OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Qo'li ochiq milliader

Sayyoramizning eng badavlat kishisi nomi o‘zgardi. So‘nggi bir necha yil davomida ushbu unvonni saqlab kelgan Bill Geyts o‘z o‘rnini meksikalik Karlos Slimga bo‘shatib berdi. Meksikada chiqadigan Sentido Comun nashri ma’lumotlariga qaraganda, so‘nggi uch oy ichida Karlos Slimga qarashli kompaniyalar daromadi keskin sur’atda oshdi.

Xususan, America Movil aktsiyalari bahosi 27 foizga, Telefonos de Mexico qimmatli qog‘ozlari narxi 34 foizga oshdi.

Bundan tash­qari, Karlos Slimga tegishli Inbursa banki daromadlari 20 foizga o‘sdi. IDEAL kompaniyasi aktsiyalari bahosi esa 28 foizgacha ko‘tarildi. Bularning barchasi ushbu kompaniyalar xo‘jayini bo‘lgan Karlos Slimning daromadlarini ko‘paytirdi. Shu tariqa meksikalik milliarderning boyligi 67,8 milliard dollarga yetdi va u 59,2 milliard dollarga egalik qilayotgan Bill Geytsni ortda qoldirdi.

Karlos Slim 1900-yillar boshida Meksikaga ko‘chib kelgan livanlik ishbilarmonning o‘g‘li. Uning bolalik davri milliarderlarga xos farovonlikda kechmadi. Yoshlik davri qiyinchiliklari esa uni butun umrini otasidan qolgan kamtargina merosni ko‘paytirishga undadi.

67 yoshli Karlos Slim  hayoti davomida o‘z omadini turli sohalarda sinab ko‘rdi. Qimmatbaho qog‘ozlar bozorida ham ishladi, ko‘chmas mulk savdosi bilan ham shug‘ullandi. Biroq milliarderga katta omad va daromad keltirgan yo‘nalish telekommunikatsiya sohasi bo‘ldi. Meksikada telekommunikatsiya tizimi endigina rivojlanib kelayotgan paytda ishbilarmon bu soha tez va ko‘p foyda olishning eng  yaxshi yo‘li ekanini anglab yetdi va birin-ketin ushbu yo‘nalishdagi kompaniyalarni sotib ola boshladi. 

Ayni paytda butun Meksikadagi uy va ofis telefonlarining 90 foizi, uyali aloqa tizimining esa 80 foizi Karlos Slimga qarashli kompaniyalar nazoratida. Milliarderning biznes faoliyati faqat Meksika bilan cheklanmaydi. Unga qarashli America Movil ayni payt­da butun Lotin Amerikasida yetakchi telekommunikatsiya kompaniyasiga aylangan. Kompaniya hozirda 100 milliondan oshiq mijozga xizmat ko‘rsatmoqda.

Boyligi har oyda 3 milliard dollarga ko‘payayotgan Karlos Slim barcha badavlat kishilar kabi tinim bilmay, kechayu kunduz ishlaydi. U hukmron bo‘lgan kichik imperiya tarkibiga Grupo Carso savdo tashkiloti, Volaris aviatashuvchi kompaniyasi, Cigatam sigaret ishlab chiqarish korxonasi, MixUp musiqa magazinlari tarmog‘i va Prodigy internet-provayderi ham kiradi.

Daromadlari soat sa­yin oshib borayotgan Karlos Slim qo‘li ochiqligi bilan ham tanilgan. Masalan, yaqindagina u Meksika sog‘liqni saqlash va ta’lim tizimini rivojlantirish uchun 10 milliard dollar ajratdi.

www.hurriyat.uz

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.