OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Paparatssilar haqida nima bilamiz?

 Paparatssilar kimlar? Bu haqda rus tili izohli lug‘atida quyidagicha yozilgan: «Haddan tashqari me’daga tegadigan jurnalist-suratkash, mashhur kishilarning shaxsiy hayotini o‘rganish va turmush tarzini tasvirga olishga urinuvchi shaxs».
G‘arbda paparatstsilar — faqat yuqori tabaqadagi suratkashlar hisoblanadi. Bir paytning o‘zida ularni yaxshi ko‘radilar va ularga nafrat bilan qaraydilar, ammo paparatstsilar bilan hisoblashadilar, ularning rasmlarini kutishadi va bu ijod namunalari juda qimmat baholanadi. Bu kasb egalari hech qachon charchamaydilar (bo‘sh kelmaydilar). Ular doim kerakli joyda va kerakli paytda tayyor turadilar. Axir — bu oddiy ish bo‘lmasdan, balki ularning turmush tarzidir.

Paparatstsilar — haqiqiy va sabr-qanoatli, ishqivoz «ovchi»lardir. Ular o‘zlarining qimmatbaho narsalarini asrab-avaylab, ardoqlaydi. Agar zarur bo‘lsa, mashhur kishilarning sirli hayotiga ko‘z olaytirgan insonlar bilan, o‘zlarining hayotini xavf ostiga qo‘yib bo‘lsa ham, kurashadilar.

Paparatstsilar — havaskor suratkashlar emas, balki biror-bir voqea tarixini yoritib beruvchi muxbirlardir. Ularning ishlari asosida biror-bir yulduzni kashf etish emas, avvalambor, insonning xarakterini, serg‘ayratligi yoki ochiq surbetlik darajasiga yetganligini ochib berish yotadi. Ayniqsa, paparatstsilarga nashriyot talabi uchun suratga olish jarayonining sifati ahamiyatga ega.

Paparatstsining tarixiga nazar soladigan bo‘lsak, 1950 yilning boshlarida Rim shahrida ilk paparatstsilar paydo bo‘ldi. Ushbu atamaning kirib kelishiga Federiko Fellini sababchi bo‘lgan. U «Shirin hayot» kinofilmida asosiy qahramon sifatida Paparatstso ismli fotomuxbirni suratga olgan.

Ba’zi taxminlarga ko‘ra, paparatstsi — bu taniqli rejissyorning familiyasi deyilsa, boshqa tomondan u italyan so‘zining bir shevasidan olingan bo‘lib, «uy zararkunandasi» degan ma’noni anglatadi. Misol tariqasida, paparatstsi timsolida suratkash Tatsio Sekkyarolini ko‘rishimiz mumkin. Haqiqiy paparatstsining o‘ziga xos ajralib turuvchi xususiyatlari mavjud. Birinchidan, u mashhur kishilarning shaxsiy hayotini to‘la ochib berishi lozim. Ikkinchidan, u bir martalik surat uchun katta miqdorda gonorar oladi.

Ilk rimlik paparatstsilar kam miqdorda ish haqi olgan. Ammo 70-yillarning boshida G‘arbda urushdan charchagan ommaning mashhurlar shaxsiy hayotiga bo‘lgan qiziqishi ortib bora boshladi va paparatstsilarning olgan suratlari uchun katta miqdorda pul to‘lay boshlandi. 

Paparatstsilarning uchinchi xususiyatiga keladigan bo‘lsak, bu — katta tashkilotchilik qobiliyatiga ega bo‘lishdir. Tajribali suratkashlar paparatstsilarni nafratlanib, oddiy paparatstsilar deb atashadi. Ularning fikricha, paparatstsilar uchun qobiliyat talab qilinmaydi. Aslida esa, bunday emas. Bu suratkashlarga ba’zi ayg‘oqchilarning ma’lumotlari kerak, chunki ular yulduzlarning har bir harakatini kuzatib boradi. Paparatstsilar qimmatli ma’lumot uchun yonlaridan pul sarflashga ham tayyor turadi.

To‘rtinchi xususiyati, bu ularning aksariyati uchun «shaxsiy hayot» tushunchasi mavjud emasligidadir. 

«Ov» xarajati o‘zini oqlaydimi? G‘arb paparatstsilari hayotining asosi — bu ko‘p miqdorda gonorar olishdir. Uning o‘rtacha bir martalik gonorari 10 ming dollar atrofida bo‘ladi. Alohida olingan surat uchun esa, 100 ming dollargacha haq oladi. Ana shunday suratkashlardan biri Alan Zagner bir necha soatni kasalxonaning tomida o‘tkazdi. Chunki u yerda pnevmaniya kasalligi bilan og‘rigan bemor—Elizabet Teylor davolanayotgan edi. Nihoyat, Alan Zagner bemorning kasalxonadan mashinaga zambilda olib chiqilayotgan holatini suratga oldi. Ushbu olingan surat uchun Zagner 100 ming dollar ishladi. G‘arbda Elizabet Teylor va Malika Diana hayotiga bo‘lgan ommaviy qiziqish katta. Hatto, Teylorning e’tiborni tortuvchi qobiliyati nimada ekanligini tushunishmaydi. U ko‘p yillar davomida filmlarda suratga tushmadi, hatto birorta teleko‘rsatuvda ham chiqish qilmadi. Ammo suratkashlar dunyo bo‘yicha Teylorning suratlari sotilishini tan olishdi.

Yana bir suratkash Diana bilan Dodi al-Fayedning kadr ortida quchoqlashib turgan, jahon nashrlarida chop etilgan surati uchun 3,2 mln. funt-sterling pul ishlagan. G‘arbdagi paparatstsilar — yaxtalarni, vertolyotlarni, eng kuchli teleob’ektivlarni ijaraga olish imkoniyatiga ega. Ular 10 ming dollar atrofida baholanadi. Paparatstsilar ketgan xarajatlar o‘zini oqlashini ko‘zda tutib, kerakligicha mablag‘ sarflashadi. 

1994 yilda G‘arbdagi yirik agentlik Aleksandr Soljenitsinning uyini suratga olishga buyurtma berdi. O‘shanda Rossiya nashrlarida ishlaydigan hech bir suratkash va ishchilar katta miqdordagi pul taklif qilinishiga qaramasdan ushbu hududga kira olishmagan. Ammo shunday bo‘lishiga qaramasdan G‘arb agentligida ishlagan marhum rus suratkashi Roman Paderni vertolyot uchuvchisiga pul to‘lab, uyni yuqoridan suratga olishga muvaffaq bo‘lgan.

G‘arb olimlarining ilmiy tadqiqotiga ko‘ra, doimiy nazorat qilish, kuzatishga bo‘lgan qiziqish shaxsiy hayot haqidagi to‘la tasavvurni keltirib chiqaradi. 

Frantsiya yoki AQShda qaerda suratga olish mumkin yoki mumkin emasligi qonunlashtirilib qo‘yilgan. Masalan, frantsuz suratkashi yo‘lovchilarni suratga olish huquqiga ega emas. AQShda esa, mashhur paparatstsi Ronom Galleloy bilan esda qolarli voqea yuz bergan. U 1970 yillarning boshida Nyu-Yorkning markaziy parkida Jaklin Kennedi Onassisning bolalari bilan sayrini kuzatgan va suratga olgan. Jaklin suratkashni sudga bergan. Ammo sud suratkashning foydasiga hal bo‘lgan. Chunki u 15 qadam uzoqlikdan turib suratga olgan edi. 

Muqaddas Yoqubova tayyorladi. 
“Ma’rifat” gazetasidan olindi

 

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.