilimdoni sifatida mashhur edi. Xokkaydo orolida yashagan janob Sudzuki bilan ko‘p marta uchrashib, dilkash suhbatlar qurganmiz.
Bir kuni janob Sudzuki menga qo‘ng‘iroq qilib, uning huzuriga oqqon kasaliga chalingan qizaloqni keltirishganini, ammo bu xastalikni davolash uning majburiyatiga kirmasligini aytib, mendan yordam berishimni so‘radi.
Qizaloqqa yordam berolamanmi-yo‘qmi, bundan qat’i nazar, janob Sudzukining iltimosini rad etolmasdim. Qizaloq Tokioda yashaganligi bois davolash oson kechishidan umidvor edim, taassufki, u hamon kasalxonada ekan. Ota-onasi keltirgan suratidan qizaloqning xadosini o‘lchadim. Dastlab genetik axborotlarni o‘rganib chiqdim, chunki, ajdodlardan meros genetik axborotlar ham shaxs jismining tebranishlardagi salbiy o‘zgarishlariga sabab bo‘lishi mumkin. Tahlil natijalari bunga sabab saratonga chalinib qolishdan qattiq qo‘rquv ekanligini ko‘rsatdi. Qo‘rquv hissi limfa bezlariga salbiy ta’sir etgan. Qizaloq o‘zidagi qo‘rquv hissini kuchsizlantiruvchi xadoga muhtoj. Bundan tashqari, qizaloqning qoratalog‘i ham shifotalab, yuragi esa uyatchanlik azobini tortar, iztirob hissi ham «qilich serpab» turardi. Qizaloqning genetik axborotlarini tahlil qilib chiqdim. Jiddiy oqibatlar madad qo‘lini talab etardi. Uch soatlik tekshiruvlardan so‘ng qizaloq uchun xado-suv tayyorlab, ota-onasiga berdim.
Oradan bir hafta o‘tib, 3 mart kuni ota-ona qizaloqning yaqinda tushirilgan suratini olib kelishdi. Uning ahvoli og‘irlashibdi. Bu safar unga salbiy ta’sir etayotgan qo‘rquv va iztirob hissiyotlarini neytrallovchi xado-suv tayyorlab berdim. Qizaloq bu suvni kuniga 5 mahal ichardi. U o‘zi icholmas, ota-onasi bir millilitrdan tilining tagiga tomizishardi. Odatda kuniga 800-1000 millilitrdan xado-suv ichishni tavsiya etaman.
7 mart kuni ota-ona xushxabar bilan huzurimga kirib kelishdi. Xado-suv yordam qilgan ko‘rinadi: qondagi leykotsitlar kamaygan, sariq kasal alomatlari yo‘qolgan, yurak va o‘pka faoliyati yaxshilangan. Lekin qizginaning yurak sathida suyuqlik to‘plangan, kamqonlik kasalligi ham xavf solmoqda edi. Endi men unga boshqacha xado-suv tayyorladim va buni ichgach, shitob tuzala boshladi. U doimo nazoratimda turar, ahvolidan kelib chiqqan holda yangi-yangi xado-suv tayyorlab berardim. Qondagi leykotsitlar daraja ko‘rsatkichi yaxshi tomonga o‘zgardi va bemorga vaqtincha uyga javob berdim. Ota-ona mamnuniyat ila farzandlari tabassum qilayotganini aytishdi. Ham xado-suv ichib, ham kasalxonada davolanayotgan qizgina hamkorlikdagi ikki tomonlama muolaja tufayli oyoqqa turdi. Ammo sevinishga hali erta ekan, saratonga qarshi kuchli dori-darmonlardan foydalanish oqibatida uning sochlari to‘kilmoqda edi... Yana xado-suv ko‘makka keldi. Sentyabr-dekabr oylarida bir necha bor bemor jismidagi tebranishlarni o‘lchab, yangidan-yangi xado-suv tayyorlab berardim, u esa ixlos bilan ichardi. 19 dekabrda qizgina sog‘ayib, kasalxonadan chiqdi. Yangi yilning fevral oyida u yana hayz ko‘ra boshladiki, bu bemorimning kasali barham topayotganidan darak edi. Aprel oyidan esa u maktabga qatnay boshladi. Qizgina doimiy nazoratimda turar, har bir tekshiruvdan so‘ng undagi tebranishlar nomuvofiqligini to‘g‘rilash uchun xado-suv tayyorlardim. Va nihoyat muolaja so‘nggiga yetdi.
Hozir sobiq bemorim 24 yoshda, dizayner bo‘lib ishlaydi. Yaqinda ota-onasi, qiz o‘z sohasidagi uslublarni tibbiyotda qo‘llash ustida ish olib borayotganligini aytishdi.
YURAK XASTALIGI BILAN TUG‘ILGAN QIZALOQNING XADOSI
Maslahat so‘rab huzurimga ko‘plab kishilar kelishadi. Quyida esa sizlarga g‘aroyib hodisani hikoya qilib bermoqchiman. 1994 yil, 15 iyul kuni huzurimga oila doktori janob N. kirib keldi. Kitobimni o‘qiganligini, men amaliyotda qo‘llayotganim xado-tibbiyotning mavjud imkoniyatlarini anglaganligini aytdi. Janob N. o‘zi davolayotgan kasalvand qizaloq suratini ko‘rsatib, maslahat so‘radi. Qizaloqning bolalarcha tabassumi aks etgan surat. G‘arb tibbiyoti nuqtai nazaridan, qizaloqning sanoqli oygina umri qolgan, davolab bo‘lmaydi, degan tashxis qo‘yilgan. Vaziyat murakkabligini tushunsam-da, aynan shu murakkablik qalbimdagi jangovar ruhimni oyoqqa turg‘izdi. Doktor N.ning qizaloq xastaligiga oid so‘zlarini tinglarkanman, o‘z-o‘zimga, bolakay hayotini saqlab qolishim zarur, deb aytdim.
Qizaloq tug‘ma yurak hastaligi gipertrofiya bilan tug‘ilgan, rivojlanayotgan kasal yurak ko‘krak qafasidan tobora katta o‘rin olmoqda. Alal-oqibat qizaloqning umr shami so‘nadi. Bunday kasallikka chalingan go‘daklar bir yil ham yashashmaydi. Bu tashxis qo‘yilgan 24 may kuni qizaloqning yuragi ko‘krak qafasining 68,9 foizini egallab bo‘lgan. Go‘dak bir yoshga to‘lishi uchun uch oy qolibdi. Xado-tibbiyot qudratiga ishonsam-da, yordam berishga kechikmasmikinman, degan hadik bor. Xastalik, yuqorida aytganimday, atom zarralari darajasidagi tebranishlar buzilishi oqibatida paydo bo‘lgan. Bu esa o‘z-o‘zidan atom, molekula, hujayradagi va nihoyat, jism a’zosi darajasidagi tebranishlar maromining buzilishiga olib kelgan. Xado-suv yordamida tebranishlarni muvofiqlashtirish teskari tartibda o‘tkazilishi bois ko‘p vaqt zarur edi. Vaqt yetishmasligi oqibatida bemorlarga yordam berolmay ham qolganmiz. Zudlik bilan qizaloq surati tebranishlarini o‘lchashga kirishdim. Apparatim irsiyat darajasida o‘limdan qo‘rqish, aybdorlik tuyg‘usi, depressiya og‘ir ruhiy holat, ishonchsizlik, chuqur iztirob hissiyotlarini aniqladi. Mazkur salbiy tuyg‘ularning ta’sirini kesuvchi xado-suv tayyorlashga tutindim.
Oradan ikki oy o‘tgach, 8 sentyabrda ikkinchi marta go‘dak xadosini tekshirib chiqdim. O‘sha paytda kasalxonada o‘tkazilgan tekshiruvlar go‘dak yuragi ko‘krak qafasining 54 foizini egallaganligini ko‘rsatgan. Mendagi tekshiruv natijalari bo‘yicha esa boyagi hissiyotlar hamon mavjud edi. Biroq, navbatdagi tekshiruvda yurak egallagan sath yana 59 foizga yetib qoldi. Shunday bo‘lsa-da, go‘dak holatida ijobiy o‘zgarishlar ro‘y bera boshladi, 15 dekabr kuni qizaloq umridagi birinchi tug‘ilgan kunini nishonladi.
Uchinchi marta xado tekshiruvi: betoqatlik, loqaydlik, noto‘g‘ri tushuncha, kuchli qo‘rquv, notinchlik, xavotir, ishonchsizlik, tushkunlik, charchoq, sarosima, lanjlik hissi, o‘z-o‘ziga achinish tuyg‘usi... va bu salbiy hissiyotlar ta’sirini kesuvchi najotbaxsh xado-suv.
Nimasini aytasiz, xado-suv go‘dakka najot berdi. Ahvoli yaxshilanib, uni kasalxonadan chiqarishdi. Endi har oyda qizaloqni tekshirib, zaruriy xado-suv tayyorlab berardim. Yuragi shu vaqtga kelib ko‘krak qafasining 30 foizinigina egallardi.
1996 yilning 23 apreli. Yigirma beshinchi marotaba qizaloq xadosini tekshirishga keldim. Xushxabarni eshitib, boshim ko‘kka yetdi. Yaqinda qizaloqni kasalxonada tekshiruvdan o‘tkazishibdi. Yurakning ko‘krak sathida egallagan joyi normaga muvofiq ekan! Jajji bemorim bilan xayrlashar ekanman, zaruriy vaqtda yordamga tayyorligimni aytdim.
Doktor N. bu voqeadan so‘ng xado-tibbiyot bilan yanada qattiqroq qiziqib qoldi, jurnalimizga maqola ham yozib berdi.
G‘arb tibbiyotini ham, xado-tibbiyotni ham birday hurmat qilaman va har ikkisini bog‘lovchi ko‘prik vazifasini o‘tashga tayyorman.
IRSIY O‘ZIGA XOSLIK
Shaxsga ota-onalaridan, ajdodlaridan o‘tgan axborotlar – irsiy meros deyiladi. Irsiy axborot inson genida kodlashtirilgan bo‘lib, fazilatlari ham, qusurlari ham bor. Ajdodlardan meros salbiy axborotlar, ko‘pincha jismda namoyon bo‘lib, kasallikka olib keladi. Mijoz xadosini o‘rganishda birinchi ishni undagi genetik axborotni tekshirishdan boshlashimning sababi ana shunda. Odamlar saraton kasalining suyak surishini aytishadi. Balki bu avlodga xos saraton o‘smalari paydo bo‘lishiga zamin yaratuvchi hissiyotlarning avloddan-avlodga o‘tib kelayotganligi oqibatidir. Harholda men irsiyatni shunday tushunaman.
Elektromagnit to‘lqinlar ta’sirida yuzaga keluvchi virusli hastalik va kasallanishlar davosini istisno etganda, xado-tibbiyot sohasida vaqt muhim o‘rin tutadi. Biz bemorning genenetik – irsiy axborotini to‘g‘ri tahlil qila bilishimiz, birin-ketin namoyon bo‘luvchi salbiy axborotlarni bartaraf etishimiz zarur. Necha-necha ajdodlar axboroti an’anaviy tarzda avlodiga meros qolgan. Inson tanasida 12 ta ana shunday qatlam mavjud, deb hisoblayman. Kasallik chaqirishga qodir axborot ta’sirini kesish uchun ana shu qatlamlarning har biri bilan ishlashga to‘g‘ri keladi.
Ko‘p yillar muqaddam seminar o‘tkazayotganimda tinglovchilardan biri o‘z tashvishlarini aytib, yordam berishimni so‘radi. To‘ng‘ich qizida to‘g‘ri ichak saratonining avj formasi aniqlanibdi. Xado-tibbiyot yordamida saraton o‘smalari o‘sishini to‘xtatishga muvaffaq bo‘ldik. Uch yil o‘tgach, ularning kenja qizlariga ham aynan shu tashxis qo‘yilibdi. Qisqa fursatda ikki qiz ham kasallikdan azobga tushishdi. Ota-onani cheksiz g‘am bosgan, oila muhitida hukmron salbiy hissiyotlar bemorlarning tuzalishiga yo‘l bermasdi. Opa-singil xadosini har tomonlama chuqurroq o‘rganishga kirishdim.
Xado o‘lchovchi asbob yordamida o‘tkazilgan genetik axborotlar tekshiruvi meni qiyin ahvolga solib qo‘ydi. Salbiy axborot ildizlari qizlarning o‘tgan hayoti tomon tarmoqlab ketgan. Buni ota-onaga aytilsa, iztiroblari beshbattar kuchayadi, xuddi shu sabab tajriba natijalarini yuzaki gapirib berdim. Ammo oila boshlig‘i suhbatdan so‘ng ishxonamga keldi.
–Doktor, siz aytgan natijalar mana bu jurnaldagi maqola mazmuniga hamohang emasmi? –dedi u jurnaldan ko‘chirma nusxani menga ko‘rsatarkan.
Maqola «Mavjud kuch-quvvatni ro‘yobga chiqarish ibtidosi: reinkarnatsiya sohasidagi tadqiqotlarning o‘sishi dunyoqarashga qanday ta’sir ko‘rsatadi?» sarlavhali maqola muallifi Fukusima universiteti Iqtisod fakulteti dotsenti, doktor Fumixiko Iido edi.
Maqola ostsarlavhasini o‘qiboq, doktor Iido ham aynan mening mulohazalarim xususida so‘z yuritayotganini angladim.
– Ha,–dedim oila boshlig‘iga,–siz batamom haqsiz, men ham aynan shuni nazarda tutgandim. Fukusima universiteti mamlakatimizdagi nufuzi baland ilm dargohi. Zamona darhaqiqat o‘zgarib boryapti, shunday emasmi? Mashhur universitet dotsenti akademik jurnalda dadillik bilan shunday maqola nashr ettirsa-ya, ishonging kelmaydi! Bu haqqi rost e’tirof, chunki hozirgacha ham Yaponiyada G‘arb tibbiyotini afzal bilishardi-da.
KASALLIK SALBIY AXBOROTDAN TA’SIRLANADI
Har bir inson hayotini atrofidagilarga, o‘ziga naf yetadigan qilib o‘tkazishi shart. Bu esa juda muhim.
Tabiatan nekbin kamina tadqiqotlarim boshlangandan buyon do-imiy ravishda ish bilan bandman, keyingi yillarda mehnat ta’tilim ham besh kundan oshmaydi. Shu yo‘sin oltmishni urib qo‘yganimni ham bilmay qolibman.
Jamiyatimiz qonun-qoidalariga ko‘ra bu yoshda ishni bas qilib, keksalik gashtini surib yurishim kerak, ammo men faol hayotni tark etmoqchi emasman. Baxtimdan o‘rgilay, hayotning o‘zi meni tinib-tinchimaslikka undayapti, ma’ruzalar o‘qib berishimni so‘rab, yer yuzining barcha mintaqalaridan takliflar yog‘iladi. Dunyo bo‘ylab ko‘p kezishimga qaramay, o‘zimdan yoshlar bilan bellashishga loyiq ichki bir quvvat meni bardam qilib turadi. Jismoniy kuch-quvvatim manbai esa hamisha ijobiy fikrlashim, niyat, a’mollarimning pokizaligida, deb o‘ylayman. Mudom salbiy, noxush, yomon fikrlar bilan band insonlar kasallikka yengil beriluvchan bo‘lishadi. Salbiy fikrlar viruslarga o‘xshash noxush hodisalar bilan uyg‘un bo‘lgani bois ularni o‘ziga tortib oladi.
1980 yillar oxirida yolg‘izlik hissi gippokami – bosh miyaning xotira uchun javobgar qismi bilan, keksalik aqli zaifligi esa – alyuminiy kontsentratsiyasi ta’siri oqibati, degan qarorga keldim. Xado tekshiruvlar natijasi bunga asos bo‘ldi.
Yolg‘izlik hissi bosh miyaga mudhish ta’sir ko‘rsatib, unga xos tebranishlarni buzadi. Gippokamining buzilgan tebranishlari chastotasi alyuminiy tebranishlari chastotasi bilan uyg‘un, demak, gippokamida alyuminiyning to‘planishi xotira yomonlashuviga olib keladi. Bu shaxsiy xulosalarim. Keyinchalik, Altsgeymer xastaligiga qarshi kurashuvchi Amerika uyushmasi ma’lumotlarida ham alyuminiy ta’sirida mud-hish xotirasizlik kasali o‘rtasida bog‘liqlik borligi ta’kidlangan.
Bundan tashqari, salbiy tuyg‘ular ko‘pincha viruslar bilan uyg‘unlashadi. Shamollashni olib ko‘raylik. Bitta sinf o‘quvchilaridan uch-to‘rttasi shamollab qolsa, tez orada boshqalariga ham yuqib, davomat pasayadi. Lekin aynan shu maktabning boshqa sinflarida davomat to‘liq, o‘quvchilar darsga kelishyapti. Shamollash kasalini virusli infektsiya tarqatadi. Mantiqan olganda, maktabdagi barcha sinf o‘quvchilari shamollashi kerak-ku, nega bunday bo‘lmadi? Bu qanday fikrlashga bog‘liq, degan bo‘lardim. «A» sinf o‘quvchilari salbiy fikrlashga moyil. Ular bu yil kutilayotgan shamollash epidemiyasi to‘g‘risida eshitishgan, doimo shu haqida o‘ylashadi, kasal bo‘lib qolishsa, o‘zlarini g‘oyat yomon his etishlari miyalariga quyilgan. Ularning ta’sirida boshqa o‘quvchilar ham epidemiya to‘g‘risida o‘ylay boshlashadi. «B» sinfda esa nekbinlar ko‘pchilik, ular epidemiyani o‘ylab ham o‘tirishmaydi. Ularning fikr-yodi qiziqarli televizion ko‘rsatuvlarda yoki tezroq dars tugab, tushlikka chiqishni o‘ylashadi.
Demak, «B» sinf emas, «A» sinf o‘quvchilari epidemiyaga chalingani boisi ularning fikrlash tarzi har xilligida ekan.
«Infektsiya» ma’nosini anglatuvchi yapon ieroglifi yana bir mazmun – «his etish va yuqdirish»ni anglatishida ham hikmat ko‘p.
Salbiy tusdagi fikrlar noxush omillar bilan uyg‘un bo‘lib, vaziyatni og‘irlashtiradi. Bu esa xastaliklargagina taalluqli emas. Ko‘proq suiqasd bilan bog‘liq maqola o‘qigan yo film ko‘rgan odamlar vos-vos bo‘lib, alal-oqibat o‘zini o‘ldiradi. Yigirma yillar muqaddam yapon o‘smirlari dahosiga aylangan qo‘shiqchi o‘z joniga qasd qildi, uning ortidan ashaddiy muxlislar ham o‘zlarini asfalasofilinga jo‘natishdi. Yoki aviahalokatlarni olaylik, nima uchun ustma-ust sodir bo‘lyapti? Uchuvchilar, mexaniklar, yo‘lovchilarning halokat to‘g‘risidagi betinim o‘ylari to‘planib, ulkan xadoga aylanyapti va fojia ro‘y beryapti.
Baxtli hayot kechirish uchun ezgu, ijobiy fikrlar bilan yashash zarur. Shifokor emasman, ammo ishonchim komilki, shifokorlar faqat davolovchi emas, faylasuf ham bo‘lishlari kerak. Shifokorning hamdardligi, zukkoligi, ziyrakligi bemorning sog‘ayishiga yordam beradi. Bemor salbiy hissiyotlardan xalos bo‘la olsa, ichki o‘z-o‘zini davolash xususiyatini ishga tushiradi. Qadimda barcha tabiblar xudojo‘y bo‘lganlar. Kohinlar va shamanlar bunga yorqin misol. Zamonaviy shifokorlar ham o‘tmish izdoshlari singari bemorlarida qalb sokinligi, xotirjamlikni ta’minlashga erisholsalar, kasallikka moyillikni bartaraf etgan bo‘lur edilar.
G‘AYRIODDIY PNEVMONIYA NEGA PAYDO BO‘LDI?
Bir necha yil muqaddam insoniyat boshi uzra mudhish xavf noaniq virusli kasallik g‘ayrioddiy pnevmoniya epidemiyasi tahdid soldi. Rostini aytsam, yangi kasallik tarqatuvchi virusning paydo bo‘lishi men uchun kutilmagan hodisa emas edi. Bu epidemiya Ona-sayyoramiz umumiy ahvolining yomonlashuvi bilan bog‘liq.
Yuqorida Yerimiz aholisi 1900 yilda 1,5 milliard nafarni tashkil etganligini aytgandim. Olimlarning tadqiqotlariga muvofiq, eramizning birinchi asrida zaminda bor-yo‘g‘i 180 million kishi yashagan xolos. Bundan ko‘rinadiki, 1900 yil ichida aholi 1,3 milliardga, ke-yingi yuz yilliklarda esa 4,5 milliardga ko‘paygan. Esankiratib qo‘yadigan raqam, shunday emasmi?
Yerning jonli mavjudot ekanligi isbot talab qilinmas aksioma. Shu nuqtai nazardan, sayyoraning pahlavon jismi g‘oyat ko‘payib ketgan aholi tebranishlari chastotasiga nomuvofiqlikdan qiynalayotgan bo‘lishi mumkin. Yerni inson jismi bilan qiyoslansa, zamin tebranishlaridagi buzilishlari subatom, atom, molekulyar darajadan o‘tib, hujayra va balki jism a’zolariga qadar yetib boradi. Xuddi shu sababli yerning immuniteti va o‘z-o‘zini davolash qobiliyati pasaydi. Kuchsizlangan immunitet esa jamoatchilik xavotirining salbiy hissiyotlariga uyqashib, shunga mos chastotali virus bilan «til topishgan».
2003 yili Kanadada g‘ayrioddiy pnevmoniya junbushga keldi. Men mazkur davlat shaharlarida, jumladan, kasallikdan eng ko‘p aziyat chekkan Torontoda ma’ruzalar o‘qirdim. Safar chog‘i xayolimga bir g‘oya keldi.
Tokioga – ish joyimga telefon qilib, distillangan suvga ingliz, yapon tillarida «g‘ayrioddiy pnevmoniya» so‘zini indirib muzlatishni, hosil bo‘lgan kristallarni suratga tushirishni o‘tindim. Odatda distillangan suv to‘g‘ri shaklli kristallar hosil qiladi.Tajriba esa mutlaqo kristall paydo bo‘lmaganligini ko‘rsatdi. Kasallik nomi o‘zida salbiy axborot mujassam etganligi uchun ham, bu manfiy kuch kristall hosil bo‘lishiga yo‘l bermagan. Endi, aynan shu – o‘zida noxush axborotlar jamlagan suvga «g‘ayrioddiy pnevmoniya» so‘zi o‘rniga «muhabbat va ehtirom» so‘zlari ta’sir etilib muzlatilgan. Ijobiy so‘zlar yana ingliz va yapon tillarida yozilgan. Yaxshi so‘z qudratini ko‘ringki, distillangan suv yana chiroyli kristallar yaratgan. Ha, suv o‘ziga qanday axborot yuborilishiga qarab, shunga muvofiq o‘zgaradi.
E’tibor qaratish – energiya uzatish xususiyatidir. Quyidagi voqeani «Suv nomalari» kitobimda ham bayon qilgan edim. Jurnalimiz mushtariysi bo‘lgan bir oilada qiziq tajriba o‘tkazishgan. Ikkita shisha idishga teng miqdorda guruch solishadi. Bir oy vaqt mobaynida birinchi shishadagi guruchga «rahmat», ikkinchisiga esa «ahmoqsan» so‘zlarini aytib turishadi. Belgilangan vaqt – oy o‘tgach, «rahmat» so‘zini eshitgan guruch nish urib, yoqimli is tarata boshlagan, doimiy ravishda «ahmoqsan» so‘zini tinglagan guruch esa qorayib, chirigan, yoqimsiz hid chiqargan.
Bu hodisani yozib chiqqanimizdan keyin Yaponiyada yuzlab oilalar bu tajribani takrorlab, so‘z qudratiga tan berishdi. Oilalardan biri esa, ikki stakan yoniga uchinchisini ham qo‘ydi. 1-stakandagi guruchga «rahmat», 2-ga «ahmoqsan» so‘zlarini aytib, uchinchi stakandagi guruchga mutlaq e’tibor qilishmadi. Nima ro‘y berdi, dersiz? E’tiborsiz qoldirilgan guruch «ahmoqsan» so‘zini eshitgan guruchdan ham avvalroq irib ketdi. Demak, e’tiborsiz qolish haqoratdan ham yomon ta’sir qilarkan-da. Tirik mavjudot borki, e’tiborsizlikni og‘ir oladi. Diqqat-e’tiboringni berish – energiya uzatish, demakdir. Bir bog‘bon, o‘simliklarni parvarishlayotganda ular bilan suhbatlashsangiz, o‘sishi tezlashib, gurros gullaydi, degan edi. Tirik jonzotga e’tibor qilarkansiz, uni yana rivojlanishi uchun imkon beruvchi energiya bilan ta’minlaysiz.
Bu haqiqat insoniyat jamiyati uchun ham xos. Ishsizlik, hech kim bilan gaplashmaslik, ya’ni odamlarga, jamiyatga kerak emaslik hissi insonni abgor qiladi. Keling, o‘zgaraylik. Qo‘l ostingizdagi xodimlar o‘z vazifasini yaxshi bajarishi uchun ularga e’tibor qiling, suhbatlashing, ruhlantirib turing. Ruhlantiruvchi so‘zlaringiz, ayniqsa, bolalarni to‘g‘ri tarbiyalashga katta yordam beradi.
Qo‘lingizni kesib oldingiz, deylik. Jarohatga rahm-shafqat bilan boqsangiz, tezda tuza boshlaydi. Kesilgan barmoq vujudingizning umumiy salomatligiga o‘z hissasini qo‘shib kelgan, buning uchun undan minnatdor bo‘ling. Tegrangizdagi odamlar kasal bo‘lishsa, ularga jilla qursa, shirin so‘z aytib, ko‘nglini ko‘taring. Sizni qurshagan insonlar borligi uchun ham hayot to‘kis, rang-barang ekan, ularga har qancha ezgu so‘zlar aytib, yaxshilik qilsangiz, arziydi. Bir og‘iz shirin so‘z esa bemor dardiga darmon bo‘ladi.
SO‘ZLARIMIZ QUDRATI
Suv g‘oyat sezgir, aytilgan so‘zdan ta’sirlanadi. Ezgu, chiroyli so‘zlarimiz mohiyati ila suvga ijobiy xado, ya’ni quvvat uzatamizki, muzlatilgach, go‘zal kristallar shakllanadi. Suvga duoi-sanolar bilan murojaat etsak, ilohiy so‘zlar unga ijobiy energiya beradi, xususiyatlari o‘zgarib, niyatlar ijobatligini taominlaydi. Lekin buning o‘ziga xos tomonlari bor. Tilak kelgusi emas, o‘tgan zamon fe’lida bildirilsa,kuchli samara beradi.
Ona saratonga chalingan, deylik. Bolakay «onam sog‘ bo‘lishini juda xohlayman», degandan ko‘ra «onam sog‘aydi», degani a’loroq. Tilak xadosi suvga shaksiz ta’sir ko‘rsatadi. To‘g‘ri, grammatik nuqtai nazardan o‘tgan zamon fe’li qo‘llanilishi (hali ona tuzalmaganligi uchun) mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Ayni chog‘da ro‘yobga chiqqan fikr katta kuchga ega ekanligini e’tirof etaylik. «Tuzaladi» degan so‘zdan ko‘ra «Tuzaldi» so‘zida ishonch tuyg‘usi kuchli. Suvga duoi-iltijo qilarkan, yorqin fikr-da ijobiy natijani xayolga keltirasiz. O‘spirin kelajakda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibi bo‘lishni orzu qiladi, deylik. U ishonch bilan «Men-Bosh kotibman!», deya o‘zini BMT majlisida raislik qilayotganini tasavvur etarkan, 30-50 yildan so‘ng u orzusiga erishadi. Shakllangan tasavvurgina orzu-istak amalga oshishi uchun omil bo‘la oladi. Bu tasavvur bizning umidimiz bo‘lib, o‘zida ijobiy axborotni mujassamlantiradi. Agar umidni ishonch mujassam ibora bilan quvvatlantirsak, suv bizga so‘zsiz yordam beradi. Baland ovozda aytilgan so‘z xadosi qog‘ozdagi yozuvnikiga qaraganda kuchliroq ekan, bu tajribada tasdiqlangan.
Xudojo‘y emasman, dinni osmonga olib chiqib maqtamayman. Lekin taqvodorlar uzoq vaqt mobaynida tilovat qilib, dam solib yuradigan oyati-duolarda qudratli xado energiyasi mavjud. Sidqidil ixlos, imon bilan qilingan duolar inson kuchiga kuch qo‘shadi, men bunga shak keltirmayman. G‘oyat taqvodor insonning duoi-iltijolari katta suv havzasi xususiyatlarini o‘zgartirib yuborganligi guvohiman. Buddaviy ehrom rohibi Xouki Kato, Gumma prefekturasidagi Fudzivara to‘g‘oni sohilida duo hamda buddaviy sanolar o‘qishini eshitib qoldim. Suv to‘g‘onining duo o‘qilgunga qadar va undan keyingi holati tushirilgan rasm-larni ko‘zdan kechirdim. Suratlarda suv rangi ikki xil edi. Xouki Kato bilan uchrashib, Fudzivara to‘g‘oniga borayotganida meni ham hamroh qilib olishini o‘tindim.
Duoi-sanolar tilovati oldidan to‘g‘on suvidan namuna oldik. Hazrat Kato tilovat bilan birga sokin maromda «yohu»lay boshladi. Hazrat bir soat mobaynida tegrasida tantanavor vaziyat yaratib, tilovat qildi. Marosim so‘ngida Tokioda tahlil qilish uchun suv namunalaridan oldik. Buni qarangki, tilovat o‘qilgunga qadar olingan suv muzlatilganda kristallar hosil bo‘lmadi. Duoi-sanolarni «tinglagan» suv samoviy chiroyli kristallar yaratdi. Katta chiroyli oltiburchak ichida jajji oltiburchak. «Suv nomalari» kitobim muqovasida ana shu samoviy go‘zallik aks etgan kristall surati tasvirlangan.
«MUHABBAT VA EHTIROM» SO‘ZLARI IMMUNITETNI KUCHAYTIRADI
Yaxshi suv tayyorlash uchun shisha idishga ozroq distillangan suv qu-ying. Biron-bir tashqi ta’sirsiz suv muzlaganda chiroyli kristallar hosil bo‘ladi. Bu suvning tozaligidan dalolat beradi. Distillangan suv esa hamisha ham topilavermaydi, bu o‘rinda oddiy vodoprovod suvi ham asqotishi mumkin.
Shisha idishdagi suvga iltimos qiling. Eng maqbul yo‘l esa, hazrati Kato monand suvga duolar o‘qib murojat qilishdir. Ammo oddiy odam xayoli boshqa fikrlar bilan bandligi bois o‘z nutqini so‘z ruhi bilan sug‘ora olmaydi.
Hazrat Kato tilovati so‘ngiga yetgach, biz 15 daqiqaga yaqin suhbatlashib o‘tirdik. Shu payt yordamchilarimdan biri hayqirdi:
– Qaranglar, to‘g‘ondagi suv rangi juda tez o‘zgaryapti! Darhaqiqat, ulkan suv omboridagi suv tiniqlashib borardi. Loyqa bu havzada marosimgacha hech narsa akslanmagan bo‘lsa, endi esa suv yuzasida daraxt soyalari yorqin ko‘rinardi. Yapon tilida «kotodama» – «so‘z ruhi» degan tushuncha bor. Ruhoniy Katoning so‘zlarida ana shu ruh mujassam ekanligini va uning amaldagi qudratini ko‘rib turardim.
Ha, shuning uchun ham suv bilan dildan suhbatlashing. O‘z istagingizni tasdiq shaklida, o‘tgan zamonda, amalga oshganligini xayolan tasavvur etib, gapiring. Suvga doimiy ravishda tovush chiqarib murojaat etgan ma’qul. Ishi boshidan oshib-toshgan zamonaviy kishi uchun kuniga bir necha soatlab suv bilan suhbatlashish imkoni yo‘q. Bu o‘rinda shunday maslahat beraman: suvga atalgan murojaatingizni bir parcha qog‘ozga yozing. Suv quyilgan idishga qog‘oz yozuvini ichkariga qilib yopishtiring. Vaqti-vaqti bilan yozuvingizni ovoz chiqarib suvga ayting-da, idishni chayqatib qo‘ying. Bu suvni faollashtirib, tebranish kuchini oshiradi. O‘zingizga shu yo‘sin xado-suv tayyorlab, foydalanish mumkin. Kuniga 5 stakandan shu suvdan ichgan ma’qul.
SUVDAN FOYDALANING
Taomga xushquvvat xadoli masalliq ishlating. Inson suvsiz yashay olmaydi. Hayot manbai – suvga xos tebranishdadir. «Dasturxonimiz ko‘rki – non-chi? Nonsiz ham yashash mumkin emas», dersiz. To‘g‘ri. Inson, darhaqiqat, taomsiz yashayolmaydi. Taom – biz uchun g‘oyat zarur, ammo taomdan ko‘ra, uning tebranishlari zarurroq. Nimaiki tirik ekan, tebranishda bardavom bo‘lmog‘i kerak. Boshqacha so‘z bilan aytganda, har bir hujayra tebranib turishi zarur. Tebranish bardavomligini nimadir ta’minlab turishi joiz. Hayot shunday qurilgan. Charxi-kajraftor abadiy o‘z-o‘zidan aylanib turolmaydi, uni harakatda tutib turuvchi tashqi ta’sir bo‘lmasa, charx to‘xtaydi. Tirik jonzotlar tebranishi uchun ozuqa ana shu tashqi ta’sir hisoblanadi. Har bir ozuqa mahsuloti uchun ma’lum bir turdagi tebranish xosdir. Qulupnayning tebranishi o‘ziga xos bo‘lganiday, olma ham o‘z tebranishiga ega. Ozuqa mahsulotlari tebranishlari hujayralar, a’zolar tebranishlari bilan rezonans sanaladi. Rezonans borligi uchun ham xilma xil ozuqa zarur. Parhezshunoslar ham tanadagi unsurlar o‘zaro nomuvofiq bo‘lib, qolmasligi uchun xilma-xil ozuqa iste’mol qilish zarurligini ta’kidlaydilar. Qanchalar ko‘p xil ozuqa yesak, shunchalar ko‘p hujayra va a’zolar ularning tebranishlari bilan uyg‘unlashadi – rezonanslashadi.
Yaqinda parhezshunos, doktor Akiko Sugaxaro bilan hamkorlikda oziq-ovqat mahsulotlari xadosini aniqlash yuzasidan tadqiqot o‘tkazdik. Sugaxaro xonim Tokio universiteti tibbiyot fakultetida doktorlik darajasiga erishgan. Mashhur ilmiy-tekshirish muassasasida ishlab, tajriba, orttirdi va o‘z Sugaxaro institutiga asos soldi. Dietologiya – parhezshunoslik sohasida nufuzi baland. Kitoblarimdan birini o‘qib, Sugaxaro xonim xadoga qiziqib qolibdi. Xado o‘lchovchi asbobim yordamida ko‘pgina oziq-ovqat mahsulotlarini tekshirib chiqdik.
Immunitetni kuchaytirish, zo‘riqishni olish, vasvasaga qarshi kurashda xadoning quvvat darajalarini o‘rgandik. Bu borada sabzavotlar xadosi yuksak natija ko‘rsatdi. Lo‘nda qilib aytganda, kasalliklarga qarshi kurashda, zo‘riqish va tushkunlikni bartaraf etishda sabzavotlarning nafi katta ekan. Natijalarini qiyoslashdagi tafovut esa ozuqalar xilma-xilligi naqadar zarurligini ko‘rsatdi. Ayniqsa, ismaloqning shifobaxshligini ta’kidlamoq kerak. Xom ismaloqning xadosi a’lo darajada bo‘ladi, qaynatilganda esa, ijobiy xususiyatlari sezilarli ravishda yo‘qoladi. Barra va qaynatilgan ismaloq bir-biridan shunchalar farqlanadi.
Baliq singari dengiz ne’matlari ham yaxshi xadoga ega bo‘lib, doktor Sugaxaroning fikriga ko‘ra, dengiz suvida ko‘plab mineral moddalar mavjudligi bois, yer yuzasidagidan ko‘ra suv olami ne’matlari foydaliroqdir.
Go‘sht xadosini o‘rganish ham qiziqarli natijalar berdi. O‘rdakcha hamda jo‘jalar barcha o‘lchov parametrlarida ham yuqori ahamiyatga ega xadoni ko‘rsatdi. Mol, cho‘chqa, qo‘y go‘shti xadosi esa nisbatan yomonroq ko‘rsatkichga ega ekan. Bu farq ayniqsa, stress-zo‘riqishni olib tashlashda ayon bo‘ladi.
Mevalar va yong‘oq xadolari xususiyatlari doktor Sugaxaroni lol qoldirdi.
– Yong‘oq tarkibida quvvatbaxsh moddalar ko‘pligi uchun ham buni avliyolar taomi deyishadi, – izohladi o‘z hayratini doktor. Tahlillarimiz u haqligini isbotladi. (Xadoni din bilan bog‘lash niyatim yo‘q, ammo taqvodor insonlar xushquvvat xadoni qalban sezishlariga guvohman).
Yong‘oqlar siydik haydash, qon tomirlarini kengaytirish xususi-yatiga egaligi bois qonning quyuqlashib qolishi hamda miyaga qon quyilishi oldini olishda katta yordam beradi.
Keyingi tajribamiz turli usulda pishirilgan bir xil taom xadosini aniqlashdan iborat bo‘ldi. Tahlil uchun gamburger tanlandi. Jamoat ovqatlanish joyi – restoranda hamda uyda tayyorlangan gamburgerni taqqosladik. Bu doktor Sugaxaroning g‘oyasi edi. Shu o‘rinda oshpazning xadosi ham aralashib qolishi mumkin. Doktorning fikricha, mehr bilan tayyorlangan taom xadosi yanada yaxshilanadi. Uyda pishirilgan taom lazzatli bo‘lishi siri ham ehtimol shundadir.
Bu taxminni tekshirib ko‘rish uchun restoranda tayyorlangan, uy sharoitida: shunchaki zaruratdan, ezgu tilaklarni aytib turib, g‘azabnok gapirib pishirilgan gamburgerlarni taqqosladik.
Gamburger tayyorlash jarayonida «juda mazali ko‘rinadi», «hidi ishtahamni karnay qilib yubordi», «tezroq tayyor bo‘lsaydi» singari ezgu so‘zlar, shuningdek, «jonimga tegdi», «charchab ketdim», «nima uchun shu bemaza taomni yeyishim kerak ekan?» kabi g‘azabnok iboralarni aytdik. Kutganimizdek, xadolarda tafovut bor edi. So‘zlar taom xususiyatiga shu qadar katta ta’sir ko‘rsatishiga ishongimiz kelmasdi. Axborotning suvga ta’sir ko‘rsatishini yaxshi bilsam-da, ovqat tayyorlash jarayonida aytilgan so‘zlarning taom xadosiga shunchalik katta ta’siri bo‘lishini endi ko‘rishim edi.
Taom uyniki bo‘lishi mumkin, ammo hamma gap bu taom qanday tayyorlanishida – mehr bilanmi yoki pishirishga majburlik «yuki»ning qahri bilanmi? Axir g‘azabnok so‘zlar aytib tayyorlangan uy gamburgeridan ko‘ra, restoranda ko‘pchilik uchun qilingan gamburger afzalroq ekan. O‘choq boshida turgan bekalar, taomingizni mehr va ehtirom bilan pishiring, oila a’zolari, dasturxonga keltirilgan shu taomni tayyorlagan insonga rahmat aytib, shukronalik bilan tanovvul qiling.
Mikroto‘lqinli pechda shitob isitilgan taom xadosi susayadi.
Muzlatilganda chiroyli kristallar hosil bo‘luvchi distillangan suvni mikroto‘lqinli pechda 15 sekund isitdik. (Keyin bu suvni muzlatdik). Isitilgan suv muzlagach, bo‘rtiq, notugal shakllar paydo bo‘ldi. Mikroto‘lqinli pechda kuchli elektromagnit to‘lqinlari yordamida mahsulotlarga ishlov beriladi. Elektromagnit to‘lqinlarning 15 sekundli ta’siri distillangan suvning xushquvvat xadosini butkul yo‘q qilib tashladi.
Suv haroratining keskin o‘zgarishi uning hususiyatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, deb o‘ylayman. Muzlatilgan suv kristallariga oid ilk tajribalardan shunday xulosaga kelganman. O‘shanda toza suv olib, muzlatgach, so‘ng rasmga tushirardik. Muzlatish uchun qay vaqt qulayligini bilmasdik. Alal-oqibat, asta-sekin uch soat mobaynida muzlatish eng zo‘r natija berishi ma’lum bo‘ldi. Ammo buni aniqlaguncha, ozmuncha tajriba o‘tkazdikmi!..
Mikroto‘lqinli pech suv haroratini bir zumda ko‘tarib yuboradi. Bunday jarayonda suv (yoki taom) xadosi qanday o‘zgaradi? Uyda tayyorlangan turli usulda isitilgan gamburgerlar odatdagiday tajriba uchun tanlab olinib, duxovka va mikroto‘lqinli pechda (2 daqiqa), mikroto‘lqinli pechda ko‘proq muddat (3 daqiqa) isitildi. Natijalar kutganimizday chiqdi.
Mikroto‘lqinli pechda isitish bor-yo‘g‘i bir daqiqaga farq qilardi, xolos. Doktor Sugaxaroning ta’kidlashicha, odamlar shu tariqa xatoga yo‘l qo‘yib, xado darajasini pastlatisharkan. Yuqoridagi tajriba, elektromagnit nurlanish bilan hazillashib bo‘lmasligini ko‘rsatib turibdi.
QO‘L TELEFONLARI, TELEVIZORLAR HAMDA SHAXSIY KOMPUTERLAR XADOSI
Insoniyat tez ko‘payganligi bois Yer xadosi-latif quvvati kuchsizlanib ketganligini yuqorida aytgandik. Odamlar tomonidan ko‘plab maishiy asboblar ishlatilayotganligi sayyoramizga zararli ta’sir ko‘rsatmoqda. O‘zidan elektromagnit to‘lqinlar taratuvchi bunday asboblar nainki zaminning, balki insoniyatning xadosiga ham halokatli ta’sir ko‘rsatadi. Ular sizning xadongizga zarar yetkazib, sog‘ligingizni ham izdan chiqaradi.
Distillangan suvni mikroto‘lqinli pechda 15 daqiqa isitish natijalari elektromagnit to‘lqinlar qanchalar xatarli ekanligini ko‘rsatdi. Qo‘l telefonlari, televizorlar hamda shaxsiy kompyuterlar bilan ham xuddi shunday tajriba o‘tkazildi. Distillangan suvli shisha butilkaga qo‘l telefoni bog‘landi, zaruriy raqamlar terilib, aloqa tugmasi bir daqiqaga tezlashtirildi. Mazkur jarayon o‘n marta takrorlandi. Keyingi tajribalarda esa distillangan suvli shisha butilka avval televizorning, keyin esa shaxsiy kompyuterning yoniga to‘rt soatdan qo‘yib qo‘yildi.
Tajribalar natijalari insonni sarosimaga solardi. Boyagi distillangan suvlar muzlatilganda, egri-bugri shakllar paydo bo‘ldi. Bundan aniq-ko‘rinib turibdiki, elektromagnit to‘lqinlar suv sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatarkan.
Biz butun umrimiz mobaynida o‘zida elektromagnit to‘lqinlarini yig‘uvchi maishiy texnika xizmatidan foydalanib, tanamizdagi xadomizga, sezilarli ravishda salbiy ta’sir olamiz. Salomatligi yaxshi bo‘lmagan, immun tizimi kuchsiz inson ko‘p vaqt davom etgan elektromagnit maydon ta’sirida kasallanib qolishi mumkin. Nima qilmoq kerak? Elektromagnit maydonli texnikadan foydalanmay qo‘ya qolsak, nur ustiga a’lo nur bo‘ladi. Zero, 20- asr boshlariga qadar, ya’ni Bani-odam g‘oyat tez suratda ko‘paymagan bir vaqtda, Yer sayyorasi beqiyos chiroyli edi. Ommaviy ishlab chiqarish ham, ommaviy ravishda energiya, elektromagnit to‘lqinlari iste’moli ham yo‘q edi. Fan-texnika inqilobi «mevalari» – mikroto‘lqinli pechlar, qo‘l telefonlari, televizorlar, shaxsiy kompyuterlarsiz hayotga qayta olasizmi?
Yo‘q, bunday bo‘lishi mumkin emas. Xilvat tog‘lar bag‘rida makon topib, elektromagnit maydon ta’siridan shu zayl najot topsangiz, ajab emas. Lekin har qanday odam ham ishini, bikir turmushini tashlab, qishloqda yashashga ko‘nikavermaydi. O‘zim ham xizmat yozishmalarida elektron pochtadan tez-tez foydalanib turaman.
Ha, bizning davrimizda elektromagnit to‘lqinli texnika vositalarisiz yashash qiyin, faqat ulardan foydalanishning zararsiz yo‘llarini topish kerak, xolos. Men esa shunday yo‘lni topdim.
Bu muammoning yechimi oson. «G‘ayrioddiy pnevmoniya» so‘zini «eshitgan» Suvning sifati yomonlashib ketganligi to‘g‘risida yuqorida aytilgan edi. Bu so‘zni «eshitgan» distillangan suv muzlatilganda kristallar hosil qilmagan. Lekin aynan shu suvga «muhabbat va ehtirom» so‘zlarini aytganimda, obi-hayot o‘z xossalarini qayta tiklagani bor haqiqat!
Elektromagnit to‘lqinlar ta’siriga uchragan distillangan suvni ham shu zayl tozaladik. Yuqoridagi tajribani «teskari» ravishda takrorladik. «Muhabbat va ehtirom» so‘zlari yopishtirilgan distillangan suvli shisha idishlarga mikroto‘lqinli pech, qo‘l telefoni, televizor va shaxsiy kompyuterlar ta’siri kuzatildi. Hayratli voqea! Barcha texnika vositalarining elektromagnit to‘lqinlari salbiy ta’siri deyarli sezilmadi. Barcha shisha idishlardagi suv muzlatilganda, chiroyli kristallar hosil bo‘ldi.
«Muhabbat va ehtirom» so‘zi yozuvda ham, ovoz chiqarib aytilganda ham suvni elektromagnit maydonning halokatli ta’siridan saqlaydi.
Har safar elektromagnit to‘lqinlarini yig‘uvchi maishiy texnika vositalaridan foydalanayotganda «muhabbat va ehtirom» so‘zini aytib qo‘ysangiz, kifoya. Ammo bu usul ham o‘zini oqlamadi. Qo‘l telefonini ishlatayotganida, tinimsiz ravishda «muhabbat va ehtirom» so‘zini aytib turishni tasavvur qiling, aqlga sig‘maydi.
Bu o‘rinda xayolimga g‘aroyib tajriba o‘tkazish g‘oyasi keldi.
Elektromagnit to‘lqinlariga oid tajriba o‘tkazishdan avvalroq Yaponiya jamoatchilik televideniesi orqali hujjatli dastur tomosha qildim. Dasturdagi chiroyli sahnalar shifobaxsh quvvatga ega bo‘lib, menga g‘oyat manzur keldi. Xo‘sh, mazkur dasturni suvga ko‘rsatsak-chi?
Bu gipotezamni amalda sinab ko‘rishga qaror qildim, zero ezgu ishlarni orqaga surib bo‘lmaydi, Dasturning video yozuvini qo‘yib, uning suvga ta’sirini sinab ko‘rdim.
Xuddi kutganimdek, dastur kuchli elektromagnit to‘lqinlarining noxush ta’siridan suvni muhofazaladi, obi-hayot muzlatilganda, to‘g‘ri shaklli kristallar hosil qildi.
Bundan shunday xulosa chiqarish mumkin: ijobiy mohiyatli axborot elektromagnit to‘lqinlarning salbiy ta’sirini kesadi.
Mikroto‘lqinli pechda taom tayyorlarkan, o‘z muhabbatingiz va ehtiromingizni bildirib turing. Qo‘l telefonida gaplasharkan, yoqimli mavzulardangina so‘z oching, ish yuzasidan suhbatda esa bitimlar tuzishni gapiring. Omadsizlik to‘g‘risida esa uy telefonida aytgan ma’qul. Qo‘l telefonida mehr bilan so‘zlashayotgan sevishganlar salbiy ta’sirga berilishmaydi. Muhabbatga to‘liq suhbat uzoq davom etsa ham salbiy ta’sirsiz kechadi. Ammo ayriliq haqida qo‘l telefonida gapira ko‘rmang, buni yuzma-yuz turib aytgan ma’qul.
Keling, televizorda faqat tinchlantiruvchi, kayfiyatni ko‘taruvchi dasturlar ko‘raylik. Dahshatli qotilliklar, fojialar to‘g‘risida ma’lumot beriluvchi yangiliklar dasturlari namoyish etilayotganda, bosh-qa kanalga olgan yoki televizorni o‘chirgan ma’qul. Bosqinchilik sahnalaridan iborat dasturlar yoki filmlardan ham voz kechgan yaxshiroq. Qonli urushlardan tashkil topgan videoo‘yinlarni o‘ynamang. Keyingi paytlarda, o‘smirlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar soni ko‘paymoqda. Menimcha, bu o‘rinda voyaga yetmagan jinoyatchilar elektromagnit maydonlarning salbiy ta’siri girdobiga tushib qolishgan. Ta’kidlashim zarur, suvga pornografik film ko‘rsatilganda, natija g‘oyat yomon bo‘ldi.
Shaxsiy kompyuteringizda maroqlanib, shijoat bilan ishlang, zero, ijobiy yondashuv elektromagnit to‘lqinlarni neytrallashtiradi. Ish vaqtida, shuning menga keragidan darkori yo‘q edi, deya to‘ng‘illab o‘tirsangiz, o‘zingizga zarar.
YOQIMLI MUSIQA HUJAYRALARGA TA’SIR KO‘RSATADI
O‘z xadomiz buzilishining oldini olish uchun iste’mol qilinadigan suv sifatini yaxshilashga kuchimiz yetadi. Yuqorida ta’kidlanganidek, ijobiy axborot hamda fikrlar suv xususiyatlarini yaxshilaydi. Hatto kuchli elektr maydoni manbaida turgan suvga ezgu so‘zlar aytilgach, muzlatilganda kristallar paydo bo‘ldi.
Qay turdagi axborot suvga «shifobaxsh» ta’sir ko‘rsatadi? Muhabbat va ehtirom singari ijobiy so‘zlar, albatta. Biroq axborot faqatgina so‘zdan iborat emas. Suv tarkibini yaxshilovchi boshqa vositalar ham bor. Suv g‘oyat sezgir bo‘lib, chiroyli tasvir hamda musiqaga ham «javob» qaytaradi. Suvga so‘z bilan ta’sir etishdan ilgariroq musiqaning suvga ta’siri natijasida kristallar hosil bo‘lishini tajribada ko‘rgan edik. Muz zarralari kristallari rasmini olishga qiziquvchi yosh tadqiqotchi shunday deb qoldi: «Keling, suvga musiqa eshittirib ko‘ramiz. Menimcha, natija yaxshi bo‘ladi». Musiqa jonu dilim bo‘lgani, qachonlardir xonandalikni orzu qilganim bois bu fikr menga ma’qul tushdi. Mashhur kompozitorlarning mumtoz asarlarini navbati bilan qo‘yishga kelishdik.
Musiqaning suvga ta’sirini kuzatish asnosi qator xulosalar chiqardik.
1. Ikkita dinamik orasida shisha idishda suv qo‘yib, balandligi me’yorida bo‘lgan musiqani yangratdik.
2. Kuy tugagach, mazkur tebranishdan suvni voqif etish maqsadida idish tubini yaxshigina chertib qo‘ydik.
3. Tun bo‘yi suvni o‘z holiga qo‘ygach, muzlatkich kameraga solishdan avval yana chertdik.
Kuy inson qulog‘i uchun yoqimli bo‘lgan balandlikda yangrardi. Natija kutganimizdan ham a’lo bo‘ldi. Suv ham musiqadan xuddi inson singari g‘oyat mutasir bo‘lganligini kristallar go‘zalligi namoyon etardi. Ayniqsa, orkestr ijrosidagi asarlarni tinglagan suv murakkab, mushohadaga chorlovchi kristallarga aylangan edi. Har xil musiqa asboblarining uyg‘unlikdagi ijrosi xushquvvat xado paydo qilgan bo‘lsa, ne tong! Inson tanasi o‘zaro muvofiq ravishdagi harakati me’yoriy hayot faoliyatini ta’minlovchi 60 trillion hujayradan iborat. Orkestr ijrosidagi kuy uyg‘unligi jismimizning har bitta hujayrasiga qadar yetib borib, sog‘lom bo‘lishimizga o‘z hissasini qo‘shadi.
Suvga mumtoz musiqa bilan bir qatorda «shifobaxsh» kuyni ham tinglatganimizda, u chiroyli kristallar yaratdi. Shovqin-suronli musiqani «tinglagan» suv umuman kristall hosil qilmadi.
Men, musiqa darhaqiqat shifobaxsh xususiyatga ega, deb o‘ylayman. Musiqa tinglayotganda o‘zimizni yaxshi his etishimiz boisi – kuy tanamizdagi suvni davolaydi. Yoqimli kuy tanamizdagi oltmish trillionta hujayraning har biriga yetib boradi.
Navbatdagi tajribamizda chiroyli tasvirlar va turli mazmundagi so‘zlar vositasida suvga ta’sir ko‘rsatishga kirishdik.
Inson ruhiyatini ko‘taruvchi musiqalarning suvga ta’siri natijasida hosil bo‘lgan kristallar rasmlarini mazkur kitob uchun tanlab oldim. Bundayin xush musiqalar serob bo‘lib, tongda, kechki hordiqda yayrab tinglash mumkin.
Musiqa bilan inson vujudi o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik to‘g‘risida ko‘proq o‘ylayapman. O‘z amaliyotida «musiqali davo» usulini qo‘llayotgan shifokorlar ko‘payib bormoqda. Ular, musiqa sog‘ayish jarayonini tezlashtirayotganligini tasdiqlashyapti. Men ham bu fikrga qo‘shilaman. Modomiki, musiqa suvga ezgu taosir ko‘rsatar ekan, asosiy qismi suv bo‘lgan vujudimizning har bir hujayrasiga qadar nechun ijobiy ta’sir etmasin?!
Ilgari mijozlarim xadosidagi buzilishlarni tuzatish maqsadida muvofiq axborot yo‘llangan suv tayyorlardim. Har bir insonning o‘z xadosi bor. Demak, izdan chiqqan xadoni tuzatish uchun har bir insonning o‘zigagina xos davo usuli-axborot shimgan suv zarur ekan-da. Nazarimda, insonga musiqiy ta’sir ko‘rsatish borasida ham shunday yo‘l tutgan maoqul.
Doktor Naoki Sibuya, Sidzuoka shahrida o‘z neyroxirurgik klinikasini tashkil etgan, u tovush energiyasi bilan davolovchi shifokor sifatida mashhur. Bosh miya o‘smalari va ularni ximiyaviy yo‘l bilan davolashga oid tadqiqotlari uchun doktorlik darajasini olgan. Janob Sibuya Yaponiya neyroxirurgiya jamiyati a’zosi, peshqadam neyroxirurg sanaladi. Tokio va Nagoya universitetlarining neyroxirurgiya bo‘linmalarida ishlagan. 1997 yilda doktor Sibuya «Barcha tiriklarga: muazzam qudratli ZOTdan armug‘mon» kitobini yozdi. Kitobda tovush energiyasi terapiyasi, ovoz xadosidan foydalanib davolash usullari bayon etilgan. Mazkur usul bemorning ovoz xadosini aniqlaydi hamda undagi salbiy o‘zgarishlarni tovush tinglash orqali bartaraf etadi. Mazkur terapiya uchun apparatni kanadalik muhandis Robert Roy ishlab chiqdi. Roy mazkur yo‘nalishda naq 35 yil tadqiqotlar olib bordi. Matematiklar atom chastotalarining hisob-kitob formulasini tuzishda unga yordam berishdi. Tovushning me’yoriy tebranishlari-(chastotalari)dagi nomuvofiqliklar ushbu formula yordamida to‘g‘rilanadi. 2003 yil boshlarida Roy o‘z uslubini takomillashtirib, kompyuter dasturini yaratdi. Endi bu dasturga binoan, inson ovozini 15 daqiqa eshitgach, zaruriy tovushni qaytadan tiklash mumkin. (Musiqiy ohanglardan farqli ravishda, bu dasturda aynan bir tovushning har-xil birikmalari uyg‘unligidan foydalanilgan). Yaratilgan dastur vazifani ancha yengillashtirgan, yechim uchun atigi uch daqiqa kifoya qiladi.
Mazkur uslubni o‘zimda sinab ko‘rdim. Kitob ustida qattiq ishlash hamda Atlantika osha parvozdan so‘ng kuragimda og‘riq turdi. Kompyuter dasturi tiklagan tovushni o‘ttiz minut tinglaganimdan so‘ng og‘riqlar butkul yo‘qoldi.
Agar ushbu uslub keng yoyilsa, musiqa terapiyasi yangi rivojlanishni boshlaydi. Zaruriy axborotni mujassamlashtirgan tovush orqali bemorning hujayralariga muvaffaqiyatli ta’sir ko‘rsatish mumkin bo‘ladi. Kompaniyamda tovush energiyasi tadqiq etilmoqda.
SOG‘LOMLIK VA BAXT TO‘LQINLARI
Sahar uyg‘ongach, karavotim yonidagi stolchaga qo‘yilgan stakandagi suvga tikilaman. O‘ttiz daqiqa chamasida Suvga o‘z ehtiromimni quyidagi so‘zlar vositasida bildiraman: «Senga tashakkur deyman va bugunim yaxshi o‘tishini so‘rayman». Suvning yarmini ichaman. Bugun nimalar qilishimni o‘ylayman. Xayolan bugundagi ishlarimni muvaffaqiyatli yakunlarkanman, yana suvga so‘zlayman: «Rahmat, senga, hamma ish ko‘ngildagiday bo‘ldi». Shundan keyin suvni ichaman. Natijada ezgu axborot stakandagi suvgagina emas, tegramizdagi havo namligiga ham inadi. Havo bilan ham, suv bilan ham rezonansga kirishish mumkin.
Hojatxonaga ishim tushsa, oqayotgan suvga rahmat aytaman. Dush qabul qilarkanman, vodoprovod suvida mavjud bo‘lgan tanam uchun zararli xlorni zararsizlantirish ehtiyoji tug‘iladi. Xlorli suv xadosini yaxshilash uchun esa muhabbat va ehtirom zarur. Xlorli suvni tozalash uchun dushga filtr o‘rnatish imkoni bo‘lmagan, teri kasalliklariga moyil insonlar uchun yuqoridagi usul g‘oyat asqotadi. «Rahmat», «Muhabbat va ehtirom» so‘zlari yozilgan bir parcha varaqni hammom devoriga yopishtirib qo‘yilsa, nur ustiga a’lo nur bo‘ladi.
Tong chog‘i picha bo‘sh vaqt topsam, biroz sayr qilishni xush ko‘raman. Subhidam quyoshi nurlari qalbga yorug‘lik sochadi. Ezgu xayollarga berilgan ko‘yi ohista sayr qilaman.
Ba’zilar buni ko‘ngil kuyiga kirish, deb bilsalar kerak. Modomiki, vaqt tizgini o‘z qo‘limizda ekan, sayr uchun imkon topish qiyin emas. Erta uyquga yotib, erta turmakni odat qilish kerak, xolos. Alkogolli ichimliklarga ortiqcha ruju qo‘ymang. Shoshilmasdan qilingan tonggi sayr hayotingizni bir maromda kechishini kafolatlaydi.
Odatda xotinim bilan nonushta qilaman. Bir o‘zim qolgan taqdirda ham, hamisha o‘z-o‘zimga: «Yoqimli ishtaha», deyman.
Oldin ta’kidlanganimday, taom har xil bo‘lishi zarur. Rafiqam ham fikrimni qo‘llab-quvvatlaydi, taom tayyorlash uchun vaqtini ham, kuchini ham ayamaydi. Unga tashakkur.
Ovqatlanayotib shoshilmayman, yemakni qiyomiga keltirib chaynayman. Ovqatni yamlamay yutmang, lazzatlanib yeng, ne’matlarga shukr qiling. Ana shundagina jismi-joningiz orom oladi.
Ovqatdan keyin maydalab choyxo‘rlik qilaman. Biz, yaponlarda, «Saharlik choyda shama cho‘p tik tursa, xushxabar eshitasiz», degan maqol borki, men shunday talqin qilgan bo‘lardim: piyoladagi shama cho‘pni ham payqay olish uchun ohista choy iching. Jajjigina shama cho‘p (o‘zbeklarda mehmon kelishiga ishorat, deydilar – Tarj.) kayfiyatingizni ko‘taradi. Yaxshi kayfiyat ila boshlangan kunning yumushlari ham oson bitadi. Nonushtadan keyin, hatto yakka o‘zim bo‘lsam ham, «Rahmat, taomni mazza qilib yedim», deyman hamda jahondagi voqealarni bilish, mashhurlar bilan intervyularni ko‘rish maqsadida televizorning tonggi dasturlarini ochaman. Axborot ko‘ngilsiz hodisalar to‘g‘risida bo‘lsa, boshqa kanalga olgan ma’qul. Xado nuqtai nazaridan, xavotirga soluvchi teleko‘rsatuvlardan ko‘ra, beysbol bo‘yicha oliy liga komandalari o‘yinini ko‘rgan afzalroq. Sport musobaqalarini tomosha qilarkanmiz, shunchalar berilib ketamizki, jismimiz-tanamiz xadosiga xush yoquvchi rezonans hodisasi ro‘y beradi, tana a’zolarimizga yengillik yuguradi.
Ishga ketarkanman, yo‘l-yo‘lakay ish faoliyatimizni xayolan jonlantirib, ezgu o‘ylarni mahkam tutib turishga intilaman. Meni yo‘qlab kelgan mehmonni tasavvurimda gavdalantirib, chin ko‘ngildan xayolan suhbat quraman. Xodimlarimning jon kuydirib ishlashlarini ko‘z o‘ngimga keltirarkanman, ularni rag‘batlantirish rejasini tuzaman: «Birodarlar, kelgusi yil fevral oyida birgalikda Gavaya oroliga bormaymizmi? Sayohatni xayolan ko‘z oldimga keltiraman. Ana, sidqidil mehnat qilgan xodimlar yuzida mamnun tabassum, «mangu yoz orollari» bag‘ridagi go‘zallikka maftun yayrashmoqda». Bundayin xayollar xodimlarimga yaxshilik qilish zarurligiga ishontiradi. Va nihoyat ishxona. Muntazir mehmonim bilan salomlashgach, suhbatga tushamiz. Muloqot chog‘i yangi-yangi g‘aroyib g‘oyalar tug‘ilishi mumkin. Tashrif buyurgan odamlar ish joyimni diqqat bilan kuzatgach, «Binoni rejalashtirishning ham ezgu xadosi bormi? Mebellarning-chi? Xado ishlab chiqarish tabiatiga ko‘ra mebellar bir-biridan farqlanadimi? – deya savollarga ko‘mishadi. Bu sohada kamina zaruriy bilimga ega emas, demak, maslahat berishga haqqim yo‘q. Bu savollarga fen-shuy mutaxassislari jo‘yali javob qaytarsalar, ajab emas.
Bino havosi toza bo‘lishi uchun, tez-tez derazani ochib, shamollatib turish zarurligini uqdiraman. Turib qolgan suv sifati yomonlashadi. Daryoda oqarkan, suv o‘z ijobiy xususiyatlarini saqlaydi, ko‘l yoki to‘g‘onga tusharkan, zumda ayniydi. Havo namligi to‘g‘risida ham xuddi shunday deyish mumkin. Shu bois xona ventilyatsiyasi bir maromda ishlashini nazorat qilib turaman.
Ishdan keyin kaminada xodimlar bilan biror joyda ko‘ngil ochish, qittaygina otvolish istagi tug‘iladi. Bunday ko‘ngil ochar kechalarga xohlaganlar boradi, emin-erkin yengil muhitda o‘z rahbarlari bilan ochilib-sochilib suhbat qurishadi.
Bundayin dildan suhbatlar samimiyligi bois hamkasblar yurakda borini to‘kib solishadi. Dildan suhbat hujayralarimizni to‘yintiruvchi ezgu xado ishlab chiqaradi. Davramizda g‘iybat-ig‘vo singari salbiy qusurlarga ongli ravishda erk berilmaydi. Vaholanki, o‘z boshliqlarining g‘iybatini qilish uchun to‘planib, qittay-qittay qiluvchilar toifasi ham yo‘q emas. G‘iybatchilikning foydasidan zarari ko‘p. G‘iybatchilar chiqarayotgan qora tebranishlar rezonansidan ko‘ngil behuzur bo‘ladi.
Ta’kidlash zarurki, salbiy kayfiyatdagi guruhlar o‘zlariga muvofiq yomon xadoga to‘liq joy tanlashadi. Ishdan so‘ng hordiq chiqarmoqchi bo‘lsangiz, joy tanlashda yanglishmang.
Menimcha alkogolda yoqimli xado mavjud bo‘lib, suv yog‘ bilan yaxshi aralashadi. Alkogol ruhiyat hamda jism o‘rtasida baayni ko‘prik vazifasini o‘taydi. Mukkasidan ketib, surunkali ichkilikbozlik qilishni qat’iyan qoralayman. Me’yor qonuniyatini unutgan kishi insoniylik qiyofasini yo‘qotadi. (Insoniyatga tushirilgan Muqaddas kitoblarda ham mast qiluvchi ichkiliklarning foydasidan zarari ko‘pligi ta’kidlanadi).
Kamina tongimni suv bilan boshlab, uyquga yotish oldidan ham suv ichaman.
Ajoyib, go‘zal kun hadya etganing uchun tashakkur, Suv, – deya ehtirom bajo aylayman.
Kunim suv bilan boshlanib, suv bilan nihoya topadi, deb ishonch-la aytaman. Modomiki, o‘zim – suv ekanman, shunday bo‘lmog‘i tabiiy.
KELING, SUV BILAN GAPLASHIB YASHAYLIK
Doktor Joan Deyvis kaminaning XADO va SUV zarralariga oid tadqiqotlariga qiziquvchi ko‘plab ixlosmandlaridan biri. Hozirda Syurix texnika universitetining iste’fodagi professori doktor Deyvis 30 yil mobaynida suv tadqiqoti bilan shug‘ullangan.
Doktor Deyvis kaminaga shunday deb yozgan edi:
«Muz kristallari suratlari yuzasidan tadqiqotlaringizning ikki muhim jihati bor. Birinchisi, suv g‘oyat sezgir bo‘lib, hatto eng latif quvvatdan ham ta’sirlanadi. Hozir suv sifati muhofazasiga yetarli e’tibor qaratilmayotganligini olimlar, davlat amaldorlari bilishlari zarur. Nazarimda, siz ishlab chiqqan uslubdan tibbiyotda, sog‘liqni saqlash tizimida foydalanilsa, shak-shubhasiz muvaffaqiyatga erishiladi.
Ikkinchisi, Suv o‘ziga nisbatan hurmatda bo‘lishimizni talab qilmoqda. Va biz buni tushuna boshladik.
Qadim Gretsiyada suvga ehtirom qilinar, aksariyat afsonalar suv himoyasiga bag‘ishlangan edi. Keyinchalik paydo bo‘lgan fan, bu afsonalar haqiqat emas, deya inkor etdi. Suv shu zayl o‘z asrorini yo‘qotib, oddiy unsurlardan biriga aylandi.
Bizning zamonamizga kelib, suvni mutlaqo hurmat qilmasdan qo‘ydik, uni texnologik usullar bilan tozalashga yopishib olganmiz. Ba’zan, «Ishlov berilgan Suv tozamikin?», degan e’tirozlarni eshitib qolamiz. Darhaqiqat, o‘rinli gumon. Zero, suv tozalash stantsiyasida ishlov berilgan suv muzlatilganda chiroyli kristallar hosil qilmaydi. Suv qayta ishlovga emas, Ehtiromga muhtoj.
Doktor Deyvisning suvni hurmat qilishga oid mulohazalari kaminaga qattiq ta’sir qildi. Ha, bu suvga oid tadqiqotlar bilan mashhur mamlakat – Shveytsariyada ishlagan olimning so‘zlari edi.
DUOLAR SUVNI O‘ZGARTIRADI
Pokiza suv texnologik ishlanib tozalangan suvdan farq qiladi. Doktor Deyvisning shunga oid fikrlari ancha yil muqaddamgi tadqiqotlarni yodimga soldi. Bu tadqiqotlar doktor Nobuo Sioyaning «So‘z ruhi»ga oid va’zlariga taalluqli edi. Doktor Ikkinchi jahon urushiga qadar Koreyada ishlagan, Keydzyo Seul Imperator universitetining dotsenti sifatida tibbiyot fakultetida dars bergan. Doktor Sioya seym eysen tiryo («hayot yo‘llari terapiyasi»)ni o‘rganib, o‘z faoliyatida qo‘lladi. Yoshi yuzdan o‘tgan esa-da, sog‘lomligi bois har kuni golf o‘ynab charchamaydi. Buyuk Dastur – «Ulug‘vor Dastur» – deya nomlagan quyidagi duoni o‘qib yurishimizni maslahat beradi: «Koinotning cheksiz-adadsiz quvvati quyuqlashmoqda; darhaqiqat olam chegarasiz va sokin bo‘lib qoldi». Meni hayratga solgan “Ulug‘vor Dastur” mohiyati tasdiqlanib, urg‘u berilgan «bo‘lib qoldi» iborasida edi. Biz bu duo qudratini amalda ko‘rmoqchi bo‘ldik.
1999 yil, 25 iyul, tonggi soat 4.30. Yaponiyaning eng katta Biva ko‘li qirg‘og‘iga 350 nafar kishi to‘plandik. Yaponlarda «Biva ko‘lining suvi tozami, demak, butun Yaponiyadagi suv toza», degan naql bor. Afsuski, hozir Biva ko‘li ifloslangan, suvi noxush hid taratadi. Ko‘l husniga xol bo‘lgan tabiiy qamishzorlar o‘rnini Kanadadan keltirilgan suv o‘tlari mo‘rmalaxday bosgan, ko‘ngil ozar hiddan mahalliy aholi qayga bosh urishni bilmaydi. Modomiki, Biva – Yaponiyaning «Ona» ko‘li shunday ayanchli holga tushgan ekan, «Onalik rahmi» dagi bulg‘angan suvdan quvvat oluvchi millatning ertasi qanday bo‘lsin?!
Ustoz Sioya rahbarligida tong sahar Biva ko‘lini XADO kuchi bilan tozalashga ahd qildik. 350 nafar inson ustoz jo‘rligida “Ulug‘vor Dastur”ni o‘n marotaba o‘qidik.
Oradan bir oy o‘tib, 27 avsutda Kiota gazetasida quyidagi sarlavhali maqola bosildi: «Mo‘rmalax suv o‘tlari va badbin hid qanday yo‘qoldi?».
Mana, o‘sha maqoladan parcha: «Bu yil ko‘l sathini mayda, chimmat bo‘lib bosuvchi Kanada suv o‘tlaridan, ulardan chiquvchi badbin hiddan shikoyat qiluvchilar yo‘q. O‘tgan yilning ayni shu davrida ko‘ldan 1500 tonna suv o‘tlari chiqarib tashlangan bo‘lsa, bu yil boshqa turdagi suv o‘simliklarini ham qo‘shib hisoblaganda atigi 110 tonna o‘t olib tashlandi. Prefektura tabiatni muhofaza qilish departamenti boshlig‘i bu hodisani shunday sharhladi: «Keyingi yillarda ko‘lning bu darajada toza bo‘lganini eslolmayman. Mutaxassislar bilan birga bu hodisani o‘rganib, sababini aniqlaymiz».
Prefektura mutasaddilari o‘rganmoqchi bo‘lgan hodisa sababi, tabiiyki, “Ulug‘vor Dastur” xadosi edi, nima dedingiz?
Men bunga aminman. Ko‘p o‘tmay bu hodisaning ilmiy tasdig‘iga duch keldim. «Sankey» gazetasining shu yil, 16 aprel sonida quyidagi sarlavhali maqola chop etildi: «Ultratovush to‘lqinlar – botqoq va ko‘llarni tozalashning foydali usuli». Maqolada Osaka universiteti huzuridagi texnika kolleji professori Yasuaki Maedi tadqiqotlari natijasi haqida so‘z yuritiladi. Maqola xado g‘oyasining ilmiy tasdig‘i edi. Mana maqoladan parcha:
«Suv tarkibidagi dioksin, PXDF (polixlordifenil) singari moddalar ultratovushli to‘lqinlar ta’sirida butkul parchalanib ketadi. Osaka universiteti huzuridagi texnika kolleji professori Yasuaki Maedi mazkur texnologiyani ishlab chiqdi. 200 kgts chastotali ultratovushli to‘lqinlar suvdan o‘tkazilganda kimyoviy birikmalarni parchalab, o‘ziga shimib oluvchi mayda pufakchalar hosil qiladi. Pufakchalar yorilganda, kimyoviy birikmalar parchalanib ketadi. Ifloslangan botqoqlik va ko‘llarni tozalashda, shuningdek, Ozon qatlamini yemiruvchi ftoruglerodni parchalab tashlashda mazkur texnologik usulni qo‘llash mumkin. Taklif etilayotgan usul tozalash muammoga aylangan, turib qolgan ifloslantiruvchilardan xalos bo‘lish imkonini beradi. Amaliyotda qo‘llashga tayyor bu texnologik usul hali nainki Yaponiyada, balki, xorijda ham shov-shuvga sabab bo‘lishi tabiiy».
Suvning ultratovush to‘lqin tebranishlari bilan rezonans aloqasi natijasida, obi-hayot sifati yaxshilanishiga oid yuqoridagi maqola bosilganda, Biva ko‘li uzra “Ulug‘vor Dastur» yangramoqda edi.
“Ulug‘vor Dastur” so‘zlari Tabiatni bilish natijasida shakllangan-tuzilgan tovushlarga asoslanganligiga imonim komil. «Koinot» so‘zini aytar ekanmiz, Koinotning aynan o‘ziga xos Xado shu so‘zda ham mujassamligini, Koinot uni tutib olishini idrok etmak kerak. «Koinotning cheksiz energiyasi...» deyiladi “Ulug‘vor Dastur”. Demak, duoi-iltijomizning sof xadosi olis Koinotning ultratovushli hududlariga yetib borib, rezonans hosil qildi hamda yana Biva ko‘li uzra qaytdi.
Zamonaviy fan har qanday kasalga ham dori-darmon topa oladi, deb hisoblovchi insonlar xado haqidagi bitiklarim mohiyatini anglashmaydi. Faqat olimlar bilan hamkorlik, ikki yoqlama axborot almashinuv xado haqida keng ommaga ko‘proq ma’lumot yetkazish imkonini berishi mumkin. Professor Maedining yangi texnologiyasi hamda kamina so‘z yuritayotgan Xado mavzusi yana bir maqola uchun asos bo‘ldi. «Zararli moddalarning ultratovush bilan parchalanishi» sarlavhali «Suv ilmi» turkumidagi maqolalarning oltinchisi bo‘lmish bu izlanishda yana professor Maedi tadqiqoti natijalari to‘g‘risida so‘z borardi. Xuddi shuningdek, maqolada kaminaning Suvga musiqiy ta’sir o‘tkazish tadqiqotlarimga ham to‘xtalgan edik. Kelajakda Xado energiyasi bilan ko‘pdan-ko‘p odamlar qiziqadilar, deya ishonaman.
Shunga ishonchim komilki, Xado energiyasi mavzusi kelgusida g‘oyat keng jamoatchilik e’tiborini o‘ziga tortadi.
Xado Suvni o‘zgartira olishini tadqiqotlarim ko‘rsatib turibdi. Suvga samimiy munosabatda bo‘lib, e’zozlab gaplashsak, obi-hayot o‘z sifatini yaxshilaydi. Katta ko‘lga ham, inson tanasidagi suvga ham shu yo‘sin ijobiy ta’sir ko‘rsata olamiz.
«ISHINGNI QIL!» DEMANG, «ISHNI QILIB QO‘YSAK-CHI», DENG
Kitobimdagi muz kristallari rasmlariga maftunkor shveytsar ayoli, firma rahbari Manuela Kim ham qiziqib qolgandi.
«O‘z ko‘zimiz bilan muz zarralarini ko‘rayotirmiz, kitobdagi rasmlar mo‘‘jizasi ham ana shunda,– degan edi u. Bu mo‘‘jiza sabab ongimiz shitob uyg‘onadi hamda yuksaladi. Fikrlarimiz hamda hissiyotlarimizni ana shu o‘zgarish bois ko‘ra boshlaymiz».
Kim xonim seminar o‘tkazish uchun meni Shveytsariyaga taklif qildi, Yevropada qator ma’ruzalar o‘qidim.
Uchrashuvlardan birida Manuella Kim xonim shunday dedi: «Ikki nafar farzandim bor. Mehribonlik bilan gaplashasizmi yoki buyurasizmi, bola bunga ahamiyat beradi. «Ishni qilib qo‘ysak-chi» bilan «Ishni qil!» o‘rtasida farq bor. Bu farq hatto hujayra darajasida his etilishini ham tushunaman».
Bolalar ota-onalaridan ana shunday buyruq va iltimosni tez-tez eshitib turishadi. Endi o‘zingizni bola o‘rnida tasavvur qiling: sizga buyruq yoqadmi yoki iltimos?
«Mana bu ishni qilsak-chi» va «ishni qil!» yozuvli qog‘ozlarni suv to‘la shisha idishlarga yopishtirdik, so‘ngra suvni muzlatib kristallarni rasmga oldik.
Taxmin qilingandek, «Mana bu ishni qilsak-chi» yozuvini o‘ziga qabul qilgan suv kristallar hosil qildi. Shaklan chiroylidan ko‘ra munis edi bu kristallar. «Ishni qil!» yozuvi ingan suv qo‘rqituvchi dumaloq shakl hosil qilgan edi. Ko‘rinib turibdiki, talab va buyruqlar ijobiy xadoga ega emas ekan.
MUHABBAT VA EHTIROM BILAN OLAM MUNAVVAR
Suv o‘ziga bolalarcha qilingan murojaat so‘zlarga ta’sir ko‘rsatadi. Demak, mehribon ota-onalarining bolalariga aytgan har xil so‘zlaridan suv turlicha ta’sirlanar ekan-da.
Qog‘ozchalarga turli mazmundagi so‘zlarni yozib, suvga havola etdik.
Ona bilan bog‘liq axborot tarzida «Onam pishirgan taom mazasi», «Suyanchim onam», «Kelin va qaynona», «Rahm», «Baxtiyor oila», «Tug‘riq», «Bolalarga g‘amxo‘rlik», «Xavfsizlik tuyg‘usi» so‘zlarini tanladim. Bu so‘zlarni «tinglagan» suv muzlatilgach, g‘aroyib kristallar hosil qildi, faqat «Kelin va qaynona» so‘zlari bundan mustasno. Chamasi mazkur so‘zlarda qandaydir salbiy axborot mujassam, shu bois to‘g‘ri kristall hosil bo‘lmadi.
«Otamning ermagi», «Otam bilan to‘p o‘yin», «Oilaviy sayohat», «Ota qat’iyati», «Ota ibrati», «Oila boquvchisi», «Oila ustuni» singari so‘zlarni «Ota axboroti» sifatida tinglagan suv kristallar yaratdi.
Yaponcha «Bosh ustun» («Oila boquvchisi») so‘ziga Suv men kutganday ta’sir ko‘rsatmadi. Kutganimday yirik shakllari aniq-tiniq emas, balki mittigina kristall paydo bo‘libdi. Ehtimol, bu otaning oiladagi ayni paytda tutgan mavqeiga bog‘liqdir.
Oilaga taalluqli «muhabbat» va «ehtirom» axborotiga suv har qanday vaziyatda ham sezgir ta’sir ko‘rsatdi. Mazkur hissiyotlar bilan bog‘liq tebranishlar suvga ta’sir qilgani bor haqiqat.
Kadzue Kato xonim ayollar va erkaklar haq-huquqlari tengligi uchun kurashuvchi faol siyosatchi sifatida Yaponiyada mashhur.
Ikkinchi jahon urushidan keyinroq bo‘lib o‘tgan saylovlarda Kato xonim g‘alabaga erishib, yapon ayollari ichida ilk bor Mamlakat Milliy Parlamenti tarkibiga kirdi. U Yaponiyada ayollar nufuzini yuksaltirish borasida qat’iy kurash olib bordi. 104 bahorni ko‘rgan Kato xonimdan uzoq yashash sirlarini so‘rashganda shunday javob qaytaribdi:
– Har kuni kamida 10 ta muammo qalbimni to‘lqinlantirib turadi, uzoq yashashim siri ana shunda.
Naqadar ajoyib! U nimani nazarda tutganini yaxshi tushunaman. O‘zimiz uchun yoqimli kechinmalar ichra yasharkanmiz, ezgu XADO bilan moslashamiz. Bu ezgu XADO jismimiz tebranishlaridagi nomuvofiqlikni to‘g‘rilaydi.
Tong. O‘rnimdan turib, quyoshga boqaman. Uning go‘zal jamoli qalbimni hayajonga soladi, hayotga muhabbatim jo‘sh uradi. Kunim shu zayl xush tuyg‘ular ila boshlansa, kechga qadar yaxshi kayfiyatda yuraman. Bu – hayotbaxsh kuchlarning o‘zaro almashinuvidir. Quyoshning, chamanzor chechaklarining tebranishlarini qabul qilarkanman, javoban ularga o‘z tebranishlarimni yo‘llayman. Ezgu tebranishlarni bir-biriga uzatgan ko‘yi hayot to‘lqinida oqamiz.
Charaqlab nur sochayotgan quyoshga, tong uyqusidan uyg‘onib gulyaproq-larini yozayotgan chechaklarga e’tibor bermadingizmi? Afsus, siz ularning ajoyib tebranishlariga hamohang ta’sirlanishdan bebahra qolibsiz. Sog‘lig‘ingiz chatoq emasmi?
Biz suvni hurmat qilishimiz, sevishimiz, borligiga shukr deya, ijobiy tebranishlarni qabul aylashimiz kerak. Ana shunda Suv ham unga qo‘shilib biz ham o‘zgaramiz. Gapning po‘stkallasini aytganda, mohiyatan barchamiz SUVMIZ, axir!
Ruschadan Mahfuza Usmonova tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2009 yil, 4-5-sonlar.