Xalqimiz orasida «Sog‘ tanda — sog‘lom aql» degan so‘z yuradi. Yaqinda angliyalik mutaxassislar xuddi shu hikmatni isbotlashga urinib ko‘rishdi. Faqat sal boshqacharoq yo‘l bilan. «Insonlar salomatligining darajasi ularning qaysi ijtimoiy guruhga mansubligi va moddiy ahvoliga qarab farqlanadi», — deyishadi ko‘pchilik. Olimlar olib borgan tekshiruvlar esa biz uchun azaliy bo‘lgan yuqoridagi maqolning yangicha isbotini keltirib chiqardi. Ularning fikricha, salomatlik garovi birinchi navbatda intellektual salohiyat, bilim va aqlning saviyasida ekan.
O‘rta tabaqadagi ziyolilar ishchi sinfiga nisbatan ko‘proq yashashi va sog‘ligidan kamroq shikoyat qilishi aniqlangan. Buyuk Britaniyadagi Tibbiyot tadqiqotlari kengashining bir guruh vakillari 1987 yilda 1347 nafar erkak va ayolni ro‘yxatga olishgandi. Ular o‘sha paytda 56 yoshda bo‘lishgan. O‘n yetti yil mobaynida ularning salomatligi va tafakkur darajasi bir-biriga bog‘liq tarzda o‘rganildi. Nazorat ishlari Glazgo va Edinburg universitetlarida olib borildi.
Moddiy ahvoli boshqalarga nisbatan yomonroq bo‘lganlarning kasal bo‘lishi va o‘lish xavfi yuqoriligiga ishonuvchilarning fikriga qarshi o‘laroq olimlar boshqacha xulosaga kelishdi. «Umr ko‘rish uzunligi dunyoqarashga ham bog‘liq. Axloq, fe’l-atvor va muomala madaniyati insonning qanday ekanligini aniqlashga yordam beradi», — deydi tajriba rahbari.
Kasallikka chalinish xavfi ham xuddi shu jihatlarning darajasiga qarab belgilanadi. Masalan, yoshlikdan aqlan yaxshi rivojlangan odamlar intellektual salohiyati pastroq shakllanganlarga nisbatan chekishni ko‘proq tashlashgan.
Haqiqatan ham, o‘zligini anglagan, o‘zini har holda tushuna oladigan har qanday odam salomatligini qadrlashni, u haqda qayg‘urishni biladi.