OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Muqobil energiya turlari ko‘paymoqda

Braziliyadagi deyarli har ikki avtomobilning biri shakarqamishdan olingan yonilg‘i — etil spirt bilan harakatlanadi. Endilikda bu tajriba boshqa mamlakatlarda ham keng qo‘llanilmoqda. Shimoliy Osetiyadagi mahalliy zavodlardan birida bioetanol ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. U tarkibida shakari bor xomashyo, masalan, turli donlardan olinmoqda. Bunday yonilg‘i benzin bilan aralashtirilsa yanada samarali bo‘lib, havoga zaharli moddalarni kam chiqaradi. Hozir zavod bir kecha-kunduzda 200 tonna bioetanol ishlab chiqarmoqda, biroq ehtiyoj oshsa, mahsulotni yanada ko‘paytirish imkoni mavjud.

* * *

Mordoviyada eng yirik biogaz elektrostantsiyasini ishga tushirishga taraddud ko‘rilmoqda. Stantsiya biogazni qoramol fermalari chiqiti hamda qand lavlagining qoldiqlaridan oladi. Fermer xo‘jaliklari va qand zavodi xomashyoning asosiy ta’minotchisi. Yaqin ikki yilda 27 mintaqada 50 dan ziyod biogaz elektrostantsiyalari ishga tushiriladi.

— Qishloq xo‘jaligi chiqitlari, shuningdek, torf ham biogaz energetikasi uchun zarur mahsulot bo‘lishi mumkin, — deydi Rossiya energetika agentligi rahbari o‘rinbosari V.Baskov. — Bizda uzoq vaqtdan buyon ishlatilmay yotgan torfning umumiy miqdori 175 mlrd. tonnani tashkil etadi. U har yili 40 mlrd. tonnaga ko‘paymoqda. Bundan tashqari, o‘rmonlarga zarar yetkazmagan holda har yili 1 mlrd. tonna yog‘ochdan bioyonilg‘i olsa bo‘ladi. Bu markaziy hududlardan olislarda ham odamlarni ish bilan ta’minlab, ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish imkonini beradi.

* * *

Yana bir ekzotik energiya manbai yer osti issiqligidir. Nasoslar orqali tortib olinganda u yirik shaharlarni ham isitadi, ham elektr energiyasi bilan ta’minlaydi. Masalan, vulqondan hosil bo‘lgan yassi tog‘likdagi Islandiya tabiiy energiyaning ulkan manbai ustida joylashgan. Mamlakatda 5 ta geotermal elektrstantsiya energiya hosil qiladi. Ulardan faqat bittasi poytaxt Reykyavikni energiya bilan to‘la ta’minlaydi. Endilikda yer ostidan issiqlik oluvchi bunday nasoslar Rossiyada ham mavjud.

— Issiqlik nasoslarining ishlash jarayoni quyidagicha: 1,5 metr chuqurlikdagi yer osti qatlami doimiy ravishda +8 daraja issiq bo‘ladi, — deydi muhandis V.Gun. — Ana shu qatlamdan quvurlar tizimi o‘tkazilib, uning ichida doimiy ravishda suyuq xladagent aylanib turadi. Mazkur xladagent yer bag‘ridagi issiqlikni o‘ziga singdirib, iste’molchiga yetkazib beradi. Issiqlikni tortuvchi nasoslar yordamida olingan energiyadan uylarni isitishda, turar joylarning issiq suv ta’minotida, shuningdek, yozda binolarni sovutishda foydalaniladi. Hozir Kamchatkada ham shunday geotermal elektrostantsiya ishlab turibdi.

* * *

Muqobil energiya manbai, ayniqsa, an’anaviy yonilg‘idan foydalanish qimmat tushadigan olis hududlarda beqiyos ahamiyatga ega. O‘tgan yil yozda Primore o‘lkasining Peretichixa qishlog‘ida bir yo‘la ham shamol kuchi, ham dizel agregati yordamida elektr quvvati beradigan avtonom energetika majmui ishga tushirildi. Shamol aylantiradigan parraklari uzunligi 30 metr keladigan bu qurilma qishloq qiyofasini o‘zgartiribgina qolmay, bu yerdagi aholini tunu kun elektr quvvati bilan ta’minlamoqda. Majmua to‘liq avtomatlashgan: shamolning kuchiga qarab qurilma qaysi manbadan foydalanish maqsadga muvofiqligini o‘zi mustaqil tanlaydi. Agar shamolning kuchi kam bo‘lsa, dizel-generatorni ishga tushiradi, shamolning kuchi parraklarni aylantirishga yetsa, dizel-generator to‘xtaydi. Bundan tashqari, ortiqcha energiya yig‘ilib ham turadi.

* * *

Olis Tuva cho‘llarida yaqinda quyosh batareyasidan kuch olib ishlaydigan bankomat paydo bo‘ldi. Hozircha Rossiyada yagona bo‘lgan bu noodatiy qurilma Qizil shahridan 40 kilometr masofadagi “Shohlar vodiysi” deb nom olgan xalqaro arxeologiya lageri yaqinida o‘rnatilgan. Endi yosh olimlar va talabalar lagerdan tashqariga chiqmay turib ham bemalol telefon haqini to‘lashi, plastik kartochkadagi hisobidan naqd pul olishi, internetga bog‘lanishi mumkin.

Shu yilning iyul oyida esa, Chuvashiston va Nijegorod oblasti chegarasidan o‘tuvchi M-7 raqamli federal trassada quyosh bateryalaridan kuch oluvchi yoritgichlar paydo bo‘ldi. Bunday yoritgichlar avtobus bekatlari va piyodalar yo‘lni kesib o‘tadigan joylarga o‘rnatildi. Kunning yorug‘ payti fotoelementlarda to‘plangan energiya yoritgichlarni tun bo‘yi elektr quvvati bilan ta’minlashga yetib ortadi. Bunday qurilmalar avtoyo‘llardagi ko‘rinish cheklangan murakkab uchastkalarni yoritadi. O‘tgan yili shunday yoritgichlar Ulyanovsk-Sivilsk trassasiga ham qo‘yilgan edi. Quyoshdan nur oluvchi yoritgichlar bilan birga shamol kuchidan elektr hosil qiluvchi parrakli qurilmalardan ham shu maqsadda foydalanish ko‘zda tutilmoqda.

Quyoshli kunlar ko‘p bo‘ladigan Uzoq Sharq, Janubi-Sharqiy Sibir, O‘qutiston va Baykalortida “quyosh-dizel” gibrid qurilmalari joriy etilmoqda. Mashhur biznes-guruh ­A.F.Ioffe nomidagi Fizika-texnika instituti olimlari bilan hamkorlikda yaratgan bunday qurilmalardan biri ishlab beradigan elektr energiyaning 70 foizi quyosh batareyalari hissasiga to‘g‘ri keladi. An’anaviy yonilg‘i zahiralarini tejovchi bu yangilikning ikki-uch yildayoq o‘zini iqtisodiy jihatdan qoplashi ko‘zda tutilmoqda.

“AiF”ning 2012 yil 38-sonidan “O‘zAS” tarjimasi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.