OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sahroi kabir g‘aroyibotlari

http://ziyouz.uz/images/sahara.jpg

Buyuk Britaniyadagi Lester universiteti olimlari koinotdan Yer sun’iy yo‘ldoshlari orqali olingan suratlarni tahlil etish jarayonida Sahroi Kabirning Liviya hududidagi qismida garamantlar tamadduniga doir 158 ta aholi yashagan manzil va 184 ta ­qabriston bo‘lganini aniqladilar. Olimlar M.Sterri va D.Mattingli eramizgacha bo‘lgan XI asrdan milodiy VII asrgacha hukm surgan garamantlar ­tamadduniga oid bir qancha yirik ­shaharlar va aholi yashagan manzillarni topishga muyassar bo‘lishdi.

Bunga qadar esa arxeologlar tomonidan mazkur tamaddunning maydoni 9,3 gektarli Ko‘hna Jerma shahrigina o‘rganilgandi. Qadimshunoslar tomonidan olib borilgan qazish ishlari garamantlarning madaniyat va texnologiya sohalaridagi yutuqlari qadim Rimnikidan qolishmasligini ko‘rsatgandi. Garamant­lar metall eritish, toshdan ulkan binolar barpo etish ilmini puxta bilishgan.Bugunga kelib esa,Yer yuzidagi eng katta sahro tadqiqotchilarning qo‘li yetmaydigan hududga aylanib bormoqda. Uning ­sarhadlaridagi Mali, Misr va Liviyada mojarolar alanga olib turibdi.

Sahroi Kabirga uyushtirilgan bir necha ilmiy ekspeditsiyalar qatnashchisi, tarixchi va sharqshunos, yozuvchi va kinomatograf Nikolay Sologubovskiy buyuk sahro sirlarini ochishga muvaffaq bo‘lgan eng so‘nggi ekspeditsiyadan olgan taassurotlari haqida so‘zlab: “Tabiat hammaning ham bu hududga kirishiga yo‘l qo‘yavermaydi. Ehtiyot bo‘lmaganlarni esa, abadiy domiga tortib ketishi mumkin, — deydi. — Bizga hamrohlik qilgan mahalliy odamlar doimiy esib turuvchi sahro shamoli yaqinda o‘n yil burun tiriklay ko‘chma qumlar ostida qolib ketgan italiyaliklar mashinasi yo‘qolgan joyni ochib tashlaganini aytishdi. Qum bo‘roniga duch kelgan italiyaliklar bo‘ron tinishini mashina ichida kutishgan, biroq aksiga olib ularni butunlay qum bosib qolgan. Biroq bu hududlarda hali ochilmagan sirlar juda ko‘pga o‘xshaydi...”.

Sahrodagi eng sirli joylardan biri bu — Vaun-an-nomus deb ataladigan ­uyqudagi vulqon. Vulqon tog‘da emas, balki diametri o‘n ikki kilometr, chuqurligi 200 metrni tashkil etadigan “o‘ra”ga o‘xshash joy. “O‘ra”ning quyisida uchta ko‘l: ko‘k, yashil va qizil ko‘llar mavjud. Sahroi Kabir ustidan samolyotda uchib o‘tadiganlar ana shu ajoyib manzarani ko‘rishga muyassar bo‘ladilar. N.Sologubov­skiy ishtirok etgan so‘nggi ­ekspeditsiya yo‘li Vaun-an-nomusdan o‘tgan. “Biz tunni shu ko‘llardan birining sohilida o‘tkazmoqchi bo‘ldik, — deb yozadi u. — Biroq kuzatuvchilar bu fikrga qarshilik qilishdi. Dastlab u joyda ­iskabtopar chivinlar to‘lib-toshib yotibdi deyishdi, so‘ngra esa, ko‘l bo‘yida qolish juda xavfli, tunda suvdan bahaybat maxluq chiqib keladi, deb qo‘rqitishdi. Kuzatuvchilar tunni o‘tkazgani yuqoriga chiqib ketishdi, biz esa ko‘l bo‘yida qoldik. Haqiqatdan ham mutlaqo osoyishta sahro tunida vulqon og‘zidan odamni qo‘rqituvchi ovozlar, ingrash, guvillash, shovqin eshitila boshladi. Kutilmaganda oy yorug‘ida ko‘l ustida juda katta halqalar hosil bo‘la boshladi...”

Sahroi Kabirning hududi bepoyon. U yerda faqat qum barxanlarigina emas, qurigan daryo o‘zanlari tushgan toshli yassi tog‘lar ham bor. Qachonlardir global sovush davrida Yevropani muzliklar qoplab yotganda Sahroi Kabir hududida daryolar hayqirib oqqan, yam-yashil o‘rmonlar shovullab tebranib yotgan bo‘lishi mumkin. Bugun ham barxanlar orasida goho noyob ko‘lli vohalaru ularda suzib yurgan timsohlar uchraydi. Ba’zan esa qum barxanlari “jip“ mashinalarda soatiga 150 kilometr tezlikda yelish mumkin bo‘lgan ulkan tekisliklar bilan o‘rin almashadi.

Sahroi Kabir tadqiqotchilarini mazkur “ochiq osmon ostidagi muzey”ning hozirgacha kam o‘rganilgan g‘orlari va qoyalaridagi toshbitiklar o‘ziga chorlaydi. 14 ming yil burun qoyatoshlarga o‘yilgan ulkan petrogliflar — yovvoyi hayvonlar, kamon otayotgan ovchilar tasviri uzunligi ikki metrgacha. Liviya janubidagi Vadi Matxandushda qurigan daryo o‘zani bo‘ylab qoyatoshlarga bitilgan rasmlar 60 kilometrga cho‘zilgan, o‘ziga xos ansambl hosil qilgan. Dunyoning biron joyida bu kabi mo‘‘jiza topilmaydi. Rasmlar ma’lumotli odamlar tomonidan chizilganday tuyuladi. Syujetlari esa har xil: ayrim qiyofalarda kosmonavtlarning skafand­riga o‘xshab ketadigan niqoblar ham tasvirlangan. Fillar, hatto pingvinlar tasviri ham borki, bu ularni juda o‘rganish zarurligini ko‘rsatadi.

— Tadqiqotchilar hanuz afsonaviy Atlantida hududini ummonlardan axtarib yurishibdi, — deb yozadi N. Sologubovskiy. — Iqlimning o‘zgarishi tufayli Atlantida dengiz suvlariga emas, qumlar dengiziga “cho‘kkan bo‘lishi” ham mumkin-ku?! Balki biz qoyatoshlardagi rasmlarni yaxshilab o‘rganib, atlantidaliklarning halokatga yuz tutgani tasvirlangan lavhalar aks etgan biron-bir surat toparmiz. Chad va Nigeriya shimolidagi borish mushkul bo‘lgan tog‘lardagi odamlar yashagan qadimgi manzillar ham hali mutlaqo o‘rganilmagan. Ishonchim komilki, buyuk Sahroi Kabir o‘tmishning juda ko‘p sirlarini bizdan pinhon tutgan holda o‘zining ilk kashshoflarini kutayotir.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 44-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.