Tadqiqotlarda grechkaning qon bosimini tushirishi aniqlandi. Grechka buyrak faoliyatini yo‘lga qo‘yish orqali shishlarni qaytaradi va shu xususiyatiga ko‘ra qon tomirlardagi bosimni me’yorga soladi.
— Shu bilan birga grechka qondagi xolesterinni, tiqilmalar (tromblar) hosil bo‘lish xavfini ham kamaytiradi. Ayni shu xususiyatiga ko‘ra ham yurak og‘rig‘idan aziyat chekuvchilar uchun grechkali taom tavsiya etiladi, — deydi shifokor S. Olxovskaya.
Bu ne’matning shifobaxshligi uning tarkibida rutin miqdori ko‘pligi bilan bog‘liq. Bu modda organizmdagi qon tomirlari devorini mustahkamlaydi, qon sizib chiqishini to‘xtatadi. Shuningdek, qon aylanishini yaxshilab, immun tizimini kuchaytiradi. Aterosklerozning oldini olish uchun grechka kiseli eng yaxshi muolaja. Buning uchun 3 qoshiq grechka qahva tuygichda tuyulib, hosil bo‘lgan grechka uni 300 ml. sovuq suvda eritiladi va o‘rtacha olovda qaynatiladi, bir necha daqiqa aralashtirib turiladi. Kuniga 2 stakandan ikki oy mobaynida ichiladi. Grechka kiseli ta’mli bo‘lishidan tashqari, foydali bo‘lishi uchun ham uni me’yorida tayyorlashga ahamiyat bering. Qaynatishdan oldin ivitib qo‘ymang, unga sut va shakar qo‘shmang. Qaynash jarayonida idishning qopqog‘ini ochmang va bo‘tqani aralashtirmang. Suv va grechkaning aniq nisbatda bo‘lishi ham muhim ahamiyatga ega: bir qism grechkaga ikki qism suv to‘g‘ri kelishi kerak. Grechka uni suvni o‘ziga to‘la singdirib olganidan so‘ng olovdan olib, sochiqqa o‘rab qo‘ygan ma’qul. Grechkadagi foydali moddalar eng ko‘p saqlansin desangiz, kechqurun uni termosga solib, ustidan qaynoq suv quyib, tindirib qo‘ying. Ertalab u iste’molga tayyor bo‘ladi.
— Yurak-qon tomir xastaliklaridan aziyat chekuvchilar uchun olma foydali, — deb yozadi fan doktori Ye. Malankina. — Gipertoniyaning og‘irlashmagan turlarini biror qo‘shimcha dori-darmonlarsiz olmaning o‘zi bilan davolash mumkin. Dasturxon ne’matlari orasida olma va guruchning muayyan nisbatlarda bo‘lishi arterial bosimni tushiribgina qolmay, yurak faoliyati bilan bog‘liq shishlarni ham bartaraf etadi. Britaniyalik va italiyalik shifokorlar qondagi xolesterinni kamaytirish hamda infarkt va insultning oldini olish uchun bu ikki ne’matni muntazam ravishda taomlarga qo‘shish zarurligini tavsiya etishadi. Biroq oyiga bittagina olma yeyishning o‘zi bilan ish bitmaydi, olmani muntazam iste’mol etib turish lozim.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 12-sonidan olindi.