So‘nggi paytlarda dunyoning qaysidir burchida o‘rmon yong‘inlari haqidagi xabarlarga tez-tez duch keladigan bo‘lib qoldik. Olovning shiddatli tarzda katta-katta o‘rmonlarni egallab, ularni yo‘q qilayotgani, o‘t o‘chirish ishlari besamar ketayotgani mazkur xabarlarning asosiy mavzusi. Ba'zilarimiz, nahotki shunchalik darajadagi texnika taraqqiyoti ham olovni o‘chirish yoki kengayib ketishining oldini olishga ojizlik qilayotgan bo‘lca, deb o‘ylab ham qolamiz.
Yoki qanday qilib o‘rmonlarda o‘z-o‘zidan olov chiqib, katta-katta hududlar kuyib kul bo‘layotganiga aqlimiz yetmaydi. Ho‘l shox-shabbalar ham shunchalik tez yonar ekanmi?
Xo‘sh, o‘rmon yong‘ini o‘zi nima? U qanday kelib chiqadi? Uni butunlay to‘xtatishning iloji bormi? Mana shunday savollarga javob topish uchun turli manbalarni o‘rganib, ularga javob topish bilan birga yana allaqancha qiziqarli ma'lumotlarga ham ega bo‘ldik. Quyida ana shularning ayrimlarini siz bilan baham ko‘ramiz.
O‘rmon yong‘inlari aslida tabiiy hodisa hisoblanadi. Bunday yong‘inlar Avstraliya, Janubiy Afrika va AQShning Kaliforniya o‘rmonlarida tez-tez uchrab turadi. Odatda yoz va kuz fasllarida yong‘inlar ko‘p ro‘y beradi. Chaqmoq chaqishi, odamlarning ehtiyotsizlik bilan o‘rmonlarda gulxan yoqishi, vulqon otilishi va yer osti ko‘mir konlarining yonishi kabi holatlar o‘rmonda yong‘in chiqishining asosiy sabablari hisoblanadi. Havodagi issiq oqimlar, qurg‘oqchilik, tsiklik iqlim o‘zgarishi ham yong‘in kelib chiqishiga olib boradigan omillardir. Qurg‘oqchilik davrida yerga to‘kilgan shoxlar, xazonlar qurib tez yonuvchan holga keladi. Natijada, tabiiy yoki boshqa sabablarga ko‘ra hosil bo‘lgan kichik uchqun ham oz fursatda butun o‘rmonga yoyilib ketishi mumkin. Olimlar fikriga ko‘ra, dunyoning isishi qurg‘oqchilikni kuchaytirib, o‘rmonlarda olov chiqish xavfini yanada oshirgan. Bunday tabiiy yong‘inlar o‘tloq joylarda ham uchrab turadi.
Qurg‘oqchilik va kuchli shamol olovni tez atrofga yoyadi. Qolaversa, o‘rmondagi aksar daraxtlar bargi, tanasi yog‘li bo‘lib, bu ularning ho‘l bo‘lishiga qaramay gurillab yonishiga sabab bo‘ladi.
Har yili dunyo bo‘ylab ana shunday olovlarning hosil bo‘lishidan millionlab gektar o‘rmonlar yonib bitadi. O‘rmonlar yonishi esa ekologiya, iqtisod va sog‘liq uchun katta zarardir.
Yong‘inning ma'lum darajasi, aslida, o‘rmonlarning qayta yangilanishi uchun zarur hisoblanadi. Me'yoridan oshib ketganda esa u o‘rmonlarni yakson qilishi bilan katta ijtimoiy va iqtisodiy zarar keltiradi. Quruq tropik o‘rmonlarda tabiiy o‘rmon yong‘inlari tez-tez uchrab turadi.
Kuchli yong‘in o‘rmonlarning tuzilishi va strukturasini o‘zgartirib yuboradi. Yong‘indan bo‘shagan yerlar tezda begona o‘simlik va daraxtlar bilan qoplanadi. Dehqonlar uchun yong‘in hosilning va hatto hayotlarining boy berilishidir. Urbanizatsiya natijasida bugun turar-joy binolari qurilishining o‘rmon hududlarigacha yetib kelishi bunday yong‘inlarda iqtisodiy zararning yanada kattaroq bo‘lishiga olib
kelyapti, xolos.
1997-1998 yillarda Indoneziya, 2001-2002 yillarda Avstraliya o‘rmonlarida sodir bo‘lgan yong‘inlar keltirgan zarar kattaligi jihatidan o‘rmon yong‘inlari tarixida alohida iz qoldirdi. Ushbu ofat Indoneziyada 75 million odamning hayotini izdan chiqardi, ulardan 40 mingi astma, bronxit, pnevmaniya, ko‘z va teri kasalliklari tufayli kasalxonalarga yotqizildi. Yetkazilgan zararning umumiy qiymati 9.3 milliard dollar, deb baholandi.
O‘rmonzorlardagi yong‘inlar o‘rmon ekotizimining tabiiy bir qismi ekani haqidagi fikr bugun fanda ko‘pchilik tomonidan qabul qilinyapti. Hatto ayrim o‘simlik-daraxtlar bunday yong‘inlardan omon qolish strategiyasiga ham ega. Masalan, ba'zi daraxtlarda olovda kuymaydigan maxsus urug‘lar bo‘ladi. Yoki yonidagi boshqa o‘simliklardan qutilish uchun ayrim daraxtlar olov chiqarish xususiyatiga ham ega bo‘lar ekan. Ular barglarida tez yonuvchan yog‘ ishlab chiqaradi va o‘z atrofida alanga chiqish xavfini oshiradi.
Lekin Janubiy Kaliforniya va Amerika janubi-g‘arbidagi dashtlar ekotizimi bunday yong‘inlardan katta zarar ko‘rmoqda. Bu yerda olovlarning me'yoridan oshib ketgani mahalliy dov-daraxt va o‘simliklarning qirilib, o‘rnini begona o‘simliklar egallashiga sabab bo‘lmoqda.
Ma'lumki, o‘simlik bug‘langan suvning o‘rnini yerdan tomiri orqali suv olish hisobiga to‘ldirib turadi. Agar bu jarayon buzilsa, o‘simlik quriydi va undan etilin yonuvchi gazi chiqadi. Ayni shu gaz to‘plangan hududlarda olov chiqish ehtimoli yuqori bo‘ladi. Demak, o‘rmonlarda yuzaga keladigan yong‘inlar, odatda, ana shunday tabiiy sabablarga ko‘ra hosil bo‘ladi.
AQShning Nevada Yer Boshqaruv byurosi o‘rmon yong‘inlarining bir necha turi bo‘lishini aniqlagan. Ular tezligi, yoyilishi va boshlanishiga ko‘ra turlicha bo‘ladi. Ayrimlarida olov va cho‘g‘ parchalari shamol yordamida uchib, hatto yo‘l, daryolardan oshib o‘tib, boshqa hududlarda yangi olovlarni keltirib chiqarar ekan. Masalan, Janubiy Kaliforniyadagi yong‘in Santa Ana shamoli ta'sirida bir kunda 60 kilometr masofagacha tezlikda, soatiga 1000 akr (4 kv. km.) maydonning kulini ko‘kka sovurish kuchiga ega.
Yong‘inning oldini olish mumkinmi?
Bir necha o‘n yillar davomida AQSh O‘rmon Xizmatining siyosati barcha o‘rmon yong‘inlarini bartaraf etish edi. 60-yillarga kelib bu siyosatning to‘g‘riligiga shubha tug‘ildi va o‘rmonlardagi yong‘inning ma'lum darajasi tabiiy bo‘lib, bu o‘rmon tsiklik hayoti uchun hatto foydali ekani aniqlandi. Natijada olovlarni butunlay o‘chirmasdan, balki ularni nazorat ostiga olish dasturi ishlab chiqildi.
AQShda bir yilda o‘rtacha 4.3 million akr (17000 kv. km.) yer yonib kul bo‘ladi. So‘nggi yillarda federal hukumat yiliga olovni o‘chirish uchun 1 milliard dollar sarflamoqda. 2002 yil o‘rmon yong‘inlari borasida rekord yil bo‘ldi. Chunki Arizona, Kaliforniya, Kolorado va Aregon shtatlarida ulkan yong‘inlar sodir bo‘ldi.
Zarari katta bo‘lgan yong‘inlarning oldini olish yoki ularning zararini kamaytirish uchun turli chora-tadbirlar ishlab chiqilgan. Masalan, ob-havo o‘ta quruq bo‘lmagan davrda ataylab o‘rmonda to‘planib qolgan ortiqcha o‘tin, shox-shabbalarni yoqib ulkan yong‘in kelib chiqishining oldini olish mumkin. Yoki ortiqcha yong‘in chiqaradigan daraxt va keraksiz yoqilg‘i vositalaridan o‘rmonlarni olov yoqmasdan tozalash kerak.
Olov chiqish ehtimoli yuqori bo‘lgan hududlarda yashovchi odamlar odatda uylarini qurishda olovga chidamli materiallardan foydalanishadi yoki uy atrofi olov oladigan narsalardan xoli qilinadi.
Mahalliy odamlar bunday yong‘inlardan omon qolishning an'anaviy usularidan ham foydalanishadi. Ular o‘rmon ichida daraxtlardan xoli, yeri ag‘darilgan ochiq maydonlarni yashash uchun makon qilishadi.
AQShda o‘rmon yong‘inlarini o‘chirish borasida yaxshi tajriba to‘plangan. 2004 yili AQSh o‘t o‘chiruvchilari yangi o‘t olgan yong‘inlarning 99 foizini kattalashmasdan burun o‘chirishga muvaffaq bo‘lishdi. Ammo nazorat qilish imkonsiz bo‘lgan boshqa yong‘inlar keltirayotgan zarar hanuz yuqoriligicha qolmoqda.
Tarixda hajmi va zararining kattaligi bilan alohida nom qoldirgan yong‘inlar bor. Masalan, 1910 yil AQShning Montana va Aydaho shtatlarida ulkan yong‘in sodir bo‘lgan. U paytlar o‘t o‘chirish vositalari yaxshi takomillashmagan edi. Shuning uchun bu yong‘in uzoq vaqt davom etib, katta hududni egallab olgan hamda shtatlar iqtisodiga ulkan moddiy zarar yetkazgan.
Sobiq ittifoqda yuz bergan Kursha -2 yong‘ini ham zamonaviy dunyoda sodir bo‘lgan yirik o‘t balosi edi. Dahshatli olov 1200 kishining hayotiga zomin bo‘lgan. Bu mudhish voqea hali-hanuz tarixda eng qora kun sifatida o‘rganiladi.
1987 yili Shimoliy Kaliforniya va Janubiy Oregonda boshlangan yong‘in ham oz fursat ichida 650,000 akr (2600 kv.km.) hududni, 1988 yilgi Sariqtosh Milliy Parki yong‘ini esa 793,880 akr maydonni kulini ko‘kka sovurgan. Uni faqat to‘satdan yoqqan qorgina to‘xtata oldi.
O‘rmon yong‘inlari yana davom etadimi?
O‘rmon yong‘inlari yana davom etadi. Chunki, maqolamiz avvalida ta'kidlaganimizdek, bu hodisa aslida tabiiy jarayondir. Tabiat mana shunday qo‘pol ko‘rinuvchi usullar bilan o‘zida muvozanatni saqlab turadi. Masalan, yirtqich hayvonlarning zaif jonivorlarni ovlab o‘ldirishi tabiatda muvozanatni saqlash uchun zarur bo‘lgan jarayon ekanini eshitganmiz. Yoki bizga faqat zararkunanda bo‘lib ko‘rinadigan ko‘plab hayvon va hasharotlar bor. Bular nima uchun yaratilgan ekan, deb boshimiz qotadi. Teranroq o‘ylasak va mutaxassislar fikriga quloq tutsak, har bir jonzot, hatto bir tosh parchasi ham bejiz yaratilmaganiga, har birining tabiatda o‘z vazifasi borligiga amin bo‘lamiz. Bunga bir misol. O‘tgan asr Xitoyda atrof-muhitga katta zarar keltirayotgan bir qush turini yoppasiga qirish amaliyoti o‘tkazilgan edi. Ammo to‘satdan dehqonchilikning kushandasi bo‘lgan boshqa bir hasharot turi ko‘payib ketib, mamlakat qishloq xo‘jaligi og‘ir yo‘qotishga uchray boshladi. Natijada, mamlakatda yana o‘sha yo‘qolib ketgan qushlarni ko‘paytirish bo‘yicha yangi harakat boshlanadi. Chunki zararkunanda hasharotlarni ko‘payib ketishdan asrab turgan vositalardan biri mana shu qushlar ekani aniqlangan.
O‘rmon yong‘inlarining me'yordagi darajasi ham aslida tabiatdagi tabiiy jarayonning bir qismidir. Ular tabiatdagi muvozanatni tiklashga yordam beradi.
Ammo ulkan yong‘inlar inson jiloviga bo‘ysunishni xohlamay, istalgan paytda istalgan hududda bosh ko‘tarishi mumkinligi ham bor gap. Me'yordan ortiq bunday yong‘inlarning kelib chiqishiga ham aslida insonning o‘zi aybdor. Chunki dunyoning isishi, qurg‘oqchilik kabi global muammolar va ular keltirib chiqarayotgan oqibatlar bashar farzandining ekologiyaga nisbatan qilayotgan qo‘pol muomalasiga tabiatning berayotgan odil javobidir. Biz tabiatga, Ona Yerga shafqatsizlarcha munosabatda bo‘lyapmiz. Uni asrab-avaylamayapmiz.
Aqlli odamlar yaxshi bilishadiki, har bir xatti-harakatimizga javob berish bor. Demak, bunday zararli yong‘inlarning oldini olish ham yana kelib o‘zimizga taqalyapti. Bizni bag‘rida tarbiyalab voyaga yetkazgan, biz uchun har xil ne'matlarni berayotgan Ona Yerni asrash biz Yer farzandlarining muqaddas burchimizdir. Agar biz ushbu majburiyatimizni unutsak, bu xatti-harakatlarimiz javobsiz qolmaydi. Ekologik vaziyat eca siyosiy chegaralarni tan olmaydi. Bir hududda ro‘y bergan muammo qo‘shni davlatlarga va hatto butun dunyo ekotizimiga salbiy ta'sir qilishi mumkin. Ayni shu masalani tushungan dunyo hamjamiyati bu borada davlatlar o‘rtasida amaliy ishlarni olib boryapti. Ammo qilinayotgan ishlar hali yetarli darajada emas.
Behzod Mamadiyev
“Ma’rifat” gazetasidan olindi.