Sharq mumtoz she'riyatida ohu, kiyik singari atamalar ko‘plab ishlatiladi. Ularning har biri o‘z o‘rnida nafosat va go‘zallik, qo‘rquv va hadikni anglatadi. Qadimdan kiyiklar haqida kuy-qo‘shiqlar, afsonalar ko‘plab yaratilgan va keng tarqalgan. Terisi va go‘shtining qimmatbaholigi tufayli bundan bir necha yillar oldin ayovsiz qirilgan jonivorlar allaqachon xalqaro muhofaza hujjati - "Qizil kitob"ga ham kiritilgan. Bugungi avlod, afsuski, ularning ayrim yorqin turlari bilan faqatgina surati orqali tanishishga majbur.
Qoramollar, qo‘y va echkidan tashqari barcha jufttuyoqli kavsh qaytaruvchi hayvonlar kiyiklar, deb ataladi. Qovushshohlilar oilasiga mansub sutemizuvchilar urug‘i bo‘lmish kiyiklar ham boshqa hayvonot olami a'zolari singari ko‘payadi, nasl qoldiradi. Ammo ularning hayot tarzi, ko‘payishi boshqalariga o‘xshamaydi. Ular aprel va may oylarida bir yoki ikkitadan bola tug‘adi. Kiyiklar tutqun holda, madaniy boquvda erkinlikdagiga qaraganda juda tez ko‘payadi, bolalari ham kam vaqtda ulg‘ayib, oyoqqa turib olishadi, biroq tabiiy sharoitdagidan ko‘ra sezilarli qisqa umr kechiradi. Eng achinarli jihati shundaki, ular ozodlikda ham bor-yo‘g‘i 6-7 yil, nari borsa, 9 yil yasharkan, xolos.
Kiyiklar odatda ochiq yerlarda, dashtu biyobonlarda umrguzaronlik qiladi. Tanasining tuproq rangiga o‘xshashligi ko‘pincha dushmanni chalg‘itib, muqarrar xavfdan saqlab qoladi. Bundan tashqari, ular yengil va tez yuguradi, uncha-muncha yirtqich uning ortidan chopib, toliqib qolishi kuzatuvchilar nigohida ko‘p bor takrorlangan. Masalan, asosan Markaziy Osiyo va G‘arbiy Osiyoda yashovchi jayronlar soatiga 62 kilometr tezlikda yugura oladi. Ularning keskin burilishi, to‘satdan yo‘nalishni 90 gradus burchak ostida o‘zgartirishi qoplon, sirtlon va boshqa go‘shtxo‘rlarni holdan toydiradi. Aksincha, tanlab yeyishga odatlangani uchun ko‘pincha och qolib, yugurganda charchab, yov o‘ljasiga ham aylanadi.
Kiyikning 12 ta, ba'zi manbalarda 20 taga yaqin turi ko‘rsatiladi. Jumladan, addaks, saudiya (Saudiya Arabistoni), chinkara (Hindiston, Eron, Pokiston), gerenuk, g‘izol, bilkis (Yaman), arabika, spika, kyuve, sariq, sariqtumshuq, tomson, jayron, sayg‘oq, granti, antilopa, impala kiyigi va hokazo.
Ulardan O‘zbekiston, Mo‘g‘uliston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Pokiston, Ozarboyjon, Xitoy singari davlatlarda ohular va jayronlar mashhur. Ohular va ularning o‘ziga xos sifatlari to‘g‘risida ko‘p eshitganmiz, o‘qiganmiz. Maktab, kasb-hunar kollejlari hamda oliy o‘quv yurtlari adabiyotlariga kiritilgan ko‘plab badiiy asarlarda ohu obraziga bot-bot duch kelamiz. O‘tgan zamonlarda Sharq xalqlarining zodagon oilalari ohularni o‘zlariga ramz qilib olishgan, chunki ohular odamlar orasida hayvonlarning eng toza va oliy vakili sifatida taassurot uyg‘otgan. Homilador ayollar ma'lum vaqt davomida soatlab ohularning ko‘zlariga termulib o‘tirishgan ekan. Ular tug‘ilajak farzandi ana shunday chiroyli, xushbichim va shahlo ko‘z bo‘lishiga ishongan. Kiyikning nigohlari chindan ham juda jozibador va o‘ynoqi bo‘ladi.
Ohuni g‘izol deb ham atashadi. Bu so‘z asli arab tilidan o‘zlashgan, uning yunon tilidagi ifodasi ham yo‘q emas: gazella. G‘izolning uzunligi 85-170 santimetrdan oshmaydi, bo‘yi 50-110 santimetrgacha o‘sadi. Barcha kiyiksimonlar singari g‘izollarning faqat erkagida shoxi bo‘ladi (umuman, bu alohidalik barcha kiyiklarga xosdir). Ular tashqaridan lirasimon qayrilgan bo‘ladi. Albatta, shoxlar ma'lum vazifani bajaradi: raqib ohu bilan hudud masalasini hal qilish va yirtqichlardan eng so‘nggi himoya vositasi sifatida himoyalanish uchun asqotadi.
XX asr boshida g‘izollar, jayronlar o‘lkamizning qariyb ko‘plab joylarida yovvoyi holda yashagan. Sobiq sho‘ro tuzumi yaratib bergan vahshiyona imkoniyatdan sayyodlar unumli foydalandi, ular tomonidan amalga oshirilgan son-sanoqsiz ovlar tufayli sayg‘oqu ohular miqdori keskin kamayib ketadi. Puldor kimsalar, xorijiy mehmonlar ishtirokida tog‘ yon-bag‘rida kechadigan ziyofatlar kiyik go‘shti aralashmagan taomsiz o‘tmasdi. Shu tariqa bir paytlar dashtu o‘rmonlarga zeb bag‘ishlagan, xalqning uzviy boyligi sanalgan jonivorlarning ma'lum vaqt davomida tuyoq izlarini ham uchratish amri mahol bo‘lib qoldi. Shukrki, oradan ko‘p o‘tmay, qadrdon kiyiklar yurtimizning Buxoro, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida yangi hayotini boshladi. Ushbu hududlarda kiyiklarni ko‘paytirish uchun maxsus parvarishxonalar ochildi.
Ushbu jonivorlar ohular ichida "qora quyruq", "xara-suta", "qora dum" degan nomlari bilan ham ajralib turadi. Uning yag‘rinidan bo‘yi 75 sm.gacha, dumi 25 sm.gacha uzunlikda, vazni 33 kg.gacha bo‘ladi. 30 sm. uzunlikdagi shoxi qora rangda, tanasining tusi yozdagiga qaraganda qishda yorqinlashadi.
Jayronlar cho‘l va chalacho‘llarda, taqir-taqronlarda, qumliklarda umrguzaronlik qiladi. Ularni tog‘ yon bag‘irlarida ham uchratish mumkin, biroq baland qoyalarga chiqolmaydi. Jazirama yozda buloq va daryo qirg‘oqlarida jon saqlaydi. Saraton issig‘idan qochib, salqin joylarda bir necha kunlab o‘tlamasdan, kavsh qaytarib yotadi. Ular qaynoq holatdagi suvni ichib ham chanqog‘ini qondiraveradi, suvsizlikka chidamli. Qishda o‘t-emish izlab, uch kunda 15 km. yo‘lni bosib qo‘yadi, bunda saksovul, yantog‘u yulg‘unlar bilan oziqlanadi. Izg‘irinli damlar kelib, kunlar qattiq sovib ketsa, shimoldagi jayronlar janubga (yong‘in payti janubdagi podalar shimolga) ko‘chadi, bu uzoq davom etuvchi mashaqqatli yurishda jonivorlarning ko‘pchiligi nobud bo‘ladi.
Jayronlar kam umr kechirgani tufayli erta balog‘atga yetadi, ikki yoshga to‘lar-to‘lmas jufti bilan qo‘shiladi va 5 yarim oy deganda yosh kiyikchalarni dunyoga keltiradi. Ikki yarim yoshdan hudud va "sardorlik" masalasini hal qilishga kirishadi.
Ushbu jonivorlar terisi, go‘shti, shoxi va kindigidan olinadigan antiqa mushk-anbar uchun ovlangan.
Janubiy Osiyo, Misr va Afrikaning boshqa hududida ham kiyiklar yashaydi. Qadimgi Misrda ohular ikkita muhim ahamiyatga ega bo‘lgan. Birinchisi, yovvoyi hayvonlarni qo‘lga o‘rgatish mumkinligini dastlab aynan ular orqali anglagan, ularning sutini sog‘ib ichgan, go‘shtini iste'mol qilgan, ikkinchi tomondan esa, kiyiklarda sahro va yovuzlik ilohi Setning yovvoyi tajassumini ko‘rib, ulardan hayiqishgan, qo‘rqqan. Ya'ni bir hayvonda ikki xil sifat zohir, uning go‘zalligi-yu nafosati aldamchi xususiyatga ega, deb o‘ylagan. Shimoliy Misr aholisi kiyikni boshlanajak urush va mag‘lubiyat ramzi sifatida qabul qilib, uning sharafiga qurbonlik keltirgan. Janubiy Misr aholisi kiyiklarni "ilohlar qirolichasi", "samo qirolichasi" deya atagan va sig‘ingan.
Bo‘yining uzunligi taxminan 65 sm., shoxlarining uzunligi 20-39 sm.gacha keladigan chinkara (hind g‘izoli) o‘rtacha 25 kg. vaznga ega bo‘ladi. Uning terisi mayin, ko‘zlarining tagidan to og‘zigacha ikkita qora chiziq tortilgan. Rangi qizg‘ish, qorin qismi oq rangda. Chinkaralar hind yaylovlarida uchtadan o‘ttiztagacha to‘planib, erta tong mahali yoki g‘ira-shira tunda o‘tlaydi, xuddi tuyalar singari uzoq vaqtgacha suvsiz yashay oladi.
Keng tarqalgan kiyiklardan yana biri - gerenuk. U somali tilidagi «garanug» so‘zidan olingan, demak, gerenuklar podasini Afrika qit'asida uchratish mumkin. Tashqi ko‘rinishidan jirafani yodga solsa-da, u qadar baland emas, pastak daraxtlarga yemish ilinjida orqa oyoqlarida tikka ko‘tarilganda, 150 sm.gacha cho‘ziladi. Vazni 43-50 kg.dir. Shoxlarining uzunligi 35 sm.ni, yag‘rinidan bo‘yi 95 sm.ni tashkil etadi. Gerenuklar o‘tmishda Misr va Sudanda ham uchragan, ammo ayni kunda faqat Somali va Efiopiyadan to Shimoliy Tanzaniyagacha bo‘lgan hududlarda keng tarqalgan. Ana shu hudud ilmiy tilda gerenuklar areali deyiladi. Gerenuklar dengiz sathidan 1800 metr balandlikdagi tog‘ qoyalariga bemalol ko‘tarila oladi.
Kiyiklar ichida eng tez yuguradigani Tomson ohulari bo‘lib, ular soatiga 80 km. tezlikda chopadi. U shotland olimi Jozef Tomson nomi bilan ataladi. Sudanlik aholi Tomson ohularini xaloskor sifatida qadrlaydi, qarovsiz qolgan odam bolalarini och qoplonlar hujumidan asrab qolish uchun o‘zlarini qurbon qilgan jasoratli kiyiklar haqida afsona ham yaratilgan.
Afrika savannalari, Arabiston yarim oroli, Suriya va Amerikada tarqalgan ona antilopalar har 5-6 oyda bolalaydi va shu bois, umrining oxirigacha ketma-ket tug‘iladigan zurriyotlari parvarishi bilan band bo‘ladi. Hozirda ko‘plab o‘lkalarda antilopalar osonlik bilan xonakilashtirilib, ko‘paytirilmoqda.
Kiyiklar sergak hayvonlar ichida birinchi o‘rinda tursa, ajabmas. Xavfni juda tez payqaydi. Faqat "loqayd" sayg‘oqlargina to yirtqich ro‘parasida paydo bo‘lmaguncha pinagini buzmaydi.
Mutaxassislarning qayd etishicha, ona tabiatning tilsiz mo‘'jizalaridan biri - kiyiklarning go‘zalligidan bahra olish, moddiy jihatlaridan manfaat yo‘lida tinimsiz foydalanish oqibatida bugun insoniyat yetkazayotgan zarar sher, yo‘lbars, bo‘ri, qoplon, yovvoyi dala mushugi va burgut singari yirtqichlar ziyonidan 2 barobar ko‘p ekan. Dunyodagi necha minglab ko‘ngilochar go‘shalar, hayvonot bog‘larida tutqunlikda saqlanuvchi kiyiklarning mahzun ko‘zidagi iztirobni uqish, unsiz ohini tinglash naqadar ayanchli, qanchalik qayg‘uli bo‘lmasin, afsuski, shikoru saydlarga butkul barham berilmayapti. Binobarin, yetmish yashar otaxondan shundoq ham o‘n marta kam umr ko‘ruvchi kiyiklar deyarli butun hayotini hadik-u qo‘rquvda, muttasil xavotirda o‘tkazadi. Shunday ekan, ularning najotkoriga aylanish ham, sayyodiga aylanish ham o‘zimizga bog‘liq...
Zohidjon Xolov
“Ma’rifat” gazetasidan olindi.